Jamiyat
Namanganda mashhur filmdagiday hodisa sodir bo‘ldi
Uychi tumanidagi Mustaqillik mahallasi. Uyidan chiqib o‘qishga yo‘l olgan bolakay maktab darvozasiga yetganida niqobli shaxslar hujumiga uchradi: Nexia mashinasida kelgan erkaklar uning qo‘lini qayirib, mashinaga tiqishdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Barchasi soniyalar ichida sodir bo‘lgandi. Hamma oyoqqa turdi. Eshitganlar borki hayrat ichida bir-biriga pichirlashga tushdi: kimdir otasining dushmanlari qilgan desa, boshqasi hozir bola o‘g‘rilari ko‘paygan, sotib yuborishadi derdi. Biroq bu taxminlar haqiqatdan yiroq edi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Aksariyat jinoyatlarning sodir etilishiga oson pul topish ishtiyoqi sabab bo‘ladi: bosqinchilik, o‘g‘rilik, firibgarlik kabi jinoyatlar borki, barining ildizi shu omilga borib taqaladi. Jinoyatchilar doim barchasi xamirdan qil sug‘urganday bo‘ladi, biz qo‘lga tushmaymiz, degan ishonchda harakat qilishadi. Biroq jinoiy reja qanchalik mukammal bo‘lmasin, baribir fosh bo‘ladi. Maqolada Namangan viloyatining Uychi tumanida sodir qilingan jinoyat haqida so‘z yuritamiz. Uni sodir etgan shaxslar ham rejamiz ish beradi, deb ishonishgan edi.
O‘g‘irlab ketilgan bola
2023 yil 16 oktyabr tongi. Uychi tumanidagi Mustaqillik mahallasi. Azizbek uyidan chiqib, maktab tomon yo‘l oldi. Maktabning orqa tomon eshigiga yaqinlashganda kutilmagan holat sodir bo‘ldi: yoniga Nexia mashinasi kelib to‘xtadi, undan niqobli shaxslar yugurib tushdi, uning qo‘lini qayirib, mashinaga tiqishdi va katta tezlikda haydab ketishdi. Barchasi soniyalar ichida yuz bergan, bola nimalar bo‘layotganini anglamay ham qolgandi.
Buni maktab o‘qituvchilaridan biri ko‘rib qoldi va qorovulxonaga yugurib borib, o‘sha yerda turgan direktor o‘rinbosariga aytdi. Direktor o‘rinbosari voqea joyiga qarab yugurdi. Ammo bola o‘g‘irlab ketilgan joyda xuddi kinolardagi kabi uning kiyimi va sumkasi yotardi. Direktor o‘rinbosari ularni olib, maktab qorovuliga tutqazdi va o‘zi IIB xodimlariga xabar berdi. Bu orada bolaning otasi Avazbek Abdullayevga ham qo‘ng‘iroq qilishdi. Hamma oyoqqa turgan, maktabda g‘ala-g‘ovur boshlangandi.
Maktab yonidagi savdo do‘konining kuzatuv kamerasini ko‘rishdi: oq rangli, 50 O 952 ZA davlat raqam belgili Nexia bolani olib, katta yo‘l tomonga harakatlanib ketgandi.
Tahdidli xabar
Ichki ishlar xodimlari tezkor ravishda ishga kirishdi. Mashinaning davlat raqam belgisi aniq, u kimga tegishli ekanini bilish qiyinmasdi. Ko‘p o‘tmay mashina topiladi. Biroq uning haqiqiy egasi mashina yukxonasiga tiqib ketilgandi.
Voqeaning ertasi kuni, 17 oktyabrda bolaning otasiga Telegram orqali tahdidli xabar keladi: “300 ming dollar berasan, bo‘lmasa bolangni o‘ldiramiz”. Isbot sifatida otaga bolasining ovozli yozuvi yuboriladi.
“O‘sha kuni o‘g‘lim soat 8:40 larda maktabga chiqib ketdi. Soat 9:02 da esa maktab direktori qo‘ng‘iroq qilib, farzandimni allaqanday niqob taqqan notanish kishilar urib, Nexia mashinasiga majburlab mindirib ketganini aytdi. Ertasiga notanish shaxslar Telegram orqali aloqaga chiqib, o‘g‘lim ularda ekanini, 300 ming dollar bersam qo‘yib yuborishlarini, aks holda o‘ldirishlarini ma’lum qildi. So‘ng IIB xodimlari bilan hamkorlikda pul talab qilayotgan shaxslarni topishga kirishdik”, degan ota suddagi ko‘rsatmasida.
Jinoiy reja
Aslida bolani o‘g‘irlab ketib, pul talab qilish 4 nafar yigit tomonidan tuzilgan jinoiy reja edi. Bu reja Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan Eldor Qodirovdan chiqqandi.
O‘g‘irlab ketilishi reja qilingan bolaning otasi Avazbek Abdullayevni Eldor Qodirov tanirdi. Chunki uning qizi Eldor Qodirov yashaydigan mahallaga kelin bo‘lib tushgandi. Avazbek Abdullayev kuyoviga mashina sovg‘a qilgani haqida eshitgan Eldor Qodirov uning boyligi ko‘p degan o‘yga borgandi.
Bolani o‘g‘irlab ketib, otasidan tovon puli undirish rejasiga Uychi tumanida yashovchi 25 yoshli Oybek Shamshiddinov, 26 yoshli Abdulatif Sobirov hamda Namangan shahrida yashovchi 25 yoshli Abdulqodir Yo‘ldoshev qo‘shiladi. “Pulni bitkoinda olamiz. 200 ming dollar so‘rayman, 50 ming dollardan taqsimlab olamiz. Biror narsa bo‘lsa barini o‘zim bo‘ynimga olaman”, deydi Eldor Qodirov. Biroq keyinchalik u Avazbek Abdullayevdan 200 ming emas, 300 ming dollar so‘raydi.
Rejaning amalga oshirilishi
Guruhning har bir a’zosiga ma’lum bir vazifa taqsimlab beriladi. Masalan, Abdulqodir Yo‘ldoshevning vazifasi bolani mashinasida bir joydan ikkinchi joyga olib borib qo‘yish edi. Shu sababli, Eldor Qodirov go‘yoki chet davlatga chiqib ketgan qilib ko‘rsatish uchun 2023 yil 9 oktyabr kuni uni Andijon viloyatidagi Do‘stlik bojxona chegara posti orqali Qirg‘izistonga chiqarib yuboradi. Oradan 2 kun o‘tib esa Qirg‘izistonning Olabuqa tumani orqali Namangan viloyatining Kosonsoy tumaniga aylanma dala maydonlari orqali noqonuniy olib o‘tadi. So‘ngra Abdulqodir Yo‘ldoshev reja amalga oshirilishini kutib, Andijon shahridagi ko‘p qavatli uyda bir necha kun yashaydi.
“Ishbilarmon yigitlar” 2023 yil 16 oktyabr kuni rejani amalga oshirishga kirishadi. Soat 3:50 larda Eldor Qodirov, Oybek Shamshiddinov va Abdulatif Sobirov Namangan shahrining Davlatobod tumaniga Yandeks ilovasi orqali taksi chaqiradi. Buyurtmani Jamshid Mamadiyev qabul qilib oladi va Nexia mashinasida chaqiruv manziliga boradi.
Mijozlar taksida Uychi tumanining Tepasaroy mahallasi hududiga, shimoliy Farg‘ona kanali oldiga keladi. Shunda haydovchiga birdaniga hujum uyushtiriladi: orqa o‘rindiqda o‘tirgan Abdulatif Sobirov bo‘ynidan arqon o‘tkazib, bo‘g‘a boshlaydi, Oybek Shamshiddinov uning boshiga maxsus tayyorlangan shapkani kiydiradi, Eldor Qodirov esa bo‘yniga pichoq tirab, qarshilik qilsa o‘ldirishini aytadi. So‘ngra jinoyatchilar Jamshid Mamadiyevning qo‘l va oyoqlarini o‘zlari olib kelgan arqon bilan bog‘lab, og‘zini latta bilan berkitishadi va mashinaning orqa yukxonasiga tiqishadi.
Shundan so‘ng Abdulatif Sobirov mashina ruliga o‘tiradi va ular Uychi tumanining Mustaqillik mahallasi tomonga qarab ketishadi. Soat 6:30 da manzilga borib, Avazbek Abdullayevning o‘g‘li uydan chiqishini kuta boshlashadi. Soat 8:45 da bola uyidan chiqadi va maktabga yo‘l oladi. U maktabning orqa eshigi yoniga yetib kelganida yuziga niqob taqqan Oybek Shamshiddinov va Eldor Qodirov hujum qilib, urib-do‘pposlagan holda bolani majburlab mashinaga mindirishadi.
Shu tariqa bola o‘g‘irlanadi. Uni avvaliga Namangan shahrining Yangi Namangan tumanidagi dala maydoniga olib borishadi. O‘sha yerda oyoq-qo‘lini arqon bilan bog‘lab, ko‘z va og‘zini berkitishadi. So‘ngra noqonuniy yo‘l orqali Qirg‘izistondan qaytib kelib, o‘z vazifasini kutib yotgan Abdulqodir Yo‘ldoshevning davlat raqam belgisi 50 N 188 JA bo‘lgan Nexia-2 mashinasiga o‘tkazishadi.
Abdulqodir Yo‘ldoshev va Abdulatif Sobirov bolani Andijon shahrining Xo‘tan ariq mahallasidagi xonadonlardan biriga olib ketadi. Eldor Qodirov hamda Oybek Shamshiddinov yukxonasida Jamshid Mamadiyev bo‘lgan Nexia’ni Kosonsoy tumanining Bomraha mavzesi hududidagi dala maydoniga boshqarib borishadi. So‘ngra o‘zingni o‘zing qutqarasan, deya Jamshid Mamadiyev yoniga o‘zlari olib qo‘yishgan telefonini qaytarib qo‘yib, voqea joyidan yashirinishadi. Haydovchi tishlari yordamida qo‘llaridagi arqonni yechib, ichki ishlar xodimlariga xabar beradi.
300 ming dollar tovon puli
Jinoiy rejaning birinchi qismi amalga oshirilgan, endi bola uchun pul undirishgina qolgandi. Jinoyatchilarning nazarida barchasi oson kechayotgan edi. Eldor Qodirov bolaning otasi Avazbek Abdullayevga Telegram orqali aloqaga chiqadi va farzandini tirik ko‘rishni xohlasa 300 ming dollar berishi kerakligini aytadi. Agar pulni bermasa, bolasini o‘ldirib yuborish bilan tahdid qiladi.
Shundan so‘ng jinoyatchilar 18 oktyabr kuni soat 16:00 larda bolani Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi xonadonlardan biriga, kechga yaqin esa Chirchiq tumanidagi dalahovliga olib borishadi. Ular shu tariqa bolani dalahovlida 20 oktyabr kuni soat 15:00 larga qadar g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilib, ushlab turishadi.
Jinoyatning fosh etilishi
Jinoyatchilar hammasi xamirdan qil sug‘urganday oson kechyapti, deb o‘ylagan bir paytda ikkinchi tomondan ichki ishlar xodimlari ularni fosh qilish uchun katta kuch bilan ishga kirishgan edi.
Bolani o‘z mashinasida Andijon shahriga olib borgach, Abdulqodir Yo‘ldoshevga Eldor Qodirov 200 ming so‘m tutqazib, Qirg‘izistonga chiqib ketishi kerakligini aytgandi. Abdulqodir Yo‘ldoshev mashinasini uyida qoldirib, o‘zi noqonuniy tarzda Qirg‘izistonga o‘tib ketadi.
17 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bola o‘g‘irlangani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandi. Abdulqodir va Eldor bir-birlari bilan Telegram orqali gaplashib turadi. Ammo ichki ishlar xodimlari Abdulqodirning iziga tushgandi. U qo‘lga olinadi.
Abdulqodirning qo‘lga tushgani ma’lum bo‘lgach, Oybek Shamshiddinov va Abdulatif Sobirov ham o‘zini IIB xodimlariga topshiradi. Hammasi fosh bo‘lganini bilgan Eldor Qodirov bu paytda Chirchiq tumanidagi dalahovlida ushlab turilgan bolani uyiga jo‘natib yuboradi.
“Oilangni yo‘q qilib yuboraman dedi”
Abdulqodir, Oybek va Abdulatif sudda ayblariga qisman iqror bo‘lib, bu ishlarni Eldor Qodirovning tazyiqi ostida qilishganini aytgan.
Jumladan, Abdulatif Sobirov Eldor Qodirovdan qarz bo‘lib qolgani sababli bu ishga rozi bo‘lganini bildirgan.
“Eldor Qodirov bilan Toshkent shahriga bozorga borgan vaqtimda tanishganman. Oilaviy sharoitim og‘irligi tufayli undan qarzga pul olib, qarz bo‘lib qoldim. Ma’lum bir muddat o‘tgach Eldor Qodirov qarzini qaytarishimni talab qilib, tahdid qila boshladi. So‘ngra qarzni uzishim uchun ishlashni taklif qildi. Qanday ishligini so‘raganimda qurilish ekanini, buning uchun sherik olishim kerakligini aytdi. Shunda men Oybek Shamshiddinovning oldiga borib, ishlashni taklif qildim va u rozi bo‘ldi.
Eldor Qodirovning chaqiruviga binoan Oybek Shamshiddinov bilan Toshkent shahriga bordik. U yerda 3-4 kun dam olib yurdik. Bu vaqt ichida Eldor Qodirov nima ish qilish kerakligini aytmadi. 2023 yil 16 oktyabr kuni kechasi Toshkent shahridan Namangan shahriga keldik”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Abdulatif Sobirov bir necha marotaba bu ishni qilmasligini aytganini, shunda Eldor Qodirov uning oilasini yo‘q qilish bilan qo‘rqitgani, shu sababli majbur bo‘lganini ma’lum qilgan. Oybek Shamshiddinov va Abdulqodir Yo‘ldoshev ham shunga o‘xshash ko‘rsatma bergan.
Jazo
Jinoyat ishining Eldor Qodirovga oid qismi alohida ish yurituviga olingan. Chunki u Toshkent shahrida boshqa jinoyatlarga ham qo‘l urgandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 16 maydagi hukmi bilan Eldor Qodirov Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 2-qismi “b, v, g” bandlari, 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a, b” bandlari, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 223-modasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 2-qismi “b” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandi, 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 17 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining 2024 yil 28 martdagi hukmi bilan Abdulatif Sobirov, Oybek Shamshiddinov va Abdulqodir Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilgan. Abdulatif Sobirovga 11 yil, Oybek Shamshiddinovga 10 yil-u 3 oy, Abdulqodir Yo‘ldoshevga 7 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi.
Jamiyat
Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi
Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.
Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.
Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.
Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.
Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.
Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.
Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi.
Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.
Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.
Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.
Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.
Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?
Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.
Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.
Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.
Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham.
Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.
Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…
Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.
Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
Jamiyat
Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.
Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.
Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.
Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.
Jamiyat
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.
Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.
Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.
Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi
Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot5 days ago1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
