Mahalliy

Odamlarga nima bo‘lgan o‘zi?..

Published

on


Hangoma aytishda Anvar Obidjonga yetadigan hikoyachini uchratmaganman. Har bir voqeani tandirning jun qo‘shilgan loyini pishitganday tepalab-rostlab, «tuz-namagi»ni tobiga keltirib aytardi. Bir-ikkitasini sizlarga ilingim keldi.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari Oltiariq bozoriga kiraverishdagi supachada bir savdoyi odam choqqina ko‘rpacha ustida chordona qurib o‘tirar ekan-da, bozorga shoshilib kirib ketayotgan, bir nimani orqalab chiqib ketayotgan, bir oz o‘tib yana qaytib kelayotgan, yo‘lakda aravachalari bir-biriga urinib ketib so‘kinayotgan odamlarga qarab, miriqib kular ekan. Bolalar uni bir-birlariga: «Bu odam  jinni,  oldiga borma, jinni u», deb ko‘rsatishar ekan.

Shu «jinni» hammaning ustidan qotib-qotib kular ekan: «Yopiray,  odamlarga nima bo‘ldi o‘zi? Jinni-pinni bo‘lganmi bular? Hoy, qayoqqa shoshasan? Bozor katta xolangning chorbog‘imi? Aravangni chetga ol. Turtinma. Yo‘ldan qoch. Yoningda bir miri yo‘q, bozorda balo bormi senga? Anovi jinniga qaranglar – hozir bittasi burni yerga tekkudek bo‘lib ko‘tarib kirgandi shu sabil qopni. Sen qayoqqa olib ketyapsan? Qo‘y joyiga. Boshqa ish yo‘qmi? Tavba, bittasi avrab-avrab sotadi, boshqasi laqqa tushib oladi. Vah-vah. Ertaga sen sotasan, u laqqa tushadi. Vah-vah. Hamma bir-birini aldaydi. Aldab charchamaydi. Bugun xursand, ertaga yutqizgan bedanavozday ichi o‘tib ketadi. Ana tomosha-yu, mana tomosha. Hoy jinni, bo‘yningni cho‘zmay, kelib yonimda bir pas o‘tir. Bozorning zo‘ri sho‘tta…»

Oradan qancha yil o‘tib ketdi. Ammo qayerda, qachon yo‘lim bozorga tushdi deguncha, darhol shu savdoyi odamni eslayman. Men uni ko‘rmaganman, ammo u hozir ham qayerdadir, darvoza yonida chordona qurib o‘tirib, qotib-qotib kulayotganday tuyuladi, «Hoy jinnilar» deyayotganday bo‘ladi.

Uni boshqa kunlari, boshqa holatlarda ham eslab turaman. Aslida kim jinni?

Yana bir hikoya

Oltiariqda bir go‘rkov bo‘lgan ekan. Ishini bilib-bilib qilarkan, birovdan tili qisiq joyi yo‘q ekan. Ammo bir odati…

Qayerda to‘y bo‘lsa, mehmonlardan sal avval kelib, bir o‘zi dasturxonga o‘tirib, hamma o‘dag‘aylab qarab tursa ham, parvo qilmay, shishani shartta ochib, bir nimalar deb, o‘zi bilan o‘zi urishtirib, noz-ne’matlarni paqqos tushirib, qolganini belbog‘iga tugib o‘rnidan turar ekan. Biror kishi «Hoy aka, dasturxonni o‘pirvordingiz-ku…» degudek bo‘lsa, unga muloyimgina qarab: «Mayli, yedik-ichdik, endi bizga ruxsat, boraylik, ish ko‘p, ulgurish qiyin, biz tomonga o‘ting, sizni kutaman-a», der ekan.

Shu gapni eshitmaslik uchun go‘rkovni hamma joyda ta’zim-tavoze bilan kuzatib, sal nariroqqa borganidan keyingina bir-birlariga qarab  kulishar  ekan…

Bu hikoyani eshitgach, Anvarjonga, rostdan shunday edimi, to‘qima emasmi», deganday tikilib qaragandim, shoir fikrimni  ilg‘ab, hikoyani yanada to‘ldirdi: «Biz tomonlarda bir murdasho‘y bo‘lardi. Kimdir jig‘iga tegsa, darhol hujumga o‘tib, «Ho akasi, cho‘milgingiz kepqoldimi, marhamat, men tayyorman», der edi…»

Anvar Obidjon ko‘p va xo‘b yozdi. Ammo qanchadan-qancha hikoyalarni o‘zi bilan birga olib ketdi.

Ahmadjon Meliboyev



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version