Siyosat
Nizolarni hal etishda kuch ishlatish o‘zini oqlamaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida XXR Raisi Si Szinpinning Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali mintaqaning barqaror taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rnini alohida ta’kidladi.
2023 yilda Sian shahrida o‘tgan birinchi sammitdan so‘ng “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xususan, kotibiyat tashkil etildi, vazirlar, ekspertlar uchrashuvlari va yig‘ilishlarini o‘tkazish mexanizmlari ishga tushirildi, keng ko‘lamli hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda, joriy yilda bu ko‘rsatkich 100 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
– Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning o‘zidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va “Belbog‘ va yo‘l” global konsepsiyasini ilgari surishga qat’iy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
So‘ng O‘zbekiston yetakchisi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.
Avvalo, bu galgi uchrashuv xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan bir sharoitda o‘tayotgani ta’kidlandi.
Raqobatning ortishi keskinlikning zo‘rayishiga, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga yangi xavf va tahdidlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
– Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish o‘zini oqlamaydi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident. – Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq me’yorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan – muzokaralar stolida hal etilishi shart.
Shu munosabat bilan sammit davomida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga umumiy hissa qo‘shadigan Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu shartnomani rivojlantirish maqsadida aniq mexanizm va loyihalarni kiritgan holda Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, Xitoy bilan savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirishda kuchli lokomotiv bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mintaqa mamlakatlarining o‘sib borayotgan salohiyati va Xitoyning sanoat sohasidagi yetakchiligini birlashtirish bilimlar bilan almashish va texnologiyalar transferining samarali mexanizmlariga ega bo‘lgan umumiy keng imkoniyatlar makoni paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.
Yangi iqtisodiy sheriklik dasturini tez fursatda qabul qilish hamda Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hududlararo kengashni ta’sis etish bu boradagi amaliy qadam bo‘ladi. O‘zbekiston tomoni kengashning birinchi yig‘ilishini joriy yil oxirigacha o‘tkazishga tayyorligi bildirildi.
Savdo aloqalarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti “Raqamli makon va yo‘l” doirasida “Raqamli Ipak yo‘li” ko‘p tomonlama savdo platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, reglament va standartlarni yaqinlashtirish, eksport mahsulotlarini Xitoy talablari asosida sertifikatlash uchun Toshkent shahrida Sanoatda standartlashtirish va sertifikatlashtirish mintaqaviy markazini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Biznes, yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va muhandislik markazlarini jalb qilgan holda, texnologiyalar transferi bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston yetakchisi iqtisodiy salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish uchun sanoat va infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligiga alohida to‘xtaldi. Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Xitoy” sanoat va infratuzilma makoni” uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Xitoy investitsiyalari, texnologik va ilmiy yechimlarini jalb qilgan holda, o‘zaro bog‘langan sanoat klasterlari, texnoparklar va logistika xablari tizimini yaratish shular jumlasidan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash, jumladan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini barpo etish megaloyihasini amalga oshirish masalalari ham diqqat bilan o‘rganilishi lozim.
Mintaqaviy ahamiyatga molik yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan samarali moliyaviy vositalarni joriy etish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda.
– Bugungi kunda amalda bo‘lgan xalqaro mexanizmlar, hech shubhasiz, muhim rol o‘ynamoqda, ammo mintaqaning investitsiyaga bo‘lgan talabini to‘liq qoplay olmayapti. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoni infratuzilmaviy rivojlantirishda kapital qo‘yilmalar taqchilligi bir necha yuz milliard dollar deb baholanmoqda”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu munosabat bilan infratuzilmaviy tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali platforma bo‘la oladigan “Markaziy Osiyo – Xitoy” taraqqiyot fondini ta’sis etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Markaziy Osiyo va Xitoyning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlangani Yevroosiyo makonidagi yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Transafg‘on temir yo‘l magistrali loyihasini amalga oshirish yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
– Ushbu strategik soha istiqboliga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralarimizga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil yo‘laklar bo‘yicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berishimiz zarur, deb hisoblayman, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Ushbu guruhlar ishining natijalari asosida kelgusi sammitga qadar transport yo‘laklari va zamonaviy tranzit infratuzilmasining yagona xaritasini shakllantirish bo‘yicha aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilishi kerak.
Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishining barqaror rivojlanish uchun jiddiy tahdidlariga e’tibor qaratib, 2030 yilgacha mo‘ljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilishni jadallashtirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, qurg‘oqchil va cho‘l hududlarida bioekologik barqarorlikni oshirish bo‘yicha muloqot va sheriklik uchun Ekologik alyansni tuzishga chaqirdi.
– Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida to‘xtalishni istar edim. Aynan ushbu yo‘nalishlar bugungi kunda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilab, uzoq muddatli o‘sishning drayveri bo‘lmoqda, – dedi Prezidentimiz.
Iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish maqsadida katta ma’lumotlar bazalari va protsessing markazlarining O‘zaro integratsiyalashgan banklar tarmog‘ini yaratish, shuningdek, asosiy energetika va transport yo‘nalishlari bo‘ylab “Markaziy Osiyo – Xitoy” optik tolali aloqa liniyasining raqamli trassasini barpo etish taklif qilindi.
– Xalqlarimizning bir-birining madaniyatini o‘zaro boyitish va yaqinlashishga bo‘lgan umumiy intilishi – bu bizning bebaho boyligimizdir. Bugun qabul qilinayotgan O‘zaro tashriflarni yengillashtirish bo‘yicha tashabbus va Madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi aynan shu maqsadlarga qaratilgan, – dedi Prezidentimiz.
Bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini o‘zida mujassam etgan, tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ industriya vakillarini qamrab olgan “Ipak yo‘li madaniy merosi” yagona raqamli portalini yaratish taklif qilindi.
Shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish, universitet rektorlari forumlari, fanlar akademiyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlarining uchrashuvlarini o‘tkazish orqali umumiy ilmiy-ta’lim platformasini shakllantirish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimiz terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda maxsus xizmatlar va xavfsizlik kengashlari orqali ko‘p tomonlama axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.
– Biz uchun nafaqat qo‘shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo‘lgan Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan hamkorligida to‘plangan boy tajribani qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti ushbu mamlakatning tiklanishiga ko‘maklashish va uni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruhni ta’sis etishni taklif qildi.
Guruh uchrashuvini Termiz shahrida Afg‘oniston vakillari ishtirokida o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ochiq muloqot, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish so‘ngida davlat rahbarlari Ostona deklaratsiyasi va Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Shuningdek, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.
Sammit yakunida kambag‘allikka qarshi, cho‘llanishga qarshi kurashish, ta’lim sohasidagi hamkorlik markazlari hamda to‘siqsiz savdo bo‘yicha hamkorlik platformasini ishga tushirish marosimi bo‘ldi.
Siyosat
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida nutq so‘zladi.
Forumda Sherzod Asadov zamonaviy jurnalistika oldida turgan tahdidlar, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
«Bugun axborot chegara bilmaydi. Bir voqea haqidagi xabar sanoqli soniyalarda millionlab odamlarga yetib boradi. Biroq axborot bilan birga yolg‘on, manipulyasiya, feyk xabarlar va axborot xurujlari ham tez tarqalmoqda. Shuning uchun bugun jurnalistika oldidagi eng muhim vazifalardan biri — ishonchli axborotni ta’minlashdir», — dedi u.
Sherzod Asadov sun’iy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytiradi.
«Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari o‘zgarmasligi kerak», — dedi Prezident matbuot kotibi.
U, shuningdek, zamonaviy jurnalistikaning bugungi global muammolardan biri sifatida haqiqiy so‘z erkinligi inqirozi masalasini ko‘tardi. Ayrim hollarda so‘z erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga putur yetkazayotganini qayd etdi.
Sh.Asadovga ko‘ra, milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas. Aksincha, bu — faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot o‘rnatishdir.
Prezident matbuot kotibi jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligini ham ta’kidladi. Jurnalist odamlarning dardu tashvishini eshitadi, muammolarini ko‘taradi va jamoatchilik ovozining davlat idoralariga yetib borishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskan xalqimizning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini jahonga tanitishga xizmat qiladi.
Uning ta’kidlashicha, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi butun bashariyatning bebaho boyligidir. Xorazmiy nomi bugun «algoritm» atamasida yashab kelayotgani ham ajdodlarimiz merosi zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Sh.Asadov milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Siyosat
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
Давлатимиз раҳбари Шавкат Мирзиёев ва Озарбайжон Президенти Илҳом Алиев рафиқалари ҳамроҳлигида Бухоронинг жаҳонга машҳур тарихий обидалари – Сомонийлар мақбараси, Арк қўрғони, Пойи Калон ва Лаби Ҳовуз мажмуалари, Кўкалдош мадрасасини зиёрат қилдилар.
Олий мартабали меҳмонларга ушбу ноёб обидаларнинг тарихи, меъморий хусусиятлари ҳамда Шарқда илм-фан, маданият ва шаҳарсозлик ривожидаги аҳамияти ҳақида батафсил маълумот берилди.
Ташриф Исмоил Сомоний томонидан барпо этилган Сомонийлар мақбарасидан бошланди. Ушбу обида 1993 йилда ЮНЕСКОнинг Умумжаҳон мероси рўйхатига киритилган.
Шундан сўнг етакчилар кўп асрлар давомида Бухоронинг сиёсий ва маъмурий маркази бўлиб келган қадимий Арк қалъасига ташриф буюрдилар. Археологик ва тарихий маълумотларга кўра, қалъа узоқ давр мобайнида шаклланиб келган ва яқин ўтмишдан бошлаб Бухоро ҳукмдорларининг қароргоҳи вазифасини бажарган. Бугунги кунда Арк шаҳарнинг энг машҳур обидаларидан бири ва Бухоро тарихий марказининг муҳим қисми ҳисобланади.
Пойи Калон мажмуаси – Марказий Осиёнинг энг салобатли меъморий мажмуаларидан бири. 1127 йилда бунёд этилган машҳур Калон минораси мажмуанинг энг эътиборли иншооти бўлиб, асрлар давомида нафақат Бухоро меъморчилиги намунаси, балки шаҳарнинг ҳақиқий “ташриф қоғози” бўлиб хизмат қилиб келмоқда.
Ансамбл таркибига XVI аср бошларига оид Калон масжиди ва Мир Араб мадрасаси ҳам киради. Ушбу мажмуа ҳақли равишда Шайбонийлар давридаги тарихий Бухоронинг дурдоналаридан бири ҳисобланади.
Олий мартабали меҳмонларда Лаби Ҳовуз мажмуаси ҳам катта таассурот қолдирди. У қадимий ҳовуз атрофида қурилган ва эски Бухородаги энг машҳур жамоат масканларидан бири ҳисобланади.
Бу ерда Кўкалдош мадрасаси, Нодир Девонбеги мадрасаси ва хонақоҳи жойлашган. Шаҳарнинг ушбу гўшаси асрлар давомида аҳоли, сайёҳлар ва илм аҳлини ўзига жалб қилувчи маскан бўлиб келган ҳамда ўрта асрлардаги Бухоронинг бетакрор муҳитини бугунги кунгача сақлаб қолган.
Ташриф давомида халқ ҳунармандчилиги намуналари ҳамда тарихий обидаларга туширилган бадиий безакларнинг хусусиятлари ҳам намойиш этилди.
Озарбайжонлик меҳмонларга Бухоронинг Буюк Ипак йўлидаги ислом цивилизациясининг энг йирик илм-фан, таълим ва савдо марказларидан бири сифатидаги кўп асрлик тарихи ҳақида сўзлаб берилди.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida amerikalik qonun chiqaruvchilar O‘zbekiston Prezidenti va xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy qutladilar.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy sur’at kuzatilayotgani, siyosiy muloqot yuqori darajada ekani, aloqalar va o‘zaro tashriflar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat yetakchilari yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida strategik sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshdi. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalarni boshlash va amalga oshirishni nazarda tutuvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni ilgari surishda AQSh Kongressining muhim o‘rni qayd etildi.
Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. AQSh delegatsiyasi a’zolari vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ishbilarmonlik missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Siyosat
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
Кўксарой қароргоҳида мамлакатимизга давлат ташрифи билан келган Озарбайжон Республикаси Президенти Илҳом Алиевни тантанали кутиб олиш маросими бўлди.
Икки давлат байроқлари билан безатилган майдонда Озарбайжон Президенти шарафига фахрий қоровул саф тортди.
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев олий мартабали меҳмонни самимий кутиб олиб, шоҳсупага таклиф қилди. Ўзбекистон ва Озарбайжон давлат мадҳиялари янгради.
Етакчилар фахрий қоровул сафи олдидан ўтиб, расмий делегациялар аъзоларини қутладилар.
Биргаликда суратга тушилгандан сўнг олий даражадаги музокаралар бошланди.
Кўксарой қароргоҳида Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев ва Озарбайжон Республикаси Президенти Илҳом Алиев тор доирада учрашув ҳамда Олий давлатлараро кенгашнинг учинчи йиғилишини ўтказдилар.
Музокараларда Ўзбекистон – Озарбайжон стратегик шериклик ва иттифоқчилик муносабатларини янада ривожлантириш масалалари кўриб чиқилди.
Давлатимиз раҳбари Озарбайжон Республикаси Президентининг бу галги давлат ташрифи тарихий воқеа эканини алоҳида таъкидлади.
– Саммит якунида Абадий дўстлик тўғрисидаги шартноманинг имзоланиши бунинг тасдиғи бўлади. Энг муҳими, стратегик шериклик ва иттифоқчилигимизнинг ҳар бир банди аниқ натижалар ва амалий ҳаракатларда ўз ифодасини топади, – деди Шавкат Мирзиёев.
Етакчилар икки томонлама алоқалар жадал ривожланиб бораётганини қайд этдилар. Парламентлар, ҳукуматлар ва тармоқлар ўртасида мунтазам мулоқот йўлга қўйилган.
Ташрифга тайёргарлик доирасида Ҳукуматлараро комиссия, Ишбилармонлар кенгаши йиғилишлари ва Ҳудудлар форуми муваффақиятли ўтказилди.
Сўнгги беш йилда ўзаро товар айирбошлаш ҳажми 3 баробарга ортди. Энергетика, кимё, кончилик, тўқимачилик, қишлоқ хўжалиги, шаҳарсозлик ва бошқа йўналишларда кооперация лойиҳалари амалга оширилмоқда.
Товар айирбошлаш ҳажмини 1 миллиард долларга етказиш имкониятлари мавжудлиги қайд этилди. Аниқ чора-тадбирларни ўз ичига олган дастур қабул қилинаётгани мазкур муҳим маррага эришиш учун мустаҳкам замин яратади.
Йиғилиш доирасида янги кооперация лойиҳаларини бажаришга старт берилади. Бундай ташаббусларни қўллаб-қувватлаш мақсадида Қўшма инвестиция компанияси маблағларини фаол жалб этиш муҳимлиги таъкидланди.
Икки мамлакат ўртасидаги ўзаро боғлиқликни кучайтириш, Ўрта йўлакни биргаликда ривожлантириш зарурлиги кўрсатиб ўтилди.
Етакчилар маданият, таълим, ёшлар сиёсати ва спорт соҳаларидаги фаол алмашинувларни давом эттиришга келишиб олдилар.
Бугун Низомий Ганжавий номидаги Миллий педагогика университетининг янги биноси очилади ҳамда Янги Тошкентда “Озарбайжон” боғини барпо этиш ишлари бошланади.
Икки халқни янада яқинлаштириш мақсадида “Низомий Ганжавий ва Алишер Навоий ўртасидаги адабий кўприк” мавзусида қўшма кинофильм яратиш таклиф этилди.
Жорий йилнинг кузида Озарбайжонда етакчи олий таълим муассасалари ректорларининг иккинчи форуми бўлиб ўтади.
2027 йилда мамлакатларимизда муҳим спорт воқеаси – футбол бўйича ёшлар ўртасидаги жаҳон чемпионати бўлиб ўтади. Бу борада қўшма спорт, маданият ва ёшларга оид тадбирларни ўтказишни назарда тутувчи кенг кўламли “Икки мамлакат – бир чемпионат” дастури ишлаб чиқилади.
Давлат раҳбарлари халқаро ва минтақавий кун тартибидаги долзарб масалалар юзасидан ҳам фикр алмашдилар.
Йиғилишда Ҳукуматлараро комиссия ҳамраисларининг ахборотлари тингланди.
Эришилган келишувларни ўз вақтида ва сифатли амалга оширишга қаратилган “йўл харитаси”ни қабул қилишга қарор қилинди.
Якунда банк-молия, қурилиш материаллари, таълим, нефть-газ, туризм, уй-жой қурилиши, тоғ-кон саноати ва қишлоқ хўжалиги соҳаларидаги қўшма лойиҳаларни амалга оширишга старт берилди
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.
– Siz ulug‘ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Ilhom Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali munosabatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning o‘rni beqiyos.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti yuksak e’tirof uchun mamlakatimiz yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
– Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Ta’kidlash joizki,«Haydar Aliyev» ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa ko‘plab davlat arboblari sazovor bo‘lgan.
-
Siyosat5 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
