Iqtisodiyot
Oltin sotish to‘xtadi, go‘sht importi keskin o‘syapti, elektr sotish 58 foizga oshdi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 761 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari olib kirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 68 foizga ko‘p. Noyabr oyida ham oltin eksport qilinmadi. Bu jahon bozorida narxlarning nisbatan arzonlashgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hisobot davrida 152 mln dollarlik elektr toki sotildi. Bu qiymat jihatdan 2024 yilga nisbatan 58,4 foizga yuqori ko‘rsatkich.
2025 yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 13 mlrd dollarga yoki 21,8 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 30,9 mlrd dollar (+26,2 foiz), import hajmi esa 41,8 mlrd dollar (+18,7 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa qariyb 11 mlrd dollar.
Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (20,1 foiz), Rossiya (16,2) Qozog‘iston (6 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 11 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan faqatgina Janubiy Koreya (-13,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Qolgan 19 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, Shveytsariya (+101 foiz), BAA (+90,8 foiz), Afg‘oniston (+46,7 foiz), Niderlandiya (+45,2 foiz) va Hindiston (+35,4 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasida katta o‘sish qayd etilgan.
Eksport
Hisobot davrida 9,9 mlrd dollarlik (+49,4 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 32 foizini tashkil etadi. Oxirgi 2 oyda qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilmagan.
Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,3 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 foiz), kimyoviy vositalar (6 foiz), turli xil tayyor buyumlar (5 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,5 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Eksport tovarlari tarkibiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yanvar-noyabr oylarida sabzavotlar va mevalar (+39,1 foiz), donli ekinlar (+41,8 foiz), sut mahsulotlari va qush tuxumlari (+47,5 foiz) sotuvida keskin o‘sish qayd etilgan. Go‘sht va go‘sht mahsulotlari (-77,9 foiz) eksportida pasayish kuzatilgan.
Hisobot davrida 624 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 604 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+15,2 foiz), 152 mln dollarlik elektr toki (+58,4 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan. Shuningdek, 282 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 24,7 foizga kam.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (13 foiz), XXR (6 foiz), Afg‘oniston (4,3 foiz), Qozog‘iston (4,3 foiz), Turkiya (3,3 foiz), Fransiya (2,5 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,8 foiz), Tojikiston (1,7 foiz) va Pokiston (1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 40 foizni tashkil etadi.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,6 foiz), sanoat tovarlari (15,7 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,2 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.
2025 yilning 11 oyida 4 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga ko‘p. Eng katta o‘sish go‘sht va go‘sht mahsulotlari (761 mln dollarlik) importida kuzatilgan – 68,5 foiz. Hisobot davrida 1 mlrd 456 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 98 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 1 mlrd 393 mln dollarlik (+5,3 foiz) benzin import qilingan.
Yettita davlat, jumladan, Xitoy (30,5 foiz), Rossiya (18,5 foiz), Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya (3,9 foiz), Koreya (3,6 foiz), Germaniya (2,5 foiz) va Hindistondan (2,5 foiz) jami importning 60 foiz qismi amalga oshirilgan.
Iqtisodiyot
Qarzdorning kartasidan avtomatik pul yechilganda kamida 1,2 mln so‘m pul qolishi shart bo‘ldi
O‘zbekistonda “kartamga pul tashlasam, kreditga yechib oladi” deya, naqd pulni afzal ko‘ruvchilar talaygina. Yangi tartibga ko‘ra, endi kreditlar, bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar doirasida shaxsning kartasidan avtomatik ravishda pul yechib olinganida, karta hisobida kamida 3 BHM (1 mln 236 ming so‘m) mablag‘ qolishi shart. Kartadagi pul shu miqdordan kam bo‘lsa, avtomatik yechib olish ro‘y bermaydi.
Uzcard to‘lov tizimi bank kartalaridan avtomatik (aksepsiz) mablag‘ yechib olishda minimal kamaytirilmaydigan qoldiq joriy etilganini e’lon qildi.
2026 yil 15 apreldan boshlab, banklar va boshqa tashkilotlar kreditlar, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlar yuzasidan shaxsning Uzcard kartasidan avtomatik mablag‘ yechib olganida, balans nolga tushib qolmaydi.
Bu operatsiyalardan keyin karta hisobida kamida 3 BHM (1 mln 236 ming so‘m) mablag‘ qolishi shart bo‘ladi. Avtomatik yechib olishlar ana shu chegaradan ortiq mablag‘ doirasida ro‘y beradi.
Lekin agar mijozning o‘zi ikkinchi tomonga karta rekvizitlarini taqdim etsa va to‘lovni bir martalik kod (OTP) bilan tasdiqlasa, mazkur qoida tatbiq etilmaydi, bunday holatlarda karta hisobidagi mablag‘ to‘liqligicha yechib olinishi mumkin.
“Bank va mijoz” kanalining yozishicha, tez orada Humo to‘lov tizimi ham shunday tartib haqida xabar berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 apreldan boshlab yoqilg‘i va alkogol kabi bir qator tovar va xizmatlarni naqd pulga sotish to‘xtatilgan edi. Kun.uz muxbiri Farg‘onadagi AYoQShlarda bu yangilik qanday ishlayotganini o‘rganarkan, aholining muayyan qismi kredit qarzdorligi tufayli o‘zining nomidagi bank kartasiga pul tashlamasligi masalasi ham o‘rtaga chiqqan edi.
Iqtisodiyot
Naqdsiz savdo bo‘yicha yangi talablar yumshatilishi mumkin
Lekin bu yumshatish benzin yoki gaz quyish bilan bog‘liq emas, faqat kafe-restoran va mehmonxonalarda sotiladigan spirtli ichimliklarga taalluqli bo‘lishi ehtimoli bor. 21 aprel kungi ochiq muloqotda tadbirkor alkogolni faqat naqdsiz sotish tartibi kuchga kirgach, turistlar bilan ishlash qiyinlashganini aytdi. Bunga javoban Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov “yaqin kunlarda yechim taqdim etish”ga va’da berdi.
Toshkentdagi do‘kon oynasiga yopishtirilgan e’lon
O‘zbekistonda kafe-restoranlar va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun naqd pulda to‘lov qilishga ruxsat berilishi kutilmoqda.
Bu haqda 21 aprel kuni umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Muloqotda so‘z olgan tadbirkor alkogol mahsulotlarini faqat naqdsiz sotish tartibi kuchga kirgach, turistlar bilan ishlash qiyinlashganini aytdi.
Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov bunga javoban yaqin kunlarda masalaga yechim berilishini ma’lum qildi.
“Bu – bizning aybimiz, e’tiborsizligimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz va yaqin kunlarda yechim taqdim etamiz – to‘g‘rilab beramiz”, – dedi u.
Farrux Po‘latov va Davron Vahobov
Po‘latovning ta’kidlashicha, amaldagi tizimda mijozlar noqulay vaziyatga tushib qolmoqda – masalan, ovqat uchun naqd pul to‘lash mumkin, biroq alkogol uchun alohida karta orqali to‘lov qilish talab etiladi.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun ham naqd, ham naqdsiz to‘lov imkoniyatini joriy etish rejalashtirilmoqda. Hozirda loyiha manfaatdor idoralar bilan kelishuv bosqichida.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham amaldagi tartib sayyohlar uchun jiddiy to‘siq bo‘layotganini qayd etdi:
“Agar xorijiy sayyoh mehmonxonada spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olmoqchi bo‘lsa, u Uzcard yoki Humo kartasini ochish uchun bankka borishiga to‘g‘ri keladi. Natijada ichishni xohlagan sayyoh ichgisi ham kelmay qolib, samolyotga o‘tirib, orqasiga qaytib ketyapti”.
Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator tovarlar, xususan alkogol va tamaki mahsulotlarini ham naqd pulga sotish taqiqlangan edi. Bunday xaridlar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur tartib doirasida benzin va dizel, metan va propan kabi yoqilg‘ilarni ham naqd pulga sotish to‘xtatilgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Iqtisodiyot
Jahon banki Markaziy Osiyo energiya tizimlarini integratsiya qilishga 1 mlrd dollar ajratadi
Jahon banki Markaziy Osiyoda umumiy energetika infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya kiritadi. Bu energiya uzatish imkoniyatlarini uch baravarga yaxshilashi kutilyapti. «Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosini kengaytirishdan olinadigan iqtisodiy foyda kamida 15 mlrd dollarini tashkil etadi. Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikning yo‘qligi oqibatida boy berilgan daromadlar miqdori esa yiliga 4,5 mlrd dollar», deydi Jahon bankining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi mintaqaviy loyihalar koordinatori Dmitriy Petrenko.
Jahon banki Markaziy Osiyo energiya tizimlarini integratsiya qilish uchun taxminan 1 milliard dollar ajratadi. Bu haqda Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida Jahon bankining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi koordinatori Dmitriy Petrenko ma’lum qildi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.
Petrenkoga ko‘ra, transchegaraviy energetika infratuzilmasini rivojlantirish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi. «Biz energiya uzatish imkoniyatlarining taxminan uch baravar yaxshilanishini kutyapmiz», — dedi u.
Dastur amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi hajmi yiliga 8600 GVt/soatdan 15000 GVt/soatgacha, elektr uzatish tarmoqlarining quvvati esa 4,5 GVt’dan 16 GVt’gacha oshishi kutilyapti. Shuningdek, 9 GVt’gacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
«Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosini kengaytirishdan olinadigan iqtisodiy foyda kamida 15 mlrd dollarini tashkil etadi. Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikning yo‘qligi oqibatida boy berilgan daromadlar miqdori esa yiliga 4,5 mlrd dollar», deydi Jahon banki vakili.
Petrenko asosiy muammolar qatorida mamlakatlar o‘rtasidagi koordinatsiya yetarli emasligi va sifatli ma’lumotlar tanqisligini qayd etib o‘tdi. Ma’lumotlar taqdim etishdagi kamchiliklar qaror qabul qilish uchun zarur tahlillarni shakllantirish va ularning sifatini oshirishga to‘sqinlik qilyapti.
Iqtisodiyot
23-apreldan valyutalarning yangi kursi belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 23-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 18,06 so‘mga tushib, 12 042,49 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 35,69 so‘mga tushdi va 14 147,52 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 282,65 so‘m bo‘ldi (-2,71).
Rossiya rubli 160,55 so‘m etib belgilandi (-0,77).
Iqtisodiyot
Tadbirkor Timur Musin Toshkentdagi “Palov muzeyi” va Caravan restoranlarini sotuvga qo‘ydi
Shuningdek, Bo‘stonliqdagi Cinara’s majmuasi ham sotilmoqda. Taniqli restorator bu qarorini O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitiga ishonchi qolmagani bilan izohladi.
Timur Musin / Foto: weproject.media
Toshkentlik taniqli restorator, Caravan Group tarmog‘i asoschisi Timur Musin uchta biznesini sotuvga qo‘ydi.
Uning poytaxtdagi Palove Muzeyi va Caravan nomli restoranlari hamda Bo‘stonliqdagi Cinara’s majmuasi sotilayotgani haqida OLX’da e’lon berilgan.
Bu uchta aktiv jami 294 mlrd so‘m (24,4 mln dollar)ga baholangan:
Palove Muzeyi restorani. Mirzo Ulug‘bek tumani Katta Darxon ko‘chasi 55-uy manzilida joylashgan, 5800 kvadrat metr maydonga ega 5 qavatli bino (Salar kanali bo‘yida 20 sotix yondosh yer maydoniga ega) – 150 mlrd so‘m.
Caravan restorani. Yakkasaroy tumani Abdulla Qahhor ko‘chasi 22-uy manzilida joylashgan, 1800 kvadrat metr maydonga ega bino (7 sotix yer maydonini egallagan) – 45 mlrd so‘m.
Cinara’s etnografik majmuasi. Bo‘stonlik tumanida joylashgan, 80 sotix yer maydoniga ega. Nolinchi va birinchi qavatlardan iborat bino maydoni 1400 kvadrat metr – 99 mlrd so‘m.
Ikkita restoran biznesining o‘zini qoplash muddati taxminan 7 yil deb ko‘rsatilgan.
Foto: Yandex-xaritalar
Timur Musin Kun.uz bilan telefon orqali qisqa suhbatda bu qarorini Cinara’s etnografik majmuasi bilan bog‘liq sud jarayonlari ortidan ishbilarmonlik muhitidan xafsalasi pir bo‘lgani bilan izohladi va bu ish tafsilotlari YouTube’dagi kanaliga joylangan videoda keltirib o‘tilganini aytdi.
Videodagi ma’lumotlarga qaraganda, tadbirkor Chorvoq suv omboridan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi so‘lim majmuani loyihalashtirish uchun taniqli me’morlarni, xususan yaponiyalik mutaxassis Kozo Ivatanini jalb etgan holda, u yerda etnografik qishloq yaratishga kirishgan. 2014 yilda loyihaning 7 mln dollardan ortiqqa baholangan, 2 gektar maydonni egallagan birinchi bosqichi ishga tushirilgan.
Keyingi bosqichlarda Cinara’s majmuasi akvapark, ikkita mehmonxona, qayiqlar to‘xtash joyi va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlarini ham o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo ajratilgan yer maydonlarining olib qo‘yilishi va nizoli kompensatsiya kabi muammolar sabab, tadbirkor bir necha yildan beri iqtisodiy va ma’muriy sudlarda hokimiyat idoralari bilan sudlashmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Jamiyat3 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan5 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Dunyodan3 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Jamiyat5 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Siyosat5 days agoTurk kompaniyalari Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
-
Siyosat2 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
