Connect with us

Jamiyat

Ohangaron tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola tirik topildi

Published

on


Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topildi.

Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu yerda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng aniqlangan.

Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining navbatchilik qismiga xabar bergan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.

Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan, tizzasigacha qor ichida jim holda turgan holda aniqlangan.

Bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u uyida bo‘lib, ahvoli yaxshi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Agentlik inspektori 20 mln so‘m bilan qo‘lga tushdi

Published

on


O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi inspektori ushlandi. Inspektor o‘z xizmat mavqeini suiste’mol qilgan holda, noqonuniy boylik orttirmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.

Xususan, u Toshkent shahrida yashovchi, 1995-y.t. fuqaroga tegishli 7 turdagi, jami 187 dona qadoqda bo‘lgan mineral o‘g‘it mahsulotlarini «Navoiy» chegara bojxona posti orqali o‘tkazib berganligi evaziga 20 mln so‘m talab qilgan. 

Mazkur noqonuniy harakat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi. 

Inspektor so‘ralgan pul mablag‘ini poytaxtning Olmazor tumani hududida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahrida 2,5 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingandi. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent aeroportida chet el fuqarosi giyohvand modda bilan ushlandi

Published

on


Poytaxt aeroportida 6,3 kg «marixuana»ni olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi. 

«Toshkent-Aero» IBKning «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari giyohvandlik vositalarini yashirincha olib o‘tishga uringan yo‘lovchini to‘xtatib qolishdi. 

Bangkokdan uchib kelgan xorijiy yo‘lovchilardan biriga tegishli qo‘l yuki va bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, yuklar orasida turli qadoqlar ichida 12 dona polietilen o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi. 

Belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu o‘ramlar ochib ko‘rilganida, ularning ichidagi yashil rangdagi o‘tkir hidli modda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, 6,3 kgdan ziyod og‘irlikdagi quritilgan marixuanna ekanligi ma’lum bo‘ldi. 

Mazkur modda esa O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan giyohvandlik vositasi hisoblanadi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Eslatib o‘tamiz, «Toshkent-Aero» IBK tezkor tuzilmalari va bojxona postlari xodimlari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida aniqlangan 15 ta holatda salkam 30 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining, shu jumladan sintetik narkotiklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi. 

Olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalari o‘tgan yilning shu davriga nisbata 18 kilogrammga oshgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish doirasida yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 13-aprelda qabul qilingan qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment sifatida mazkur tizim amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, rezident va norezidentlar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron platformalar orqali sotish uchun bond omborlarida vaqtincha saqlaydi.

Qarorga muvofiq, bond omborlari litsenziya asosida tashkil etiladi. Ular erkin ombor faoliyati tartibida ish yuritadi. Tovarlarni sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Bunda platformalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan reyestrga kiritilgan bo‘lishi shart.

Shuningdek, bond omborlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimida saqlanadi va ularni jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi. Eksperiment doirasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi. Xususan, tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, bond omboridan chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanmaydi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekiston va Rossiya neft-gaz hamkorligini kengaytirishga kelishdi

Published

on


O‘zbekiston va Rossiya neft va gaz sohasidagi hamkorlikni davom ettirish hamda yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldi.

«Bu haqda Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin ma’lum qildi», – deb xabar qilmoqda TASS.

Rossiya hukumati rahbarining ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Rossiya mutaxassislari ishtirokida O‘zbekistonda yangi quduqlar burg‘ilanmoqda, qayta ishlash tizimlari modernizatsiya qilinmoqda va gaz transport infratuzilmasi takomillashtirilmoqda.

Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobarga oshirishni maqsad qilgan.

«Rossiya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12,5 foizga o‘sib, taxminan 1 trillion rublga yaqinlashdi. Davlat rahbarlari kelishuviga muvofiq, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni bir necha barobarga oshirishimiz kerak», – dedi u.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov esa o‘z navbatida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.

Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga oshgan va 2025-yil yakuniga ko‘ra 13 milliard dollardan oshgan.

«Joriy yilda ham ijobiy dinamika saqlanmoqda. Yilning dastlabki ikki oyida savdo hajmi yana 30 foizga o‘sdi», – dedi Aripov.

Mutaxassislar fikricha, energetika sohasidagi hamkorlikning kengayishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonliklar shubhali xorijiy qo‘ng‘iroqlardan ogohlantirildi

Published

on


So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy raqamlardan kelayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda. Mutaxassislar bunday holatlar ortida kiberfiribgarlar turishi mumkinligini ta’kidlab, aholini ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘ng‘iroqlar oddiy telefon aloqasi orqali emas, balki internet va maxsus dasturlar yordamida amalga oshiriladi. Firibgarlar o‘zlarining haqiqiy raqamlarini yashirgan holda, telefon ekranida istalgan davlatga tegishli bo‘lgan soxta raqamlarni ko‘rsatishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday qo‘ng‘iroqlar internet orqali yuborilgani sababli, ularni kim va qayerdan amalga oshirganini aniqlash ancha mushkul. Shuningdek, ushbu raqamlar haqida maxsus bazalarda ma’lumot bo‘lmasligi, ularning vaqtinchalik va soxtalashtirilgan raqamlar ekanini anglatadi.

Shubhali qo‘ng‘iroqlar bir qator xavflarni keltirib chiqaradi. Xususan, bunday raqamlarga qayta qo‘ng‘iroq qilish abonent hisobidan mablag‘ yechilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, firibgarlar o‘zini turli tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, shaxsiy ma’lumotlar va bank kartalariga oid maxfiy kodlarni qo‘lga kiritishga urinadi.

Mutaxassislar, shuningdek, notanish raqamdan kelgan qo‘ng‘iroqqa javob berish orqali abonent raqami “faol” ekani aniqlanishi va natijada bunday qo‘ng‘iroqlar soni yanada ortishi mumkinligini qayd etmoqda. Ayrim holatlarda esa ovoz yozib olinib, sun’iy intellekt orqali soxtalashtirilib, yaqinlarni aldash maqsadida ishlatilishi xavfi ham mavjud.

Shu munosabat bilan fuqarolarga notanish va shubhali xorijiy raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslik, ularga qayta qo‘ng‘iroq qilmaslik, bunday raqamlarni bloklash hamda shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik tavsiya etilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.