Jamiyat
Namanganda fuqaro IIB binosida qiynoqqa solindi. Holatni respublika ishchi guruhi o‘rganmoqda
34 yoshli erkak profilaktika inspektori va boshqa xodimlar IIB binosida ikki kun davomida uni qiynoqqa solib, og‘ir tan jarohatlari yetkazganini aytgan. “Uch xodim dubinka va elektroshoker ishlatib, qiynab urdi”, degan u. Prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi. IIV aybdorlarning harakatlariga qat’iy chora ko‘rilishini bildirdi.
Foto: Abdulahad O‘rmonovning yaqinlari
Namangan shahrida fuqaro ichki ishlar bo‘limi binosida qiynoqqa solindi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2025 yil 14 avgust kuni sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan Abdulahad O‘rmonovni profilaktika inspektori B.D. va boshqa xodimlar IIB binosida ikki kun davomida qiynoqqa solib, unga hayoti uchun og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. So‘ng uni mayda bezorilikda ayblab, Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudiga olib borishgan. Ammo ayblov tasdiqlanmagan, ma’muriy ish sud tomonidan rad etilgan.
“Namangan shahridagi Oltitosh mahallasida yashayman. B.D. ismli ichki ishlar xodimi avval turmush o‘rtog‘imning qizlik mahallasida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan. Xotinim bilan kelishmovchiliklar bo‘lganida, uning mahallasidagi vakil sifatida uyimizga ham kelardi. Oilaviy masalalarga aralashib yurardi. Unda avvaldan men va oilamizga qandaydir adovat bo‘lgan, ko‘p o‘chakishardi”, degan Abdulahad O‘rmonov Gazeta.uz muxbiriga.
Unga ko‘ra, 14 avgust kuni soat 16:00 larda maktabda o‘qiydigan qizi qo‘ng‘iroq qilib, o‘quv qurollari olib berishini aytgan. Uydan 75 ming so‘m pul olib, do‘kon tomon yo‘l olgan fuqaro ko‘chada B.D.ni ko‘rib qoladi.
“U mahallamizda nomeri yo‘q qizil mashinada turgan ekan. Boshqa hududda xizmat qilsa-da, lekin doimo mana shu atrofda aylanib yuradi. O‘sha kuni unga “Biz ikki tomonni yarashtirib qo‘yinglar mahalla faollari”, dedim. “Pastga tushsang, gaplashib olamiz”, deya javob qaytarib, ketdi. Orqasidan borsam, Namangan shahar ichki ishlar bo‘limi binosiga borib, u yerga kirib ketdi. Men esa binoning kirish qismida qoldim. U ichkaridagi IIB xodimlariga “Fuqaro pichoq ko‘tarib meni quvladi”, debdi. U paytda menda umuman o‘tkir jismli qurol bo‘lmagan. Shundan so‘ng 3-4 nafar formali xodim tashqariga chiqib, meni urib, qo‘limga kishan solib, ichkariga olib kirib ketishdi”, deya ta’kidlagan Abdulahad O‘rmonov.
Jabrlanuvchiga ko‘ra, ichkarida uning qo‘llaridan kishan yechilmagan, xodimlar eshikning tagida, kamera yo‘q joyda uni ikki marta ko‘tarib, bel va tos qismi bilan betonga tashlashgan.
“Keyin boshqa bir xonaga olib kirib, uchalasi dubinka va elektroshok ishlatib, qiynashdi. Navbat bilan meni ko‘tarib polga tashlashdi. O‘shanda nafas yetmay qolib, ichimda og‘riq paydo bo‘ldi. Xodimlar bir amallab binoning old hovlisiga olib chiqishdi. Nazoratchi oxrana meni kamera yo‘q joyga o‘tqazib qo‘ydi. Undan suv so‘rasam, “Suvni urganlar beradi”, dedi. Sal o‘tib, boshqa bir xodim binoning orqa tarafiga olib o‘tib, rosa qiynadi. Men ancha ezildim, Xudo haqqi, nihoyatda azoblandim, ichlarim to‘kilib ketgandek bo‘ldi. O‘tkazib turg‘izdi, ermak qildi”, degan u.
Abdulahad O‘rmonovning qo‘shimcha qilishicha, uni IIB xodimlarining o‘zi mashinada shifoxonaga olib borgan. Yo‘lda ketayotib, “O‘zim urushdim, o‘zim yiqilib tushdim degin, yo‘qsa, bundan battar bo‘lasan”, deya qo‘rqitishgan.
Abdulahad O‘rmonovning onasi Osiyo Bo‘taboyeva profilaktika inspektori B.D. ancha yildan buyon o‘g‘lining shaxsiy hayotiga aralashib, unga bosim o‘tkazib kelganini aytgan. Ona o‘g‘lini qiynab urgan ichki ishlar xodimlari qonuniy jazosi olishlarini talab qilgan.
“Boshqa hech narsa kerak emas. Qonun ularga ham ishlasin. Soppa-sog‘ farzandimni bir kunda nogiron qilib qo‘yishdi. Qovurg‘alari singan, jigari va oshqozon osti bezi ezilgan, o‘pkasi teshilgan, bitta qora talog‘i olib tashlandi”, degan u.
Namangan viloyati IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, joriy yil 14 avgust kuni Namangan shahrida yashovchi Abdulahad O‘rmonov o‘zaro oilaviy nizo sabab IIBga olib kelingan. U bilan profilaktik suhbat olib borilib, shu kuni uyiga ruxsat berilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 16 avgustda Abdulahad O‘rmonov sog‘ligi yomonlashgani sabab tibbiyot muassasasiga murojaat qilgani aniqlangan.
“Hozirda fuqaro O‘.A.ga nisbatan yetkazilgan tan jarohatlari bo‘yicha aybdorlarning harakatlariga qonuniy chora ko‘rish maqsadida Namangan shahar prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi IIB ma’lumotida.
IIV holat vazirlik tomonidan alohida nazoratga olinganini bildirdi. Qayd etilishicha, vaziyatni xolisona va to‘liq o‘rganish hamda xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida vazirlik rahbariyati boshchiligida tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilgan va Namangan viloyatiga xizmat safariga yuborilgan.
“O‘rganish yakunlari yuzasidan aybdorlarning harakatlariga qat’iy chora ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyiladi IIV munosabatida.
Oldinroq Toshkentda fuqaroni qiynab, bo‘yniga jinoyat ilmoqchi bo‘lgan uch nafar IIB xodimi sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan mansabdor qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida favqulodda vaziyatlar tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs tadbirkordan katta miqdorda pul talab qilgani aniqlandi. U tuman hududidan oqib o‘tuvchi uchta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurishga oid umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni olib berganini ro‘kach qilgan.
Mazkur shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga rasmiylashtirib berganini aytgan mansabdor, korxona rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida «ulush» talab qilgan.
2026-yilning mart-aprel oylarida u ushbu mablag‘ning 24 ming dollarini olgani ham ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik esa tadbirkordan qolgan 39 ming dollarni ham berishni talab qilishda davom etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda mansabdor talab qilingan pulning navbatdagi qismi — 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat uning «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida sodir bo‘lgani qayd etildi.
Tezkor tadbir davomida u ashyoviy dalillar bilan ushlangani rasman tasdiqlandi. Bu holatda pul mablag‘larining aynan talab qilingani va olingani hujjatlashtirildi.
Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov organlari tomonidan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Jamiyat5 days ago
Toshkent viloyatida 11 mansabdor ishdan olindi, yana 8 nafari jazolandi
