Jamiyat
Navoiyda mehmonxona oshxonasi yonib ketdi
Navoiy shahrida joylashgan mehmonxonalardan birining oshxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in qisqa vaqt ichida o‘chirildi, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi.
Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 5 iyun kuni soat 21:24 da Navoiy shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan mehmonxona oshxonasida yuz bergan.
Xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga viloyat FVBning 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Qutqaruvchilar yong‘inni tezkorlik bilan bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan.
Yong‘in oqibatida mehmonxona oshxonasining 35 kvadrat metr maydoni zararlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar yo‘q.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda.
Jamiyat
Eng iliq may va kuchli jalalar: O‘zbekistonda bahor qanday o‘tdi?
2026 yil bahor fasli O‘zbekistonda iliq va seryog‘in ob-havo bilan yodda qoldi. May oyi esa mamlakat meteorologik kuzatuvlari tarixidagi eng iliq may sifatida qayd etildi. Ayrim hududlarda 50 yilda birinchi marta shunchalik kuchli yog‘ingarchilik kuzatilib, sel va suv toshqinlari sodir bo‘ldi.
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bahor faslining so‘nggi oyi bo‘lgan may davomida respublika bo‘ylab asosan iliq ob-havo hukm surdi. Ko‘pchilik kunlarda havo harorati 27–32 daraja atrofida bo‘ldi. Eng issiq kunlarda harorat 34–37 darajagacha ko‘tarilgan bo‘lsa, oy oxirida ayrim hududlarda 39 daraja qayd etildi. Respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarida havo harorati 40–41 darajagacha, Termiz atrofida esa 42 darajagacha yetdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2026 yil may oyi 2025 yil mayiga nisbatan ancha yumshoq kechgan. U respublikaning aksariyat hududlari bo‘yicha eng iliq may oylari uchligiga kirib, O‘zbekistondagi kuzatuvlar tarixidagi eng iliq may sifatida qayd etildi.
May oyi nafaqat issiqligi, balki yog‘ingarchilik miqdori bilan ham ajralib turdi. O‘tgan yilgi ekstremal quruq maydan farqli o‘laroq, bu yil hududning katta qismida yog‘ingarchilik me’yordan yuqori bo‘ldi. Kuchli jalalar deyarli barcha hududlarda momaqaldiroq bilan kuzatilib, ayrim joylarda do‘l ham yog‘di.
Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarining ayrim hududlarida bir kecha-kunduzda yoqqan yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorning 100–150 foiziga teng bo‘ldi. Nukusda esa bir kecha-kunduzda 40 millimetr yog‘in yog‘ib, bu oylik me’yorning 348 foizini tashkil qildi.
Ayrim hududlarda may oyidagi bunday kuchli yomg‘irlar so‘nggi 50 yil ichida birinchi marta kuzatildi. Angren, G‘uzor va Nukus meteostansiyalarida esa may oyida bir kecha-kunduzda yoqqan yog‘ingarchilik bo‘yicha tarixiy rekordlar yangilandi.
Kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida bir necha bor sel va suv toshqinlari qayd etildi.
Umuman olganda, 2026 yil bahori respublika bo‘yicha iliq keldi. O‘rtacha mavsumiy harorat ko‘p yillik me’yordan 1–2 darajaga yuqori bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda esa bu ko‘rsatkich 2–2,5 darajagacha oshdi. Bahor fasli yog‘ingarchilik bilan ham ta’minlangan bo‘lib, aksariyat hududlarda yog‘in miqdori me’yor atrofida yoki undan yuqori kuzatildi.
Jamiyat
Toshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent shahrida qimmatbaho uyni sotish bahonasida xaridordan 363 ming AQSh dollari olib, keyinchalik ushbu uyni boshqa shaxsga sotib yuborganlikda gumonlanayotgan ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sun’iy intellekt chizgan surat
Ma’lum qilinishicha, aka-uka o‘zlariga tegishli uyni sotuvga qo‘ygan. Uyga xaridor sifatida Uchtepa tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro qiziqish bildirgan.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng dastlab bir million AQSh dollariga baholangan uyni 900 ming AQSh dollariga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xaridor sotuvchilarning fikridan qaytib qolishidan xavotirlanib, oldindan 363 ming AQSh dollari bergan va qolgan mablag‘ni uy rasmiylashtirilgandan keyin to‘lashini bildirgan.
Biroq oradan vaqt o‘tib, uy sotuvchilari va’dalarini bajarmagan. Natijada xaridor o‘zini aldangan deb hisoblab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan 1986 yilda tug‘ilgan hamda 1987 yilda tug‘ilgan aka-ukaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov davomida gumonlanuvchilar xaridordan oldindan katta miqdorda pul olganiga qaramay, mazkur uyni boshqa shaxsga sotib yuborgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Serbiyada og‘ir vaziyatda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Serbiyada ish beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilmagani oqibatida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi T.Z. mamlakatning Vengriyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qilib, Serbiyadan O‘zbekistonga qaytish uchun amaliy yordam so‘ragan.
Uning bildirishicha, yuzaga kelgan muammo Serbiyadagi ish beruvchi tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar to‘liq bajarilmagani, jumladan, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilinmagani bilan bog‘liq bo‘lgan. Natijada hamyurtimiz og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan va mustaqil ravishda yurtiga qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Vaziyatni inobatga olgan holda, elchixona tomonidan O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan tezkor hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Olib borilgan ishlar natijasida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan arizachi uchun bepul aviachipta rasmiylashtirildi.
Shundan so‘ng fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Mutasaddilar xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga qiyin vaziyatlarda diplomatik vakolatxonalar va tegishli idoralarga murojaat qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar tibbiy xizmatlarga 7 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi qariyb 7,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 15,1 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarning 16,8 foizi tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, shifoxona muassasalari xizmatlari umumiy hajmning 20,2 foizini tashkil etgan. Eng katta ulush — 63 foiz esa boshqa turdagi sog‘liqni saqlash xizmatlariga to‘g‘ri kelgan.
Sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi bo‘yicha Toshkent shahri mutlaq yetakchilik qildi. Poytaxtda mazkur ko‘rsatkich 3,3 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, respublika bo‘yicha umumiy hajmning katta qismini tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (674,3 milliard so‘m), Samarqand viloyati (549,2 milliard so‘m) va Farg‘ona viloyati (488,1 milliard so‘m) qayd etildi.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Navoiy viloyatida — 118,4 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 126,5 milliard so‘m va Sirdaryo viloyatida — 134 milliard so‘mni tashkil qildi.
Jamiyat
Qurilish sohasida sun’iy intellekt joriy etiladi
O‘zbekistonda qurilish sohasini raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va inson omilini qisqartirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu prezidentning qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni yo‘lga qo‘yish hamda sohadagi davlat xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan farmonida belgilandi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Hujjatga ko‘ra, qurilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlar uchun xizmatlarni soddalashtirish hamda byurokratik to‘siqlarni qisqartirish choralari ko‘riladi.
Jumladan, 2026 yil 1 iyuldan qurilish sohasidagi bir qator davlat xizmatlari “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida ko‘rsatiladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni berish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi.
Shuningdek, qurilishga ruxsat berish va obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali taqdim etilgan hujjatlar avtomatik tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni inson aralashuvisiz bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.
Farmon bilan qurilish obektlarini onlayn kuzatish tizimi ham kengaytiriladi. Yirik qurilish maydonlarida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘lib, ulardan olinadigan ma’lumotlar yagona monitoring platformasiga integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash, nazoratni kuchaytirish va korrupsiya xavflarini kamaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi imkoniyatlari ham kengaytiriladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur choralar qurilish sohasida xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, ruxsat berish jarayonlarini tezlashtirish va inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi.
-
Jamiyat3 days agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
-
Dunyodan2 days ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Siyosat3 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Dunyodan5 days ago
Myanmadagi portlash 46 kishining hayotiga zomin bo’ldi: tafsilotlar
-
Jamiyat5 days ago
Yozning birinchi kunida ayrim viloyatlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago
2-iyundan dollar yana keskin pasayadi
-
Dunyodan4 days agoEron va AQSh barcha muzokaralarni to’xtatdi
-
Sport5 days ago«Keyingi yil YeChL uchun qaytamiz». «Arsenal» Londonda chempionlik paradi o‘tkazdi
