Jamiyat
Onamga atalgan guldasta
O‘shanda 8-mart edi. Sovg‘a tanlashim kerak. Qiz nafaqat universitetning, balki shaharning eng go‘zali. Unga ancha avvaldan fikran ko‘plab sovg‘alar taqdim etaman. Biroq ko‘nglim to‘lmaydi. Nihoyat, tushliksiz o‘tgan va o‘tadigan bir necha kunim, oshqozonning zaxmi badaliga gul do‘konidagi eng chiroyli, katta bir guldastani sotib oldim. Kunda ko‘z oldimda gavdalanadigan uning tabassumli va sirli sumbati, tug‘ma instinkt — ochlikdan ancha ustun edi.
Tanlangan gul ko‘rki tarovati bilan tevarakdagi barchani maftun etayotgandek edi. Hammaning e’tibori shu guldastada edi.
Qosh qorayganda uyga keldim, ko‘zdan xoli joy deb, guldastani garajga berkitib qo‘ydim. Uyda onam tez orada mehmonlar kelishini bildirib, qolishimga shuncha undashiga qaramay, ketishimni qat’iy aytdim. Uchrashuv vaqti yaqinlashar, men judayam betoqat edim. O‘sha paytlar onam cho‘ntaklarimga sedana va qalampirmunchoqdan solib qo‘yardi. Ular o‘zgacha ifor taratib tursa-da, shu kuni cho‘ntagimni ulardan bo‘shatdim, o‘rniga eng so‘nggi urfdagi atirdan sepdim.
So‘ng dunyodagi eng go‘zal qizga atalgan gulni olish uchun garajga kirdim. Sekin garaj orqali uydan chiqib ketayotganimda ortimdan onam chaqirib qoldi. Qayrilib qarasam, qo‘llarida kurtkamni ushlab olgan. Orzumand bo‘lib, bir nigoh tashlab, «Kurtkangni kiyib ol, yomg‘ir yog‘yapti», dedi. Meni xijolatda qoldirmaslik uchunmi, ataymi o‘zini guldastani ko‘rmaslikka soldi. Men esa kurtkani kiymasligimni aytib, shoshib yo‘lda davom etdim. Onam ortimdan qarab qolaverdi. Bu ilhaq nigohlarni qayrilmasdan ham aniq ilg‘ar edim.
Entikib shoshardim, go‘yo borliqning inoyati, necha oylaru, bedor kechalar xatlar yozib, qalbiga zo‘rg‘a yo‘l topganim — sohibjamol meni kutar edi. U shahardagi eng badavlat oila farzandi, men esa oddiy o‘rtahol oiladan edim. Bu tafovut hozircha «ko‘zi ko‘r sevgi»ning soyasida sezilmas, ammo tez orada unga erishish uchun to‘qilgan yolg‘onlar qalqib chiqishi tayin edi. Buni hozircha bildirmaslik uchun o‘zimni serhasham ko‘rsatar, unga eng muhtasham onlarimni hadya etardim.
Nihoyat, uchrashuv joyidaman. Belgilangan vaqt o‘tib boryapti, ammo sohibjamoldan darak yo‘q. Aksiga olib, telefoni ham o‘chiq. Yomg‘ir esa shovullab quyardi. Bir soat o‘tdi, kutyapman. Ikki soat. Yarim tunga qadar kutdim. Nihoyat, umidimni uzib, alam bilan guldastani uloqtirdimu, uyga qaytdim. Uyda onam bedor kutib o‘tirgan ekan. O‘sha kecha yomg‘irda ivib ketib, shamollab, isitmalab chiqdim. Onam bechora tongga qadar uxlamay qarab chiqdi.
Holim juda xarob edi. O‘sha kecha alamzadalik va notavonlik, cheksiz aybdorlik hissi bilan o‘zimni koyib chiqdim. O‘ylab ko‘rsam, biror marta 8 mart bayramida onamga gul bermagan ekanman. Onamni mehrli ko‘zlariga zimdan qarab, kelgusi yil bayramda va undan keyin ham endi, albatta, onajonimga eng chiroyli guldastani hadya etaman deb ahd qildim.
Vaqt o‘tmay qolmas ekan. Bir zumda yana 8 mart ham keldi. Gul do‘kondan eng serhasham, eng katta va chiroyli guldastani oldim. Yana yomg‘ir yog‘ardi. O‘sha onam kiyishimni istagan chiroyli kurtkamni kiyib olganman, ammo cho‘ntaklari bo‘sh, endi qancha istasam ham ulardan sedanayu, qalampirmunchoqning yoqimli ifori kelmasdi.
Yo‘l-yo‘lakay ko‘pchilik havas bilan qaragan «Onajonim»ga yozuvi bilan bezalgan bu gullarni, afsus, onamga taqdim eta olmadim… Ularni ming bir iztirob bilan qabri poyiga qo‘ydim…
Qissadan hissa-ki: O‘ylamang, onalar boqiy, ona abadiy. Anglamoq ekan lozim va dushvor. Ehtimol oxirgisi, bugungi diydor.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
