Jamiyat
Narkotuzoq, urush va tirik qolish uchun kurash – Luhansk va Donetskdan qaytgan ikki yigit hikoyasi
Namanganlik va surxondaryolik ikki yigit Luhanskda og‘ir kunlarni boshdan kechirgan. Ularning har ikkisi avvaliga Rossiyada narkotuzoq orqali qamoqqa olingan. So‘ngra turli bosim va qiynoqlar orqali urushga borishga majburlangan.
Rossiyaga armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan ikki o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
“Blatnoy”ning tirik qolishi
Namanganlik Abduvaliga (maqoladagi ismlar o‘zgartirilgan) urushda “Blatnoy” laqabi berilgandi. Luhansk maydonlarida jangga kirgan bu yigit frontga o‘z-o‘zidan borib qolmagan.
Abduvali 2023 yil oktyabrida ishlab pul topish Maqsadida Rossiyaga ketgan. Bu paytda u 21 yoshda bo‘lgan. 2024 yil yanvarida Abduvali narkojinoyatda ayblanib, qamoqqa olingan. Biroq sud qilinmasdan 2025 yil sentabrga qadar ushlab turilgan. So‘ngra unga urushga borish evaziga afv taklif qilishgan.
Abduvali qamoq ehtiyot chorasidan ozod bo‘lish va qiynoqlardan qutulish maqsadida taklifga ko‘nishga majbur bo‘lgan.
“2024 yil 26 yanvarda Moskva shahrining markaziy ko‘chalaridan birida taksida ishdan yotoqxonaga qaytayotgandim. Militsiya xodimlari mashinani to‘xtatdi. So‘ngra meni ushlab, militsiya bo‘limiga olib borishdi. U yerda kiyimlarimni yechib, yonimni ko‘zdan kechirishdi. Ammo hech qanday taqiqlangan narsa topisholmadi. U yerdan chiqayotganimda egnimdagi kurtkamni ham ham tekshirishdi. Shunda uning cho‘ntagidan ro‘molchaga ilashib, skotchga o‘ralgan bir bo‘lak saqichsimon modda chiqdi.
Ularga bu modda menga tegishli emasligini, narkotik iste’mol qilmasligimni aytdim”, degan Abduvali suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng hujjatlar rasmiylashtirilib, sud ajrimi bilan Abduvaliga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. U Moskva shahridagi “Tombov SIZO-1” turmasiga etap qilingan. Turmada har 2 oyda sud orqali qamoq ehtiyot chorasini cho‘zdirib, 2025 yil 5 sentabrga qadar sud qilmasdan ushlab turishgan. Bu vaqtda unga har kuni urushga borishni taklif qilishib, ko‘ndirish uchun qiynoqqa solishgan, tahqirlashgan. Abduvali qiynoqlardan qutilish uchun oxiri bu taklifga ko‘ngan.
“2025 yil 5 sentabr kuni men va yana 25 nafar mahbusni Luhanskdagi rotaga olib borishdi. Barchamizning kiyimlarimiz va shaxsiy buyumlarimizni yig‘ishtirib olishdi. Avtomatdan o‘q otishni mashq qildirishdi. Harbiy-jangovar tayyorgarlik 2 hafta davom etdi.
2025 yil 3 oktyabrda 15 nafar yollanma askarlardan iborat guruh tarkibida Xarkov shahri hududidagi jang maydoniga bordim. U yerda dron zarbasidan jarohat olib, ortga qaytdim. Harbiy gospitalda shifokorlar tekshirib, kerakli muolajalarni qilishdi. 2 hafta davolangach polkka qaytib bordim. Sheriklarimning bari vafot etgan ekan.
So‘ng tirik qolish imkonsiz ekanini bilib, qochishga harakat qildim. Biroq yo‘lda tutib olishdi. 20 nafar askar kaltakladi”, degan Abduvali.
Shundan so‘ng u yana gospitalga yotgan. Bir muddat davolanib, jang maydoniga qaytgan. Harbiy qismdan qochishning ham, jang maydonida omon qaytishning ham imkoni yo‘qligini bilgach, o‘ziga jarohat yetkazgan.
“Harbiy qism hojatxonasiga kirib, o‘z so‘lagimni shpritsga tortdim va o‘ng oyog‘im tizza sohasiga yubordim. Oradan bir kun o‘tgach, oyog‘im shishib ketdi: tana haroratim ko‘tarilib, butunlay yurolmay qoldim. Komandirlar majburan meni qayta gospitalga yuborishdi. Gospitalda esa bunday murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoni yo‘qligi sababli yo‘lovchi poyezdda nazorat ostida Sankt-Peterburg shahrida joylashgan markaziy harbiy gospitalga yuborishdi”, deyiladi yigitning ko‘rsatmasida.
Ahvoli biroz yaxshilangan Abduvali 2026 yil 4 yanvar kuni harbiy gospital devoridan oshib o‘tib, u yerdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. So‘ng Moskva shahriga borib, O‘zbekiston elchixonasidan yordam so‘ragan. Shu tariqa u vatanga qaytish guvohnomasi orqali 15 yanvarda O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Abduvali sudda Ukrainaga qarshi urushda majburlikdan ishtirok etganini aytgan.
JIB Namangan tuman sudining 2026 yil 29 apreldagi hukmi bilan Abduvali yollanish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3,5 ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
“Do‘stim sabab qamaldim”
Surxondaryolik Boburning Rossiyada boshidan kechirganlari Abduvalinikidan kam emas. U ham narkotuzoqqa ilingan va Donetskdagi janglarda qatnashgan.
30 yoshli Bobur Rossiyaga 2022 yil avgust oyida borgan. U Moskva viloyatidagi non sexida ishlab kelgan. Ammo 2023 yil iyulida barchasi o‘zgarib ketgan.
O‘sha kuni farg‘onalik do‘sti undan Voronej shahriga birga borib kelishni iltimos qilgan. Bobur avval birga ishlagan do‘stining bu iltimosini rad qilolmagan. Shu tariqa u do‘sti ijaraga olgan mashinada yo‘lga chiqqan.
“Lipetsk shahriga yetib borganimizda do‘stim mashinani to‘xtatib, do‘konga kirib ketdi. Men sigaret chekish maqsadida mashinadan tushdim. Shu vaqtda fuqarolik kiyimidagi militsiya xodimlari kelib, mashinani ko‘zdan kechirishdi va do‘stimga tegishli sumka ichidan narkotik chiqqani uchun meni o‘zlari bilan olib ketishdi.
Tergov qilishib, narkotik modda saqlashda ayblashdi. 2023 yil oktbrgacha qamoqda saqlashdi. So‘ng sud qilishib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi”, degan Bobur sudda.
Jazo muddatini o‘tash davrida doimiy ravishda Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga undab kelingan. Qiynoq va bosimlardan so‘ng Bobur 2025 yil avgust oyida Rossiya armiyasida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzishga majbur bo‘lgan.
“Men bilan birga taxminan 30 nafar mahbusni urushga tayyorlash uchun Nijniy Novgord shahriga olib borishdi. Bir oyga yaqin harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik: okopda yurish, o‘q otish, drondan qochish kabilarni o‘rgatishdi.
So‘ngra menga “AK-74” avtomatini, harbiy kiyim-kechak va bronejilet berishdi hamda urush chizig‘iga olib borishdi. 2025 yil 2 noyabrda Ukraina askarlari biz turgan joyga dronlardan zarba berishdi. Oqibatda og‘ir yaralanib, ortga chekindim. Qo‘limga jgut qo‘yib, qonni to‘xtatishdi. Olgan jarohatlarim bilan 3 kun qolib ketdim”, degan Bobur ko‘rsatmasida.
Keyin uni Luhanskdagi gospitalga olib borishigan. 10-15 kunlik davolanishdan so‘ng odam yetishmayapti, deya yana poligonga jo‘natishgan. Ammo Boburning jarohati ancha jiddiy edi. Ko‘p o‘tmay uni Belgorod shahridagi gospitalga olib borishga majbur bo‘lishadi.
Uni gospitalga olib ketayotgan mashina haydovchisi yo‘lda do‘konga kirib chiqish maqsadida to‘xtaydi. Shunda Bobur qochishga muvaffaq bo‘ladi. U Moskva shahriga borib, elchixonadan vatanga qaytish guvohnomasini oladi va 2026 yil 27 fevral kuni O‘zbekistonga qaytib keladi.
JIB Termiz shahar sudining 2026 yil 1 maydagi hukmi bilan Bobur yollanish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 4,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Sport4 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
