Jamiyat
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili saylandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ni saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 16-bandi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga asosan Feruza Eshmatova Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) lavozimiga tavsiya etildi. Majlisda deputatlar savol-javob, muhokamalardan so‘ng Feruza Eshmatova nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) lavozimiga sayladilar.
Jamiyat
Rossiyadan yuborilgan posilkadagi gashish fosh etildi
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida DXX, IIV va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasida yashirilgan hamda mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan jami 1,2 kilodan ortiq gashish moddasi musodara qilinib, ikki nafar shaxs ushlandi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs Urganch xalqaro aeroportida Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasini qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Tekshiruv davomida jo‘natma ichidagi turli xil shirinliklar orasiga shokolad qadog‘i ko‘rinishida yashirilgan 538 gramm «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Yana bir tezkor tadbir Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazildi. Unda Toshkent shahrida yashovchi 45 yoshli fuqaro narkokurerlar tomonidan mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, xufiyona joyga yashirib qoldirilgan 700 gramm «gashish» moddasini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari doirasida ushbu jinoyatlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Mutasaddi idoralar fuqarolarni narkojinoyatlarga aralashmaslikka chaqirib, bu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar bilan yanada kuchaytirilganini eslatdi.
Jamiyat
Xalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
Interpolning qizil bildirishnomasi asosida xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Polsha bilan hamkorlikda mamlakatga qaytarildi. Qaytarish jarayoni O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi, ikki davlatning tegishli idoralari hamda Interpol milliy markaziy byurosi hamkorligida amalga oshirildi.
Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi F.V. Polsha poytaxti Varshava shahridan Toshkentga olib kelindi.
Fuqaroning O‘zbekistonga qaytarilishi mamlakatning Polshadagi elchixonasi tomonidan ko‘rilgan tashkiliy-diplomatik chora-tadbirlar, shuningdek Polsha Adliya vazirligi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi. Qaytarish operatsiyasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpol milliy markaziy byurosi tomonidan tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan F.V. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblanib, Interpolning qizil bildirishnomasi asosida xalqaro qidiruvga berilgan.
Fuqaro Interpol xodimlari hamrohligida Varshavadan Toshkentga olib kelindi.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur amaliyot xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda qidiruvdagi shaxslarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar natijasi hisoblanadi.
Jamiyat
Prezident kuz-qish oldidan energetika muammolarini hal etishni topshirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahlili taqdim etildi. Davlat rahbari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz ta’minotidagi tizimli muammolarni bartaraf etish, tarmoqlarni ta’mirlash hamda aholini uzluksiz energiya bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 17 iyul kuni yoqilg‘i-energetika sohasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan muammolarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bartaraf etish yuzasidan axborot berildi.
Qayd qilinishicha, 2026 yilning birinchi yarmida yoqilg‘i-energetika sohasiga oid 40 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi elektr ta’minoti bilan bog‘liq.
Murojaatlarda asosan suyultirilgan gaz ballonini to‘ldirish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va ta’mirlash hamda tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Kuz-qish mavsumidan oldin takror murojaatlar kelib tushayotgan mahalla va obektlarni xatlovdan o‘tkazish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ayniqsa, elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar mavjud joylarda ta’minot barqarorligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish va aholiga yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya qilish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari mutasaddilarga murojaatlarda ko‘tarilgan tizimli muammolarni kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar hal etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Jamiyat
MyGov saytini soxtalashtirib, odamlardan 1 mlrd so‘m o‘g‘irlagan jinoiy guruh ushlandi
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali saytini (my.gov.uz) soxtalashtirib, fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi.
Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, ular soxta sayt yaratib, Instagram orqali «kompensatsiya rasmiylashtirish markazi» nomi ostida yolg‘on reklama tarqatgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhni 1993 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs tashkil etgan. U soxta sayt orqali fuqarolarning karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, pullarni yechib olgan. Guruh 26 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta bank kartasidan foydalangan. O‘g‘irlangan mablag‘lar dastlab ushbu kartalarga o‘tkazilgan, keyin esa Telegram messenjeridagi maxsus kriptobotlar orqali kriptoaktivlarga aylantirilgan.
Tergov davomida mazkur jinoiy guruh respublika bo‘ylab 456 nafar fuqarodan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 278-6-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Anomal issiq tufayli ayrim hududlarda 2 soatlik elektr cheklovi joriy etildi
Energotizim barqarorligini ta’minlash va yirik avariyalarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida 2 soatlik majburiy elektr cheklovlari joriy etildi.
16 iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 million kVt·soatni tashkil etib, o‘tgan yozgi mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 18,4 million kVt·soatga (6,7 foizga) oshdi. Shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 million kVt·soatga yetib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, anomal issiq ta’sirida elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari me’yordan ortiq qizib, kunduzi elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi tarmoqlardagi yuklamani yanada kuchaytirmoqda.
Shu sababli, energotizim barqarorligini ta’minlash va yirik avariyalarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida 2 soatlik majburiy elektr cheklovlari joriy etildi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
-
Iqtisodiyot4 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Bekobodga bordi
-
Sport5 days agoSinner ikkinchi marta ketma-ket Uimbldon chempioni bo‘ldi
-
Sport5 days agoIspaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi
-
Mahalliy4 days ago
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
