Connect with us

Iqtisodiyot

Oilaviy mehmon uylarining kengayishiga ruxsat berildi

Published

on


Oilaviy mehmon uylari uchun mijozlarning kunlik me’yori 10 nafardan 20 nafargacha oshirildi. Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqarida joylashgan mehmonxonalar uchun turistik yig‘im bekor qilindi. Mehmonxona qurish uchun keyingi 3 yilda 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Dasturga ko‘ra, kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.

Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Ko‘p tadbirkorlar davlat obektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantiryapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lashga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yig‘imni to‘lamaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.

Shavkat Mirziyoyev mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.

Qaysi hududda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy tadbirkorlarni o‘ziga tortadi, servis gurkirab rivojlanadi. Shu bois, infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi. Chortoqning Qorabog‘ mahallasi, Farg‘onaning Chimyoni, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq shaharchasida master-reja asosida “yil 12 oy” xizmat ko‘rsatadigan 300-500 gektarli yirik kurort zonalari tashkil etiladi. Bu loyihalar infratuzilmasi uchun 150 million dollar beriladi.

Ma’lum qilinishcha, yil boshidan beri O‘zbekistonga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab ichki sayohatga chiqqan. Kelasi 3-4 yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 millionga yetishi prognoz qilinyapti.

Eslatib o‘tamiz, mazkur muammo mehmonxona sohasi va muvofiqlikni baholash hamda audit idoralari vakillari ishtirokida o‘tgan ochiq muloqotda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan edi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Peshlavha – reklama emas. Mojaroga kengroq nazar

Published

on


Toshkentda kuzatilayotgan peshlavha mojarosi – faqat tartibga solish masalasi emas, balki institutlar sifatining amaliy ifodasi hamdir. Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Doniyorbek Imomniyozov Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida mazkur voqelikni Nobel mukofoti sovrindorlari ilgari surgan institutlar nazariyasi asosida tahlil qiladi.

So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida joriy etilayotgan dizayn-kod va tashqi reklama talablari tadbirkorlar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Peshlavhalarni yagona standartga moslashtirish, ularni qayta o‘zgartirish yoki olib tashlash talablari bir qarashda shahar muhitini tartibga solishga qaratilgandek ko‘rinadi. Biroq amaliyotda bu jarayon ko‘plab tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajatlar, noaniqlik va huquqiy savollarni keltirib chiqarmoqda.

Mazkur holatni faqat ma’muriy yoki texnik masala sifatida baholash yetarli emas. Aslida, bu jarayon davlat tomonidan iqtisodiy faoliyatni tartibga solish chegaralari, mulk huquqining himoyasi hamda tadbirkorlik erkinligining amaliy ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq.

“Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (Why Nations Fail) asarida Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms A.Robinson davlatlarning rivojlanishi yoki tanazzulini aynan institutlar sifati bilan izohlaydi. Ularning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sish inklyuziv institutlar, ya’ni aniq, barqaror va barcha ishtirokchilar uchun teng qoidalar mavjud bo‘lgan tizimlarda yuz beradi. Aksincha, noaniq va haddan tashqari aralashuvga asoslangan institutlar iqtisodiy faoliyatni cheklab, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq amaliyot oddiy estetik tartib emas, balki institutlarning real ishlashini aks ettiruvchi holat sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, asosiy savol quyidagicha qo‘yilishi mumkin:

Davlat tomonidan joriy etilayotgan bunday tartiblar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlayaptimi yoki aksincha, uni cheklovchi omilga aylanyaptimi?

Mazkur maqolada ushbu masala institutlar nazariyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi hamda amaldagi tartiblarning huquqiy va iqtisodiy oqibatlari yoritib beriladi.

Dizayn-kod va 428-son qarorning huquqiy mazmuni

Toshkent shahrida joriy etilayotgan dizayn-kod talablari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-son qarori bilan bog‘liq. Bu hujjat tashqi reklama va axborot obektlarini joylashtirish sohasini tizimli tartibga solishga qaratilgan.

Qarorda reklama obektlarini ro‘yxatga olish, ularni joylashtirishga ruxsat berish va nazorat qilish jarayonlari markazlashtirilgan elektron tizimga o‘tkazilishi belgilangan. Hujjatdan anglashiladiki, tashqi reklama obektlarini joylashtirish huquqi asosan elektron auksion orqali beriladi va bu huquq uchun yagona oylik yig‘im joriy etiladi. Bu – reklama joylarini bozor mexanizmlari asosida taqsimlashga xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, har bir reklama obektiga nisbatan “reklama joyi pasporti” rasmiylashtirilishi majburiy etib belgilangan.

Biroq ushbu tartibning amaliy qo‘llanishida eng muhim va bahsli jihatlardan biri – reklama va oddiy axborot (peshlavha) o‘rtasidagi chegaraning aniq belgilanmaganidir. Qarorda umumiy maydoni 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan, e’tiborni jalb qilishga qaratilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan e’lonlar tashqi reklama obektlari sifatida e’tirof etilishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur norma amaliyotda do‘kon nomlari, korxona peshlavhalari va brend belgilarining ham reklama sifatida talqin qilinishiga olib kelmoqda. Natijada tadbirkorlar oddiy identifikatsiya vositasi bo‘lgan peshlavhalar uchun ham reklama tartib-taomillariga rioya etishga, jumladan, ruxsatnoma olish va tegishli yig‘imlarni to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Shuningdek, qarorda mahalliy hokimiyat organlariga tashqi reklama obektlarini joylashtirish qoidalarini ishlab chiqish va nazorat qilish vakolatlari berilgan. Bu esa hududlar kesimida turli xil talablar shakllanishiga, ayrim hollarda esa qoidalar talqinining sub’yektivlashuviga olib kelishi mumkin.

Natijada, normativ darajada tartibga solish maqsadida qabul qilingan ushbu hujjat amaliyotda bir qator huquqiy savollarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, reklama va peshlavha o‘rtasidagi chegaraning noaniqligi, tadbirkorlar zimmasiga tushayotgan qo‘shimcha majburiyatlar hamda mahalliy organlar vakolatlarining kengligi ushbu tartibning huquqiy aniqligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Reklama va peshlavha

Rivojlangan davlatlar tajribasida tashqi reklama va peshlavha odatda bir xil hodisa sifatida baholanmaydi. Aksariyat huquq tizimlarida reklama – mahsulot yoki xizmatga e’tibor jalb qilishga qaratilgan tijorat axboroti, peshlavha esa tadbirkorlik sub’yektini identifikatsiya qiluvchi belgi sifatida ko‘riladi.

Masalan, AQShda tashqi yozuvlar bo‘yicha tartib asosan mahalliy “sign code”lar orqali belgilanadi. Bunda “on-premises” va “off-premises” yozuvlar farqlanadi: ya’ni tadbirkorning o‘z joyidagi peshlavhasi bilan boshqa joyda joylashtirilgan reklama konstruksiyasi bir xil baholanmaydi. AQSh Oliy sudi City of Austin v. Reagan National Advertising ishida ham bunday farqlash o‘z-o‘zidan Konstitutsiyaga zid emasligini ko‘rsatgan.

Fransiya qonunchiligida bu farq yanada aniqroq. “publicité” va “enceigne” alohida tushunchalar sifatida belgilanadi: “enceigne” – bino yoki obektga joylashtirilgan va shu joyda amalga oshirilayotgan faoliyatga taalluqli yozuv, shakl yoki tasvir hisoblanadi. Ya’ni peshlavha reklama emas, balki faoliyatni ko‘rsatuvchi identifikatsion vosita sifatida ajratiladi.

Germaniyada tashqi yozuvlar ko‘proq qurilish va shaharsozlik qoidalari doirasida tartibga solinadi. Reklama qurilmalari – masalan peshlavha, yoritiladigan yozuv yoki vitrina konstruksiyalari – jamoat joyidan ko‘rinadigan obekt sifatida baholanadi va ayrim hollarda qurilish ruxsatnomasi talab qilinadi. Biroq bu yerda asosiy urg‘u mazmunni nazorat qilishga emas, balki xavfsizlik, shaharsozlik va binoga moslik talablariga qaratiladi.

Rossiya tajribasida ham reklama va oddiy peshlavha o‘rtasidagi farq muhim ahamiyatga ega. “Reklama to‘g‘risida”gi federal qonunda reklama mahsulot yoki xizmatga e’tibor jalb qilish va uni bozorda ilgari surishga qaratilgan axborot sifatida belgilanadi. Tashqi reklama konstruksiyalari alohida tartibga solinadi, ammo amaliyotda korxona nomi, ish vaqti yoki faoliyat turi haqidagi oddiy peshlavha ko‘pincha reklama sifatida emas, majburiy yoki identifikatsion axborot sifatida talqin qilinadi.

Qozog‘iston qonunchiligi bu borada ayniqsa e’tiborga loyiq. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida tashqi vizual reklamaga nimalar kirmasligi aniq ko‘rsatilgan. Jumladan, peshlavha, ish tartibi haqidagi axborot, vitrina va oynalarni ichki bezash tashqi reklama obekti hisoblanmaydi. Bu yondashuv tadbirkorning o‘zini tanituvchi axborotini reklama to‘lovlari va ruxsat tartibidan ajratishga xizmat qiladi.

Tahlildan ko‘rish mumkinki, xorijiy tajribada asosiy mezon – yozuvning maqsadi va joylashuvidir. Agar yozuv tadbirkorni, uning nomi, faoliyat turi yoki ish tartibini bildirsa, u odatda peshlavha sifatida baholanadi. Agar u mahsulot, xizmat, chegirma yoki iste’molchini jalb qilishga qaratilgan bo‘lsa, reklama sifatida tartibga solinadi.

Demak, O‘zbekiston amaliyotidagi asosiy muammo ham aynan shu chegaraning yetarlicha aniq belgilanmaganidadir. Peshlavha va reklama o‘rtasidagi huquqiy farq ochiq ko‘rsatilmasa, oddiy tadbirkorlik identifikatsiyasi ham reklama majburiyatlari ostiga tushib qolishi mumkin. Bu esa huquqiy aniqlik, tadbirkorlik erkinligi va mulk huquqi nuqtayi nazaridan bahsli vaziyatlarni yuzaga keltiradi.

Inklyuziv va ekstraktiv institutlar

Yuqorida ko‘rib chiqilgan holatni chuqurroq anglash uchun uni “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” asarida ilgari surilgan institutlar nazariyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilish maqsadga muvofiq.

Asar mualliflarining fikriga ko‘ra, davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi yoki tanazzuli, avvalo, ular shakllantirgan institutlarning xususiyatiga bog‘liq. Institutlar deganda nafaqat qonunlar, balki ularning amaliy qo‘llanishi, barqarorligi va prognoz qilinishi ham tushuniladi.

Mualliflar institutlarni shartli ravishda ikki turga ajratadi: inklyuziv va ekstraktiv.

Inklyuziv institutlar – bu iqtisodiy faoliyat uchun keng imkoniyatlar yaratadigan, aniq va barqaror qoidalar asosida ishlaydigan tizimdir. Bunday institutlar sharoitida mulk huquqi himoyalanadi, davlat aralashuvi me’yoriy darajada bo‘ladi, tadbirkorlar o‘z faoliyatini oldindan prognoz qila oladi. Eng muhimi, qoidalar hamma uchun teng qo‘llanadi va tez-tez o‘zgarmaydi. Natijada iqtisodiy faollik ortadi, investitsiya muhiti yaxshilanadi va innovatsiyalar rivojlanadi.

Ekstraktiv institutlar esa buning aksi bo‘lib, iqtisodiy resurslar va imkoniyatlarning tor doira manfaatiga xizmat qilishi bilan tavsiflanadi. Bunday tizimlarda qoidalar noaniq yoki tez-tez o‘zgarib turadi, davlat aralashuvi yuqori bo‘ladi, mulk huquqi to‘liq kafolatlanmaydi. Natijada tadbirkorlar uchun huquqiy xavf ortadi, uzoq muddatli rejalashtirish qiyinlashadi va iqtisodiy faollik susayadi.

Mazkur nazariy yondashuvdan kelib chiqib, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq tartiblarni baholashda asosiy mezon quyidagicha bo‘lishi mumkin: ushbu qoidalar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydimi yoki aksincha, unga qo‘shimcha noaniqlik va cheklovlar kiritadimi?

Agar tartibga solish aniq, barqaror va oldindan tushunarli bo‘lsa, u inklyuziv institutlarning belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Aksincha, agar qoidalar turlicha talqin qilinsa, tez-tez o‘zgarsa yoki tadbirkor uchun kutilmagan xarajatlar keltirib chiqarsa, bu ekstraktiv xususiyatlarning mavjudligini ko‘rsatadi.

Demak, dizayn-kod va tashqi reklama masalasini faqat ma’muriy tartib sifatida emas, balki institutlar sifatining amaliy ifodasi sifatida ko‘rish zarur. Bu esa ushbu sohadagi muammolarni yanada chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi.

Yuqoridagi tahlildan ko‘rinadiki, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq tartiblar faqat estetik muhitni shakllantirish vositasi emas, balki tadbirkorlik erkinligi va mulk huquqiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi institut hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu tartiblarning mazmuni va amaliy qo‘llanishi ularning inklyuziv yoki ekstraktiv xususiyat kasb etishini belgilaydi.

Agar qoidalar aniq, barqaror va prognoz qilinadigan bo‘lsa, ular tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Aksincha, reklama va peshlavha o‘rtasidagi chegaraning noaniqligi, talablarning turlicha talqin qilinishi hamda qo‘shimcha moliyaviy yuklarning yuzaga kelishi ushbu tartiblarning amaliyotda cheklovchi xususiyat kasb etishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli mazkur sohada reklama va peshlavha tushunchalarini aniq ajratish va bunda tadbirkorning o‘zini identifikatsiya qiluvchi yozuvlar reklama sifatida baholanmasligi lozim.

Fikrimizcha, peshlavha – bu yuridik yoki jismoniy shaxsning faoliyat yuritayotgan obektida joylashtiriladigan, ushbu obektning nomi, faoliyat turi, tovar belgisi (brendi) yoki ish tartibi haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan hamda faqat shu joyga taalluqli bo‘lgan identifikatsion axborot vositasidir.

Peshlavhani reklama obektidan ajratish uchun quyidagi mezonlar tavsiya etiladi:




Mezon



Peshlavha



Reklama





Joylashuvi



Faqat tadbirkorning o‘z faoliyat yuritayotgan joyida



Har qanday joyda





Mazmuni



Nom, brend, faoliyat turi, ish vaqti



Mahsulot, xizmat, aksiya, chegirma haqida axborot





Maqsadi



Obektni identifikatsiya qilish



Mijozni jalb qilish





Tijoriy chaqiriq



Mavjud emas



Mavjud (aksiya, chegirma, takliflar)





Huquqiy tabiati



Identifikatsion axborot



Tijorat (reklama) axboroti





Ruxsat berish tartibi



Soddalashtirilgan yoki talab qilinmasligi mumkin



Maxsus ruxsat, pasport va to‘lov talab qilinadi





Moliyaviy yuk



Odatda mavjud emas yoki minimal



Yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar mavjud




Umuman olganda, tashqi reklama sohasini tartibga solish zarur bo‘lsa-da, u tadbirkorlik faoliyatini cheklovchi emas, balki qo‘llab-quvvatlovchi institut sifatida shakllantirilishi lozim.

Faqat shunda bunday tartiblar iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladigan inklyuziv mexanizmga aylanishi mumkin.

Doniyorbek Imomniyozov,

TDYuU Fuqarolik huquqi shu’basi

katta o‘qituvchisi



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Banklarga mijozlarga shikastlangan banknota berish taqiqlandi

Published

on


Bunday banknota mijozlarga berilmasdan, keyinchalik inkassatsiya qilish/almashtirish uchun bank tomonidan muomaladan olinishi lozim.

Markaziy bank valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi.

Jumladan, banklarga biroz shikastlangan (teshik, dog‘, siyqalangan) banknotlarni qayta muomalaga chiqarishni taqiqlovchi yangi band qo‘shildi. Bunday kupyuralar boshqa mijozlarga qayta berilmasdan, keyinchalik inkassatsiya qilish/almashtirish uchun bank tomonidan muomaladan olinishi lozim.

Yangi me’yorlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun valuta operatsiyalari bilan bog‘liq imkoniyatlar kengaytirildi: endi ular, fuqaroligidan qat’i nazar, bank hisobvarag‘i orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda (nosavdo tusdagi) pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Ijobiy tendensiyalar sekinlashgan va tashqi xatarlar bor – MB raisi asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida

Published

on


Mart oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda inflatsiya 7,1 foizgacha sekinlashdi. Shunday bo‘lsa-da, Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator raisi Timur Ishmetov buni inflatsiyaning pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, jarayon sekinlashgani, shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining yuqoriligicha qolayotgani bilan izohladi.

29 aprel kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator rahbari Timur Ishmetov nima uchun inflatsiya pasayib borayotganiga qaramay asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilganiga izoh berdi.

«Bugungi yig‘ilishda bitta masala ko‘rildi, saqlab qolish. Umumiy inflatsiya ham bazaviy inflatsiya ham pasayishda davom etyapti. Bu ijobiy holat. Shu bilan birga, pasayish tendensiyasi sekinlashgan, ayrim mahsulotlar bo‘yicha esa pasayish yuzga kelmaganligi, ayniqsa, aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarida haligacha narx o‘sishi umumiy inflatsiyadan yuqoriroq shakllanayotgani sabab qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildik.

Mana, inflatsiya 7,1 foiz, lekin haligacha stavka yuqori. Ko‘proq pasayishga sharoit bo‘lmadimi, degan savollarni eshityapman. Albatta, ijobiy tendensiyani ko‘ryapmiz, lekin bu jarayon sekinlashgan va tashqi xatarlar borligini inobatga olib, asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror qildik», dedi MB raisi.

Ma’lumot uchun, Markaziy bank asosiy stavkasi oxirgi marta 2025 yil 20 mart kuni 0,5 foizga oshirilgandi. Shundan buyon o‘zgarishsiz saqlab qolinyapti.  



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Milliy investitsiya jamg‘armasi Toshkent va Londonda IPO boshladi

Published

on


Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarini Toshkent fond birjasida 4,65 so‘mdan sotuvga qo‘ydi. London fond birjasida esa GDR obunasi 25 dollar turadi. Buyurtmalar 12 maygacha qabul qilinadi, ikkilamchi savdolar 18 maydan boshlanadi.

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarining dastlabki ommaviy taklifini (IPO) boshlaganini e’lon qildi.

Narxlar

Dual-listingda narxlar quyidagicha belgilandi:


Toshkent fond birjasida bir dona oddiy aksiya 4,65 so‘mdan,
London fond birjasida bir dona GDR (64 700 ta aksiyadan iborat) 25 AQSh dollaridan taklif etilmoqda.

Toshkent fond birjasidagi taklifda jismoniy shaxs bo‘lgan investorlar uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan buyurtmalar doirasida 5 foizlik chegirma amal qiladi. Chegirma hisobiga, ular uchun bir donaning aksiyaning taklif narxi 4,41 so‘mni tashkil etadi.

Dastlabki ommaviy taklifda jamg‘arma aksiyalarining taxminan 30 foizi (5 milliard dona aksiya) ochiq savdoga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

E’lon qilingan narxlarda kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etadi.

Sanalar

Obuna bugun, 29 apreldan boshlanib, 12 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 gacha (London vaqti bilan 12:00 gacha) davom etadi.

13 may kuni joylashtiriladigan aksiyalarning yakuniy miqdori e’lon qilinadi va London fond birjasida shartli savdolar boshlanadi.

18 maydan e’tiboran Toshkent fond birjasida ikkilamchi savdolar, Londonda esa sharsiz savdolar boshlanishi kutilmoqda.

Toshkentda qanday obuna bo‘lish mumkin?

O‘zbekistondagi chakana investorlar UzNIF aksiyasini sotib olishga brokerlik kompaniyalari: Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group orqali buyurtma berishi mumkin.

Jismoniy shaxslar 200 mln so‘mgacha bo‘lgan xaridlarga Jett servisi orqali ham buyurtma bera oladi. Bu servisdan app.jett.uz sayti yoki Multicard, Zoomrad, MyUTC kabi mobil ilovalar orqali foydalanish mumkin.

Jamg‘arma portfeli

Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekistonda transport, energetika, kommunal va telekommunikatsiya xizmatlari kabi sohalardagi 13 ta yirik davlat kompaniyasining 25-40 foiz ulushlarini o‘zida jamlagan.

Jamg‘arma portfeli 2025 yil 31 dekabr holatiga 2,44 mlrd dollarga baholangan.

Qimmatli qog‘ozlar sotuvidan tushgan mablag‘lar davlat budjetiga o‘tkaziladi.

Bu – O‘zbekiston kompaniyasining xalqaro fond bozoridagi ilk IPO’si bo‘lmoqda. Unda tayanch investorlar sifatida BlackRock, Franklin Resources hamda Redwheel boshqaruvidagi fondlar va hisobvaraqlar, shuningdek, 100 foiz Allan & Gill Gray Foundation’ga tegishli ikkita g‘aznachilik kompaniyasi ishtirok etmoqda. Ular bilan IPO narxida taxminan 300 mln dollarlik GDR’lar obunasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

2026-yilda Farg‘onada iqtisodiy o‘sish 9 foizdan oshadi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda 2026-yil uchun aniq vazifalarni belgilab berdi.

Unga ko‘ra, viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga oshirish talab etilmoqda. Shuningdek, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 2 barobarga oshirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar Farg‘ona viloyatining mavjud salohiyatidan kelib chiqqan holda belgilangan. «Farg‘ona ahli bizdan yanada katta natija kutyapti», — dedi Prezident.

So‘nggi yillarda viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo etildi, yana 6 ming gektar maydon yangilandi.

Mutaxassis bog‘bonlar tomonidan har gektardan 500 million so‘mgacha daromad olinayotgani qayd etildi. Bu esa agrar sohada samaradorlik sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.

Meva-sabzavot eksporti 3 barobarga ko‘payib, 400 million dollarga yetdi. Bu respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Farg‘ona viloyatida turizm sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, shuningdek, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida turistik infratuzilma kengaymoqda.

So‘nggi to‘qqiz yilda 3 ming o‘rinli mehmonxonalar va mehmon uylari ishga tushirildi. O‘tgan yilda xorijiy sayyohlar soni ilk bor 500 mingdan oshgan bo‘lsa, mahalliy turistlar 3 milliondan ziyodni tashkil etdi. Turizm eksporti 185 million dollarga yetgani viloyatning bu sohadagi salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.