Jamiyat
Ohangaron tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola tirik topildi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topildi.
Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu yerda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng aniqlangan.
Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining navbatchilik qismiga xabar bergan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.
Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan, tizzasigacha qor ichida jim holda turgan holda aniqlangan.
Bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u uyida bo‘lib, ahvoli yaxshi.