Jamiyat
“Operatsiyalarni tibbiy ma’lumotsiz “mutaxassislar” qilyapti” – O‘zbekistonda kosmetologiya nega nazoratsiz?
Oxirgi vaqtlarda teriga ishlov berib, odamlarni yoshartirish “daromadli biznes”ga aylandi. Bu sohaga kirish uchun talablar sust, kosmetologlar faoliyatini esa deyarli hech kim tekshirmaydi. Qisqa kurslarda o‘qigan, tibbiy bilimga ega bo‘lmagan “mutaxassislar” tanaga igna sanchib, uni kesib-tikib, in’yeksion muolajalarni bexavotir amalga oshiryapti. “Mualliflik texnikasi” deya tarmoqlarda reklama qilinayotgan protseduralar esa klinik tekshiruvlardan o‘tkazilmay, noqonuniy qo‘llanyapti. Bemorlar salomatligiga yetkazilgan zarar javobsiz qolmoqda. Kun.uz muxbiri mutaxassislar bilan bog‘lanib, ushbu holatga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rgandi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Kosmetologiya – yuz, teri, soch, tirnoq va tananing boshqa tashqi elementlarini parvarishlash, estetik jihatdan yaxshilash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot sohasi. Mazkur yo‘nalishda ishlash uchun dermatologiya, farmakologiya, psixologiya bilimlari talab qilinadi.
Afsuski, O‘zbekistonda bu soha nazoratsiz rivojlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan 7 kun, 1 oylik kurslar orqali “sertifikat” olib, amaliy tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lmaganlar ham ineksion muolajalar o‘tkazyapti. Shuningdek, jarrohlik amaliyoti tashkil etish uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, “go‘zallashtirish”ga xizmat qiluvchi operatsiyalarni bemorlarda tajriba tariqasida sinab ko‘rayotganlar ham topiladi. Tibbiy kosmetologiya va estetika bir-biriga aralashib ketgan: kosmetologiyaning sog‘liq bilan bog‘liq jihatlari yengil baholanmoqda.
Tibbiyot sohasida oliy ma’lumotga ega kosmetolog Guljahon Shirinovaning aytishicha, boshlang‘ich tibbiy bilimi (kollej yoki texnikum diplomi) mavjud bo‘lmaganlar ustoz-shogird an’analari asosida protseduralarni o‘rganib, murakkab muolajalarni bajarmoqda.
“Bizda menejer bo‘lib ishlagan sobiq hamkasbimiz boshqa kosmetologlar ishiga qarab turib o‘rganib, hech qanday kurs yoki oliygohda o‘qimasdan, hozirda kosmetolog sifatida faoliyat yurityapti. Diplom yoki biror bir tibbiy ma’lumoti bor-yo‘qligini hech kim so‘ramaydi, talab qilmaydi. Bemorlar ham muolajalardan avval mutaxassisning qanday malakaga egaligini surishtirmaydi. Odamlarning aksariyati Instagramʼda ko‘rganiga ishonib keladi – reklamalarda namoyish qilinayotgan surat va videolar o‘sha kosmetologning haqiqiy ishimi yoki o‘g‘irlangan surat, buni tekshirib ko‘rishmaydi”, – deydi u.
Ko‘pchilikda ushbu yo‘nalish tibbiy xizmat hisoblanadimi yoki yo‘qmi o‘zi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida kosmetologiya bir nechta turga bo‘linadi, ularning ayrim turlari to‘liq tibbiy xizmat sanaladi, ba’zilari esa parvarishlovchi-gigiyenik servis bo‘lib, yarim tibbiy tusga ega hisoblanadi.
Estetik kosmetologiya asosan, tashqi ko‘rinishni parvarishlash, yuzni tozalash, oddiy massaj va gigiyenik niqoblar qo‘yish kabi yengil muolajalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur xizmatlarda tibbiy aralashuv bo‘lmaydi, bunday muolajalar maxsus kursni bitirgan mutaxassislar tomonidan bajarilishi mumkin.
Tibbiy kosmetologiyada esa inson organizmiga bevosita fiziologik, kimyoviy yoki apparatli aralashuv orqali ta’sir ko‘rsatiladi. Masalan, botoks, filler, lazer muolajalari, PRP terapiya, mezoterapiya, kimyoviy piling singari in’yeksion usullar professional tibbiy bilim va steril sharoitda bajarilishni talab etadi. Shu bois, bu xizmatlar “tibbiy faoliyat” deb baholanadi va faqatgina maxsus litsenziyaga ega shifokor-kosmetologlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
“Sohani biznes sferaga aylantirib yuborishgan: kosmetologiya mo‘may pul topish manbai bo‘lib qoldi. Faoliyatni litsenziyalash bilan hech kimning ishi yo‘q. 1-2 haftalik kursni tugatib, hech qanday amaliy tajriba, ilmiy bilim, oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar inson yuz terisini igna bilan teshib, bemalol muolaja va operatsiya o‘tkazyapti. Bu holat nafaqat professional kosmetologlar obro‘si, balki butun sog‘liqni saqlash tizimiga putur yetkazyapti. Allergik reaksiyalar, teri infeksiyalari, hatto chandiq va asoratlar bilan yakun topayotgan holatlar yetarlicha. Eng og‘riqlisi, bu vaziyatni tartibga soluvchi rasmiy mexanizmlarning sust ishlayotganida. Malaka nazorati deyarli qog‘ozda qolib ketgan”, – deydi kosmetologiya akademiyasi asoschisi Muattar Raupova.
2021 yil 12 mayda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan tibbiy yo‘nalishlar ro‘yxati (ya’ni ixtisosliklar nomenklaturasi) tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga tibbiy kosmetologiya ham kiritilgan, ya’ni bu yo‘nalish tibbiy xizmat deb e’tirof etiladi va u bilan faqat maxsus tibbiy ma’lumotga ega mutaxassislar shug‘ullanishi mumkin.
“Ijtimoiy tarmoqlarda yuzini torttirgan, ajinlarni ketkazuvchi ukollar olgan qizlarning videolariga ko‘zimiz tushadi. Ularning muolaja olish sharoiti o‘rganilganda protseduralar oddiy salonlarda o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Salonlar yuz va terining yengil parvarishi uchun ochiladi, ularda terini tikib-kesish, nitlar qo‘yish, shaklni o‘zgartiruvchi ukollar qilish umuman mumkin emas. Bunday ishlar sanitar-gigiyenik talablarga javob beradigan xonada steril sharoitda tibbiy ma’lumotga ega jarrohlar tomonidan amalga oshirilishi kerak aslida”, – deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim mudiri Dilbar To‘raxo‘jayeva.
Bu holat bir tomondan xizmatlar arzon va keng tarqalishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan sifatsiz muolaja, infeksiya xavfi, asoratlardan aziyat chekayotgan mijozlarning ko‘payishi kabi muammolarni yuzaga chiqarmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakilining ta’kidlashicha, yengil ko‘ringan muolaja, masalan, oddiy piling ham noto‘g‘ri bajarilsa, teriga infeksiya tushishi mumkin. Odatda, bu darhol sezilmaydi, bakteriya yashirin davrda rivojlanadi va simptomlar bir necha haftadan keyin yuzaga chiqadi. Ushbu holat kasallikning aniqlanishini kechiktiradi.
Kosmetologik amaliyotlar orqali yuqishi mumkin bo‘lgan eng xavfli infeksiyalardan biri bu – virusli gepatitlar (B va C turlari). Mazkur viruslar qon orqali o‘tadi va jigar faoliyatini izdan chiqaradi. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, salonlarda o‘tkazilayotgan amaliyotlarda tibbiy buyumlarning to‘laqonli sterillanmagani oqibatida OIV yuqish holatlari ham uchrab turadi.
“Kosmetologlarning ko‘pi salonda ish boshlab, tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. Sub’yekt go‘zallik markazi sifatida rasmiylashtirilgan holatda faqat estetik xizmatlar taqdim etishiga ruxsat beriladi. Ammo shunga qaramay, hozirda salonlarda kosmetologik-in’yeksion protseduralarni ham amalga oshiryapti. Bu bevosita litsenziyasi doirasida ish yuritishni tartibga solish mexanizmlari sustligi belgisidir. Undan ham yomoni, aksariyat salonlar va kosmetologlarda faoliyat olib borish uchun litsenziya ham mavjud emasligida”, – deydi mutaxassis.
Vazirlar Mahkamasining 2009, 2017 va 2022 yillardagi qarorlariga ko‘ra, tibbiyot sohasida ishlaydiganlar faqat ruxsat berilgan, ya’ni litsenziyada ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi mumkinligi, tibbiy xizmatlarni litsenziyalash esa Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilganini ko‘rishimiz mumkin. Demak, kosmetologik xizmatni tartiblash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasidagi vazifa. Bu borada vazirlikka talaygina savollarimiz bor edi. Tashkilot matbuot kotibiga mavzuni o‘rganishni boshlagan vaqtimizdan to kontent tayyor bo‘lguniga qadar bir yarim oy mobaynida bir necha marta aloqaga chiqdik, ammo turli sabablar bilan na savollarimizga javob, na intervyu uchun mutaxassis topa oldik – bu borada savollarimiz ochiq qoldi.
Inson salomatligi yo‘lida muolajalarning sifatli va gigiyenik qoidalar asosida amalga oshirilayotganini nazorat qilib borish ham muhim. Bunga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat xavfsizligi qo‘mitasi mas’ul. Ushbu tashkilot muolaja xonalarining belgilangan talablarga javob berishi, tibbiy buyumlarning sterillanish holati, preparatlarning yaroqlilik muddati va saqlanish sharoiti kabilarni tekshirib turishi, belgilangan gigiyenik me’yorlar buzilsa yoki tibbiy jarayonlarda bemorga xavf tug‘diruvchi holatlar aniqlansa, ogohlantirish, jarima solish yoki faoliyatni to‘xtatib qo‘yish kabi choralarni ko‘rishi kerak. Lekin mazkur qo‘mitada bunday vakolat cheklangan, biror bemorda jiddiy noxush holat ro‘y berib, shikoyat tushmaguncha mutaxassislar kosmetologik sub’yektlarni mustaqil tarzda borib tekshira olmaydi.
“Faqat ariza kelib tushgan hollarda, unda ham aniq faktlar bo‘lsagina, biznes-ombudsmandan ruxsat olgandan keyin tekshira olamiz. Kosmetologlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgani uchun ularning faoliyatiga aralashishimiz mumkin emas – bu qonunda belgilangan”, – deydi Dilbar To‘raxo‘jayeva
Ushbu holat sohaga oid qonunlar bo‘lsa-da, O‘zbekistonda kosmetologik faoliyat ustidan davlat nazorati tizimi to‘g‘ri va to‘liq ishlamayotganini ko‘rsatadi. Rasmiy hujjatlarda tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuv man etilgan. Bu borada huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish yoki unga qo‘shimchalar kiritish kerakdir balki. Negaki kosmetologik xizmatlar biror mahsulotni ishlab chiqarish yoki sotish emas, bevosita inson salomatligiga daxl qiluvchi ish: u shunchaki nazoratsiz qolmasligi kerak.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘zlari vakolatli bo‘lmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanibgina qolmasdan, muolaja va jarrohlik amaliyotlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va sifati kafolatlanmagan mahsulotdan foydalanishlari hamda hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan turib tibbiy muolajalarni o‘tkazishi qat’iy man etiladi.
Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda kosmetologik muolajalar reklamalaridan “mualliflik texnikasi” nomi ostida targ‘ib qilinayotgan e’lonlarni ko‘rish mumkin. Bunday muolajalar tarkibi so‘ralganda o‘z nomi bilan “avtorskiy” deya tarkib ochiqlanmaydi. Bu aslida iste’molchi huquqining buzilishi hisoblanadi.
“Iste’molchilar kosmetologik xizmat (yoki har qanday boshqa xizmat) va uning tarkibi, sifati, xavfsizligi haqida to‘liq va aniq ma’lumot olishga haqli. Bu ma’lumot mahsulot (xizmat) tarkibi, uning ishlatilishiga doir ko‘rsatmalar, xavfsizlik choralari, ishlab chiqaruvchi (yoki xizmat ko‘rsatuvchi) haqida axborot, amal qilish muddati, muolajani o‘tkazish shartlarini o‘z ichiga olishi zarur”, – deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi.
Mualliflik muolajasi tarkibida ishlatilayotgan dori vositalarining klinik tadqiqotlari ham mavjud emas. “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi. Bundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har qanday dori vositasi amaliyotga joriy qilinishidan oldin klinik tadqiqotdan o‘tishi, davlat ekspertizasi tomonidan baholanishi zarur. “Mualliflik muolajasi” nomi ostida ayrim kosmetologlar tomonidan foydalanilayotgan vositalar bu mezonlarning birortasiga javob bermaydi. Ularning tarkibi noma’lum, ta’sir mexanizmi esa ilmiy asosga ega emas. Eng ayanchlisi, muolajadan keyingi salbiy oqibatlar uchun hech kim javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmaydi – terisi kuygan, to‘qimalari shikastlangan yoki infeksiyaga chalingan bemor qandaydir “salon”da qilinadigan sifatsiz protsedura qurboniga aylanadi-qoladi.
“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Bu kabi gaplar bilan sizni xavotirga solmoqchi yoki kosmetologga umuman bormang demoqchi emasmiz. Shuningdek, hamma kosmetologlar tajribasiz, sifatsiz ish bajaradi degan qarashdan ham yiroqmiz. O‘z ishini professional darajada taqdim etayotganlar oz emas. Shunchaki yaxshisi bilan yomonining farqiga boring, o‘zingizni ehtiyot qiling va aldanib qolmang degan maqsadda bu kontentni tayyorladik.
Ko‘rsatuv mobaynida Instagramʼdagi reklama tuzoqlari, kosmetologik faoliyatni tartibga solish bo‘yicha jahon tajribasi, iste’molchi huquqlari haqida so‘z yuritiladi. Uni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Muallif: Diyoraxon Nabijonova
Operatorlar: Abdulloh Hasanov, Ziyaddin Mamatjonov, Jahongir Aliboyev
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Sport5 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Siyosat2 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Jamiyat4 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport4 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat4 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Mahalliy2 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Siyosat3 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Jamiyat2 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
