Mahalliy

Orzu qilishga qo‘rqadigan yigitga maslahatlar

Published

on


«Mening yoshim 21 da. O‘zimni omadsiz, deb hisoblayman. Uch yildan buyon o‘qishga kira olmayapman. Hayotimni esa oliy ma’lumotsiz tasavvur qilishim qiyin. Birorta mashg‘ulot bilan shug‘ullanay desam, sabrim, irodam yetmaydi. Ba’zan orzu qilishga ham qo‘rqaman. Odamlar orasida yurganimda o‘zimni gunohkordek his etaman. O‘zimga ishonchim qolmadi. Bu vaziyatdan chiqish uchun qanday yo‘l tutay? Mavlon».

Bu ukamiz hayotidagi eng katta orzu sifatida o‘qishga kirishni maqsad qilib qo‘ygan. Xuddi boshqa maqsadlar muhim bo‘la olmaydigandek. Demak, uning nazdida o‘qishga kirsa omadli, kira olmasa omadsiz bo‘ladi. Savol egasi butun diqqat-e’tiborini shunga qaratib qo‘ygan va o‘zi uchun qoida yaratib olgan. Bu hodisa psixologiyada «baxtni maksimallashtirish» deyiladi. O‘qishga kirmayaptimi, demak, hamma narsadan hafsalasi pir bo‘lyapti. Vaholanki, o‘qishga kira olmaslik baxtsizlik emas.

Yigit irodasizlik tufaylimi, qo‘rquv yoki maqsadni to‘g‘ri qo‘ymaganlikdanmi, xullas, nimadir sabab bo‘lib, o‘qishga kira olmayapti. To‘g‘rirog‘i, maqsadini amalga oshirish yo‘lida shart-sharoitlar yetarli darajada yaratilmayapti. Eng avvalo, ana shu sharoitlarni yaratish zarur. Zero, qanchadan-qancha yoshlarimiz o‘ziga ishonib, irodasi, g‘ayrat-shijoati bilan o‘qishga kirib ketishmoqda.

Maslahatim: eng avvalo, qaysi sharoit o‘qishga kirishingizga to‘sqinlik qilayotganini aniqlang. Ikkinchidan, o‘qishga kira olmaslik – baxtsizlik degan tushunchani miyangizdan chiqarib tashlang. O‘ylab ko‘ring: balki siz uch yildan beri bir xil xatoni takrorlayotgandirsiz? Atrofdagi odamlarni kuzating, tahlil qiling. Bir necha yil intilib, keyin talaba bo‘lgan insonlar bilan suhbatlashing, ularning maslahatlarini oling. Ana shunda xatolaringizni topishingiz oson kechadi. Xato topilgach esa, ixlos va ishonch bilan uning yechimini izlash kerak. Misol keltiraman: dunyoga mashhur bir basketbolchi bor. U savatga 660 marta koptok tushirib, yilning eng yaxshi sportchisi bo‘lishga erishgan. Lekin, eng qizig‘i, bu sportchi yilning eng ko‘p xato qilgan odami deb ham e’tirof etilgan. Demak, xato qilishdan qo‘rqishning keragi yo‘q.

Xato qildim – maqsadimga erisha olmayman, o‘qishga kirolmadim – baxtsizman, deyishga shoshilmaslik kerak. Maqsaddan og‘ishmay, ko‘ngilni cho‘ktirmay, oldinga qarab yurish, kuchingiz yetmayotgan bo‘lsa, yon-atrofdagi yutuqqa erishgan odamlardan yordam so‘rashingiz eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.

(«Go‘zal hayot tilsimi» kitobidan)



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version