Jamiyat
“Nohaq ayblashdi” – Samarqandda sobiq IIB xodimi Oliy suddan adolat kutyapti
Hozirda ta’lim sohasida ishlaydigan sobiq IIB xodimi Tal’at Shodmonovga ko‘ra, u prokuror o‘rinbosariga aloqador odamlarni “bezovta” qilib qo‘ygani ortidan bosimga uchragan. Ma’lum qilishicha, qonuniy ishlaganiga qaramay unga nisbatan jinoiy ish ochilib, ish sudgacha borgan. Sudda esa ishni unga bosim qilgan prokuror o‘rinbosarining do‘sti bo‘lgan sudya ko‘rgan.
Voqealar qanday boshlandi?
Tal’at Shodmonovning aytishicha, u 2015-2016 yillarda Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi Toshkent va Zarafshon mahallalarida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan. O‘sha paytda hududlarda IIB xodimlari va boshqa soha vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil qilinib, turli xatlov ishlari va jamoat tadbirlariga jalb qilingan.
Shunday tadbirlardan birida xalq ta’limi bo‘limi (hozirgi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi)dan ishchi guruhga biriktirilgan xodim qatnashgan, biroq xatlov jarayonida ishtirok etmagan. Shundan so‘ng Shodmonov ishchi guruh rahbari sifatida pedagog haqida xalq ta’limi bo‘limiga bildirgi kiritgan.
Shodmonovning aytishicha, voqealar ana shu yerdan “keskin tus ola” boshlagan. U o‘sha paytda Jomboy tumani prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Erkin Hayitov xonasiga chaqirtirilgan. Inspektor prokuror xonasiga kirganida, u yerda xatlovga chiqmagan pedagog ham bo‘lganini aytadi. Uning ta’kidlashicha, prokuror o‘rinbosari tahdid va haqorat bilan gap boshlagan. Pedagog qo‘shnisi, tanishi ekanligini iddao qilib, inspektorga tanbeh bergan.
Shodmonov o‘z vazifasini bajarganini, jamoat ishiga biriktirilgan xodim kelmagani uchun bildirgi kiritganini aytgan. Sobiq inspektorning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin prokuror o‘rinbosari “sen oddiy uchastkavoysan, kimsan o‘zi, hali sen bilan gaplashaman”, deb chiqarib yuborgan.
Shodmonov bu kabi holat yana takrorlanganini ta’kidlaydi. Jumladan, mahalla mas’ullari bilan birga ijara shartnomasisiz uy bergan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, soliq idorasiga topshirganidan keyin ham prokuraturaga chaqirilgan. Uning aytishicha, prokuror o‘rinbosari mazkur fuqaroni “o‘zimizdan” deb atab, nega bayonnoma tuzilganini so‘ragan va uni bekor qilishni talab qilgan. Inspektor qonuniy harakat qilganini aytgach, yana tahdid bilan xonadan chiqarib yuborilgan.
Shodmonovning so‘zlariga ko‘ra, Hayitov “qarab tur, men sening pogoningni yechaman” degan mazmunda tahdid qilgan va ana shundan so‘ng u haqiqiy bosimni his qilgan.
“Prokurorcha tuzoq” ish berdi”
Bir muddat o‘tib, prokuraturadan IIBga xat keladi. Unda Zarafshon mahallasidagi qo‘riqxona hududida Jamshid Do‘lanov ismli fuqaro noqonuniy yashab kelayotgani sababli ma’muriy javobgarlikka tortish so‘ralgan. Ushbu mahalla hududiy jihatdan Shodmonov nazoratida bo‘lgani uchun ishni u o‘rgangan. Guvohlar, mahalla raisi va kotibi ishtirokida qo‘riqxona hududiga borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Shu bayonnoma ortidan Shodmonov “tuzoqqa tushganini” aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Do‘lanov prokuror o‘rinbosariga shikoyat qilib borgan va “uchastkavoy mendan uy oldidagi temir quvurlarni talab qildi, bermasang jarima qilaman deb tahdid qildi”, mazmunida ariza yozgan. Shundan keyin Shodmonov yana prokuraturaga chaqirtirilgan.
Shodmonovga ko‘ra, prokuror o‘rinbosari “Ana, qo‘lga tushar ekansan-ku… sen Do‘lanovning imzosini o‘zlashtirgansan, temir quvurlarni so‘ragansan, hozir shu yerda tushuntirish xati yozasan”, degan. Shodmonov bu ayblovlarni rad etgan va barcha harakatlari prokuratura xati asosida amalga oshirilganini aytgan.
2016 yil avgust oyida mazkur holat yuzasidan Jomboy tuman prokuraturasi Samarqand viloyati IIBga uning ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘rab xat yuborgan. Shodmonovning aytishicha, 27 avgust kuni o‘tkazilgan tekshiruv xulosasida uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi qayd etilgan. Ammo keyinchalik ikkinchi tekshiruv tayinlangan va 2016 yil 10 noyabrdagi takroriy tekshiruvdan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Oliy sudga kiritilayotgan shikoyatda himoya tomoni aynan shu nuqtaga e’tibor qaratmoqda: dastlab “jinoyat alomati yo‘q” degan xulosa chiqqani holda, keyingi qarorlar keskin boshqacha bo‘lib ketgani, bu farqning sabablari to‘liq ochiqlanmagani ta’kidlanadi.
Sudda ochiq qolgan savollar ko‘p
Oliy sudga taqdim etilayotgan shikoyatda Shodmonovga nisbatan ayblov mohiyati sifatida 2016 yil 11 may kuni SD№0247989 raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani, unda Do‘lanov qo‘riqxona hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan yashagan deb ko‘rsatilgani, bayonnomadagi imzo haqiqiy emas degan vajlar asos qilingani qayd etiladi. Shodmonovga ko‘ra, taftish (kassatsiya) instansiyasi ishni bir tomonlama ko‘rib, himoya tomon keltirgan dalillarga yetarlicha huquqiy baho bermagan.
Shikoyatda bir qator dalillar sanab o‘tilgan. Jumladan, 2015 yilda fuqarolik sudi qarorlari bilan Do‘lanovlar oilasini qo‘riqxona balansidagi 10-uydan majburiy chiqarish va noqonuniy qurilmalarni buzish belgilangani, mazkur hal qiluv qaror keyingi instansiyada ham o‘zgarishsiz qolgani aytilgan. Shuningdek, ijro ishlari qo‘zg‘atilgani va 2016 yil iyun oyida qo‘riqxona hududidagi noqonuniy qurilmalar buzilgani hamda qarzdorlar chiqarilgani haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgani keltiriladi. Bu dalolatnomada Shodmonovning ham ishtirok etgani qayd etilgani aytiladi.
Agar huquqbuzarlik holati haqiqatda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ishni faqat “imzo kimniki” masalasiga suyangan holda jinoyatga burish to‘g‘ri emas.
Shikoyatda yana bir muhim bahsli nuqta ko‘tarilgan: bayonnomadagi imzo Shodmonov tomonidan qo‘yilmagani haqida ekspert xulosasi bo‘lgani qayd etiladi, biroq imzoni kim qo‘ygani tergovda aniqlanmagan. Himoya tomonining fikricha, imzo kimniki aniqlanmagan sharoitda, barcha aybni bayonnoma tuzgan xodim zimmasiga to‘liq yuklash ham noto‘g‘ri.
Quvur masalasi isbotlanmagan
Shodmonovga qo‘yilgan ayblarda uning Do‘lanovga “temir quvur bermagani uchun” g‘araz saqlagani haqida vaj ham keltirilgan. Lekin quvurning kimga tegishliligi, qiymati, qay maqsadda ishlatilishi, haqiqatan kimning mulki ekani, nima uchun Shodmonovga kerak bo‘lgani kabi savollarga aniq javob berilmagan. Shuningdek, ish materiallarida quvur haqidagi iddaoni tasdiqlovchi mustaqil dalillar – guvoh, audio/video yozuvlar mavjud emas, asosiy manba sifatida Do‘lanovning ko‘rsatmasi inobatga olingan, xolos.
Shodmonov tomonidan Oliy sudga qilinayotgan murojaatda uning nohaq ayblanganini iddao qiluvchi yana bir qator masalalar o‘rin olgan.
Ish suddan sudga ko‘chirilgan
Shodmonovning da’vo qilishicha, ish hududiylik nuqtai nazaridan avval Jomboy tumanida ko‘rilishi kerak edi, ammo suddan sudga ko‘chirilgan. Uning aytishicha, dastlab Jomboy tumanida ish materiallari ko‘rib chiqilib, “jinoyat alomatlari yo‘q” degan mazmundagi qarash bildirilgan. Keyin ish Bulung‘ur tumaniga o‘tkazilgan, u yerda ham “jinoyat tarkibi yo‘q” degan pozitsiya aytilgan. Shundan keyin ish Samarqand shahriga ko‘chirilgan.
Shodmonovning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand shahar sudida prokuror o‘rinbosari Hayitovning bolalikdan tanish do‘sti, kursdoshi Marat Ergashev ishlardi. Sobiq inspektor aytishicha, suddan avval sudya Ergashev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unga “formangga rozi bo‘lsang, ishni yopaman” degan talab qo‘yilgan. Shodmonov esa “aybim bo‘lmasa, nega tizimdan ketishim kerak?” deb bu shartni rad etgan. Uning ta’kidlashicha, shundan keyin sudya “simpatichniy hukm chiqaraman”, degan.
Sudya bilan bo‘lib o‘tgan bu suhbatga Jomboy tumani IIBning o‘sha paytdagi o‘rinbosari ham guvoh bo‘lganini aytmoqda Shodmonov.
Oliy sudga kiritilayotgan shikoyatda himoya tomoni, shu jumladan, ish bo‘yicha dalillarni har tomonlama va xolis tekshirish talablari bajarilmagani, ayblovni isbotlash mezonlariga oid qator protsessual normalar buzilgani qayd etiladi. Shikoyatda sud qarorlarini bekor qilish va JPKning tegishli moddasiga asosan oqlov hukmi chiqarish so‘ralgan.
Shodmonov: “Adolat istayapman!”
Shodmonov prokuror o‘rinbosari kabi mansabdorlarning kamsitishi, ichki ishlar xodimlariga nisbatan past munosabati ko‘plab xodimlarni tushkunlikka tushirishi, tizimdan sovishiga xizmat qilayotganini aytadi. Uning fikricha, ichki ishlar xodimi ham, prokurorlar ham birdek xalqqa xizmat qilishi, adolat uchun ishlashi kerak.
Ayni paytda Tal’at Shodmonov Urgut tumanidagi umumta’lim maktabida ingliz tili fanidan dars bermoqda. Biroq sha’ni va adolat tiklanishi uchun huquqiy imkoniyat sifatida Oliy sudga murojaat qilishni niyat qilgan. Uning aytishicha, bu ish yuzaga chiqishidan manfaatdor bo‘lmaganlar hali ham tizimda va “kursdoshlar ssenariysi” yana takrorlanishi mumkin.
Aytish mumkinki, ichki ishlar tizimining sobiq xodimi Tal’at Shodmonov sohadan chetlatilishiga sabab bo‘lgan ishda qonundan chiqmaganini, aksincha, vazifasini bajarganini ta’kidlamoqda. Biroq ish bo‘yicha sud hujjatlari mavjud va ular qonuniy kuchga kirgan. Shu bilan birga, Oliy sudga kiritilgan shikoyatda himoya tomoni qator dalillarni sanab o‘tgan holda, quyi instansiyalar qarorlarini qayta baholashni so‘ramoqda.
Holatda hali ham javobsiz qolayotgan savollar bor: nega xizmat tekshiruvlarining dastlabki xulosalari bilan keyingisi o‘rtasida keskin farq paydo bo‘lgan? Nega ish bir necha marta suddan sudga ko‘chirilgan? Xodimning “urilib ketishiga” asos deb ko‘rsatilgan quvur masalasi qanchalik xolis o‘rganilgan? Bayonnomadagi imzo kim tomonidan qo‘yilgani nega ochiq qolgan?
Hozircha bu voqeaning bir tomoni – Shodmonov va uning himoyachisi bayon etgan nuqtai nazar hisoblanadi. Ishda nomi tilga olingan shaxslar va mutasaddi organlar munosabati e’lon qilinmagan. Tahririyat qarshi tomon fikri va munosabatini e’lon qilishga tayyor.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.