Jamiyat
O‘tgan yili rus gazining O‘zbekistonga eksporti 30 foizga oshgan
2025-yilda Rossiya quvur orqali gaz yetkazib berish hajmini Xitoyga 25 foizga, O‘zbekistonga esa 30 foizga oshirdi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining gaz bozori bo‘yicha hisobotida aytilgan.
Hisobotga ko‘ra, «Sibir kuchi» gaz quvuri orqali Xitoyga yetkazib berilgan Rossiya gazi hajmi 25 foizga, ya’ni qariyb 8 milliard kub metrga oshgan va 2025-yil yakunida deyarli 39 milliard kub metrga yetgan.
Shu bilan birga, Rossiya Qozog‘iston hududi orqali o‘tuvchi «Markaziy Osiyo — Markaz» quvur tizimi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ham kengaytirishda davom etgan. Natijada bu yo‘nalishdagi eksport hajmi taxminan 30 foizga oshib, 2025-yilda 7 milliard kub metrdan oshgan.
Avvalroq «Gazprom» 2025-yilda ilk bor Xitoyga Yevropa davlatlariga nisbatan ko‘proq gaz yetkazib berganini ma’lum qilgan edi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Xitoyga 38,8 milliard kub metr gaz yetkazib berilgan. Shuningdek, Rossiya gazi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga 22,2 foizga, Gruziyaga esa 40,4 foizga ko‘proq yetkazib berilgan.
«Sibir kuchi» — Rossiya sharqidagi eng yirik gaz transport tizimi bo‘lib, uning yillik eksport quvvati 38 milliard kub metrni tashkil etadi. Ushbu quvur orqali Xitoyga Rossiya gazining ilk yetkazib berilishi 2019-yil dekabr oyida boshlangan. Loyiha 2014-yilda «Gazprom» va Xitoyning CNPC kompaniyasi o‘rtasida imzolangan 30 yillik shartnoma asosida amalga oshirilmoqda.
Shartnoma muddati davomida Xitoyga jami 1 trillion kub metrdan ortiq gaz yetkazib berish rejalashtirilgan, bitimning umumiy qiymati esa taxminan 400 milliard dollarga baholanmoqda.
«Gazprom» 2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra «Sibir kuchi» quvurini to‘liq loyiha quvvati — yiliga 38 milliard kub metr darajasiga chiqargan. Kompaniya rahbari Aleksey Millerning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu quvur orqali gaz yetkazib berish shartnomada ko‘zda tutilgan hajmdan qariyb 800 million kub metrga ortiq bo‘lgan.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» festivali o‘tkaziladi
Mamlakatimiz bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» festivali bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan joriy yilning may-sentyabr oylarida mamlakatimiz bo‘ylab «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida «Mustaqillik to‘yi» festivali o‘tkaziladi.
Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etiladi.
Festival doirasida o‘ndan ortiq ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy loyihalar amalga oshiriladi.
Bu haqda Respublika tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tashabbus haqida ilk bor Prezidentning O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini nishonlash bo‘yicha qarorida aytilgandi.
Jamiyat
Chirchiq shahrida ko‘cha yechimi va bezorilik bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
6 kishi fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullangan.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida bezorilik bilan shug‘ullanganlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX va IIV organlari tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda Chirchiq shahrida ko‘cha yechimi va bezorilik bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘lga olinganlar quyidagilar:
Saidov Ikrom Erkinovich, 1988 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan sudlangan;
Saidov Islom Erkinovich, 1990 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 267-moddasi bilan sudlangan;
Baizbayev Umidjon Zafar o‘g‘li, 1998 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan;
Rustamov A’zamjon Mansurovich, 2001 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan;
Suponov Qurbonali Nosirovich, 2002 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan;
Farmonov Mirzoxid Shuxratovich, 1988 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan.
Ushbu shaxslar oshkora ravishda jamoat tartibini buzib, bezoriliklar sodir etgani bildirilgan. Ular fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullanishgan.
Mazkur shaxslarning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rganlar DXXning 1520 yoki IIVning 102 qisqa raqamlariga xabar berishlari so‘ralgan.
Jamiyat
Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik ayol vafot etdi: TIV bayonot berdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Koreyada istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarosi Kim Nozima Akmal qizining o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi voqeadan beri Janubiy Koreya huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda va xolis tergov o‘tkazilishini ta’minlash uchun zarur ishlarni olib bormoqda.
Konsullik yordami doirasida marhumning onasi Feruza Alimbekova elchixona va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari ko‘magida Janubiy Koreyaga taklif qilindi. Joriy yilning 14-aprel kuni u advokati va diplomatik missiya vakillari bilan birgalikda tergovga rahbarlik qilayotgan Pxyontak politsiyasi bilan uchrashuvda ishtirok etdi.
Janubiy Koreya tomoni qo‘shimcha tekshirish choralari va dastlabki tergov natijalari haqida ma’lumot berdi. Huquqni muhofaza qilish organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizasida zo‘ravonlik bilan o‘lim belgilari aniqlanmagan.
Shuningdek, toksikologiya, qon va barmoq izlari tahlili kabi qo‘shimcha testlar o‘tkazilgani ta’kidlandi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli moddalar, dori-darmonlar yoki tashqi yoki ichki jarohatlar izlari topilmadi.
Uchrashuv davomida jabrlanuvchining onasi va advokatiga u yashagan hududdan, shuningdek, olib ketilgan tibbiy muassasalardan olingan kuzatuv kameralari tasvirlari ko‘rsatildi.
Pxyontak politsiyasi rasmiylari tergov davom etayotganini va uning yakuniy natijalari yaqin qarindoshlariga yetkazilishini ma’lum qilishdi.
Tashqi ishlar vazirligi elchixona vaziyatni kuzatishda davom etayotganini va Koreya tomoni bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi. Fuqarolar tasdiqlanmagan va ishonchsiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka va marhum vatandoshning xotirasini hurmat qilishga chaqirildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda meningit bilan kasallanish holatlari ortgan — Sanepidqo‘mita
O‘zbekistonda 2026-yil davomida aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz oshgani kuzatilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha jami 174 ta holat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda: aprel oyida holatlar soni mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygan.
Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida Qo‘mita tomonidan 8 024 doza vaksina xarid qilingan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 862 nafar fuqaro emlangan. Tibbiy qarshi ko‘rsatmaga ega shaxslar uchun esa shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun, meningit — bu bosh va orqa miya pardalari yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar ta’sirida yuzaga keladi. Kasallik tez rivojlanishi va og‘ir asoratlarga olib kelishi bilan xavfli.
Mutaxassislar quyidagilarga amal qilishni tavsiya etmoqda:
• o‘z vaqtida emlanish;
• shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
• kasallik alomatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qilish;
• jamoat joylarida ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish;
• «Haj» va «Umra» safarlaridan oldin emlanish, qaytgandan so‘ng esa ommaviy tadbirlardan vaqtincha cheklanish.
Sanepidqo‘mita ma’lum qilishicha, respublikada epidemiologik vaziyat barqaror saqlanmoqda va infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat
Aktrisa bilan «ijodiy uchrashuv» o‘tkazgan maktab ma’muriyatiga chora ko‘riladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 48-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabda o‘quvchilar uchun ijodiy kecha o‘tkazilgani va unda aktrisa Nilufar Hamidova ishtirok etgani aks etgan videolavha tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan rasmiy munosabatga ko‘ra, 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tadbir Oqqo‘rg‘on tumani hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan «ijodiy uchrashuv» doirasida tashkil etilgan.
Tadbirga hududdagi «Qushtamg‘ali» mahallasi yoshlar yetakchisi O.A. hamda maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.R. «bosh-qosh» bo‘lgan.
«Biroq, mazkur tadbir haqida Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limiga oldindan ma’lumot taqdim etilmagan. Bu esa belgilangan tartib-qoidalarning qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatadi», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Ta’kidlanishicha, hozirda holat o‘rganilyapti. Tadbirga mas’ul bo‘lgan shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
-
Jamiyat5 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan5 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Dunyodan4 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat4 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat4 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat3 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat2 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
