Iqtisodiyot
Namanganda sakkiz yilda ishlab chiqarish olti barobarga oshdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda Namanganda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida katta o‘sish kuzatilib, viloyat ko‘plab yo‘nalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylangani ta’kidlandi. Xususan, sakkiz yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi esa 6 barobarga oshib, 40 trillion so‘mga yetgan.
Qayd etilganidek, 2025-yil yakunlari bo‘yicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 8,2 foizga yetgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trillion so‘mni, xizmatlar hajmi 56,3 trillion so‘mni tashkil qilgan. Viloyatga 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, eksport hajmi 916 million dollarga yetgan.
Davlatimiz rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida Namanganda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va yangi «o‘sish nuqtalari»ni ishga solish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda viloyat rahbariyati oldiga iqtisodiyotni 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish, turizm eksportini esa 1,7 barobar ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksportni 1,2 milliard dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Yil yakunigacha ishsizlikni 3,5 foizga, kambag‘allikni 2,5 foizga tushirish, Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda sun’iy intellekt asosida hududiy salohiyatni chuqur tahlil qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Norin tumani misolida bu yil investitsiyani ikki karra, sanoatni 10,4 foizga va eksportni 35 foizga oshirish imkoniyatlari aniqlanganiaytildi. Endi ushbu yondashuvni viloyatning barcha tumanlariga tatbiq etish topshirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bugungi sharoitda eng dolzarb masalalardan biri ekani qayd etildi. Shu bois, viloyatda kam samarali 2,5 ming gektar bog‘lar o‘rnida zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil qilish va 8 ming gektar yerni o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali qo‘shimcha daromad manbalari va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Yig‘ilishda yirik investitsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, «Namangan» erkin iqtisodiy zonasining «Sabzazor» massivida umumiy qiymati 547 million dollarlik 15 ta loyihani to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shimcha elektr podstansiyasi qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgacha bu yerda 215 million dollarlik 7 ta loyiha ishga tushgan.
Shuningdek, qiymati 20 million dollar bo‘lgan zamonaviy IT-park binosini barpo etish taklifi bildirildi. Ushbu loyiha axborot texnologiyalari sohasiga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, elektron tijorat va startap ekotizimini jadal rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatobod tumanini «Aqlli shahar»ga aylantirish, Namangan davlat texnika universitetiga qarashli bo‘sh ob’yektlar negizida sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi va startaplar klubini tashkil etish tashabbuslari ham muhokama qilindi. «Namangan – aqlli shahar» yagona raqamli platformasi orqali kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish, ekologik monitoring va transport tizimlarini bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgani aytildi.
Sanoat va tadbirkorlik bo‘yicha qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Chust tumanida quvvati 60 megavatt bo‘lgan yashil energiya loyihasini amalga oshirish uchun 24 gektar yer maydoni ajratish taklifi ilgari surildi. Chortoq tumanida alkogolsiz salqin ichimliklar, sharbatlar va bolalar ozuqasi ishlab chiqarish korxonasi loyihasi taqdim qilindi.
Qishloq xo‘jaligida ham katta zaxiralar borligi ta’kidlandi. 2026-2027-yillarda yangi intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish tashabbuslari doirasida 3948 gektar maydonda bog‘ va tokzorlar tashkil qilish, 1,3 million dona ko‘chat ekish, 1,5 ming gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy etish rejalashtirilgan.
Parrandachilik sohasida 50 million dollarlik yirik loyiha amalga oshirilishi, uning doirasida 813 million dona tuxum va 2 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish quvvati yaratilishi ma’lum qilindi. Bu viloyatning tuxumga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, Markaziy Osiyo va arab davlatlariga 42 million dollarlik parranda go‘shti hamda tuxum mahsulotlari eksport qilish imkonini beradi.
Turizmni iqtisodiyotning drayver sohasiga aylantirish masalasi ham muhokamaning markazida bo‘ldi.
Viloyatni vodiy turizmi markaziga aylantirish maqsadida Pop tumanida «Arashan» ko‘llari atrofida zamonaviy va innovatsion turizm majmuasi, Qamchiq dovoni hududida «Qamchiq Mountain Resort» xalqaro ko‘p funksiyali tog‘ dam olish zonasi, Chodak qishlog‘i Guliston mahallasida turizm markazi, Kosonsoy tumani Olmazor mahallasida yirik turizm maskanini tashkil etish, Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay hududida sun’iy ko‘l loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Shuningdek, Namangan shahrining eski shahar qismida milliy me’morchilik, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy servisni uyg‘unlashtirgan turizm majmuasini tashkil etish,«Chorsu» va «Sardoba» bozorlari negizida zamonaviy «ekobozor»lar barpo qilish, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish takliflari bildirildi. Bu loyihalar shahar iqtisodiyotini faollashtirish, savdo va xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham qator yirik loyihalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida Namangan shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish, shuningdek, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlari markazlarini ilk bor markazlashgan oqova suv tarmoqlari bilan ta’minlash loyihalari taqdim etildi. Uychi va Uchqo‘rg‘onda 10 ming kub metrlik yangi oqova suv inshooti, 40 kilometr yangi tarmoq va 28 kilometr ta’mirtalab tarmoqni yangilash orqali 42 ming nafar aholi va 6983 ta xonadon qamrab olinishi belgilangan.
Yangi Namangan shaharchasida qurilish ishlarini jadallashtirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Loyiha doirasida 30 ming yangi ish o‘rni yaratish, 25,2 kilometr yo‘lni ta’mirlash, 7,2 kilometr piyodalar yo‘lakchasini, 4,7 kilometr suv tarmog‘ini va 7,4 kilometr yashil hududni barpo etish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy sohada ham yirik tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Namangan shahrida 2026 yilda 15 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil qilish, 21 ta ta’lim muassasasidagi bo‘sh turgan 42 ming kvadrat metr yer maydonlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurish uchun ajratish taklif qilindi.
Sog‘liqni saqlash sohasida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya markazining Namangan filialini tashkil etish, onkologiya va radiologiya markazini zamonaviy PET-tomograf apparati bilan jihozlash, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Bu orqali nafaqat viloyat aholisi, balki qo‘shni hududlardan keluvchi bemorlarga ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengayishi aytildi.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz Namangan viloyatida mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish, har bir loyihani aniq natijaga aylantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, eksportbop va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
Xitoy qanday qilib kollektiv G‘arbni o‘ziga qaram qilib qo‘ydi?
So‘nggi yillarda bir tendensiya yaqqol ko‘zga tashlanadi: Xitoy elektromobillar, quyosh panellari, shamol turbinalari va akkumulyatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi. Uzoq yillardan beri “dunyo fabrikasi” hisoblangan mamlakat endilikda nafaqat arzon iste’mol tovarlari, balki yuqori texnologik “yashil” mahsulotlar borasida ham dominantlik qilyapti. Xo‘sh, bu holat qanday yuzaga keldi? Nima uchun asrlar davomida texnologik innovatsiyalar o‘chog‘i bo‘lib kelgan G‘arb bu poygada ortda qolib ketdi?
Muvaffaqiyat siri nimada?
Xitoyning bugungi ustunligi to‘satdan yuz bergan mo‘jiza emas, balki so‘nggi yigirma yil davomida izchil amalga oshirilgan davlat siyosatining natijasidir. G‘arb davlatlari dasturiy ta’minot va xizmat ko‘rsatish sohalariga ko‘proq e’tibor qaratayotgan bir paytda, Pekin o‘zining “Made in China 2025” kabi strategik dasturlari orqali ishlab chiqarish va og‘ir sanoatni yangi bosqichga olib chiqishga juda katta miqdorda sarmoya kiritdi. Xususan, hukumat toza energiya sektorini rivojlantirish uchun yuzlab milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita subsidiyalar ajratdi. Soliq imtiyozlari, arzon kreditlar, yer maydonlarining bepul yoki arzon berilishi BYD, CATL kabi mahalliy kompaniyalarga jadal o‘sish imkonini berdi. Ichki bozor esa mazkur kompaniyalar uchun sinov maydoni bo‘lib xizmat qildi. Hukumat yillar davomida fuqarolarni elektromobil xarid qilishga undash uchun chegirmalar berdi, shaharlardagi jamoat transportini to‘liq elektr energiyasiga o‘tkazdi. Natijada, kompaniyalar o‘z mahsulotlarini takomillashtirib, qisqa muddatda dunyo bozoriga tayyor, arzon va sifatli raqobatbardosh mahsulot olib chiqishga erishdi.
Kritik minerallar monopoliyasi
Kritik minerallar yashil energetika tizimlari, yarimo‘tkazgichlar, batareyalar va mudofaa qurilmalari ishlab chiqarish uchun muhim xomashyodir. Litiy, kobalt, nikel, grafit, mis kabi minerallarsiz na elektromobil akkumulyatorini, na quyosh panelini ishlab chiqarib bo‘ladi. Xitoy mazkur tarmoqdagi ta’minot zanjirini egallash orqali mutlaq ustunlikka erishdi. Xalqaro energetika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin nodir yer metallarining 96 foiz, tabiiy grafitning 98 foiz, kobaltning 97 foiz, litiyning 73 foiz, misning 83 foiz qismiga egalik qiladi. Indoneziya nikelni qayta ishlash bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylangan bo‘lsa-da, mamlakatdagi xomashyoni qayta ishlash zavodlarining taxminan to‘rtdan uch qismi Pekin nazorati ostida yoki ularning sarmoyasi asosida qurilgan.
Xitoy kompaniyalari so‘nggi yigirma yillikda Afrika, Janubiy Amerika va Avstraliyadagi eng yirik konlarni sotib olish yoki ularga sarmoya kiritish orqali xomashyo bazasini misli ko‘rilmagan tarzda kengaytirdi. Masalan, dunyodagi kobaltning katta qismi qazib olinadigan Kongo Demokratik Respublikasidagi yirik konlarning aksariyati Xitoy kompaniyalari nazorati ostida.
Qazib olish ustunlikning faqat bir tomonigina xalos. Asosiy qiyinchilik va qo‘shimcha qiymat minerallarni boyitish va qayta ishlash bilan bog‘liq. Bu jarayon juda katta energiya talab qiladi va atrof-muhitga sezilarli darajada zarar yetkazadi. G‘arb davlatlari ekologik sabablar va qimmat ishchi kuchi tufayli bu zavodlarni o‘z hududlarida yopib, Xitoyga ko‘chirgandi. Bugungi kunda mamlakatda dunyodagi noyob yer elementlarining 85-90 foizi, litiy va kobaltning esa 60-70 foizi qayta ishlanadi. Hatto Avstraliyada qazib olingan litiy ham qayta ishlash uchun Xitoyga olib kelinadi. Umuman olganda, dunyo iqtisodiyoti uchun o‘ta strategik hisoblangan 20 ta asosiy mineralning 19 tasida Xitoy hamon birinchi raqamli qayta ishlovchi davlat bo‘lib qolyapti.
Bu Xitoyga nima beryapti?
Birinchidan, Xitoy iqtisodiyotining an’anaviy tayanchlaridan biri bo‘lgan ko‘chmas mulk sektori inqirozni boshidan kechirayotgan bir paytda, elektromobillar, litiy-ion akkumulyatorlar va quyosh batareyalari mamlakat eksportining asosiy “qutqaruvchisi”ga aylandi. Arzon kiyim-kechak va o‘yinchoqlar eksportchisidan yuqori texnologik va qimmatbaho uskunalar yetkazib beruvchisiga aylanish rasmiy Pekin uchun daromadlarni keskin oshirdi.
Ikkinchidan, Xitoy endi xalqaro maydonda shunchaki o‘yinchi emas, balki qoidalarni belgilovchi kuchga aylandi. Agar ilgari energiya xavfsizligi deganda Yaqin Sharqdagi neft zaxiralari tushunilgan bo‘lsa, endilikda bu borada akkumulyator zavodlari va minerallarni qayta ishlash quvvatlari ham tilga olinyapti. Rasmiy Pekin o‘z ustunligidan geosiyosiy qurol sifatida ham foydalana boshladi. Masalan, sobiq AQSh prezidenti Bayden administratsiyasi 2024 yil 2 dekabrda Xitoyga yuqori darajadagi chiplar va chip tayyorlovchi texnologiyalar yetkazib berishga cheklov kiritdi. Bunga javob tariqasida 3 dekabr kuni Xitoy yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda muhim bo‘lgan galiy, germaniy va antimonit minerallarini AQShga eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni kuchaytirdi. 22 dekabr kuni nodir metallar tayyorlovchi texnologiyalar yetkazib berishga ham taqiq kiritdi. 2025 yil fevral oyida esa Xitoy volfram, tellur, molibden, vismut va indiy yetkazib berish borasida ham nazorat o‘rnatdi.
Kritik minerallar urushi
Yuqoridagi omillar va Xitoyning AQSh cheklovlariga nisbatan qat’iy pozitsiyasi Vashingtonning strategik kamchiligini ochib berdi. Qo‘shma Shtatlar Pekinning kritik minerallar va nodir metallariga xuddi Xitoy AQShning yuqori texnologiyalariga qaram bo‘lgani kabi bog‘liq holatga kelib qoldi. Shu sababdan Tramp hokimiyatga kelishi bilanoq, tabiiy resurslarga boy Grenlandiyani “ixtiyoriy-majburiy” tarzda sotib olishga harakat qila boshladi. Ukrainadan esa Rossiyaga qarshi urushda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun nodir metallar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni talab qildi. Bu metallar AQShga nega kerak va nima bera oladi?
Birinchidan, kritik minerallar va nodir metallarga bog‘liqlik rivojlangan harbiy texnologiyalarni ishlab chiqarish va yangilari ustida tadqiqot olib borishni AQShda Xitoydagiga qaraganda qimmatroq qiladi. Natijada zamonaviy qurollar poygasida Xitoyning imkoniyatlari yuqori o‘ringa chiqadi. Bugungi kunda harbiy harakatlarning eng muhim vositasiga aylangan dronlarni misol tariqasida oladigan bo‘lsak, mazkur uskunalarning parvoz qilish davomiyligini oshirish va batareyalarini takomillashtirishda kritik minerallar va nodir metallar muhim o‘rin tutadi. Batareyalar sohasida ortda qolish AQShga masofadan boshqariladigan texnologiyalar borasida ham Xitoy bilan raqobatlashishni murakkablashtiradi. Chunki strategik aloqani ta’minlash uchun ma’lum masofalarda joylashtirilgan radar qurilmalarining samaradorligi batareyalarga bog‘liq.
Ikkinchidan, iqtisodiy raqobat va biznes manfaatlar to‘qnashuvida ham Xitoy AQShga qaraganda yaxshiroq holatda bo‘ladi. Masalan, elektr mashinalar sanoatida BYD Trampning hamkori Ilon Maskka tegishli Tesla’ga jiddiy raqib sanaladi. 2025 yilda Xitoy giganti 2,25 millionta elektromobil sotishga erishgan bir paytda, Ilon Maskning kompaniyasi 1,64 millionta elektrokar sota oldi. Natijada BYD jahon elektromobil bozorida birinchi marta, bo‘lganda ham juda katta farq bilan Tesla’ni ortda qoldirdi. Ma’lumki, elektr mashinalar batareyalarini ishlab chiqarish kritik minerallar va nodir metallarga bog‘liq. Batareyalar bilan bir qatorda, Xitoy cheklovlar ro‘yxatida asosiy o‘rinlarni egallaydigan galiy va germaniy minerallari yarimo‘tkazgichlar sanoatida muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Yarimo‘tkazgichlar esa o‘z navbatida sun’iy intellekt tizimlari samaradorligini ta’minlab beradi. Bu Xitoy mikroelektronika sohasida AQShga bog‘liq bo‘lganidek, AQSh ham Xitoyning xomashyolarisiz murakkab vaziyatda qolish ehtimoli borligini anglatadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston ketma-ket besh oydan beri oltin sotmayapti
2026 yilning dastlabki 2 oyida O‘zbekistonning eksporti 23 foizdan ko‘proqqa kamaydi va tashqi savdo salbiy saldosi 4,5 mlrd dollarga yetdi. Bu oxirgi oylarda oltin sotuvi amalga oshirilmayotgani bilan bog‘liq. Qimmatbaho metall o‘tgan yilda mamlakat umumiy eksportining uchdan bir qismini tashkil etgandi.
2026 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 11,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 767 mln dollarga yoki 7,1 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 3,54 mlrd dollar (-23,4 foiz), import hajmi esa 8,04 mlrd dollar (+29,8 foiz) bo‘ldi. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 4,5 mlrd dollardan oshdi.
Eksport hajmining qisqarishi ketma-ket besh oydan beri oltin sotilmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, 2025 yilda 9,9 mlrd dollarlik (+32,3 foiz) oltin sotilgandi. Bu umumiy eksportning 29,3 foizini tashkil etadi.
So‘nggi yillarda quyidagi qiymatdagi oltin sotuvi amalga oshirilgan:
2019 yil – 4,9 mlrd dollar (umumiy eksportning – 28,2 foizi);
2020 yil – 5,8 mlrd dollar (38,3 foiz);
2021 yil – 4,1 mlrd dollar (24,7 foiz);
2022 yil – 4,1 mlrd dollar (21,3 foiz);
2023 yil – 8,1 mlrd dollar (32,8 foiz);
2024 yil – 7,4 mlrd dollar (27,8 foiz).
Iqtisodiyot
Qaysi ilovalar orqali foizsiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin?
Kartadan kartaga o‘tkazmalar har qanday mobil bank yoki fintex ilovaning asosiy funksiyasiga aylanib ulgurdi. Millionlab foydalanuvchilar deyarli har kuni bu xizmatdan foydalanadi: kimdir o‘z hisoblari o‘rtasida, yana kimdir do‘stlariga, oila a’zolariga jo‘natmalarni amalga oshiradi. Qaysi ilovalar orqali o‘tkazmalarni amalga oshirish mumkin?
Kundan kunga O‘zbekistonda ham onlayn to‘lovlar ommaviylashib boryapti. Bu ham qulay, ham vaqtni tejaydi. Shu maqsadda karta egalari kichik summadan tortib kattaroq miqdordagi pul o‘tkazmalari uchun turli xil mobil ilovalardan keng foydalanadi. Bir qator banklar va ayrim to‘lov tashkilotlari o‘z mobil ilovalari orqali mijozlarga kartadan kartaga bepul pul o‘tkazmalari xizmatini taqdim etyapti. Kun.uz bunday imkoniyat qaysi ilovalarda borligini o‘rgandi.
Yuqoridagi ilovalardan foydalanib bir oy ichida 45,5 mln so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni bepul o‘tkazishingiz mumkin.
Yana bir jihat: Humo’dan Humo’ga pul o‘tkazmalari uchun aksariyat ilovalarda komissiya olinmaydi (o‘tkazmalar miqdori bo‘yicha limitlar bo‘lishi mumkin). Qator banklar o‘zi chiqargan kartalar o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun ham qo‘shimcha pul olmaydi.
Bundan tashqari, TBC Bank’ning Salom kartasi* (Humo) taqdim etadigan imkoniyatni alohida qayd etish mumkin. Bu kartalar egalari bankning ilovasi orqali kartani foizsiz to‘ldirishi va undan Uzcard/Humo kartalariga foizsiz o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Uzum Bank ham Uzum kartasi orqali 100 mln so‘mgacha komissiyasiz pul o‘tkazishni taklif etadi.
* Diskleymer: Salom kartasi balansidagi qoldiq mablag‘ uchun avtomatik tarzda, muayyan foiz stavkasida kunlik daromad hisoblab boriladi. Bu shakldagi daromad aholining muayyan qatlami uchun nozik masala bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda?
O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–fevral oylarida jami 64 221 dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,9 mingtaga oshgan.
Qayd etilishicha, ishlab chiqarish tarkibida eng katta ulush 23 216 dona bilan «Cobalt» rusumiga to‘g‘ri keldi. Bu umumiy hajmning qariyb uchdan bir qismini tashkil etib, model bozorda yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda.
Shuningdek, «Damas» — 12 301 dona, «Tracker» — 6 210 dona va «Onix» — 5 215 dona bilan keyingi o‘rinlarni egalladi. Qolgan segmentlarda esa turli brendlar ishtirok etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «KIA» rusumida 4 039 dona avtomobil ishlab chiqarilgan. Elektromobillar segmentida «BYD» 3 165 dona ko‘rsatkich bilan ishtirok etgan.
Shuningdek, «Haval» — 2 405 dona va «Chery» — 1 290 dona avtomobil ishlab chiqargani qayd etildi. Bundan tashqari, maxsus yengil avtomobillar soni 6 380 donani tashkil etgan.
Iqtisodiyot
Eksport qilishda ba’zi cheklovlar olib tashlanadi
Qonunchilik palatasining 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinmoqda.
Shu jumladan, loyihada litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga qo‘llaniladigan jarimalar ro‘yxatidan eksportga oid cheklovlar chiqarib tashlanishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, belgilanayotgan normalar mahsulotlar eksportini kengaytirish, eksportdagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga, shuningdek, milliy qonunchilikni JST qoidalariga uyg‘unlashtiradi.
Ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
-
Dunyodan3 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Dunyodan4 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Turk dunyosi3 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Iqtisodiyot5 days ago2026 yilda dunyodagi 50 ta eng yirik iqtisodiyot
-
Siyosat5 days ago
Jarqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi
