Iqtisodiyot
OPEK+ davlatlari neft qazib olishni oshirishga kelishib oldi
Rossiya, Saudiya Arabistoni, Iroq, BAA, Kuvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon OPEK+ning virtual yig‘ilishida noyabr oyidan boshlab neft qazib olishni kuniga 137 ming barrelga oshirishga kelishib oldi.
OPEK+ tarkibiga kiruvchi sakkiz neft eksport qiluvchi davlat (Rossiya, Saudiya Arabistoni, Iroq, BAA, Kuvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon) noyabr oyidan boshlab neft qazib olishni kuniga 137 ming barrelga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda OPEK saytida 5 oktyabr, yakshanba kuni ushbu davlatlar vakillarining video-konferens-aloqa orqali uchrashuvi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda aytildi.
Mamlakatlar, shuningdek, 2024 yil yanvaridan boshlab ortiqcha ishlab chiqarishni to‘liq qoplash niyatini tasdiqladi.
3 oktyabr kuni Reuters manbalariga tayanib, OPEK+ neft qazib olishni ko‘paytirish rejalari haqida xabar berdi. Reuters agentligining qayd etishicha, tashkilotning asosiy davlati Saudiya Arabistoni qazib olishni sezilarli darajada oshirishga intilmoqda, Rossiya esa oddiyroq oshirishni taklif qilmoqda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Moskva «neft narxiga bosimning oldini olish uchun, shuningdek, sanksiyalar tufayli qazib olishni ko‘paytirish qiyin bo‘lishi sababli» noyabr oyidan boshlab uni kuniga 137 ming barrelga oshirishni taklif qilgan.
Ayni paytda Saudiya Arabistoni neft qazib olishni bir necha barobar ko‘paytirmoqchi edi: mos ravishda kuniga 274, 411 yoki 548 ming barrelgacha, chunki bu mamlakat qazib olishni tezda oshirish imkoniyatiga ega va bozor ulushini oshirishni xohlaydi, deb yozgan Reuters jurnalistlari.