Mahalliy
O‘zbek ayti mutaxassisi tizimli xatoni qanday isbotladi?
Suhbatdoshimning Toshkentdagi O‘zbekiston – Yaponiya markazida til o‘rganishdan boshlangan oddiy intilishi yillar o‘tib AQShdagi yirik IT loyihalarni boshqarish darajasiga ko‘tarildi. Yaponiyaning “Kaizen” – doimiy takomillashish falsafasini hayotiga singdirgan yurtdoshimiz Jaloliddin Rahimov bugun dunyo bozorida o‘z so‘zini aytmoqda.
Global kompaniyalar nega aynan uni tanlamoqda? Yaponiyada orttirilgan tajriba qanday qilib Amerikadagi loyihani million dollarlik xavfdan asrab qoldi? Jaloliddin Rahimov migrantlar uchun AQShda qanday innovatsion loyihalar ustida ishlayapti? Va nihoyat, Amerika va Yaponiya tajribasi O‘zbekiston raqamlashtirish jarayoniga nima bera oladi?
Quyidagi suhbat shu va boshqa muhim mavzularni qamrab oladi.
– Yaponiyaga ketish fikri qanday paydo bo‘lgan va borganingizda sizni eng ko‘p hayratda qoldirgan narsa nima bo‘ldi? O‘zbekcha tarbiya va yaponcha tartib-intizom to‘qnashganda siz uchun eng qiyin bo‘lgan holatni eslay olasizmi?
– Yaponiyaga ketish tasodif emas, balki aniq maqsadga asoslangan tanlov edi. 2012-2013-yillarda Toshkentdagi UJC (Uzbekistan-Japan Center) va JICA dasturlari orqali o‘tgan tanlov jarayoni meni shu yo‘lga boshladi. Eng katta hayrat – bu “tizimning mukammalligi” edi. Yaponiyada poyezdlarning sekundigacha aniq yurishi yoki ko‘cha tozaligi shunchaki madaniyat emas, balki to‘g‘ri qurilgan jarayon natijasi ekanini tushundim. Eng qiyin holat, bu vaqt va sifat tushunchasining to‘qnashuvi edi. O‘zbekchilikda kelishish yoki ko‘ngil birinchi o‘rinda tursa, yaponlarda qoida va standart ustun. Boshida buni qattiqqo‘llik deb o‘ylardim, keyinchalik bu (kaizen) – doimiy takomillashish falsafasi ekanini anglab yetdim. Bu menga hissiyot bilan emas, tizimli mantiq bilan ishlashni o‘rgatdi.
– Ritsumeikan APU universitetida innovatsiya va iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha nafaqat ta’lim oldingiz, balki dunyoqarash, muloqot, jarayonning ichida ham bo‘ldingiz….
– Ritsumeikan APU shunchaki universitet emas, u “kichik BMT” edi. U yerda 90 dan ortiq davlat vakillari bilan bir xonada yashash va loyihalar qilish – sizga global fikrlashni majburiy tarzda singdiradi. Men u yerda faqat iqtisodni emas, balki “Cross-Cultural Management” – turli madaniyatlarni boshqarish tizimini o‘rgandim. Bugungi kunda Amerikada global loyihalarni boshqarayotganimda aynan o‘sha yerda olgan ko‘nikma, turli mentalitetdagi odamlarni bitta maqsad sari yo‘naltirish qobiliyati eng muhim qurolimga aylangan.
– Yaponiyada 10 yilcha yashab, ko‘nikib qolgandan keyin AQShga ko‘chib o‘tish qarori qanchalik qiyin bo‘ldi? Nega aynan Amerika, ya’ni siz qanday qilib Yaponiyadan turib Amerika kompaniyasidan taklif va homiylik (sponsor) olishga erishdingiz? Buning uchun qanday bilimlar kerak bo‘ldi?
– Ko‘chish qarori qiyin bo‘lmadi, chunki bu professional o‘sishning mantiqiy davomi edi. Amerika kompaniyasidan taklif olish “lotereya” emas. Buning formulasi oddiy: noyob kompetensiya. Men Yaponiyada ishlash davomida ikkita noyob ko‘nikmani birlashtirdim: ERP tizimlari (Microsoft Dynamics 365) arxitektori darajasidagi texnik bilim va yapon korporativ madaniyatida ishlay olish qobiliyati. Global kompaniyalar (HSO kabi) uchun tilni ham, murakkab IT tizimni ham tushunadigan mutaxassislar juda kam. Ular meni shunchaki ishchi sifatida emas, balki strategik mutaxassis sifatida AQShdagi loyihalarini kuchaytirish uchun taklif qilishdi. Buning uchun faqat kod yozishni emas, balki biznes jarayonlarini (Supply Chain) chuqur tushunish talab etiladi.
– Yaponiyaning “aniqligi” va Amerikaning “tezkorligi” o‘rtasida balansni ushlagan mutaxassis sifatida, qaysi muhit sizga yaqinroq? Yapon va ingliz tillarida ish yuritishda, ikki xil madaniyat vakillarini kelishtirishda boshingizdan o‘tgan qiziq bir voqeani aytib bera olasizmi?
– Menga “gibrid” muhit yaqinroq. Yaponiyada loyihani boshlashdan oldin 80 foiz vaqt rejalashtirishga ketadi, ijro esa benuqson bo‘ladi. Amerikada esa “Tezroq bozorni egallash” (Go-to-market speed) muhim. Mening yutug‘im shundaki, men AQShdagi tezkor loyihalarga yaponcha “Risk Management” (xatarlarni boshqarish) tizimini qo‘llayman.
Bir voqeani aytib beraman: Amerikadagi yirik logistika loyihasida jamoa tezlik orqasidan xavfsizlik qoidalarini o‘tkazib yubormoqchi bo‘ldi. Men yapon tajribamga tayanib, jarayonni to‘xtatdim va tizimli xato borligini isbotlab berdim. Natijada, biz loyihani 2 hafta kechroq topshirdik, lekin kompaniyani million dollarlik jarima xavfidan saqlab qoldik. Bu – madaniyatlar muvozanatining kuchi.
– “UNIQLO” do‘konida oddiy sotuvchilikdan “Luxottica” kabi yirik kompaniyada biznes-tahlilchilikkacha bo‘lgan yo‘l sizga nimani o‘rgatdi? Bu bosqichda siz biznes bilan IT o‘rtasidagi eng muhim ko‘prikni qurgansiz, ya’ni kompaniyadagi muammo ko‘pincha “odamlar”da emas, noto‘g‘ri qurilgan jarayonda ekanini, agar jarayon to‘g‘ri bo‘lsa, raqamlar ham, tezlik ham, sifat ham o‘zgarishini anglab yetingiz, shu haqda biroz…
– UNIQLO men uchun harbiy maktabdek bo‘lgan. U yerda har bir harakat kiyim taxlashdan to kassagacha sekundlab o‘lchanadi. Bu menga “operatsion samaradorlik” nimani anglatishini o‘rgatdi. Keyinchalik Luxottica va HSOda yirik ERP loyihalarida ishlaganimda, shuni angladimki, agar xodim xato qilsa, uni jazolash kerak emas, balki tizimni tekshirish kerak. Yaxshi qurilgan IT tizim (ERP) shunday bo‘lishi kerakki, unda xodimning xato qilishiga imkon qolmasligi lozim. Men hozir kompaniyalarga shuni qurib beraman – xatoni istisno qiladigan avtomatlashgan jarayonlar.
– Hozirda AQSh bozorida ERP sohasiga sun’iy intellektning (AI) kirib kelishi biznes tahlilchilarining ishini qanday o‘zgartiradi deb o‘ylaysiz?
– Ko‘pchilik AI bizning ishimizni olib qo‘yadi deb qo‘rqadi. Men esa buni imkoniyat deb bilaman. AI ma’lumotlarni kiritish va oddiy hisobotlar kabi zerikarli ishlarni o‘z bo‘yniga oladi. Lekin AI hali “strategik qaror” qabul qila olmaydi. Masalan, men asos solgan Mirai Traffic School platformasida biz AI ni “Regulation-Bounded” (qonun bilan chegaralangan) formatda ishlatamiz. AI o‘quvchiga yordam beradi, lekin xavfsizlik standartini inson – ya’ni tizim arxitektori nazorat qiladi. Kelajakda tahlilchilar operator emas, balki AI arxitektoriga aylanadi.
– Siz ishlaydigan soha (Microsoft Dynamics 365) kompaniyalarga nima beradi? To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim kompaniyaning xarajatlarini qanchalik kamaytirishi mumkin?
– Oddiy tilda aytganda, bu kompaniyaning “miyasi va asab tizimi”. To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan Microsoft Dynamics 365 tizimi kompaniyaga omborda qancha yuk qolganidan tortib, qayerda ortiqcha xarajat qilinayotganini real vaqtda (real-time) ko‘rsatadi. Biznes uchun bu shunchaki dastur emas, bu xarajatlarni optimallashtirish quroli. Mening tajribamda, to‘g‘ri integratsiya qilingan ERP tizimi yirik kompaniyalarning operatsion xarajatlarini 15-20 foizgacha qisqartirganiga guvoh bo‘lganman. Bu millionlab dollar tejamkorlik degani.
– Ayni vaqtda MBA darajasini olish ustida ishlayapsiz. Keyingi bekat qayer? To‘plagan tajribangizni O‘zbekistonda qo‘llash niyatingiz bormi?
– Hozirda e’tiborim Mirai Traffic School orqali AQShdagi migrantlar xavfsizligini ta’minlash va ta’lim texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan. Keyingi bekat bu tajribani kengaytirish. O‘zbekiston mening vatanim. Men Amerika va Yaponiyada to‘plagan “Supply Chain” va “Traffic Safety” bo‘yicha tizimli bilimlarimni O‘zbekistondagi raqamlashtirish jarayonlarida qo‘llash niyatim bor. Maqsadim faqat dastur sotish emas, balki xalqaro standartdagi boshqaruv madaniyatini (Management Culture) vatanimga olib kirish.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
-
Siyosat10 hours ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Mahalliy5 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
