Connect with us

Jamiyat

Ob-havo bo‘yicha tezkor axborot e’lon qilindi

Published

on


Gidrometeorologiya xizmati tezkor axborot bilan chiqdi. 

Joriy yilning 23-25-may kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

– Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;

– Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobot tumanlarida;

– Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;

– Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;

– Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;

-Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

– Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;

– Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;

– Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘ralgan. 

Respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkentda ayrim ko‘chalar vaqtincha yopiladi

Published

on


Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 23–24 may kunlari o‘tkaziladigan Pizza Day gastronomik festivali munosabati bilan ayrim ko‘chalarda avtoulovlar harakati vaqtincha cheklanadi. Cheklovlar tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston ovozi 24/7 turizm ko‘chasida bo‘lib o‘tadigan festival sabab bir nechta yo‘nalishlarda harakat qisman to‘xtatiladi.

Jumladan, O‘zbekiston ovozi ko‘chasining Shahrisabz ko‘chasi bilan kesishmasidan Yahyo G‘ulomov ko‘chasigacha bo‘lgan qismi 23–24 may kunlari qisman yopiladi. Shuningdek, ushbu ko‘chaning Shastri ko‘chasi bilan kesishmasidan Shahrisabz ko‘chasigacha bo‘lgan qismi hamda Yahyo G‘ulomov ko‘chasi bilan kesishma hududida ham vaqtincha cheklovlar amal qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ovozi ko‘chasining Shastri va Sodiq Azimov ko‘chalari bilan kesishmalari hamda mazkur yo‘nalishning Shahrisabz ko‘chasigacha bo‘lgan qismida avtoulovlar harakati vaqtincha to‘xtatiladi.

Mas’ullar haydovchilardan ushbu kunlari muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni so‘rab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qashqadaryoda obyekt sifatsiz g‘ishtdan qurilayotgani aniqlandi

Published

on


Qurilish maydonlaridagi sifatsiz mahsulotlar utilizatsiya qilish davom ettirilmoqda. 

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida qurilish jarayonida foydalanilayotgan sifatsiz mahsulotlar aniqlanib, belgilangan tartibda muomaladan qaytarildi va utilizatsiya qilindi. Bu haqda Nazorat inspeksiyasi xabar berdi. 

Aniqlanishicha, sopol g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «H.S» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) tomonidan davlat buyurtmasi asosida barpo etilayotgan ko‘p qavatli inshoot uchun me’yoriy hujjatlarga nomuvofiq bo‘lgan sopol g‘isht mahsulotlarini yetkazib berilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan jamiyatga nomuvofiq mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish hamda ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. 

Shundan so‘ng, tadbirkorlik subyekti, nazorat organlari, shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari ishtirokida mahsulotlar Kitob tumani chiqindi poligonida utilizatsiya qilindi. 

Mutasaddilar tomonidan ishlab chiqaruvchi korxona kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etishi, aks holda qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Milliy kitobxonlik harakatiga start berdi

Published

on


Prezident 22 may kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini ta’kidladi. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etildi.

– Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi, – dedi prezident.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat ta’lim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omildir.

Davlat rahbari ulug‘ ajdodlar – Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi. Ularning yuksak marralarga erishishida ilmga intilish va kitob mutolaasi asosiy manba bo‘lgan.

Shu ma’noda, O‘zbekiston xalqaro maydonda qudratli va yuksak salohiyatli xalq sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ikki mustahkam asosga tayanishi zarurligi ta’kidlandi. Bular – bebaho ilmiy va ma’naviy meros hamda zamonaviy ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar.

Prezident o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularda bilimga mehr va rag‘bat uyg‘otishga ustuvor ahamiyat qaratib kelayotganini ta’kidladi. 2017 yildan buyon o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilmoqda.

Marosimda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 2015 yilda Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan boshlangan “Arab kitobxonlik tanlovi” dasturi bugungi kunda jahondagi eng yirik ma’rifiy harakatlardan biriga aylangani qayd etildi. Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ushbu ezgu g‘oyani milliy ma’naviy merosimiz asosida yurtimizda yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilindi.

Shu maqsadda “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi boshlanmoqda. Davlat rahbari ushbu dasturni davlat miqyosida faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini qayd etdi.

Endi har yili mazkur tadbirning final bosqichi prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu O‘zbekiston tarixida kitobxonlik bo‘yicha eng salmoqli mukofot bo‘ladi.

Mazkur harakat mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

Prezident ushbu tashabbus maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirish, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Men ushbu dasturni shunchaki kitob o‘qish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar, – dedi davlat rahbari.

Marosimda prezident barcha o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Kitob o‘qigan, bilimga intilgan va ezgu ma’nolarni anglagan millat hech qachon yengilmasligi ta’kidlandi. “Ilmdan boshqa najot yo‘q” degan ma’rifatparvar ajdodlarimiz g‘oyasini butun mamlakat miqyosida hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qibrayda katta miqdordagi noqonuniy dori vositalari ushlab qolindi

Published

on


Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istondan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilayotgan 1 milliard 323 million so‘mlik dori vositalari fosh etildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istondan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 52 turdagi, jami 95 ming 369 dona tibbiyot buyumlari va dori vositalari aniqlangan.

Avtotransport vositasini Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqarib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida noqonuniy yuklarni qabul qilib olgan vaqtida Toshkent tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan tibbiy vositalarning umumiy qiymati 1 milliard 323 million so‘mni tashkil etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bugun O‘zbekistonning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin

Published

on


O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, ba’zida 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 30-35° bo‘ladi.
 
Poytaxtda kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 33-35° bo‘ladi.
 
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 20-25° bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.