Jamiyat
Ohangaronda miltiq bilan savdo do‘koniga kirib, sotuvchini jarohatlagan erkak qamoqqa olindi
Holat 22 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Ammo IIB oradan 20 kun o‘tib, 12 noyabrda Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘agan. Kun.uz xabaridan so‘ng jinoyat ishi bezorilik bilan qayta malakalandi hamda erkakka nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida savdo do‘koniga miltiq bilan bostirib kirib, bir erkak va sotuvchi ayolni qurol bilan kaltaklagan shaxs 2021 yildan Ovchilik jamiyati a’zosi bo‘lgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati axborotida keltirilgan.
“Tumanning “Ko‘ksaroy” MFY hududida yashovchi 33 yoshli R.Q. (erkak), shar’iy nikohida bo‘lgan 35 yoshli N.Sh. (ayol)ning yoniga, o‘ziga tegishli ov quroli, (2021 yildan Ovchilik jamiyatiga a’zo) bilan kelib, o‘rtalaridagi nizo sababli ayolga tahdid qilgan va urib tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi fuqaro tergovga jalb qilingan. Unga 22.02.2021 yildan berilgan ovchilik guvohnomasi bekor qilinib, TOZ-34 rusumli ov quroli musodara qilingan.
Jabrlanuvchi N.Sh.ning olgan tan jarohati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, 11.11.2025 yilda olingan STE xulosasiga ko‘ra ayolda (sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan) yengil tan jarohati mavjudligi ko‘rsatilgan”, deyiladi boshqarma rasmiy axborotida.
Shuningdek, hozirgi kunda holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan to‘liq nazoratga olinib, Ohangaron tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
IIBB matbuot xizmati rasmiy axborotida Kun.uz’ni ayblashni ham unutmagan va xabarda ayolning “IIB ishni yopishga urinmoqda” mazmunidagi gapi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini yozgan. Biroq Toshkent viloyati IIBB erkakka nisbatan qachon jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ochiqlamagan. Qolaversa, rasmiy axborotdagi ayrim ma’lumotlar bir tomonlama va mazmunan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
D.Q. rasmiy axborotda aytilgani kabi Ohangaron tumanining Ko‘ksaroy mahallasida emas, Angren shahrining Nishbosh ko‘chasida yashaydi. Qolaversa, jabrlanuvchi ayolning bildirishicha, u D.Q. bilan er-xotin bo‘lmagan.
“Xato ma’lumot tarqatilishi sha’nimga ta’sir qilmoqda. Men u bilan na qonuniy, na sha’riy nikohda bo‘lmaganman. Biz er-xotin emasmiz. Turmush qurmoqchi edik, sovchi jo‘natgan. Dadam oldin uy ol, keyin ko‘ramiz, degan. Sha’riy nikohida bo‘lgan, degan xabarlar tarqatilishi ortidan barcha yaqinlarim, otam, sen bizdan yashirincha nikohdan o‘tib olganmiding, deya so‘roqqa tutyapti. Men u bilan bir kun ham bir tom ostida yashamaganman”, deydi Sh.N.
Erkakning harakatlari video dalillarda yaqqol ko‘rinib turganiga qaramay, Ohangaron tumani IIB holat sodir bo‘lganidan 20 kun o‘tib, 2025 yil 12 noyabr kuni, Kun.uz xabari e’lon qilinishidan bir kun oldin (!) D.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi “v” bandi, ya’ni qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatgan holda qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘agan.
Kun.uz 13 noyabr kuni holat yuzasidan xabar berdi. Shundan so‘ng D.Q.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan qayta malakalangan. Shuningdek, Sh.N.ga yetkazilgan jarohat bo‘yicha qayta sud-tibbiy ekspertizasi tayinlash haqida qaror qabul qilingan. Chunki o‘tkazilgan sudga oid tibbiy ekspertizaning 2025 yil 11 noyabrdagi xulosasida ayol “yengil tan jarohati” olgani keltirilgan. Sh.N. esa sudga oid tibbiy ekspertizaning ushbu xulosasidan norozi bo‘lib, og‘ir tan jarohati olganini aytmoqda.
JIB Ohangaron tuman sudining 2025 yil 14 noyabrdagi ajrimi bilan D.Q.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan qilmish uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “b” bandi bo‘yicha esa uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Jamiyat
Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi uchta teatrni ko‘zdan kechirdi
“Poytaxtdagi aksariyat teatrlarning moddiy-texnik bazasi davlat ko‘magiga o‘ta muhtoj. Vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga oldim”, dedi Prezident administratsiyasi rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi teatrlar faoliyati bilan tanishdi.
“Toshkent teatrlarida hayot har doim qizg‘in qaynagan. Ammo, shu bilan birga, aksariyat poytaxt teatrlarining moddiy-texnik bazasi davlat ko‘magiga o‘ta muhtoj.
Poytaxtdagi uchta teatrni ko‘zdan kechirdik. Muqimiy nomidagi akademik teatr, Yoshlar teatri hamda “Arena” yotoqxonasi binolari anchadan buyon jiddiy ta’mirtalab holatda.
Biz hamma sharoitni yaratsakkina, repertuarlar yangilanib turadi, tomoshabin ko‘nglidan joy oladigan, dolzarb mavzulardagi spektakllar sahnalashtiriladi”, – deya yozdi Mirziyoyeva Telegram-kanalida.
Uning qayd etishicha, nodir qo‘lyozmalarni raqamlashtirib, kitobxonlarga taqdim etayotgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Moliyalashtirish masalalarini hal qilish uchun mas’ul shaxslar tayinlangan. Vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga oldim”, – dedi Administratsiya rahbari.
Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoda Afg‘onistondan kontrabanda qilingan opiyning katta partiyasi aniqlandi
Buxoroda haydovchi Lacetti mashinasining motor qismiga qariyb 1 kg opiy yashirgani fosh bo‘ldi. U giyohvand moddani Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsdan olgani aniqlanib, tadbir davom ettirilgan. Ikkinchi shaxsning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg opiy topilgan.
Buxoro va Surxondaryoda qariyb 13 kg giyohvand moddaning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Buxoro va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Buxoro shahrida yashovchi 32 yoshli shaxs shaxs boshqaruvidagi Lacetti “Surxondaryo–Buxoro” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Kogon tumani hududida to‘xtatilgan.
Mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning motor qismidagi havo filtri ostiga 993 gr opiy yashirib qo‘yilgani fosh etilgan.
Muqaddam ham narkojinoyat sodir etgani uchun sudlangan haydovchi narkotik moddani Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 46 yoshli shaxsdan olgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ikkinchi shaxs ham ushlangan. Uning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg opiy topilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 9 kg opiy musodara qilingandi.
Jamiyat
May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
Kelayotgan may oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi.
Bu yil may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Birinchi besh kunlikda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda momaqaldiroq va kuchli shamol bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi. Havo harorati asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja bo‘ladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 13-18 darajadan 18-23 darajagacha, kunduz kunlari 25-30 darajadan 30-35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 36-38 darajagacha o‘zgarib turadi. Ushbu davrning ayrim kunlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
2026-yil may oyida o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 1,5-2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlar), may oyi aprel oyiga nisbatan 4–6 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha harorat oyning birinchi yarmida 24-27 darajani, ikkinchi yarmida esa 28-31 darajani tashkil etadi. Deyarli har yili may oyida yozga xos issiq davrlar harorat 34-37 darajagacha ko‘tarilishi kuzatiladi.
Meterologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumlari 38-41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa ba’zi joylarda 43-45 darajani tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida may oyidagi harorat rekordlari yaqin orada – 2020, 2021 va 2025-yillarda yangilandi.
May oyida yomg‘irlar, ko‘pincha, qisqa muddatli tavsifga ega bo‘lib, deyarli har doim momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kuzatiladi.
Jamiyat
Elchining tarixiy xotiralari chop etildi
Shu kunlarda “Yangi sahifa” nashriyotida taniqli diplomat Yodgorxo‘ja Shodmonovning “Ikki qutb orasida” nomli kitobi chop etildi. Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, manzillari va yorqin xotiralari bo‘ladi. Ammo shunday kasblar borki, ular nafaqat sharafli, balki nihoyatda mas’uliyatlidir – elchilik faoliyati ana shunday sohalardan biri.
2005-2009 yillarda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Bosh konsul, 2012-2021 yillarda esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida sermahsul faoliyat yuritgan muallifning ushbu asari ham tarixiy, ham ilmiy va badiiy jihatdan beqiyos qimmatga ega. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda diplomat Abror G‘ulomovning avtobiografik asari nashr etilib, xalqimizga armug‘on qilinganiga guvoh bo‘lgan edik. Endilikda ushbu an’ananing Yodgorxo‘ja Shodmonov tomonidan davom ettirilishi quvonarli hol.
Men Yodgorxo‘ja aka haqida “Jahon” axborot agentligida ishlab yurgan kezlarimda hamkasblar va ustozlarimizdan ko‘p ijobiy fikrlar eshitganman. 1961 yilda tug‘ilgan muallif o‘z faoliyati davomida dastlab yoshlar tashkilotlarida, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori lavozimida hamda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi o‘rinbosari sifatida samarali mehnat qilgan.
1999-2000 yillarda Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, 2000-2005 yillarda Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, keyinchalik boshlig‘i, Afg‘onistondagi Bosh konsullikdan qaytgach esa 2010-2012 yillarda Konsullik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida sidqidildan xizmat qildi. Ko‘plab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zgan, Vatan ravnaqi yo‘lida bor bilim va tajribasini safarbar etgan kamtarin va malakali diplomatning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimiz isbotidir.
Qiziqarli va samimiy tilda yozilgan ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, elchilik davri muallif uchun chinakam sinov va mazmunli hayot maktabi bo‘lganiga amin bo‘lasiz.
“Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni kengaytirdim, inson qiymatini, tinchlik qadrini va mehr-oqibatning beqiyos kuchini yanada teranroq his etdim. Bu yurtda vaqt bilan yuzma-yuz turib zamon va hayot ziddiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash keldim, o‘zligimni teran angladim. Ana shu ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini, osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini chuqurroq anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, kunu tun mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari mening irodamni chindan ham chiniqtirdi”, deb yozadi muallif.
Kitob orqali Afg‘oniston bizga qo‘shni bo‘lsa-da, ichki vaziyati va murakkab siyosiy-harbiy jarayonlari biz uchun ancha notanish bo‘lgan davlatning haqiqiy manzarasini anglaymiz. Salkam yarim asrdan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan bu yurt odamlarining yuksak g‘ururi, samimiyati va mehmondo‘stligi o‘quvchida katta taassurot qoldiradi. Muallif Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Hirot kabi viloyatlar, Kobul, Mozori Sharif, G‘azni kabi shaharlar haqida shunday mahorat bilan hikoya qiladiki, voqealar beixtiyor ko‘z oldingizda jonlanadi.
Ayniqsa, Afg‘onistonning 100 ga yaqin yetakchilari, qo‘mondonlari va nufuzli shaxslari haqidagi ma’lumotlar, ularning siyosiy tiynati va salohiyati tarixiy izchillikda mahorat bilan ochib berilgan. Shuningdek, muallifning oddiy afg‘on dehqoniga bo‘lgan ehtiromi, ularning matonati va yashovchanligiga bergan ta’rifi kitobning ta’sirchanligini oshirgan.
Yodgorxo‘ja Shodmonov Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti davrida ham, “Tolibon” hokimiyatga kelgan og‘ir kunlarda ham o‘z burchiga sodiq qoldi. Elchixona yaqinidagi mudhish terrorchilik harakati oqibatida og‘ir jarohat olib, uzoq muddat davolangan bo‘lsa-da, mardlik bilan o‘z missiyasini davom ettirdi. Uning siymosida o‘z davlati manfaatini har narsadan ustun qo‘yadigan, vatandoshlarini himoya qilishni muqaddas burch deb biladigan haqiqiy vatanparvar diplomatni ko‘ramiz.
Asarning keyingi boblarida 2016 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, konstruktiv muloqot va pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati shaxsiy tajribalar asosida batafsil yoritilgan.
“Ikki qutb orasida” kitobi shunchaki voqealar bayoni emas, balki elchining qalb iztiroblari, hayratlari va teran mushohadalari in’ikosidir. Nodir fotosuratlar bilan boyitilgan ushbu asar diplomatlar, afg‘onshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Jamiyat
O‘zbekistonda AI–chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishga tushadi
Hukumatning 202-son qarori bilan 2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.
Dastur doirasida «Onlayn-mahalla» platformasi va «mahalla yettiligi» orqali aholi muammolari tahlil qilinib, ularga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar tayyorlanadi. Bu materiallar annotatsiya, video, infografika va bukletlar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yil yakunida fuqarolar murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya» to‘plami shakllantiriladi. Shuningdek, yangi qonunlar mutaxassislar ishtirokida intervyu va podkastlar orqali tushuntirilib, «Adliya TV»da joylashtiriladi.
Dasturda zamonaviy texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qurilish sohasida qonunchilikni tushuntiruvchi AI-chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi yaratiladi.
Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar interaktiv o‘yinlar, testlar va videolar yordamida bilim olishi mumkin. Shu bilan birga, noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish imkoniyati ham yaratiladi.
Bundan tashqari, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalari takomillashtiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda «sovrinli viktorinalar» o‘tkazish orqali aholining huquqiy bilimlari oshiriladi.
Dastur doirasida bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga ham katta e’tibor berilgan. Huquqiy videoroliklar ishlab chiqilib, keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, «Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!» shiori ostida ijtimoiy chellenjlar va roliklar tanlovi tashkil etiladi. Ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi» o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun tegishli davlat organlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi hamda har chorakda Adliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
-
Jamiyat4 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan5 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Putinning reytingi nega bunchalik pasayib ketdi?
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekiston turizm salohiyati Destination Karakalpakstan 2026 maydonida namoyish etildi
-
Siyosat3 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
