Jamiyat
Nonushta qilmaslik tanani qanday zararlaydi?
Ertalab bir finjon qahva yoki choy ichib, ko‘p odamlar nonushtani o‘tkazib yuboradi. Kimdir vaqtni tejash, boshqa birov esa vazn yo‘qotish maqsadida tongdan tushlikka qadar hech narsa iste’mol qilmaydi. Ilmiy tadqiqotlar bunday odat organizmning eng muhim tizimlari, xususan, miya faoliyati, yurak sog‘lig‘iga zarar yetkazishi, moddalar almashinuvini izdan chiqarishi, aqliy faoliyatni susaytirishi va surunkali kasalliklar xavfini oshirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ushbu maqolada nonushtaning salomatlik uchun nima sababdan juda muhim ekani, uni vaqtida iste’mol qilmaslik ortiqcha vazn va turli kasalliklarni paydo qilishi haqidagi faktlar bilan tanishishingiz mumkin.
Glyukoza tanqisligi
Uyqu vaqtida (odatda, 8-10 soat davomida) odam ovqat yemaydi. Bu davrda tanada glikogen zaxiralari kamayadi, qon tarkibidagi glyukoza darajasi pasayadi. Uyg‘onganda inson miyasi, mushaklari va ichki a’zolari kun davomida samarali ishlashi uchun quvvatga ehtiyoj sezadi. Nonushta esa bu energiyani tezda yetkazib beruvchi vosita hisoblanadi: u tunda davom etgan ochlikdan keyin organizmni glyukoza, vitamin va minerallar bilan ta’minlaydi.
Inson miyasi tana vaznining bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etsa-da, organizm energiyasining taxminan 20 foizgacha bo‘lgan qismini sarflaydi. Tanadagi energiya manbai esa glyukoza, ya’ni shakar hisoblanadi. Nonushta qilinmasa tun davomida kamaygan glyukoza darajasi tiklanmaydi, bu miyaning ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada diqqatni jamlash qiyinlashadi, fikrlash sekinlashadi, xotira zaiflashadi, asabiylik va bezovtalik kuchayadi.
Vazn ortishi
Kun avvalida nonushta qilinmaganda organizm “tejash rejimi”ga o‘tadi. Holat moddalar almashinuvini sekinlashtirib, yog‘ to‘planishi va semirishga sabab bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, nonushtani muntazam iste’mol qiluvchilar tanasida yog‘ miqdori oz to‘planadi va ularning ortiqcha vazndan aziyat chekish ehtimoli kamroq.
Masalan, Harvard universiteti olimlari tomonidan 7 yil davomida 50 mingdan ortiq inson ishtirokida o‘tkazilgan izlanishda nonushtani vaqtida qiladiganlar tana vazni yengilroq bo‘lishi, ularning tushlik va kechki ovqat iste’molida me’yorni saqlay olishi aniqlangan. Ushbu fakt ertalab tanaga foydali moddalar bilan energiyani yetkazish orqali inson organizmi kun davomida ovqatga nisbatan muvozanatli munosabatda bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Nonushta qilmaslik esa, aksincha, tushlik va kechki ovqat vaqtida ortiqcha ovqatlanish xavfini oshiradi: tanada glyukoza darajasi pasayganida miya organizmga signal yuboradi va shakar, yog‘, yuqori kaloriyali ovqatlarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shu sababli nonushta qilmaydigan odamlar tushlik paytida shirinlik, fast-fud, yog‘li taomlarni yeyishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Bu esa kaloriyaning haddan ziyod ko‘payishi, qon shakarining tez ko‘tarilib, so‘ng keskin tushib ketishiga olib keladi, Oqibatda insonda charchoq, loqaydlik, kayfiyatning tushishi va qayta-qayta ovqat yeyishni xohlash holatlari yuzaga keladi.
Hissiy barqarorlik buzilishi
Ertalab tanada kortizol (stress gormoni) darajasi tabiiy ravishda oshadi. Nonushta insulinning ajralishiga yordam berib, kortizol ta’sirini pasaytiradi. Agar tongda biror yegulik iste’mol qilinmasa, organizmda kortizol miqdori uzoq vaqt davomida yuqori hajmda saqlanib qoladi va bu:
jizzakilik;
asabiylik;
diqqat tarqoqligi;
kayfiyatning tushishiga sabab bo‘ladi.
O‘t pufagida tosh hosil bo‘lish xavfi
Tongda nonushta qilish faqat to‘yish yoki energiya olish uchun emas, ichki a’zolarni “uyg‘otish” uchun ham kerak. Uyqu vaqtida ichaklar va o‘t pufagi deyarli ishlamaydi, chunki tanaga ovqat tushmaydi. Uyg‘ongandan keyin esa ularni yana qayta ishga tushirish lozim bo‘ladi. Mazkur jarayondagi “start tugmasi” aynan nonushta orqali bosiladi.
Nonushta qilmasangiz o‘t pufagida yig‘ilib turgan safro suyuqligi harakatga kelmaydi, ya’ni u chiqmaydi. Uzoq vaqt harakatsiz qolgan safro esa quyuqlashib, asta-sekin toshga aylanib qolishi mumkin.
Ilmiy tadqiqotlar nima deydi?
Amerika Yurak assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan 2017 yilgi tadqiqotda nonushtani doimiy o‘tkazib yuboradiganlarda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi 27 foizga ko‘proq bo‘lgani aniqlangan.
Harvard universitetining sog‘liqni saqlash maktabi tadqiqotlariga ko‘ra, muntazam nonushta qilmaydigan erkaklarda 2-tip diabet rivojlanish xavfi 21 foizga oshgan.
60 yoshdan yuqori bo‘lganlar o‘rtasida olib borilgan kuzatuvlarda nonushta qilmaslik va kechki ovqatni juda kech yeyish yurak sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatgani ma’lum bo‘lgan.
Ertalabki taom hammadan ham bolalar uchun muhim
Nonushta o‘smir uchun oddiy ovqat emas, uning salomatligiga sarmoyadir. U orqali bola nafaqat kunni quvvat bilan boshlaydi, balki miyasini faol ishlashga tayyorlaydi, hissiy barqarorlikni saqlaydi. Shuning uchun ham ota-onalar bolalarni sog‘lom va muntazam nonushta qilishga o‘rgatishi zarur.
Nonushta qilmaydigan o‘quvchilarda diqqat tarqoqligi, emotsional beqarorlik va hattoki o‘z-o‘zini past baholash holatlari kuzatiladi. Bunday tashqari, mazkur holat tushlik vaqtida ortiqcha ovqat yeyish, zararli gazaklar (chips, shirinlik, gazli ichimlik)ga qiziqishni kuchaytiradi. Natijada bolalarda ortiqcha vazn, insulinga chidamlilik va semirish xavfi oshadi.
Cardiff universiteti olimlari tomonidan 9-11 yoshdagi 5 000 dan ortiq o‘quvchi (100+ maktabdan) ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotda nonushta qilgan bolalar matematik va mantiqiy testlarda nonushta qilmagan tengdoshlariga nisbatan 10-15 foiz yuqori natija ko‘rsatgani aniqlangan.
Yana bir tadqiqot — Frontiers in Human Neuroscience jurnalida chop etilgan maqolada nonushta qilmagan insonlarning reaksiya tezligi 20 foizga sekinlashgani, qisqa muddatli xotirasi esa 26 foizga pasaygani qayd etilgan. Bu natijalar bolalar uchun nonushta bilim olish, darslarni tushunish, fikrni to‘g‘ri shakllantirish kabi ko‘nikmalarga bevosita ta’sir qilishini ko‘rsatadi.
To‘g‘ri nonushta qanday bo‘lishi kerak?
Tonggi ovqatlanish ochlikni qondirish bilan bir qatorda miya faoliyatini yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi va ortiqcha taomlanishning oldini oladi. Ammo har qanday ovqat to‘g‘ri nonushta bo‘la olmaydi. U to‘yimli va foydali moddalarga boy bo‘lishi kerak.
Avvalo, to‘g‘ri nonushta tarkibida murakkab uglevodlar mavjudligi muhim. Bular suli bo‘tqasi, qora non yoki grechka kabi mahsulotlar bo‘lib, o‘zidan glyukoza chiqaradi va qon shakarini barqaror ushlab turadi. Mazkur kombinatsiya miya uchun doimiy energiya manbai hisoblanadi. Oq non yoki shakarga boy, donli yarim tayyor mahsulotlar esa aksincha, tez hazm bo‘ladi, glyukozani keskin ko‘taradi va tezda ochlik hissini keltirib chiqaradi.
Quyidagilar eng foydali tanlovlardan biri sanaladi:
butun donli non + tuxum + sabzavotlar
asal yoki tabiiy yong‘oqli pyure bilan suli yormasi
qatiq yoki kefir + meva + urug‘lar (chia, zig‘ir)
qaynatilgan suli (ovsyanka) + banan bo‘laklari
Nonushta tarkibida oqsillar ham bo‘lishi kerak. Ushbu moddalar uzoq vaqt to‘qlik hissini beradi, mushaklar hamda hujayralarning tiklanishida muhim rol o‘ynaydi. Qaynatilgan tuxum, yog‘siz tvorog, yogurt, yong‘oq, oz miqdorda go‘sht yoki baliq – bularning barchasi organizm uchun foydali oqsil manbalaridir.
Shuningdek, ertalabki taomlanishda miya va yurak sog‘lig‘i uchun foydali yog‘larning bo‘lishi ham ahamiyatli. Avokado, zaytun moyi, yong‘oqlar to‘yinmagan yog‘lar bilan tanani ta’minlab, vitaminlarning so‘rilishiga yordam beradi.
Nonushta vaqtida ratsionga meva yoki sabzavot qo‘shish tavsiya etiladi. Ular organizmga vitamin, mineral, antioksidantlar va tolalarni yetkazib beradi. Misol uchun, banan, olma, kivi yoki sabzavotli omlet organizmni foydali moddalar bilan boyitadi, immunitet va hazm jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi.
Tanada tunda suv kamayadi, shuning uchun ertalab suyuqlik ichish juda muhim. Shakarsiz ko‘k choy, iliq suv yoki yangi meva sharbatlari hazmni yaxshilaydi va hujayralarni “uyg‘otadi”. Nonushtani faqat qahva bilan o‘tkazish tavsiya etilmaydi, u oshqozonni bezovta qilishi va suvsizlanishga olib kelishi mumkin.
Tongni qanday boshlasangiz, kun ham shunday davom etadi. Nonushta qilmaslik organizmni kerakli yoqilg‘isiz ishga tushirishga urinish bilan barobardir.
To‘g‘ri nonushta murakkab uglevodlar, oqsillar, foydali yog‘lar, vitaminlar va suvning muvozanatli uyg‘unligi sanaladi. Bunday tarkib tanani tetiklashtiradi, miyani faollashtiradi va kun davomida me’yordan ortiq ovqatlanish xohishini kamaytiradi. Eng muhimi, bu sog‘lom hayotning muhim qadami hisoblanadi.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
-
Sport3 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport3 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat2 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat4 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat2 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Mahalliy5 hours ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Siyosat2 days ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
