Sport
«Nasaf» ketma-ket 3-bor O‘zbekiston Superkubogi sohibi!
Bugun, 27-may kuni O‘zbekiston Superkubogi uchun «Nasaf» va «Andijon» o‘zaro bahs olib bordi va yakunda qarshiliklar uchrashuvda kiritilgan yagona gol evaziga Superkubokni qo‘lga kiritdi.
Yomg‘irli havoda o‘tgan uchrashuv ancha kurashlarga boy boshlandi, biroq birinchi bo‘limda gol kiritilmadi. Ikkinchi bo‘limda zahiradan maydonga tushgan Sherzod Nasrulloyev ko‘p o‘tmay jarima maydonchasi ichida yiqitilib penalti ishladi. 11 metrlik nuqtadan esa Husayn Norchayev adashmadi. Uchrashuv so‘ngida «Andijon» hujumlar uyushtirganiga qaramay hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa, «Nasaf» ketma-ket uchinchi bor, o‘z tarixda esa to‘rtinchi bor Superkubokni qo‘lga kiritdi.
Sport
«Bunyodkor» va Rivaldo mojarosi. Qarzni kim to‘laydi?
Oxirgi yillarda Saudiya shayxlarining futbolga sarflayotgan katta pullari keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Biroq Osiyo futbolidagi bu «kino»ning premerasi bundan bir necha yil oldin Toshkentda boshlangandi. 2008-2010 yillarda «Bunyodkor» jahonning taniqli futbolchi va murabbiylarini O‘zbekistonga chaqirishni odat tusiga aylantirdi. O‘shanda braziliyalik futbol afsonasi Rivaldo ham poytaxt klubiga olib kelingandi. Oradan shuncha payt o‘tgan bo‘lsa-da, yuzaga kelgan moliyaviy mojarolar hali ham tugagani yo‘q.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik
2008 yilning avgust oyi oxirida braziliyalik futbol afsonasi Rivaldo «Bunyodkor» bilan bir yillik shartnoma imzolaydi. Oradan ikki oy o‘tib kelishuv yana 2 yilga uzaytiriladi. Futbolchining yillik maoshi soliqlardan tashqari 6 mln yevroni tashkil etishi, shuningdek, unga reklama va homiylik shartnomalaridan tushgan mablag‘ning ham bir qismi berilishi ko‘zda tutiladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Rivaldo «Bunyodkor»dagi birinchi yilida tahminan 8,1 mln yevro ishlab oladi.
Oradan bir yil o‘tib, 2009 yilning yozidan klubda moliyaviy muammolar yuz bera boshlaydi, o‘yinchilarga oylik to‘lash to‘xtatiladi. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagach, braziliyalik futbolchi 2010 yilning iyulida sudga murojaat qiladi va klubdan ketadi. U shartnomasi bo‘yicha Bunyodkor va homiylardan umumiy hisobda 16 mln yevro talab qiladi. Xuddi shu vaqtda Rivaldoni O‘zbekistonga olib kelgan Zeromax kompaniyasi ham bankrot bo‘ladi. Futbolchi 6 yil davomida – 2016 yilgacha Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan Zeromax ustidan bir qator organlarga murojaat qildi, biroq aytarli mablag‘ undirishning imkoni bo‘lmaydi. Shundan so‘ng u «Bunyodkor» ustidan FIFAga ariza bera boshlaydi.
Nega Zeromax emas «Bunyodkor»?
2024 yilda FIFAning intizomiy qo‘mitasi «Bunyodkor» braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga salkam 9,2 mln yevro to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqaradi. Klubning Rivaldo oldidagi qarzdorligi 8,1 mln yevro, Denilson oldidagi qarzdorligi 1,1 mln yevroga baholanadi. Bu summalar ichiga vaqtida to‘lanmagan mukofot pullari, to‘lash kechiktirilgani uchun hisoblangan foizlar, shartnoma bekor qilingani uchun belgilangan tovon pullari va futbolchilarning sud xarajatlari kiritiladi.
Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev nima uchun Rivaldoning da’volari Zeromax’ga qaratilgan bo‘lsa-da, qarzdorlik «Bunyodkor» bo‘yniga ilinganini quyidagicha izohlagandi.
«Rivaldo va boshqa legioner futbolchilar bilan uch tomonlama shartnomalar bo‘lgan: futbolchi, klub va Zeromax o‘rtasida. Futbolchilar «Bunyodkor» safida o‘ynaydi, ammo maosh va boshqa to‘lovlarni Zeromax amalga oshirardi. Tushunishimcha, to‘lovlar Zeromax’ning Shveytsariyadagi hisoblaridan futbolchilarning xorijdagi hisoblariga o‘tkazilgan, ya’ni O‘zbekiston bank tizimi chetlab o‘tilgan. Bu esa uchala tomon uchun ham soliq, bank komissiyalari va o‘sha paytdagi valuta konvertatsiyasi muammolaridan qochish imkonini berardi. Keyinchalik Rivaldo «Bunyodkor» bilan yangi shartnoma imzolaganida, to‘lov majburiyatlari qandaydir tarzda Zeromax’dan klub zimmasiga o‘tkaziladi. Biroq shartnomada Zeromax nomi saqlab qolingan, garchi bu amalda ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa ham. Shu sabab, Rivaldoning «Bunyodkor»ga nisbatan da’volari asosli deb topilgan», deya yozgandi Nikimbayev.
Keyinchalik «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchilar bilan qo‘shimcha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bunda kelishilgan summa Denilsonga 2026 yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanishi, Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028 yilga qadar har yili bir martadan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.
Qarzni kim to‘laydi?
«O‘zbekneftgaz» homiylikni to‘xtatishi fonida «Bunyodkor»da jiddiy moliyaviy muammolar kuzatilyapti. Xususan, bir necha kun oldin klub matbuot xizmati vakili kommunal to‘lovlardan qarzdorlik sabab «Bunyodkor» stadioni va akademiyasi issiq va sovuq suv, shuningdek, elektrdan uzilish darajasigacha borgani haqida yozgandi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, «Bunyodkor»ning yillik budjeti davlat tomonidan ajratiladigan 35 mlrd so‘mdan iborat. Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘lanadigan qarzining 2026 yil uchun to‘lavlari esa umumiy budjetning uchdan ikki qismini tashkil etadi. Shuningdek, davlat ham 35 mlrd so‘mdan braziliyalik futbolchining qarzini yopishga ruxsat bermagan.
O‘z navbatida, «O‘zbekneftgaz» ham hukumat topshirig‘iga asosan 1 yanvardan futbol klublarini moliyalashtirishni butunlay to‘xtatganini qayd etgan holda, kompaniya «Bunyodkor»ning Rivaldo oldidagi qarzni to‘lamasligini ma’lum qildi. Bu qarzdorlik klub majburiyati ekani bilan izohlanyapti.
Sport
Ukrainalik tennischi Nikita Belozersev O‘zbekiston bayrog‘i ostiga o‘tdi
17 yoshli Belozersev ITF o‘smirlar reytingida Ukrainaning birinchi raketkasi edi va hozir umumiy reytingda 13-o‘rinni egallab turibdi.
Foto: O‘zbekiston tennis federatsiyasi
Ukrainalik tennischi Nikita Belozersev sport fuqaroligini o‘zgartirdi. Endi u O‘zbekiston bayrog‘i ostida o‘ynaydi. Bu haqda O‘zbekiston tennis federatsiyasi xabar berdi.
17 yoshli Belozersev ITF o‘smirlar reytingida Ukrainaning birinchi raketkasi edi va hozir umumiy reytingda 13-o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan yili u Serbiyada bo‘lib o‘tgan ITF M15 turnirida o‘zining debyut professional unvonini qo‘lga kiritdi.
«Nikita Belozersevning terma jamoaga qo‘shilishi O‘zbekiston tennisining xalqaro maydondagi salohiyatini yanada oshiradi», deyiladi xabarda.
So‘nggi 1 yil ichida bir qancha rossiyalik tennischilar – Mariya Timofeyeva, Kamilla Rahimova va Polina Kudermetova O‘zbekiston bayrog‘i ostiga o‘tdi.
Sport
O‘zbekistonlik hakamlar Elit Chempionlar ligasi finalini boshqaradi
O‘zbekistonlik hakamlar Elit Chempionlar ligasi finalida ishlaydi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.
25-aprel kuni Elit Chempionlar ligasining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Saudiya Arabistonining «Al Ahli» hamda Yaponiyaning «Machida» jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi.
Mazkur bellashuvni o‘zbekistonlik hakamlar jamoasi boshqarib boradi.
Uchrashuvda Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida, Andrey Sapenko yordamchi hakam sifatida ishlaydi. Shuningdek, Firdavs Norsafarov VAR hakami sifatida faoliyat olib boradi.
Avvalroq o‘zbekistonlik hakamlar JCh-2026da ishlashi xabar berilgandi.
Sport
Trampning vakili Eron o‘rniga Italiyani mundialga tiqishtirishga urinmoqda
Donald Trampning maxsus vakili Paolo Zampolli JCh-2026da Eron o‘rniga Italiya terma jamoasini ishtirokchilar safiga qo‘shishni so‘rab FIFAga murojaat qildi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Bu xabarni tasdiqlagan Zampolli nashrga bergan intervyusida Janni Infantinoga shaxsan murojaat qilganini bildirdi: «Men asli italiyalikman, «Skuadra Adzurra»ni AQShdagi turnirda ko‘rish — mening orzuim».
Zampolli o‘z taklifini Italiyaning to‘rt karra jahon chempioni ekani va mundialga yo‘llanma ololmagan jamoalar ichida FIFA reytingida eng yuqori o‘rinda turgani bilan asoslamoqda.
Biroq Eron terma jamoasi yaqinda bayonot berib, turnirga qat’iy tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Hozirda Eronga nisbatan hech qanday rasmiy chetlatish choralari yo‘q. Eronliklar xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z o‘yinlarini Kanada yoki Meksikaga ko‘chirishni so‘rashgan edi, ammo FIFA bu so‘rovni rad etdi.
Agar Eron musobaqada qatnashishdan bosh tortsa, FIFA nizomlari boshqaruv organiga «istisno huquqi» asosida qaror qabul qilish imkonini beradi. Hozircha tashkilot Zampollining lobbichilik harakatlari yuzasidan izoh bermadi. Avvalroq Infantino Eron terma jamoasini qo‘llab-quvvatlab, ular turnirda albatta ishtirok etishi shartligini ta’kidlagan edi.
Manbalarga ko‘ra, Zampollining bu tashabbusi orasidan «ola mushuk o‘tgan» Tramp va Italiya bosh vaziri Jorja Melonini yarashtirishga urinish bo‘lishi mumkin. Aytish joizki, AQSh prezidenti va Meloni o‘rtasidagi munosabatlar Eron atrofidagi vaziyat hamda boshqa siyosiy ixtiloflar sababli sovuqlashgan edi.
Hatto Kreml targ‘ibotchisi Vladimir Solovyov ham Melonini Trampga «xiyonat» qilishda ayblab, haqorat qilganidan so‘ng, Rossiya elchisi Italiya TIVga chaqirilib, unga norozilik bildirilgandi.
Sport
«Siti» birinchi o‘ringa chiqib oldi, Yamalda jiddiy jarohat
«Byornli»ga qarshi safarda kichik hisobda g‘alaba qozongan «shaharliklar» mavsum boshidan buyon ilk bor «Arsenal»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa chiqdi, Abduqodir Husanov o‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. «Barselona» navbatdagi g‘alabaga erishdi, ammo Yamal penalti tepish vaqtida olgan jarohati tufayli jahon chempionatidan qolib ketishi mumkin.
Angliya: yetakchining minimalizmi
«Byornli» – «Manchester Siti» 0:1
Gol: Holand, 5 (0:1)
«Byornli»: Dubravka, Estev, Hamfris (Florentinu, 82), Ekdal, Hartman, Uoker, Uord-Prouz, Loran (Edvards, 87), Entoni (Trezor Ndayishimiye, 87), Chauna (Foster, 72), Flemming (Broyya, 82)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, Ayt Nuri (Gonsales, 65), Mateus Nunes, Bernardu Silva, O`Rayli, Sherki, Doku, Semenyo (Savio, 65), Holand
«Manchester Siti» «Byornli» maydoniga imkon qadar ko‘proq gol urishni maqsad qilgan holda tashrif buyurdi, «shaharliklar» jamoasi uchun «Arsenal» bilan poygada har bir gol muhim – mavsum yakunida ochkolar teng kelib qoladigan bo‘lsa, birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. O‘yinning 6-daqiqasidayoq mehmonlar namunali qarshi hujum uyushtirishdi va Doku Holandni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, norvegiyalik hujumchi mavsumdagi 24-golini nishonladi. Xosep Gvardiola jamoasi ko‘proq gol urgani tufayli layv rejimda turnir jadvalining birinchi o‘rniga ko‘tarildi.
Birinchi bo‘lim davomida hisob yiriklashib ketishi ham mumkin edi. Hisob 0:0 holatida ham Semenyo Sherkini ideal pozitsiyaga chiqargan, ammo Rayan Dubravkani dog‘da qoldira olmagandi. Slovakiyalik ushbu darvozabon o‘yin davomida yana ko‘plab seyvlar amalga oshirdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
1:0 – Gvardiola jamoasi 20 dan ortiq zarba bergan bo‘lsa-da, kichik hisobdagi g‘alaba bilan cheklandi. Ammo «Siti» ochkolari sonini «Arsenal»nikiga yetkazib oldi (70 tadan) va to‘plar nisbati bir xil bo‘lganiga (+37) qaramay, ko‘proq gol urgani evaziga (63 ga qarshi 66) turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Byornli» esa rasman APL bilan xayrlashdi – jamoa keyingi mavsumni yana chempionshipda o‘tkazadi.
Abduqodir Husanov mazkur bahsda to‘liq harakat qildi. Sofascore portali o‘zbekistonlik futbolchining harakatlarini 7,7 ballga loyiq ko‘rdi. «Siti» safida yana shunday baho Rayan Sherkiga berilgan. Bu «shaharliklar» o‘yinchilariga berilgan eng yuqori ballar. Hatto gol muallifi Erling Holandga 7,6 ball berilgan. O‘yindagi eng yuqori ballni Martin Dubravka olgan – 9,5 ball.
Ispaniya: Simeonening antirekordi
«Elche» – «Atletiko» 3:2
Gollar: Gonsales, 10 (0:1). Affengryuber, 18 (1:1). Andre Silva, 33 –penalti (2:1). Gonsales, 34 (2:2). Andre Silva, 75 (3:2)
«Elche»: Dituro, Affengryuber, Petro (Bigas, 82), Sangare (Chust, 60), Vilyar, Febas, Neto (Xosan, 67), Valera, Tete Morente (Rodriges, 67), Andre Silva, Mir (Sepeda, 67)
«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman (Molina, 46), Dias (Pubil, 46), Bonyar, Mendosa (Barrios, 62), Kardozo, Vargas (Grizmann, 62), Gonsales, Baena (Simeone, 62), Almada
Ogohlantirishlar: Febas, 45. Sangare, 45 – Langle, 36. Dias, 38
Chetlatish: Almada, 30
Amalda la liga chempionligi uchun kurashdan chiqqan va motivatsiyadan mahrum bo‘lgan «Atletiko» bu safar ham aralash tarkib tushirdi. Shunga qaramay, madridliklar Gonsalesning tezkor goli bilan hisobni ochishdi, biroz o‘tib hisob tenglashdi, 30-daqiqada esa madridliklar safidagi kam sonli asosiy tarkib futbolchilaridan biri bo‘lgan Almada qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. U o‘z jamoasi jarima maydoni ichida to‘p yo‘qotdi va uni qaytarib olishga urinib, qizil kartochka ishladi. «Elche» esa penaltidan foydalanib, yana hisobda oldinga chiqib oldi.
Ammo bu ustunlik bir daqiqa ham saqlanib qolmadi, Niko Gonsales darhol ikkinchi golini urib, muvozanatni tikladi. U maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘pga yetib bordi va darvozabonni aldab o‘tib, boshi bilan bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.
Ikkinchi bo‘limda esa son jihatdan ustunlik o‘z so‘zini aytdi. «Elche» haqli g‘alabaga erishdi va vaqtincha xavfli zonani tark etdi.
Asosiy e’tiborini YeChLga qaratayotgan «Atletiko» esa hamon to‘rtinchi o‘rinda o‘zini qulay his qilmoqda. Beshinchi o‘rindagi «Betis» bilan oradagi farq olti ochkoni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, bu mag‘lubiyat «matraschilar»ning bu mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 16-mag‘lubiyat bo‘ldi, bu esa Diyego Simeone davridagi eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi.
«Barselona» – «Selta» 1:0
Gol: Yamal, 40 – penalti (1:0)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu (Balde, 23), Kunde, Pedri, E. Garsiya, Olmo (de Yong, 73), Gavi (Fermin Lopes, 46), Yamal (Barji, 45+9), Torres (Reshford, 73)
«Selta»: Radu, Lago (Mingesa, 63), Alonso, Rodriges, Moriba, Lopes (Sotelo, 81), Karreyra, Rueda, Alvares (Svedberg, 63), Xutgla (Aspas, 81), Duran (Iglesias, 72)
Ogohlantirishlar: E. Garsiya, 90 – Lago, 59
Baldening safga qaytishi – kataloniyaliklar uchun mavsumning so‘nggi pallasida yaxshi yangilik bo‘ldi. Ammo «Selta»ga qarshi o‘yinda boshqa futbolchilar bilan noxush voqealar ro‘y berdi. Avvaliga bo‘lim o‘rtalarida Joau Kanselu majburan almashtirildi. O‘yinning 40-daqiqasida esa jamoa yetakchisi Lamin Yamal penalti ishladi va uni o‘zi aniq ijro etdi.
Ammo zarba berish chog‘ida jarohat olib, o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi.
U maydonni mustaqil ravishda tark etdi, ammo o‘yindan keyin Mundo Deportivo nashri dastlabki tekshiruvlar tizza osti payi uzilishiga ishora qilayotgani haqida xabar tarqatdi. Agar ma’lumot tasdiqlanadigan bo‘lsa, bu Yamal uchun mavsum yakunlangani, shuningdek, uning jahon chempionatidagi ishtiroki savol ostida qolishini anglatadi.
«Kamp Nou»dagi o‘yinning birinchi bo‘limi yana bir holat tufayli bir soatga cho‘zildi. Bu safar o‘yin to‘xtatilishiga tribunadagi muxlislardan biriga tibbiy yordam zarurati paydo bo‘lgani sabab bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa hisob o‘zgarmadi, Ferran Torres Pedrining uzatmasidan keyin darvozani ishg‘ol etgandi, ammo u kichik ofsayd holatida qolgani ma’lum bo‘ldi.
Minimal g‘alabadan keyin «Barsa» «Real» bilan to‘qqiz ochkolik farqni saqlab qoldi. Chempionlik masalasi jamoalarning 10 may kungi o‘zaro o‘yinigacha ham hal bo‘lishi mumkin.
-
Jamiyat4 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan5 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Siyosat2 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Dunyodan4 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat4 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat4 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Sport5 days ago«Bavariya» muddatidan oldin Germaniya chempionligini qo‘lga kiritdi
-
Siyosat2 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
