Sport
OFK yangi mavsumdan Chempionlar Ligasi ishtirokchilari sonini oshirmoqchi
Osiyo Chempionlar Ligasi Elita guruh bosqichi ishtirokchilari sonini 24 tadan 32 tagacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) Musobaqalar qo‘mitasi 2026/27-mavsumdan boshlab, qit’aning asosiy klublar turniri – Osiyo Chempionlar Ligasi Elita guruh bosqichi ishtirokchilari sonini 24 tadan 32 tagacha oshirishni tavsiya etdi.
Yangi tuzilmada turnir ikkita mintaqaga bo‘linishni saqlab qoladi – sharqiy va g‘arbiy zonalarda 16 tadan klub. Guruh bosqichi natijalariga ko‘ra, har bir mintaqada birinchi-oltinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar 1/8 finalga yo‘l oladi. Yettinchi va o‘ninchi o‘rinlarni egallagan klublar pley-off bosqichida kurashni davom ettiradi, uning g‘oliblari 1/8 final bahslariga qo‘shiladi.
Shu bilan birga, xalqaro taqvimning haddan tashqari bandligi sababli 2026/27-mavsumda saralash bosqichi bo‘lmaydi – uni keyingi mavsumlarda joriy etish rejalashtirilgan.
Islohotlar turnirning geografik qamrovini kengaytirish va tijoriy jozibadorligini oshirishga qaratilgan. Barcha qarorlar OFK Ijro qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanishi kerak, deyiladi xabarda.
Kvotalar qanday taqsimlanishi keyinroq e’lon qilinadi.
Sport
Oldimizda yana ikkita marra turibdi – Javohir Sindorovning murabbiyi
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorovning germaniyalik murabbiyi Roman Vidonyak uning Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bu hali eng katta natija emas. Biz rejamizdagi to‘rt bosqichdan ikkinchisini yakunladik. Birinchisi Nomzodlar turniriga chiqish edi. Ikkinchisi esa uni yutish. Buni uddaladik. Endi navbat uchinchi bosqichga — jahon chempionligi uchun matchga. Eng qiyini to‘rtinchi bosqich bo‘ladi: 2800 ball darajasiga chiqib, turnirlarda doimiy ustunlik qilish. Buni o‘z vaqtida Garri Kasparov va Magnus Karlsen qilgan», dedi u.
Vidonyak so‘zlariga ko‘ra, bu darajaga chiqish uchun vaqt kerak.
«Buning uchun kamida ikki yil jiddiy ishlashimiz kerak. Ular (Kasparov va Karlsen) bu yoshda allaqachon tayyor edi, biz esa hali ham ustimizda ishlayapmiz», dedi u.
U tayyorgarlik jarayoniga ham to‘xtaldi.
«Bir yil ichida to‘qqizta yig‘in o‘tkazdik. Ular asosan Myunxenda bo‘ldi, har biri 10–14 kun davom etdi. Shuningdek, biz odatda kompyutersiz, shaxmat taxtasi oldida ishlaymiz. Turli mavzular bo‘yicha tizimli tarzda men tuzgan 40 mingga yaqin mashqlarni bajaramiz. Maqsad o‘yinchining fikrlashini rivojlantirish», deb tushuntirdi Vidonyak.
Roman Vidonyak 2025 yil boshidan Javohir Sindorov bilan ishlay boshladi. Uning murabbiyligida shaxmatchi Jahon Kubogini qo‘lga kiritdi, Tata Steel Chess superturnirining vitse-chempioni bo‘ldi va Nomzodlar turnirining muddatdan ilgari g‘olibiga aylandi.
Endi 20 yoshli grossmeyster jahon shaxmat toji uchun amaldagi chempion Gukesh Dommaraju bilan kuch sinashadi. O‘yin dekabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Sport
Sindorov turnirni yana bir rekord bilan yakunladi
O‘zbekistonlik shaxmatchi natijasi u qadar ahamiyatsiz bo‘lgan so‘nggi partiyada tezkor durang qayd etdi va turnirni mag‘lubiyatsiz yakunladi. Shu bilan birga, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘argan holda Yan Nepomnyashiyga tegishli bo‘lib turgan rekordni (9,5) yangiladi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
FIDE Nomzodlar turnirining oxirgi turida Javohir Sindorov xitoylik Vey Yiga qarshi dona surdi. Natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan bahsda 32-yurishdan keyin tezkor durang qayd etildi.
Bu orqali o‘zbekistonlik shaxmatchi 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘ardi va turnirda yana bir rekordni o‘rnatdi. Bunga qadar hech bir shaxmatchi ikki davralik formatda bu qadar ko‘p ochko jamg‘ara olmagandi.
Bundan oldingi rekord 2022 yilda Yan Nepomnyashiy tomonidan qayd etilgan, u o‘shanda 14 imkoniyatdan 9,5 ochko jamg‘arib, turnir g‘olibiga aylangandi.
Qayd etish kerakki, Sindorov turnirni mag‘lubiyatsiz yakunladi – 6 g‘alaba va 8 durang.
Qolaversa, u 10-turda Rameshbabu Pragnanadha ustidan g‘alaba qozonish orqali g‘alabalari sonini 6 taga yetkazib, turnirda yana bir rekord o‘rnatgandi. Bunga qadar turnir tarixida hech bir shaxmatchi 6 g‘alabaga erishmagandi. Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Fabiano Karuana kabi boshqa nomdor grossmeysterlar ham bir turnirda ko‘pi bilan 5 ta partiyada g‘alaba qozongan.
Sindorovga birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro miqdorida mukofot puli kafolatlangan. Shuningdek, barcha shaxmatchilarga qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan berilishi ko‘zda tutilgan. Sindorov esa hozirgacha to‘plangan ochkolari orqali yana 100 ming yevro ishlab topgan.
Bundan tashqari, ushbu turnirda g‘alaba qozonish orqali Sindorov Jahon toji uchun amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. Ushbu bahs yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda tomonlar 14 ta partiya o‘tkazishadi. Ushbu bahs ishtirokchilarining har ikkisiga ham natijadan qat’i nazar 1 million dollardan ortiq mukofot pullari kafolatlangan.
Sport
“G‘ururlanaman, sen qahramonimizsan” – Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorovni shaxsan tabrikladi
“Reytingi eng yuqori grossmeysterlarni kuchli iroda va jasorat bilan mag‘lub etding. Senga manaman degan shaxmatchilar ham tan beryapti”, – dedi Sindorov bilan telefon orqali gaplashgan prezident.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi.
“Qadrli Javohir bolam, ovozingni eshitganimdan xursandman. Katta yutuq bilan yoningda turgan ota-onang, barcha yaqinlaring, murabbiylaringniyam hammasini muborakbod etaman. Meni faqat xursand qilib yuribsan. Butun xalqimiz duoda edi, mana shu duolari ijobat bo‘ldi.
Yurtimizning kuch-qudratini, yoshlar nimaga qodir ekanini, uchinchi renessans poydevori O‘zbekistonda bo‘lishini butun dunyoga tarannum etding. O‘zbekiston shaxmat tarixida ilk bor FIDE nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘alaba qozonganing, musobaqada biron marta mag‘lubiyatga uchramaganing, bir qancha rekordlarni yangilaganing, 13 ta o‘yinda 6 ta ishonchli g‘alaba qozonganing – Xorazm, Beruniy bobolarimizga munosib ish qilganing, bunday yutuqqa Amir Temur bobomizning yubileyi kunlarida erishganingdan xalqimiz juda xursand.
Reytingi eng yuqori grossmeysterlarni kuchli iroda va jasorat bilan mag‘lub etding. Senga manaman degan shaxmatchilar ham tan beryapti. Uchinchi renessans bunyodkorlarining shijoatini yaqqol ko‘rsatding va dunyoga namoyish etding. Yana bir marta, bolam, tabriklayman. G‘ururlanaman, qahramonimizsan, shuni bilgin”, – dedi davlat rahbari.
Javohir Sindorov o‘z navbatida barcha g‘alabalari zamirida davlat tomonidan, shaxsan prezidentning o‘zi tomonidan bo‘layotgan qo‘llab-quvvatlash yotganini, musobaqaga tayyorgarlik uchun homiylar biriktirib berilganini aytib, bunday qo‘llov va qutlov uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Olimpiadada ham yurtdoshlarimiz bilan g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Jahon toji uchun yil oxirida bo‘ladigan kurashda ham, xudo xohlasa, g‘alaba qozonaman. Qo‘llab-quvvatlab turganinglar uchun katta rahmat, men buni his qildim, hatto [ko‘chalardagi] bilbordlarda turganim juda katta hayajon uyg‘otdi”, – dedi chempion.
“Har safar aytgan gapingning ustidan chiqyapsan. Shuning uchun yil oxirida nasib bo‘lsa jahon tojini ham vatanimizga olib kelishingga ishonaman. Iloyim, bu yo‘lda senga omad va zafarlar tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, bolam. Yurtimizga intiqlik bilan kutib qolamiz. Hammaga, bobolaringga, murabbiylaringga mendan salom deb qo‘ygin”, – deya suhbatni yakunladi Shavkat Mirziyoyev.
Kiprda o‘tayotgan Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘lib ulgurgan Javohir Sindorov bugun so‘nggi turda xitoylik Vey I bilan oq donalarda bahs yuritadi. Partiya Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadi.
Sport
Sindorov Nomzodlar turniridagi ishtiroki orqali 165 ming yevro ishlab oldi
Oxirgi tur natijasiga qarab mukofot pullari yana ortishi mumkin. Shuningdek, bu turnirdagi g‘oliblik unga yil oxirida Gukeshga qarshi Jahon toji uchun bahs o‘tkazish imkonini beradi. O‘sha bahs ishtirokchilari uchun esa 1 million dollardan ortiq mukofot kafolatlangan.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 13-turida niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynadi va musobaqada muddatidan oldin g‘oliblikni rasmiylashtirdi.
Kiprda bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turnirining sovrin jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.
Sindorovga birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro miqdorida mukofot puli kafolatlangan. Shuningdek, barcha shaxmatchilarga qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan berilishi ko‘zda tutilgan. Sindorov esa hozirgacha to‘plangan ochkolari orqali yana 95 ming yevro ishlab topgan.
Ya’ni u hozirning o‘zida kamida 165 ming yevroni naqd qilib qo‘yishga ulgurdi. U bugun Vey Iga qarshi so‘nggi partiyada durang yoki g‘alaba qayd etishiga qarab, uning hisobiga mos ravishda yana 5 yoki 10 ming dollar qo‘shiladi.
Sindorov bu turnir g‘olibi bo‘lish orqali yil oxirida Jahon toji uchun amaldagi chempion, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi bahsda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur bahsdagi natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar shaxmatchilar kafolatlangan katta mukofot puliga ega bo‘ladi. Xususan, Gukesh o‘tgan safar chempionlik uchun 1 mln 350 ming dollar olgandi. Unga yutqazgan Din Liren esa 1 mln 150 ming dollar bilan mukofotlangandi.
Bu esa Javohir Sindorov allaqachon dollarlarda millionlik marradan o‘tib bo‘lganini anglatadi.
Qayd etish kerakki, Javohir va Gukesh bungacha klassik partiyada uch marta to‘qnash kelishgan. Shundan ikkitasida Sindorov g‘alaba qozongan, bittasida esa durang qayd etilgan.
Gukesh esa hozir yaxshi sport formasida emas, u mart oyida Pragada bo‘lib o‘tgan turnirda 9 partiyadan faqat bittasida g‘alaba qozonib, so‘nggi o‘rinlardan birini egallagandi.
Sport
Superliga. «So‘g‘diyona»ning birinchi g‘alabasi va Babayanning iste’fosi
O‘zbekiston Superligasida 7-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Paxtakor» autsayder bilan o‘yinda g‘alaba qozonib, peshqadamlikni saqlab qoldi. «So‘g‘diyona» mavsumda birinchi marta zafar quchdi, jamoa hanuz so‘nggi o‘rinlarda bormoqda. «Andijon» mag‘lubiyatga uchradi va bosh murabbiy Samvel Babayan bilan xayrlashdi.
12-14 aprel kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 7-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
PAXTAKOR 2:1 MASh’AL
Gollar: Flamarion, 41 (1:0), Shahboz Jo‘rayev, 45+2 Avtogol (2:0), Shahboz Jo‘rayev, 67 (2:1)
«Paxtakor» so‘nggi o‘rinda borayotgan «Mash’al»ni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi. Toshkentliklar bu g‘alabadan keyin peshqadamlikni saqlab qoldi. Muborakliklar hali birorta ochko jamg‘armagan holda jadval tubini «band etgan».
BUNYoDKOR 0:1 NeFTChI
Gol: Yovan Jokich, 45 (0:1)
Avvalgi turda birinchi marta ochko yo‘qotgan «Neftchi» g‘alabali yo‘lga qaytdi. Farg‘onaliklar yagona gol evaziga «Bunyodkor»ni mag‘lub etdi. «Neftchi» peshqadam «Paxtakor» bilan teng ochko jamg‘argan, ammo o‘zaro o‘yin natijasiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda bormoqda.
ANDIJON 1:2 OKMK
Gollar: Nodirbek Abdurazzoqov, 29 (0:1), Urosh Koyich, 36 (0:2), Ibrohim Yo‘ldoshev, 86 (1:2)
Chempionat startining omadsizlari Andijonda uchrashdi. O‘yindan oldin har ikkala jamoa bosh murabbiylari uchun bu so‘nggi imkoniyat ekani haqida xabarlar tarqaldi. Yakunda Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi OKMK g‘alaba qozondi. «Andijon» esa Samvel Babayanni iste’foga chiqardi, uning qo‘l ostida jamoa 7 ta o‘yinning 5 tasida yutqazdi.
NAVBAHOR 2:0 SURXON
Gollar: Aleks Fernandes, 26 (1:0), Vanya Ilich, 78 (2:0)
«Surxon»ni ishonchli tarzda mag‘lub etgan «Navbahor» uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Endi jamoa peshqadamlardan 3 ochko ortda qolmoqda. Namanganliklarga legionerlarning gollari g‘alaba keltirdi.
NASAF 1:1 BUXORO
Gollar: Zafarmurod Abdurahmatov, 60 (1:0), Temur Mamasiddiqov, 77 (1:1)
Chetlatish: Umarbek Eshmurodov, 79 (Nasaf)
«Buxoro» hayron qoldirishda davom etmoqda va bu safar «Nasaf»dan ochko olishga erishdi. Aleksandr Xomyakov shogirdlari 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Nasaf» 6-o‘ringa tushdi.
DINAMO 1:2 LOKOMOTIV
Gollar: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 34 (0:1), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 40 (0:2), Azizbek Amonov, 60 (1:2)
Chetlatish: Firdavs Abdurahmonov, 90+3 (Dinamo)
«Dinamo» o‘z maydonida kutilmaganda «Lokomotiv»ga yutqazdi. Vadim Abramov jamoasi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar oqibatida 12-o‘ringa tushib ketdi. «Lokomotiv» 7-o‘ringa ko‘tarildi.
QIZILQUM 1:3 SO‘G‘DIYoNA
Gollar: Lyupcho Doriyev, 29 (0:1), Faysal Mulich, 41 (0:2), Otabek Jo‘raqo‘ziyev, 60 (0:3), Samandar Shukrullayev, 70 (1:3)
«So‘g‘diyona» mavsumdagi birinchi g‘alabasini Navoiyda qo‘lga kiritdi. Jadval tubidan o‘rin olgan jamoalar bahsida 4 ta gol urildi va yakunda jizzaxliklar zafar quchdi.
XORAZM 2:2 QO‘QON-1912
Gollar: Bubakar Traore, 6 (1:0), Silvanus Nimeli, 25 (1:1), Sunatulloh Hamidjonov, 50 (2:1), Sunatulloh Hamidjonov, 60 avtogol (2:2)
Chetlatish: Asliddin Toshtemirov, 90+4 (Qo‘qon-1912)
«Xorazm» va «Qo‘qon-1912» o‘yini ham gollarga boy bo‘ldi. Yakunda jamoalar «murosa» ko‘chasini tanlab, jangovar durangga imzo chekdi.
6-turdan keyin Superliga jadvali
Superliga 8-tur o‘yinlari
17 aprel
LOKOMOTIV – NAVBAHOR
OKMK – BUXORO
SURXON – QIZILQUM
18 aprel
NeFTChI – NASAF
MASh’AL – XORAZM
PAXTAKOR – DINAMO
19 aprel
SO‘G‘DIYoNA – BUNYoDKOR
QO‘QON-1912 – ANDIJON
-
Sport4 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Dunyodan3 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Dunyodan5 days ago
Kim Chen In Janubiy Koreya prezidentining kechirim so‘rashiga javob berdi
-
Dunyodan4 days ago
Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Dunyodan3 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Sport2 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Jamiyat4 days ago«Qamchiq» dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
