Connect with us

Sport

«Oltin to‘p»-2025. Yaqqol favorit yo‘q

Published

on


Bugun Parijda o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi aniqlanadi: uzoq kutilgan marosimda bosh sovrinni kim qo‘lga kiritadi?

Bugun futbol olamidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lib o‘tadi. Albatta, bu jahon chempionati yoki Chempionlar ligasi finali emas. So‘nggi yillarda «Oltin to‘p» topshirish marosimi, umuman ushbu sovrinning ahamiyati shu qadar oshdiki, uning muhokamasi eng katta futbol bahslarini ham ortda qoldira olyapti. Muxlislar-u jurnalistlar, futbol mutaxassislari yil davomida «Oltin to‘p»ga nomzodlarni muhokama qilib charchashmayapti. Quyida ushbu sovrin va topshirish marosimi haqida eng ahamiyatli ma’lumotlar havola qilinadi.

«Oltin to‘p» o‘zi nima?

«Oltin to‘p» futboldagi eng zalvorli individual sovrin bo‘lib, France Football jurnali tomonidan 1956 yilda ta’sis etilgan va shundan beri har yili o‘z egalariga topshirib kelinadi. 1996 yilgacha bu sovrinni faqat yevropalik futbolchilar ololgan bo‘lsa, keyinchalik umuman Yevropa turnirlarida ishtirok etayotgan har qanday futbolchi «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lib qoldi. Aytish mumkinki, aynan shu tuzatish ushbu sovrin nufuzini oshirib yubordi. Keyinchalik paydo bo‘lgan turli o‘xshash sovrinlar, FIFA tomonidan dunyoning eng yaxshi futbolchisi uchun beriladigan mukofot ham «Oltin to‘p»ga teng kelolmadi.

Albatta, bu yerda sovrinning tarixi ancha uzoqligi ham ahamiyat kasb etadi, zero zamonaviy futbolchilar o‘z nomi futbol tarixidagi buyuk nomlar – di Stefano, Pushkash, Kroyf, Charlton, Gullit, Platini kabi yulduzlar bilan bir ro‘yxatdan joy olishini istashadi.

Bugungi kunga kelib esa qaysi liga va terma jamoada to‘p surishidan qat’i nazar dunyoning eng yaxshi futbolchisiga «Oltin to‘p» topshiriladi.

G‘olibni aniqlashda asosan quyidagi uch mezonga e’tibor berilishi lozim:

– ko‘rsatilgan individual mahorat, hal qiluvchi va yetakchilik xarakteri;

– jamoaviy o‘yin va qo‘lga kiritgan sovrinlar;

– mahorat va halol o‘yin. 

G‘olib qanday aniqlanadi?

Marosimdan bir necha oy avval tashkilotchilar 30 futbolchidan iborat nomzodlar ro‘yxatini e’lon qilishadi va shundan so‘ng ovoz berish jarayoni boshlanadi.

Ovoz berish uchun FIFA reytingi bo‘yicha top-100 ga kirgan mamlakatlardan bir nafardan jurnalist (O‘zbekistondan Narzulla Saydullayev tanlangan) tanlab olinadi. Har bir ovoz beruvchi tartib bilan 1-10 o‘rinlarga o‘z nomzodlarini yuboradi. Birinchi o‘rin uchun 15 ochko, ikkinchi o‘rin uchun 12 va shu tartibda 10, 8, 7, 5, 4, 3, 2 va 1 ochkoda beriladi va har bir futbolchining ochkolari to‘planadi. Masalan, Narzulla 1-o‘ringa Yamalni, 9-o‘ringa Vitinyani qo‘ygan bo‘lsa, uning ovozidan Yamal 15, Vitinya 2 ochko oladi va shu shaklda yuz nafar jurnalist ovozlari bo‘yicha ochkolar to‘planadi.

Marosim qayerda va qachon bo‘ladi?

Navbatdagi «Oltin to‘p» topshirish marosimi ham an’anaga ko‘ra Parijda, Shatle teatrida bo‘lib o‘tadi. Hisob bo‘yicha 69-sovrinni topshirish bugun, Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da boshlanadi.

Marosimda 1987 yilda «Milan» tarkibida ushbu sovrin egasiga aylangan Ruud Gullit boshlovchilik qiladi. Unda britaniyalik mashhur teleboshlovchi Keyt Skott sherik bo‘ladi. Hali rasman ma’lum qilinmadi, ammo ba’zi manbalarga ko‘ra, «Oltin to‘p»ni egasiga topshirish – braziliyalik Ronaldinio chekiga tushgan. U roppa-rosa 20 yil oldin o‘zining «Oltin to‘p»ini qo‘lga kiritgandi.

«Oltin to‘p» latundan yasalgan bo‘lib, sirtiga oltin suvi yuritilgan. To‘pning og‘irligi 12 kilogrammni tashkil qiladi va tannarxi taxminan 3 ming yevroni tashkil etsa-da, o‘zi kamida 500 ming yevroga baholanishi mumkin.

«Oltin to‘p» rekordchilari

«Oltin to‘p»ni eng ko‘p argentinalik hujumchi Leonel Messi qo‘lga kiritgan. Uning javonida 8 ta mana shunday sovrin terilib turibdi. Shuningdek, Messida yana bir rekord bor – 2009-2012 yillar mobaynida u qatorasiga to‘rt marta mana shu sovrin egasiga aylangan.

Messining eng yaqin ta’qibchisi Krishtianu Ronaldu, unda 5 ta «Oltin to‘p» bor. Yoxan Kroyf, Mishel Platini va Marko van Basten 3 martadan mana shu e’tirofga sazovor bo‘lishgan. 

«Oltin to‘p»ga nomzodlar

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, 2022/23 yillar mavsumidan buyon «Oltin to‘p» kalendar yili uchun emas, muayyan mavsum uchun berila boshlangan. Ya’ni 2025 yil uchun nomzodlar tanlashda futbolchining ayni damda ko‘rsatayotgan o‘yini emas, 2024/25 yillar mavsumidagi natijalari e’tiborga olinadi. Dastlabki shunday o‘zgarish ancha munozara va tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgandi. 2022/23 yillar mavsumi oxirida «Manchester Siti» trebl qilgan bo‘lsa-da, ushbu jamoadan asosiy nomzod Holand emas, 2022 yil dekabrida Argentina bilan jahon chempioni bo‘lgan Messi ko‘p ovoz olib, sovrinni olib ketgandi.

2024/25 yillar mavsumi bo‘yicha yakuniy 30 nomzod futbolchi quyidagilar:


Jud Bellinghem (Angliya, «Real»)
Usmon Dembele (Fransiya, «PSJ»)
Janluiji Donnarumma (Italiya, «PSJ»/«Manchester Siti»)
Dezire Due (Fransiya, «PSJ»)
Denzel Dyumfris (Niderlandiya, «Inter»)
Seru Girassi (Gvineya, «Borussiya» D)
Viktor Yokeresh (Shvetsiya, «Sporting»/«Arsenal»)
Erling Holand (Norvegiya, «Manchester Siti»)
Ashraf Hakimi (Marokash, «PSJ»)
Harri Keyn (Angliya, «Bavariya»)
Xvicha Kvaratsxeliya (Gurjiston, «Napoli»/«PSJ»)
Robert Levandovski (Polsha, «Barselona»)
Aleksis Mak Allister (Argentina, «Liverpul»)
Lautaro Martines (Argentina, «Inter»)
Kilian Mbappe (Fransiya, «Real»)
Skott Maktominay (Shotlandiya, «Napoli»)
Nunu Mendesh (Portugaliya, «PSJ»),
Joau Nevesh (Portugaliya, «PSJ»)
Maykl Olise (Fransiya, «Bavariya»)
Koul Palmer (Angliya, «Chelsi»)
Pedri (Ispaniya, «Barselona»)
Rafinya (Braziliya, «Barselona»)
Deklan Rays (Angliya, «Arsenal»)
Fabian Ruis (Ispaniya, «PSJ»)
Muhammad Saloh (Misr, «Liverpul»)
Virjiyl van Deyk (Niderlandiya, «Liverpul»)
Vinisius Junior (Braziliya, «Real»)
Vitinya (Portugaliya, «PSJ»)
Florian Virs (Germaniya, «Bayyer»)
Lamin Yamal (Ispaniya, «Barselona»)

Eng ko‘p nomzod tabiiy ravishda «PSJ»dan – 9 nafar, chunki jamoa o‘tgan mavsumda ham Fransiya chempionligi, ham Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritdi.

Asosiy favoritlar

 

Asosiy favoritlar sifatida «PSJ» hujumchisi Usmon Dembele va «Barselona» vingeri Lamin Yamal tilga olinmoqda. Muhokamalar ko‘pligi va haqiqiy intriga mavjudligiga sabablar yetarli. Aslida, biz o‘rganib qolgan qoida bo‘yicha Usmon Dembele g‘olib jamoa vakili sifatida ko‘proq ovoz olishi kutiladi va bu to‘g‘ri ham. Ammo Dembele faqat jamoaning eng sermahsul, eng ko‘p gol va assist amalga oshirgan futbolchisi xolos, umuman, «PSJ»ning bahordagi o‘yinlarida Vitinya, Donnarumma, Hakimi kabi futbolchilarning ham ta’siri kam bo‘lmagan. Ya’ni g‘olib «PSJ» vakili bo‘lishi kerak deb hisoblaydiganlar ham o‘z ovozini boshqa futbolchilarga bo‘lib yuborishi ehtimoli bor. Dembelening «PSJ»dagi o‘rni o‘z vaqtida Messi, Ronaldu yoki Benzemaning o‘z vaqtida o‘z jamoasidagi ahamiyatichalik emas. Shuning uchun Dembele yaqqol favorit ekani shubha ostiga olinyapti.

Lamin Yamalga kelsak, «Barselona»da ham Pedri, Rafinya kabi futbolchilarning ham ahamiyati katta bo‘lsa-da, bahordagi pley-off bahslarida Yamal yaqqol yetakchiligini namoyish qildi va boshqalardan bir bosh baland o‘ynadi. Dembeledan farqli ravishda, Yamal mavsum boshidan jamoasida eng yaxshi bo‘lib turganini ham aytish kerak. Dembele esa asosan 2025 yil boshidan har jihatdan ko‘rsatkichlarni oshirishni boshladi. Yamal nafaqat mavsum boshidan, balki o‘tgan yozda bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatidan boshlab yuqori darajada turganini ham qayd etish mumkin. O‘shanda jurnalistlar baribir tajribali, yetakchi, hamda bir necha yillik faoliyatini e’tiborga olgan holda Rodrini tanlashgan, ammo Yamalning ham hissasi kam bo‘lganini hamma bilib turgandi.

Shu bilan birga, ispaniyalik vunderkindning zarariga ishlaydigan omillar ham yetarli. Eng asosiysi – «Barselona» Chempionlar Ligasi finali ostonasida qoqildi. Shu jihatdan, u «PSJ» vakillariga imkoniyatni boy beradi. Ikkinchidan, futbolchi yosh ekani, ya’ni u «Eng yaxshi yosh futbolchi» sovrini uchun ham asosiy nomzod. Unda keyin ham «Oltin to‘p» olish imkoniyati yetarlicha bo‘ladi, degan fikr bilan ham e’tiborni boshqalarga qaratish mumkin.

Bu ikkisidan tashqari, «PSJ» va «Barselona» «motorlari» Vitinya va Pedri, «Liverpul»ni yana chempionlikka boshlab borgan Saloh, Madriddagi debyut mavsumida «Oltin butsa»ga sazovor bo‘lgan Mbappe ham yuqori o‘rinlarda qayd etilishi tayin.

Juda bir-biridan farqli ovozlar bo‘lishi, ya’ni yaqqol ikki nomzod boshqalardan ilgarilab ketmasligini taxmin qilish mumkin. Shuning uchun marosim oldidan odatda chiqadigan turli mish-mishlar yo‘q – hammasi konvert ochilganda ma’lum bo‘ladi.

Yana qanday sovrinlar topshiriladi?

«Oltin to‘p» France Football tomonidan bugun topshiriladigan yagona mukofot emas. Misol uchun, eng yaxshi yosh futbolchiga (21 yoshgacha) beriladigan yuqorida tilga olingan mukofot ham bor va albatta, asosiy da’vogar sifatida Lamin Yamal tilga olinmoqda. Mabodo Yamal «Oltin to‘p»ga ega chiqadigan bo‘lsa, eng yaxshi yosh futbolchi sifatida «PSJ» hujumchisi Dezire Due taqdirlanishi mumkin. 20 yoshli futbolchi Chempionlar Ligasi finalida dubl qayd etgandi.

Shuningdek, Lev Yashin sovrini ham bo‘lib, mavsumning eng yaxshi darvozaboniga beriladi. 2019 yildan beri joriy etilgan ushbu mukofot aynan Yashin sharafiga nomlanishining sababi, tarixda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan yagona darvozabon aynan u hisoblanadi. So‘nggi mavsumlarda Emi Martines eng yaxshi deb topilayotgan bo‘lsa, navbatdagi sovrin katta ehtimol bilan «PSJ» posboni Janluiji Donnarummaga ketadi. Italiyalik darvozabon 2021 yilda ham eng yaxshi deb topilgan, o‘shanda u Italiya terma jamoasi bilan Yevropa chempioni bo‘lgandi.

Eng yaxshi murabbiyga topshiriladigan Yoxan Kroyf sovrini ham bor. Katta ehtimol bilan, bu sovrin «PSJ» ustozi Luis Enrikega nasib qiladi.

Yuqorida tilga olingan har bir nominatsiya shuningdek ayollar futboli uchun ham ta’sis etilgan. 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi

Published

on


Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.

Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.

Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.



Source link

Continue Reading

Sport

EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi

Published

on


UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.

Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.

Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.

1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.

Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.

Manba: UEFA



Source link

Continue Reading

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.