Jamiyat
Namanganda qalbaki valyuta savdogarlari ushlandi
Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki pul sotuvchilari ushlandi.
Yangiqo‘rg‘on va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida yashovchi uch fuqaro 100 ming qalbaki AQSh dollarini (100 dollarlik kupyuralarda) haqiqiy 40 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan bo‘lgan.
Ular soxta 80 ming AQSh dollarini haqiqiy 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Tezkor tadbir DXX Toshkent va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda IJQD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Xorijda tayyorlangan soxta valyutalar aylanma yo‘llar orqali olib kelingan. Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Jamiyat
ShHT Media forumida O‘zbekistonning raqamli media taraqqiyoti tajribasi taqdim etildi
Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Media forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning davlat organlari, ommaviy axborot vositalari hamda media sohasi vakillari ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy muhokamalari raqamli transformatsiya, sun’iy intellektning media sohasiga ta’siri, yangi media formatlar, raqamli platformalar imkoniyatlari hamda mamlakatlar o‘rtasidagi axborot hamkorligini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Mazkur nufuzli forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori Qobuljon Ahmedov ishtirok etib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ochiq va zamonaviy axborot makonini shakllantirish, media sohani qo‘llab-quvvatlash hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganishicha, bugun O‘zbekistonda multimedia kontenti jadal rivojlanmoqda, raqamli infratuzilma kengaymoqda, onlayn platformalar va ijtimoiy tarmoqlar auditoriyasi izchil o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, tez sur’atlarda kechayotgan texnologik taraqqiyot sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan yangi avlod jurnalistlari va media mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Forum doirasida sun’iy intellektning media sohasidagi o‘rni va ahamiyati ham atroflicha muhokama qilindi. Mazkur texnologiyalar katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, kontent tayyorlash jarayonlarini tezlashtirish va auditoriya bilan muloqotning yangi shakllarini yaratish imkonini bermoqda. Ayni paytda axborotning ishonchliligi, mualliflik huquqlarini himoya qilish, algoritmlar shaffofligi va sun’iy intellektdan etik foydalanish masalalari bugungi global media makonidagi eng dolzarb mavzulardan biri sifatida qayd etildi.
Qobuljon Ahmedov o‘z chiqishida media vositalari xalqlar o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi, tasdiqlanmagan axborotlar tarqalishiga qarshi kurashishi hamda konstruktiv xalqaro muloqot madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Jamiyat
Sirdaryodagi Media haftalik doirasida «Biz — jurnalistlar» kitobi taqdimoti o‘tkazildi (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi, Jurnalistlar uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan Media haftalik doirasida Guliston shahrida «Biz — jurnalistlar» kitobining taqdimoti va mualliflar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur kitobda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida 1990–1996-yillarda tahsil olgan 54 nafar saboqdoshning ijod namunalari — maqola, she’r, hikoya va suratlari jamlangan. O‘ttiz yil muqaddam ushbu dargohni bitirgan talabalar orasidan bugungi kunda respublikaga taniqli ko‘plab jurnalist va muharrirlar yetishib chiqqan.
Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova olib bordi. So‘ngra «Biz — jurnalistlar» loyihasi tashkilotchilaridan biri va muallifi Abdug‘ani Abdurahmonov to‘plamning yaratilish tarixi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, asar mualliflaridan Quvondiq Siddiq, Muhayyo Astanova, Muxtasar Qodirova, Nargiza Pirnazarova va Farida Tojiboyevalar jurnalistlik missiyasi, ijod gashti hamda kasb mas’uliyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Taqdimotda so‘zga chiqqan sirdaryolik ijodkorlar — «Universitet ovozi» gazetasi bosh muharriri Munavvar Pardayev, «Ma’rifat va yoshlar» gazetasi bosh muharriri, shoir Alisher Nur, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Bahor Xolbekova, «Yangi Sirdaryo» gazetasi maxsus muxbiri Muhammadali Ahmad, «Shirin sadosi» gazetasi bosh muharriri Obloqul Ashurqulov, «Xalq so‘zi» gazetasining viloyatdagi muxbiri Ahmadali Shernazarov va boshqalar yangi nashr haqida iliq mulohazalarni bayon etishdi.
Taqdimotda faol ishtirok etgan qatnashchilarga mualliflar tomonidan «Biz — jurnalistlar» kitobi sovg‘a qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni qariyb 5 millionga yetdi
2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy shaxslar nomida ro‘yxatdan o‘tgan avtotransport vositalari soni 4,9 milliondan oshdi. Bir yil davomida aholiga tegishli avtomobillar parki 344,6 mingtaga ko‘paygan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda jismoniy shaxslarga tegishli 4 million 903,1 mingta avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan.
Avtotransport vositalarining asosiy qismini yengil avtomobillar tashkil etadi. Ularning soni 4 million 552,3 ming donani tashkil qilib, umumiy avtoparkning 92,8 foiziga teng bo‘lgan.
Shuningdek, aholi tasarrufida 330,3 mingta yuk avtomobili, 7,5 mingta mikroavtobus, 7,2 mingta maxsus transport vositasi va 5,8 mingta avtobus mavjud.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning mos davriga nisbatan aholiga tegishli avtotransport vositalari soni 344,6 mingtaga oshgan. Bu esa mamlakatda avtomobillarga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, avtotransport vositalari sonining o‘sishi aholi mobilligi oshishi bilan birga shaharlarda transport oqimini tartibga solish va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyojni ham kuchaytirmoqda.
Jamiyat
Germaniyada ishlashni istovchilar uchun yangi dasturlar ishga tushirildi
O‘zbekiston va Germaniya mehnat migratsiyasi hamda kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida ikki yirik qo‘shma loyihani ishga tushirdi. Yangi dasturlar o‘zbekistonliklarga Germaniyada ishlash va xalqaro tan olingan til sertifikatlarini olish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Loyihalarga Toshkent shahridagi «Ko‘ksaroy» qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer ishtirokida start berildi.
Ushbu tashabbuslardan biri Germaniyaning yirik transport kompaniyasi Deutsche Bahn bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Germaniya temiryo‘l sohasi uchun 500 nafar mutaxassis maqsadli tayyorlanadi. Ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar Germaniyada yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ikkinchi loyiha esa O‘zbekistonda TELC xalqaro imtihon markazlari tarmog‘ini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu orqali fuqarolar Goethe sertifikatlari bilan bir qatorda TELC xalqaro til sertifikatlarini ham mamlakat hududida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kutilishicha, har yili 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik TELC imtihonlarini O‘zbekistonning o‘zida topshirishi mumkin bo‘ladi. Bu esa xorijda ta’lim olish va mehnat faoliyatini boshlash uchun til bilimini tasdiqlash jarayonini ancha yengillashtiradi.
Har ikki loyihaning qiymati 1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar malakali kadrlar tayyorlash, mehnat mobilligini oshirish va yoshlar uchun xalqaro mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Yozgi issiqda avtobuslarda konditsionerlar ishi tekshirilmoqda
Toshkent shahrida yozgi mavsumda yo‘lovchilarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida jamoat transportida nazorat tadbirlari kuchaytirildi. Xususan, avtobus va elektrobuslarda konditsionerlardan to‘g‘ri foydalanilishi hamda salonlarda belgilangan harorat rejimiga rioya etilishi tekshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda poytaxtdagi 169 ta avtobus yo‘nalishi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Yo‘lovchilar uchun xavfsiz, qulay va sifatli tashuv xizmatlarini ta’minlash transport sohasi oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahri avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma talablariga muvofiq sifat mezonlarining tashuvchilar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.
Belgilangan talablarga ko‘ra, tashqi havo harorati +28 darajadan yuqori bo‘lgan hollarda avtobus va elektrobuslardagi konditsionerlar ishlatilishi, salon ichidagi harorat esa +26 darajada saqlanishi lozim.
Transport vazirining tegishli ko‘rsatmasi asosida Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda «Toshshahartransxizmat» AJ mas’ullari ishtirokidagi ishchi guruh avtobus yo‘nalishlarida monitoring olib bormoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday nazorat tadbirlari jamoat transportida xizmat sifati va yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
-
Jamiyat4 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Iqtisodiyot4 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Dunyodan4 days ago
AQShda bombardimonchi halokatga uchradi, qurbonlar bor
-
Dunyodan3 days ago
Isroil vaziri Trampga qarshi keskin bayonot berdi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston AQSh-Eron bitimiga munosabat bildirdi
-
Sport5 days agoJCh-26. O‘zbekiston mag‘lubiyat bilan boshladi
