Jamiyat
Namanganda YPX inspektorini urib ketib, o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 6 yilga qamaldi
Onix mashinasini tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotgan haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, YPX xodimi Vahobjon Mo‘minovni katta tezlikda urib ketgan. Og‘ir tan jarohati olgan xodim vafot etgan. Haydovchi Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topildi. Unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Namanganda YPX xodimini mashinada urib ketib, o‘limiga sabab bo‘lgan 24 yoshli haydovchi jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Hilqat TV telekanali xabar berdi.
YTH 2025 yil 21 noyabr kuni tungi vaqtda Davlatobod tumanida sodir bo‘lgan. YPX xodimlari tomonidan Onix mashinasiga to‘xtash ishorasi berilgan. Biroq tegishli hujjatga ega bo‘lmagan haydovchi xodimlarga bo‘ysunmasdan qochishga uringan.
Shu vaqtda ratsiya orqali oldinroqda xizmat olib borayotgan katta serjant Vahobjon Mo‘minovga mazkur mashinani to‘xtatish chorasini ko‘rish yuzasidan xabar berilgan. Vahobjon Mo‘minov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan vaqtda haydovchi yuqori tezlik bilan xodimni urib yuborib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida transport vositasining harakati cheklanib, haydovchi qo‘lga olingan. Katta serjant Vahobjon Mo‘minov shifoxonaga olib borilgan vaqtda vafot etgan.
JIB Namangan shahar sudi hukmi bilan sudlanuvchi I.B. Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi, 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) va 117-moddasi 2-qismida (xavf ostida qoldirish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil muddatga mashina boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi bo‘lgan 42 yoshli Vahobjon Mo‘minov 2007 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan.
Jamiyat
Buvisi muntazam tazyiq o‘tkazib kelgan 3 nafar bola Turkiyadan vatanga qaytarildi
9, 10 va 12 yoshli bolalar O‘zbekistondagi majburiy ta’lim jarayonidan ajratilib, Turkiyaga olib borilgan. Biroq u yerda biror ta’lim muassasasiga joylashtirilmagan. Bolalarning ota-onasi rasman ajrashgani, onasi Rossiyada yashashi aniqlandi.
3 nafar voyaga yetmagan bola Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9, 10 va 12 yoshli bolalarga ularning buvisi tomonidan muntazam ravishda jismoniy, ruhiy hamda ma’naviy tazyiq o‘tkazib kelingan. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi majburiy ta’lim jarayonidan ajratilib, Turkiyaga olib borilgan. Biroq u yerda biror ta’lim muassasasiga joylashtirilmagan.
O‘rganishlar davomida bolalarning ota-onasi rasman ajrashgani, onasi Rossiyada yashashi aniqlangan.
Holat yuzasidan bolalar Bosh konsulxonaga olib kelinib, ular bilan psixolog ishtirokida suhbat o‘tkazilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning tegishli mutasaddi idoralari o‘rtasida ishchi guruh tashkil etilib, voyaga yetmaganlarga vaqtincha vasiy tayinlash, ularni vatanga qaytarish hamda ta’lim jarayoniga qayta jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
25 may kuni bolalar mas’ul xodim kuzatuvi ostida O‘zbekistonga qaytarilgan.
Qayd etilishicha, hozirda bolalarni tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan kutib olish hamda ularning ijtimoiy himoyasi, ta’lim olishi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq murakkab vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelingandi.
Jamiyat
Toshkentda uy savdosi bilan bog‘liq mojaro tergov qilinmoqda
Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdisi bilan bog‘liq firibgarlik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Uy sotib olishni rejalashtirgan fuqaro 20 ming AQSh dollarini oldindan berganidan so‘ng sotuvchi bilan qayta aloqa o‘rnata olmagan.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro uzoq vaqtdan buyon uy-joy sotib olish niyatida bo‘lgan. E’lon orqali topilgan xonadonni ko‘zdan kechirib, uy egasi — 1959 yilda tug‘ilgan erkak bilan 55 ming AQSh dollariga kelishgan.
Sotuvchi xaridorni pulning yarmini oldindan berishga ko‘ndirgan. Shu tariqa fuqaro 20 ming AQSh dollarini topshirgan va ikki kundan so‘ng notarius idorasida uchrashishga kelishilgan.
Biroq belgilangan kuni uy egasi uchrashuvga kelmagan. Keyinchalik u turli bahonalar bilan xaridorni bir yildan ortiq vaqt davomida chalg‘itib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi — “Firibgarlik” alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni mol-mulk oldi-sotdisida barcha moliyaviy hisob-kitoblarni notarial rasmiylashtirish orqali amalga oshirishga chaqirmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda 70 yoshdan oshganlar orasida ham ota bo‘lganlar bor
2026 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda 70 yoshdan oshgan 14 nafar erkak ota bo‘lgani qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar–mart oylarida respublika bo‘yicha jami 191 086 ta tirik tug‘ilish holati ro‘yxatga olingan.
Tug‘ilishlar otaning yosh guruhlari bo‘yicha tahlil qilinganda, 25 yoshgacha bo‘lgan otalar hissasiga 16 398 ta holat to‘g‘ri kelgan. Eng katta ulush — 158 984 ta tug‘ilish 25–39 yoshli otalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, 40–59 yoshli otalar hissasiga 15 542 ta tug‘ilish to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 60 yosh va undan katta erkaklar orasida 162 nafar ota bo‘lgani ma’lum qilindi.
Ulardan 14 nafari 70 yoshdan oshgani statistik ma’lumotlarda qayd etilgan.
Jamiyat
Kitobxon yoshlar uchun 50 ming dollarlik mukofot joriy etildi
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida milliy kitobxonlik harakati yo‘lga qo‘yilib, g‘oliblar uchun 50 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mukofotlari joriy etildi. Bu prezidentning “Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoyishida belgilandi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Hujjatga ko‘ra, 2026 yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida milliy kitobxonlik harakati o‘tkazib boriladi.
Dastur uch bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich kitobxonlikharakati.uz elektron platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkazilsa, ikkinchi va uchinchi bosqichlar viloyat hamda respublika darajasida oflayn formatda bo‘lib o‘tadi.
Tanlov ishtirokchilari yosh toifalari bo‘yicha saralanadi. Xususan, yuqori sinflar — 6–8 va 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida g‘olib va sovrindorlar katta miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Jumladan, birinchi o‘rin sohiblari 50 ming AQSh dollari, ikkinchi o‘rin sohiblari 30 ming dollar, uchinchi o‘rin sohiblari esa 15 ming dollar miqdorida mukofot oladi. Shuningdek, beshta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarga ham 10 ming dollardan pul mukofoti topshiriladi.
Jamiyat
Toshkentda soliq xodimlari korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspeksiyasi xodimlarining pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bektemir tumani soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, u mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmagani haqida kelib tushgan murojaat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va ishni sudga oshirmaslik evaziga 4 million so‘m pora talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur pul mablag‘i soliq inspeksiyasi inspektori orqali olinayotgan vaqtda ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida esa ushbu inspektor joriy yil aprel oyida ham aynan shu do‘kon bo‘yicha kelib tushgan murojaatni “ko‘rmasdan qoldirish” evaziga 1,5 million so‘m olgani aniqlangan.
Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.
-
Mahalliy4 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Mahalliy2 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Dunyodan3 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Mahalliy4 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat5 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
