Jamiyat
o‘tmish va bugunni bog‘lovchi qadriyat
Andijon viloyati, Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonov ko‘rsatmasiga ko‘ra, ekologik reyd davomida tandirlarning buzdirib tashlangani keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, unga nisbatan ushbu ishi uchun xayfsan – intizomiy jazo chorasi berilgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu bevosita o‘tmish va bugunning qadriyatlariga ko‘prik bo‘lib kelayotgan tandirlar haqida mulohaza yuritishimizga sabab bo‘lmay qolmaydi, albatta.
Bolalik hidi
Bolaligimizda tandir boshida non yopib turgan onamiz yoki buvijonlarimiz yoniga “cho‘p otlarimiz”ni “durr”illatib to‘xtatardik-da, kulcha berishlarini so‘rardik. Kulchaga uzatilgan qo‘llarimiz: “Avval qo‘lchangizni yuvib keling!”-degan tanbeh bilan havoda qolardi. Tezda borib, onamiz aytmoqchi qo‘lchalarimizni yuvib kelardik. Kulcha nonda qo‘llarimiz kuysa-da, yana “cho‘p otlarimiz”ga minib, ariq bo‘ylariga yugurardik. Uzoqdan turib, ariqqa otgan kulchalarimizni qo‘lbola ko‘priklar ustiga yotib olgan ko‘yi ilib olardik. Issiqqina kulchalarni suvga bo‘ktirib yeyishning gashti o‘zgacha edi-da…
Bugun esa qishloqdan yaqinlarimiz mehmonga kelib, ostonadan kirishlari bilanoq, butun uyni tandirda yopilgan non hidi tutib ketadi. Ko‘zlarimiz xuddi bolalikdagidek chaqnab, “oh-oh”lab, yog‘li non, patiru kulchalarni muborak bilib, peshonasidan o‘pib, sindirib yeymiz. Bolalik hidi, qadim ajdodlar toti bor-da, bu hidlarda…
Ayonki, tandirga non yopayotganda, insondan toat ibodatli, halol, pokiza, rostgo‘y, iymonli, diyonatli bo‘lishi talab etilgan. Onalarimizu, yanga-opalarimiz toza kiyim bilan tandirga yaqinlashtirilgan. Eslayman: onamning hovlining yuziga kiyib yuradigan kiyimi boshqa, tandirboshi kiyimlari boshqa bo‘lardi. Har gal non yopgani tandir boshiga kelganda, bo‘g‘chasiga tugunlab qo‘ygan tandirboshi kiyimini avaylab olib, kiyib, keyin non yopishni boshlardi. Bugun shu urfni yangalarimda, opalarimda ko‘raman. Demak, barcha oilalarda tandir-o‘choqdan juda noziklik bilan foydalanishgan, unga ma’naviy ehtirom bilan munosabatda bo‘lishgan. Toza qo‘lli, toza kiyimli bo‘lish talab etilgan.
Non – ne’mat, tandir – baraka!
Non yoki nonvoylik haqida gap ketganda, avvalo, ko‘z o‘ngimizga tandir kelishi, shubhasiz. Tandirning tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladi. Buxoro xalqi orasida birinchilardan bo‘lib, tandirni Said Hazrati Amir Kulol yasagani, bibi Fotima to‘ylariga Hazrati Momo Havo tandir patir pishirgani haqidagi rivoyatlar keng tarqalgan. Shuning uchun tandirsozlar yilda bir marotaba tandir yasash mavsumi boshlanmasidan, Amir Kulol qabriga ziyoratga borganlar. Mavzuga doir o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olish uchun bevosita, 30 yildan buyon o‘zbek taomlari va tanovvul madaniyatini tadqiq etgan olima, non bilan bog‘liq qadriyatlar bo‘yicha muvaffaqiyatli dala materiallarini yig‘a olgan Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari nomzodi, etnograf Manzila Qurbonovani suhbatga chorladik.
– Buxoroda barcha qishloqlarda yangi uy qurishdan oldin birinchi bo‘lib uy-joy quriladigan maydonga yangi yasalgan tandirni olib kelib qo‘yish odati hali-hanuzgacha saqlanib qolingan. Yasalgan tandirni ko‘pincha ochiq yerda, hovlilarda qurishgan. Alohida oshxonasi bo‘lgan oilalarda tandir oshxona burchagida sal qiyalab qurilgan. Tandir tepasida esa tutun chiqadigan joy, ya’ni hashtak ham yasalgan. Bu usulda qurish juda kam joyni egallashiga mo‘ljallangan bo‘lib, tandir alangasi nonpaz yuziga urmagan. Buxoro markazida esa tagi teshilib, ishlatishga yaroqsiz bo‘lgan sopol xumlar ham tandir o‘rnida ishlatilgan. Buning uchun xumning tagi va og‘iz qismi sindirib olingan, keyin esa tandir uchun mo‘ljallangan joyga qo‘yilgan. Ota-bobolarimiz so‘zlariga ko‘ra, tandir xudoning yuzini ko‘rgan, shuning uchun ham uning bandalari tandir yasash va qurishga e’tiqod bilan yondashishlari kerak, degan axloqiy aqidaga katta ahamiyat berilgan. Yangi qurilgan tandirda birinchi marta yog‘li patir pishirib, qo‘shnilarga tarqatilishi ham xonadonning yangi tandir sohibi bo‘lgandan darak bergan. Bundan tashqari, tandir sifatliligini aniqlash maqsadida ham yog‘li patir yopilgan. Patir-non tandirdan orqasi butun chiqsa, demak, tandir devori juda tekis ishlangan, degan xulosaga kelingan. Tandir xislatli o‘choq sanalib, uning yoniga yuviqsiz holatda yaqinlashmaganlar. Demak, tandir devori juda tekis ishlangan, degan xulosaga kelingan,-deydi etnograf Manzila Qurbonova.
Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, tandirlarning ichki qismi namakob (tuzli suv) bilan silliqlanadi. Xonadonlarga quriladigan o‘rtacha tandirning ichki diametri 0,8 m chamasi, yerdan 0,8-1 m baland qilib o‘rnatiladi. Buxoro va Samarqandda tandir yerga yoki maxsus supaga og‘zi tik qilib qurilsa, Farg‘ona vodiysi va Toshkentda yotiq qilib o‘rnatilar ekan.
– Atroflariga tutun tortadigan va havo kiradigan 10-15 smli teshiklar qilinadi. Tabiat havosini buzmasligi uchun. Yangi tandirning ichki devorlariga paxta yog‘i surkab, bir kecha-kunduz davomida olov yoqib qo‘yiladi. Non yopilganda, uning orqa tarafiga kesaklar ilashmay qolishi maqsadida shunday qilinadi. Toki, tandir ichki devorlari oqarguncha, non yopishdan oldin shox-shabba, yantoq, o‘tinlar yoqiladi. Oddiy loydan yaratilgan mo‘’jiza – tandirga “odamlarning rizq-nasibasi osilgan”,-deya bejizga ehtirom ko‘rsatishmaydi,–deya so‘zida davom etadi suhbatdosh.
Neolitdan bugungacha
Ma’lum bo‘lishicha, ozarbayjon tarixchilariga ko‘ra, tandir tarixi Neolit davrida – odamlar o‘troq holda yashay boshlaganlaridan keyin boshlangan ekan. “Tandir” so‘zi qadimgi turk tili (shumerlar)ga borib taqaladi. Biroq, tandir ko‘chmanchilarning emas, balki, o‘troq xalqning qadriyati ekani tan olinadi.
– Qadimdan o‘troq xalq sifatida tanilgan o‘zbeklar non yopishda ming asrlardan beri tandirdan foydalanib kelishadi. Bugungi kunda ham tandir xalqimiz madaniyatining bir qismi sifatida e’zozlanadi. Kimdir tandir ham madaniyatimizning bir bo‘lagi deyotganimizga e’tiroz bildirishi mumkin. Tandir, nafaqat, tariximiz, balki madaniyatimizdir. Tandirda non yopish qadimiy an’ana, urf-odat. Non yopish san’ati esa xalqimiz tarixi boshlangan davrlarga borib taqaladi. Bu san’at asrlardan asrlarga ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda. O‘zbeklar nonni muqaddas, deb bilishadi, ko‘zga surtishadi. Tandirda yopilgan non quyosh va baraka ramzi hisoblanadi. O‘zbek dasturxonini nonsiz tasavvur etib bo‘lmaydi,-deydi Manzila Qurbonova.
Darhaqiqat, dasturxonlarimizga, avvalo, non tortamiz va dasturxon atrofidagilarga ushatamiz. “Nonushta” so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham “non ushatish” ma’nosini bildiradi. Non ushatilganda, yangi kunning barakasi taqsimlanadi, degan qarashlar saqlanib qolgan. Shuningdek, “Ertalabki mushtdan qaytsang ham nondan qaytma”, -degan iboralar yashaydi. Ya’ni, tongdan rizqingni qoldirma, ol va nasibang butun bo‘lsin ma’nosida. Aytish joizki, tandir har bir xonadonga qut-baraka, fayz va albatta, mehr-oqibat olib kiradi. Qishloqlarning ayrim xonadonlarida haligacha har tongda tandir yon yopadiganlar bor. Nonning xamirini qorishdan boshlab, to tandirga yopib olgunga qadar xilma-xil odat va rasm-rusumlarga rioya etilgan. Xamir uchun ishlatiladigan unning nonlari chiroyli chiqsin, deb erinmasdan 2-3 martagacha elash odati bo‘lgan. Xamir doim supra (buxorocha, po‘stak)ni yoyib, tog‘oroda qorilgan. Faqat suprada qorilgan xamir “halol luqma” sanalgan.
Qadriyatlarga behurmat bo‘lmaylik
O‘z navbatida tandirning me’yorida qizdirilishi ham hal qiluvchi omil bo‘lgan. Xamirning oson yoki kechikibroq yetilishiga qarab, uni qorgan kishiga baho berilgan. Xamirga solingan har xil masalliqlarga qarab nonlar sutli, yog‘li, jizzali, piyozli, qiymali deb farqlangan. Birgina non yuziga turi ziravorning sepilishi bilan esa kunjutli non, sedanali non, bodiyonli non, shirmoy non, ko‘knorli non, za’farli non, degan atamalar kelib chiqqan.
– Tandir va o‘choqqa halol luqma tayyorlanar ekan, shunga muvofiq, tegishli savobu-uvollarga rioya qilingan. Bunga o‘xshash qadriyat, urf-odat, an’ana va irim-sirimlarning barchasi xalqimizning uzoq o‘tmish tarixi, ijtimoiy turmush tajribasi va madaniyatining natijasi bo‘lib, ular avlodlarga xizmat qiladi. Uni uvol qilishga hech kimning haqi yo‘q, qadim va qudratli madaniyatimiz tarixi uchun og‘riqli zavol keltirmaylik,-deydi Manzila Qurbonova.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport18 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat8 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport8 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
