Iqtisodiyot
Nega hamma davlatning qarzi bor? O‘zbekistonning qarzi ko‘pmi-kammi?
Tabiiy boyliklari yoki siyosiy tuzumidan qat’i nazar, deyarli hamma davlatlarning qarzi bor. Masalan, AQShning davlat qarzi – 39 trillion dollar. Xitoy eng katta qarz beruvchilardan biri bo‘lsa ham, o‘zining 19 trln dollar qarzi bor. Yaponiyaning qarzlari mamlakat iqtisodiyotidan 2,3 karra ko‘p… Xullas, Shveytsariya ham, BAA ham, Tanzaniya ham – hamma-hammasi kimdandir qarzdor.
Xo‘sh, nega mamlakatlar bunchalik qarzga botib qoldi? Bu qanchalik xavfli? Nima uchun AQSh birovdan pul olmay, shunchaki ko‘proq dollar bosib chiqarish orqali muammoni hal qilib qo‘ya qolmaydi? O‘zbekistonning qarzi qancha – 46 mlrd dollarmi yoki 82 mlrd dollar? Balki yalpi qarzimiz 89 mlrd dollarga yaqinlashib qolgandir? Biror mamlakat hech kimdan qarz olmay yashashi mumkinmi?
Kun.uz “Sodda iqtisodiyot” ruknida shu savollarga oddiy tilda javob beradi.
Nega davlatlar qarz oladi?
Odamlar pul kerak bo‘lganda biror tanishidan yoki bankdan qarz olib turgani kabi, davlatlar ham boshqa davlatlardan yoki xususiy qo‘llardan qarz oladi. Mablag‘ yetishmovchiligiga duch kelgan hukumat tanlov oldida qoladi: xarajatlarni qisqartirib, soliqlarni oshirish yoki moliya bozoridan qarz ko‘tarish.
Tarixiy va iqtisodiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, soliqlarni oshirish – o‘ta nomaqbul va ko‘pincha siyosiy jihatdan xavfli chora bo‘lib, bu aholi daromadlarini kamaytiradi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkin. Xarajatlarni qisqartirish ham muammoli masala, chunki bu – sog‘liqni saqlash, ta’lim yoki infratuzilma loyihalarini kesishni anglatadi. Shu sababli, qarz olish – ko‘pincha budjet siyosatining eng samarali vositasi sifatida ko‘riladi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘rta asrlarda qirollarga yangi qal’alar kerak edi, imperiyalarga esa – harbiy flot va zamonaviy qurollar. Ammo katta xarajatlarni bitta-ikkita qarz beruvchi orqali moliyalashtirib bo‘lmasdi. 17-asr oxirida Angliya moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qoladi: qirol Uilyam III Fransiya bilan urush olib borar, xazina esa bo‘shab qolgandi. Eski usul, ya’ni odatdagidek bir nechta boy kreditorlarga tayanish yetarli bo‘lmay qoladi. Shunda tarixiy burilish yuz berdi: davlat qarzi kichik ulushlarga bo‘linib, keng ommaga taklif qilindi.
Bunda odamlar hukumatga pul beradi, hukumat esa bu pulni foiz bilan qaytarish majburiyatini oladi. Shu tariqa, zamonaviy davlat obligatsiyalari bozori shakllana boshlaydi. Davlatlar soliqlarni oshirmasdan turib ham katta mablag‘ to‘play boshlaydi.
20-asrda yuz bergan ikkita jahon urushi – obligatsiyalar bozorini global miqyosida kengaytirib yubordi. Harbiy xarajatlar oshib ketgach, davlatlar misli ko‘rilmagan miqdorda qarz olishga o‘tdi. Urush tugagach ham bu jarayon to‘xtamadi, chunki endi vayron bo‘lgan mamlakatlarni qayta qurish va tiklash uchun pul kerak edi.
Eng yangi tarixga qarasak, 2008 yildagi moliyaviy inqiroz va 2020 yilgi pandemiya – davlatlar bo‘ynidagi qarz majburiyatlari keskin oshishiga olib keldi va bu tendensiya ayni paytda ham davom etyapti. Masalan, oxirgi bir yil ichida AQShning umumiy yalpi qarzi 2,77 trillion dollarga ko‘paydi. Bu oshish – kuniga 7,6 milliard dollar, soatiga 315 million dollar, daqiqasiga 5,2 million dollar, soniyasiga esa 87 ming dollarga teng.
Pul bosib chiqarish
Shu yerda savol paydo bo‘ladi: davlatlar shunchaki ko‘proq pul chop etishlari mumkin bo‘lganda, nima uchun qarz olishlari kerak?
Agar hukumat o‘z xarajatlarini moliyalashtirish yoki qarzlarini to‘lash uchun pul bosib chiqarishni boshlasa, bu hech qanday yangi tovar yoki xizmatlarni yaratmasdan turib, iqtisodiyotdagi pul massasini oshiradi. Pulning miqdoriy nazariyasiga ko‘ra, agar ishlab chiqarish hajmi o‘zgarishsiz qolsa va pul miqdori ikki barobar oshsa, tovarlar narxi ham ikki barobar qimmatlashadi, bu esa 100 foizlik inflatsiya demakdir. To‘satdan hech narsa bilan ta’minlanmagan juda katta miqdordagi pulning paydo bo‘lishi – valutaning xarid qobiliyati tezda pasayishiga olib keladi. Agar inflatsiya nazoratdan chiqib ketsa, u moliyaviy tizimni vayron qiladigan giperinflatsiyaga aylanadi.
Zimbabve – bunga eng yorqin misol. 2008 yilda mamlakat hukumati o‘z xarajatlarini pul bosib chiqaradigan uskunaning tinimsiz ishlashi hisobiga moliyalashtirishga qaror qildi. Natijada bir yil ichida narxlar aql bovar qilmaydigan darajada – 231 million foizga o‘sadi. Natijada banknotalar chop etiladigan qog‘oz – pulning o‘zidan qimmatroq bo‘lib qoladi va odamlar oddiy oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun ham naqd pulini sumkalar va aravachalarda tashishga majbur bo‘lishadi. Oxir-oqibat, milliy valutaga ishonch yemirildi va odamlar mahsulot xaridida barter qilish yoki AQSh dollaridan foydalanishga o‘tdi.
Shunga o‘xshash ssenariy 2016 yildan keyin Venesuelada ham yuz berdi. Bu yerda hukumat oziq-ovqat va dori-darmon narxlarini qonuniy ravishda muzlatish orqali aholini giperinflatsiyadan himoya qilishga urindi, biroq bu faqat ommaviy taqchillik va do‘konlardagi rastalarning bo‘shab qolishiga olib keldi.
Davlatlar kimdan qarz oladi?
Qiziq, boy davlatlarning o‘zi trillionlab dollar qarzga botib yotgan bo‘lsa, moliya bozorida kimdan qarz olish mumkin o‘zi?
Davlat qarzi ikkita asosiy toifaga bo‘linadi: ichki va tashqi. Ichki qarz – bu hukumatning o‘z fuqarolaridan yoki ichki manbalardan oladigan pullari. Masalan, foyda olish maqsadida oddiy amerikaliklar, xususiy banklar, sug‘urta kompaniyalari va investitsiya fondlari AQSh hukumatining g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib oladi va hukumatga pul beradi. Xuddi shunday, O‘zbekiston hukumati ham ichki bozorda doimiy ravishda obligatsiyalar chiqarib, mahalliy moliya bozoridan qarz olib keladi. 2026 yilning 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning ana shunday ichki qarzi – 7 mlrd dollar ekvivalentiga teng.
Bundan tashqari, davlatlar xorijiy investorlar, banklar va moliya tashkilotlaridan ham pul oladi. Masalan, Yaponiya va Xitoy – AQSh obligatsiyalarining eng yirik egalari hisoblanadi. Maqsad – ortiqcha pullarni xavfsiz saqlash. Ya’ni AQShga o‘xshagan yuqori daromadga ega rivojlangan davlatlar obligatsiya chiqarish orqali butun dunyodan osongina qarz olishi mumkin. Bu qimmatli qog‘ozlar muddati tugagunga qadar ikkilamchi moliya bozorlarida faol muomalada bo‘ladi.
Agar mamlakat iqtisodiyoti yetarli darajada barqaror bo‘lmasa, aksariyat xorijiy hukumatlar uning obligatsiyalarini sotib olmaydi, chunki zaifroq iqtisodiyotlar qarzni to‘lay olishiga kafolat yo‘q. Bunday sharoitda kambag‘alroq davlatlar yo‘llar, maktablar, energiya loyihalari va boshqa infratuzilma ishlari uchun Jahon banki yoki Osiyo taraqqiyot banki kabi tashkilotlardan mablag‘ olib turadi. Ular past foizli kredit beradi, lekin ancha qat’iy shartlar ham yuklashadi. Agar biror mamlakat iqtisodiy tanazzul yoqasiga kelib qolsa va hech kim qarz bermay qo‘ysa, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)dan mablag‘ olishga majbur bo‘ladi. XVJ loyihalarni moliyalashtirmaydi, balki moliyaviy qulashning oldini olish uchun favqulodda kreditlar beradi. XVJ kreditlari pastroq foiz bilan beriladi, lekin buning sharti bor: hukumat tub islohotlar o‘tkazishi kerak.
O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, davlatimiz zimmasidagi tashqi qarz 39,8 mlrd dollarni tashkil etyapti. Shundan 8,9 mlrd dollar yoki umumiy qarzning 22 foizi – Jahon bankidan, 8,3 mlrd dollari esa (umumiy qarzning 21 foizi) Osiyo taraqqiyot bankidan olingan.
Davlatlar kesimida oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning eng katta kreditorlari – Xitoy va Yaponiya. Bu ikki mamlakat moliya tashkilotlarining O‘zbekiston davlat tashqi qarzidagi ulushi mos ravishda 10 va 8 foizni tashkil etadi.
Qarz olish yomonmi?
Odatda qarzdorlik so‘zi jamiyatda qo‘rquv uyg‘otadi. Ammo davlatlar haqida gap ketganda, qarz olish har doim ham yomon bo‘lmasligi mumkin. Shu jihatdan uni shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin: yaxshi va yomon qarz.
Tasavvur qiling, siz qarzga pul olib, yangi kasb o‘rgandingiz yoki biznes boshladingiz. Topayotgan daromadingiz har oy qarzingizning bir qismini to‘lashga ham, o‘zingiz uchun jamg‘arib borishga ham yetyapti. Bu – yaxshi qarz. Davlatlar ham shunday qiladi: qarz olib yangi yo‘llar, ko‘priklar, elektr inshootlari, maktablar, kasalxonalar va umuman, infratuzilma quradi. Bu sarmoyalar kelajakda iqtisodiyotni kuchaytiradi va mamlakatning umumiy daromadlari oshishiga ta’sir qila boshlaydi. Ya’ni yaxshi qarz – infratuzilma va inson kapitaliga kiritilgan mablag‘lardir.
Agar davlat qarzni faqat joriy xarajatlar uchun yoki istiqbolsiz va puxta o‘ylanmagan, narxi sun’iy qimmatlashtirilgan loyihalar uchun olaversa, vaqt o‘tib muammolar yuzaga kela boshlaydi. Endi eskisini qaytarish uchungina kredit olina boshlaydi va bora-bora davlat qarz tuzog‘iga tushib qoladi. Keyin birlamchi xarajatlar: ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’limdan pulni tejab, kreditlarni yopishga yo‘naltirish boshlanadi. Investorlar ishonchi yo‘qoladi, ular mamlakat o‘z qarzini qaytara olishiga shubhalanadi va bu davlatning kredit reytingi pasayib ketadi. Ha, xuddi odamlarning bankdagi kredit balli kabi, mamlakatlar ham kredit reytinglariga ega. Yomon reyting qarz olishni qiyinlashtiradi, natijada investorlar qarz berishni to‘xtatadi yoki risk balandligi sabab, yuqori foiz stavkalarini talab qila boshlaydi.
Shu tariqa, olingan qarz o‘zini oqlashi uchun iqtisodiyot yuzaga kelgan majburiyatlardan kattaroq hajmda o‘sishi shart.
O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, davlat tashqi qarzining teng yarmi, ya’ni 50 foizi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Qolgan qismi yoqilg‘i-energetika sohasi, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma va ijtimoiy sohalarga sarflangan.
Makroiqtisodiy nazariya va Xalqaro valuta jamg‘armasi amaliyotida tashqi qarzning umumiy hajmidan ko‘ra, uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi muhim hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich davlatning qarzni uzish uchun yetarli iqtisodiy hajmni yaratish qobiliyatini aks ettiradi. Ko‘pgina mamlakatlar qarz olish bo‘yicha maksimal chegara qo‘ygan. Xususan, O‘zbekiston qonunchiligida davlat qarzining YaIMga nisbati 60 foizdan oshmasligi belgilangan.
O‘zbekistonning qarzi qancha?
Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat tashqi qarzi va korporativ tashqi qarz. 2026 yil 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 39,8 mlrd dollar. Lekin turli kompaniyalar tomonidan davlat kafolatisiz olingan tashqi qarzlar rasman bu hisobga kirmaydi.
O‘zbekiston kontekstida muhim jihat shundaki, bunday “xususiy” qarzlarning katta qismi – davlatga tegishli tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shartli ravishda oladigan bo‘lsak, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temiryo‘llari” yoki “O‘zbekneftgaz” kabi yirik davlat kompaniyalari davlat kafolatisiz, o‘z nomidan tashqi qarz olsa, bu xususiy qarz hisoblanadi. Lekin bu qarz davlat kompaniyasi tomonidan olinayotgani sababli uni “yarim davlat” yoki “kvazi-davlat” qarzi sifatida ham tasniflash mumkin, chunki qarz oluvchi – davlatga tegishli yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan tashkilot. Bu qarz hisobotlarda davlat qarziga kirmaydi, lekin mamlakatning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin, ayniqsa, davlat korxonasi olgan qarzini qoplashda qiyinchilikka duch kelgan paytda qarz yuki baribir davlat budjetiga tushishi mumkin.
Xalqaro ekspertlar ham kafolatlanmagan korporativ qarzlarni qaytarish O‘zbekiston hukumatining zimmasiga tushib qolishi xavfini qayd etib keladi. Qisqa qilib aytganda, korporativ qarz tarkibida niqoblangan davlat qarzining ulushi juda ham yuqori.
Oxirgi ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil davomida O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi 18 mlrd dollarga oshib, yil yakunida 82 mlrd dollarga yetgan. Umuman olganda, yalpi tashqi qarz shiddatli ravishda oshib boryapti va oxirgi 5 yilda 2 barobardan ko‘proqqa ko‘paydi.
2026 yilning 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzlari jon boshiga hisoblaganda har bir o‘zbekistonlikka 1225 dollardan, umumiy tashqi qarz esa 2149 dollardan to‘g‘ri keladi.
Tashqi qarz xavotirli darajadami?
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonning davlat qarzi bilan bog‘liq muammolarga uchrash xavfi pastligini qayd etib keladi. Hukumat vakillari ham tashqi qarz hajmi mamlakat iqtisodiyoti va aholi soniga nisbatan katta emasligini bir necha bor ta’kidlagan. Ayrimlar Yaponiya, Xitoy, Amerika kabi mamlakatlarga qaranglar, shuncha katta qarz bilan ham bemalol yashab yuribdi-ku, degan iddaolarni keltirishadi. Ammo bu yerda ushbu mamlakatlar bilan jiddiy farqlar bor. Qarz miqdorining oshib borayotgani quyidagi omillar sabab ehtimoliy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Birinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyoti yetarli darajada diversifikatsiyalanmagan. Mamlakat eksporti ko‘proq tabiiy resurslar (oltin, uran, mis) va ma’lum bir sohalarga bog‘liq. Pul o‘tkazmalarining YaIM o‘sishidagi ulushi katta. Bu turdagi iqtisodiyot tashqi bozor shoklariga anchayin sezgir bo‘ladi.
Ha, AQSh yoki Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning ham katta miqdorda tashqi qarzi bor. Ammo yuqoridagi mamlakatlar juda katta ishlab chiqarish va eksport potensialiga ega. Ya’ni ularning iqtisodiyoti to‘liq diversifikatsiyalangan. Ulardan farqli o‘laroq, oltin yoki mis narxining tushib ketishi, rubl kursining tebranishi natijasida pul o‘tkazmalarining qisqarib ketishi O‘zbekiston uchun jiddiy risklarni yaratadi.
Ikkinchidan, milliy valutaning qadrsizlanishi bilan bog‘liq xavflar mavjud. 2026 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, davlat tashqi qarz portfeli valuta tarkibining 64 foizi AQSh dollari, 12 foizi o‘zbek so‘mi, 9 foizi yevro, 6 foizi yapon iyenasi, 4 foizi SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 3 foizi yuan, qolgan qismi boshqa valutalardagi tashqi qarzlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu jihatdan valuta kursining keskin o‘zgarishi va o‘zbek so‘mining ehtimoliy qadrsizlanishi xizmat ko‘rsatish xarajatlari va miqdoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari uchun mablag‘ milliy valutada shakllanishini inobatga olish lozim.
Uchinchidan, qarz uchun xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib boryapti. Masalan, 2025 yilda davlat qarzi bo‘yicha foiz xarajatlari 18,1 trln so‘mga yetgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 14,5 trln so‘m, 2023 yilda esa 8,2 trln so‘m bo‘lgan. Ya’ni 2 yilda 2,2 barobarlik o‘sish kuzatilgan. Bunda 18,1 trln so‘m faqat foiz to‘lovlari bo‘lib, asosiy qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini o‘z ichiga olmaydi. To‘lovlarning oshib borishi yangi qarz olish va oldin olingan qarzni qaytarish miqdorlarining tenglashib qolishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda eski qarz yangi qarz bilan yopila boshlaydi.
Qarzsiz yashash mumkinmi?
Nazariy jihatdan hech kimdan qarz olmay ham yashash mumkin. Masalan, Makao, Lixtenshteyn, Bruney va ayrim arab davlatlarining qarzi deyarli nolga teng. Bu mamlakatlarning aksariyatiga xos xususiyat – ular hajman kichik, aholisi ham anchagina kam. Bu davlatlarda xarajatiga nisbatan nomuvofiq tarzda ko‘p daromad manbayi ham bor.
Masalan, Fors ko‘rfazidagi arab mamlakatlari va Bruney – neft va gazning ulkan zaxiralariga ega bo‘lib, nisbatan kichik aholi bilan juda katta miqdorda ortiqcha daromad ko‘radi.
Makao esa ulkan kazinolar industriyasini soliqqa tortishdan o‘nlab milliard dollar pul topadi. Lixtenshteynga kelsak, bu mitti davlat jahonning muhim moliya markazlaridan biri hisoblanadi, aholisi esa atigi bir necha yuz ming kishi. Tabiiyki, ulkan infratuzilma, mudofaa va ijtimoiy xarajatlar ham katta emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, doimiy budjet profitsiti – noyob hodisa va u boshqa davlatlarda takrorlab bo‘lmaydigan geografik yoki iqtisodiy sharoitlar tufayligina bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiyot
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 75,2 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilgan — 13,9 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 10,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 10,1 trln so‘m bilan joylashgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining har birida 5,6 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,7 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,6 trln so‘m, Namanganda 4,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ko‘rsatkich bir xil — 3,2 trln so‘mdan. Xorazm viloyatida 2,4 trln so‘m, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarining har birida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jizzax viloyatida esa yirik korxonalar tomonidan 2,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
Prezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ bayram bilan tabrikladi.
Ortda qolgan o‘n yilda O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yuz berdi. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini yaratish, chekka tuman va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi. Ta’lim, tibbiyot va madaniyat sohalariga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi.
– So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi, – dedi Prezidentimiz.
Bu davrda iqtisodiyotimiz hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi, qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Bugun yurtimizda dunyoning yetakchi kompaniyalari, yirik investorlari va xalqaro moliya institutlari ishtirokida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar ko‘payishi bilan sanoatimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarmoqda.
– Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ish boshladi, 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.
Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi. Ularning ochilishi Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.
Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 ming 573 megavattli elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.
Mazkur loyihalar orasida mamlakatimizning eksport salohiyatini sezilarli oshiradigan quvvatlar ham bor. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari millionlab dollarlik eksportni ta’minlaydi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etilgan yangi metallurgiya korxonalari ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz bugungi loyihalarni faqat investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmasligini ta’kidladi. Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.
Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidandir. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Oliy ta’lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. 1-oktyabrdan Sun’iy intellekt instituti ish boshlaydi.
Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.
Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.
Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Davlatimiz rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholadi.
– Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, – dedi Prezidentimiz.
Ushbu loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosdi va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 19 trln so‘mlik kiyimlar ishlab chiqarilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 7,1 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Toshkent viloyati natijasidan 3 barobardan ko‘proq yuqori.
Toshkent viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 2,1 trln so‘m, Namanganda 1,8 trln so‘m, Toshkent shahrida esa 1,7 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ham 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Samarqand viloyatida yirik korxonalar 1 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqargan. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 897,9 mlrd so‘m, Buxoroda 659,8 mlrd so‘m, Xorazmda 620,1 mlrd so‘m bo‘lgan.
Navoiy viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 578 mlrd so‘m, Sirdaryoda 324,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 307,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bulardan tashqari, Surxondaryoda 227,1 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida esa 203 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Source link
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
