Jamiyat
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash bo‘limi yetakchi mutaxassisi yirik miqdordagi pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, u Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi nufuzli nodavlat oliy ta’lim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish bo‘yicha vazirlik tomonidan litsenziya berish masalasini qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish evaziga mazkur universitet mansabdor shaxsidan 100 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida vazirlikning yetakchi mutaxassisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolar bunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkin. Murojaat qilgan shaxsning maxfiyligi kafolatlanadi.
Jamiyat
Tibbiyot sohasida «super kontrakt» tizimi bekor qilinishi mumkin
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimida muhim o‘zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, SSV taklif qilayotgan Prezident farmoni loyihasida tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlarida oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish tartibi bekor qilinishi rejalashtirilgan. Bu qaror qabul jarayonida sifat mezonlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan izohlanmoqda.
Shuningdek, bakalavriat, rezidentura (klinik ordinatura) va magistratura mutaxassisliklarida:
shifokor mutaxassisliklari uchun minimal o‘tish bali — 70 foiz;
o‘rta tibbiy xodim mutaxassisliklari uchun — 60 foiz etib belgilanadi.
Mazkur talab har bir o‘quv modulini o‘zlashtirishda hamda davlat imtihonlarida qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, aholi orasida eng ko‘p uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklar hamda holatlar bo‘yicha ajratiladigan kredit soatlari ko‘paytiriladi. Bu amaliyot klinik tayyorgarlikni real ehtiyojlarga moslashtirishni nazarda tutadi.
Ta’lim jarayoniga ilmiy tadqiqotlar va dalillarga asoslangan tibbiyot uslubiyoti, simulyasion markazlarda amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish majburiy tartibda joriy etiladi.
Tor soha mutaxassisligi faqat rezidentura va magistratura orqali shifokorlar uchun tor ixtisosliklar bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish endilikda faqat rezidentura (klinik ordinatura) va magistratura orqali amalga oshiriladi.
Qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali tor soha mutaxassisligi berish tartibi bekor qilinadi (qo‘shimcha yoki chuqurlashtirilgan tayyorgarlik bundan mustasno).
Shuningdek, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari — internatura qabul qilinishi ham bekor qilinadi.
Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonlik yana bir ayolning jasadi topildi
Turkiyada topilgan jasad Samarqand viloyatida tug‘ilgan 46 yoshli Dilafruz Cho‘lliyevaga tegishli ekani DNK ekspertizasi orqali tasdiqlandi. Bu haqda Turkiyadagi «O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish» jamiyati xabar berdi.
Ekspertizada marhumaning oila a’zolaridan olingan DNK namunalari bilan solishtiruv o‘tkazilgan va natijalar to‘liq mos kelgan.
Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, hozirda marhumaning jasadini yaqinlariga topshirish bilan bog‘liq ma’muriy va huquqiy ishlar rasmiylashtirilmoqda. Jasadni vatanga yuborish jarayoni O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
«O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish» jamiyati bu ish adolatli yakuniga yetishi, aybdor shaxslar aniqlanib, qonun doirasida javobgarlikka tortilishi uchun jarayonni nazoratda ushlab turishini ma’lum qilgan.
Avvalroq Turkiyada ayol kishining tanib bo‘lmas darajadagi jasadi topilgan va uning Dilafruz Cho‘lliyevaga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ushbu qotillikda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olingan. Ularning O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Cho‘lliyeva Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U Balikesir viloyatining Burhoniya tumanidagi xonadonda ishlagan. U 21 yanvardan beri qidiruvda bo‘lgan.
Bu so‘nggi vaqtlarda Turkiyada vahshiylarcha o‘ldirilgan uchinchi o‘zbekistonlik ayol bo‘lmoqda. Istanbulda oldinroq o‘zbekistonlik – Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva ham qotillik qurboniga aylangandi. Ularning o‘limi turk jamoatchiligida katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Jamiyat
8 mart munosabati bilan o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi?
Jamiyat | 08:53
455
1 daqiqa o‘qiladi
Xotin-qizlar kuni munosabati bilan 8 mart bayrami atrofidagi dam olish kunlari tartibi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar 3 kun, 6 kunlik ish haftasida mehnat qiladiganlar esa 2 kun dam oladi.
Xotin-qizlar kuni munosabati bilan quyidagi kunlar dam olish kuni hisoblanadi:
7 mart, shanba — 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun esa ish kuni;
8 mart, yakshanba — Xotin-qizlar kuni munosabati bilan barcha uchun bayram dam olish kuni;
9 mart, dushanba — ishlanmaydigan bayram kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chirilgan qo‘shimcha dam olish kuni.
Shu tariqa, 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar 7–9 mart kunlari ketma-ket 3 kun, 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar esa 8–9 mart kunlari 2 kun dam oladi.
Jamiyat
Samarqandda hokimlar Xitoyga uyushtirilgan xizmat safariga xotin va bolalarini jo‘natgan
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari mansabdor shaxslari Xitoy davlatiga uyushtirilgan xizmat safariga yaqin qarindoshlari, shuningdek, safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborgan.
Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning o‘g‘li D.D.lar xizmat safariga yuborilgan.
Bundan tashqari, Xitoyda tashkil etilgan «Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish» bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilganligi ko‘rsatilib, 32 nafar shaxsdan iborat delegatsiya tarkibi (ro‘yxat) taqdim etilgan.
Biroq, ro‘yxatni o‘rganish davomida ayrim delegatsiya vakillari, jumladan, tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh., hokimlik boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi Ch.H.lar ro‘yxatga asossiz ravishda kiritilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S.lar Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi aniqlandi.
Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish maqsadida 2025-yilning 22-30 may kunlari Xitoyga xizmat safari tashkil etilib, delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligi bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgan.
Shu kabi, davlat rahbarining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on hamda Qo‘shrabot tuman hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilganligi aniqlandi.
O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Jamiyat
Isroildan ketishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklarga yo‘riqnoma berildi
O‘zbekistonning Isroildagi Elchixonasi mamlakatni tark etishni istagan fuqarolari uchun yo‘riqnoma berib, qanday tartibda Misr davlatiga o‘tib olshalari mumkinligini tushuntirdi.
«Isroilni tark etish xohishingiz bo‘lsa yoki Vatanga qaytishga zaruriyat tug‘ilsa, Isroil–Misr nazorat-o‘tkazish punkti «Taba/Begin» orqali (Tel-Avivdan Tabagacha360 km.) o‘tish imkoni mavjud.
Bunda quyidagi tartib bo‘yicha amalga oshirish mumkin:
chegarani kesib o‘tishda amal qiluvchi pasport, va boshqa zarur hujjatlaringiz to‘liq va tartibda bo‘lishi shart.
Nazorat-o‘tkazish punktlarida Isroil va Misr chegara xizmatlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qiling.
Chegaradan o‘tish imkoniyati va tartibi vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkinligi sababli, oldindan rasmiy manbalar orqali ma’lumotlarni aniqlab olishingizni tavsiya etamiz.
«Taba»dan Sharm ash-Shayxgacha (270 km) avtobus yoki avtomobillarda harakatlanish imkoniyati mavjud», – deyiladi rasmiy axborotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Sharm ash-Shayx aeroportidan aviaqatnov («Uzbekistan Airways», «Centrum Air», «Qanot Sharq», «Air Samarkand» hamda mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar parvozlari) orqali O‘zbekistonga yetib olish mumkin.
Fuqarolardan Misr hududiga o‘tishda muammo yoki favqulodda vaziyat kuzatilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining Isroil hamda Misrdagi Elchixonalari bilan bog‘lanish so‘ralmoqda.
Misrdagi Elchixona bilan bog‘lanish uchun:
+ 20233364516
+ 201281444867
Isroildagi Elchixona bilan bog‘lanish uchun:
03-672-2466
03-672-2371
03-758-5075
03-758-5076
Favqulodda va shoshilinch xabarlar uchun: +972 54 485 1397
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning hukmron partiyasi 10% virtual valyuta daromad solig’ini taklif qilmoqda
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya Eron chegarasida bir kunlik sayohatlar toʻxtatilganini eʼlon qildi
-
Iqtisodiyot4 days agoYanvarda tashqi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollarga oshdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Siyosat4 days agoEnergetika vazirligi 1 martdan tabiiy gaz narxi oshishi haqidagi mish-mishlarni rad etadi
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
-
Jamiyat5 days ago“Qanot beradigan mehnat” – Toshkentda tashkil qilingan maxsus markazdan reportaj
-
Iqtisodiyot2 days agoAQSh Eronga zarbalarni qo‘llab-quvvatlamagan Ispaniya bilan savdoni to‘xtatadi
