Jamiyat
Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etdi
Yangiqo‘rg‘on tumani Birlashgan qishlog‘ida yashovchi 39 yoshli Munojot To‘raboyeva oilaviy shifokor punktida qon ko‘paytiruvchi osma ukol olayotgan payti vafot etdi. Yaqinlari u sog‘lom, tetik bo‘lganini aytmoqda. Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, marhuma unga o‘tgan yili berilgan preparatni olib kelgan, dorining yaroqlilik muddati o‘tmagan. O‘limga ekspertiza aniqlik kiritishi kutilyapti. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Marhum Munojot To‘raboyeva kunlik ishlarda mehnat qilgan. Davlat tomonidan bepul beriladigan qon ko‘paytiruvchi preparatlarni olib kelgan. Bunday preparatlardan navbatdagisi unga o‘tgan yili sentabr oyida, keyinroq esa joriy yil 4 mart kuni berilgan.
Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, To‘raboyevaga o‘tgan yili sentabrda “Ferlek”, joriy yil mart oyida esa “Neofer” nomli qon ko‘paytiruvchi preparatlar berilgan. U vafotidan 3-4 kun oldin uch kunlik “Neofer” kursini yakunlagan. Lekin 28 mart kuni yana punktga kelib, tanasida og‘riqlar borligidan shikoyat qilgan va sentabrda berilgan “Ferlek”dan bir dona qolib ketgani, uni uyida saqlab kelgani, joriy kursning davomi sifatida ana shu bir donani ham ishlatib yuborishni so‘ragan.
“Vrach nazoratida oling, bizga mumkin emas, deb aytdim. Lekin “yo‘lkira qilib borib-kelishga pulim yo‘q” deganidan keyin, rahmim kelganidan ulab qo‘ydim. Ulashdan oldin “Ferlek”ning yaroqlilik muddatini ko‘rdim – 2026 yil oktyabrgacha. Natriy xlorniki 2027 yilgacha.
Oldin ham qon ko‘paytiruvchi dorini boshqa joyda olganida, sal mazasi qochgan ekan. Biz birinchi yordam uchun hech narsa qilolmadik, buning uchun zarur hech narsamiz yo‘q”, – dedi marhumga ukol ulagan hamshira Gulbahor Ergasheva.
Oilaviy shifokor Xudoyberdi Alijonovga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlarida doim ham vrach bo‘lavermaydi – kadrlar yetishmovchiligi bor. Uning o‘zi o‘sha paytda G‘ovazon mahalla tibbiyot punktida (mahallaning asosiy tibbiy maskani) bo‘lgan, hamshiralarning chaqiruviga asosan chekkaroq joyda joylashgan oilaviy shifokor punktiga yetib borganida ayol vafot etgan bo‘lgan.
“Mutaxassis sifatida hozir aniq xulosa aytolmayman. Hali ekspertiza xulosasi yo‘q. Dori reaksiya berdimi yoki o‘zida qandaydir boshqa kasallik bo‘lganmi, aniq ma’lumot yo‘q”, – deydi shifokor.
Biz marhumning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik. Ular Munojot To‘raboyeva sog‘lom va tetik bo‘lganini aytmoqda.
“Ovsinim poliklinikaga sog‘lom holatda o‘z oyog‘i bilan yurib kelib, shifokorlar tomonidan berilgan osma ukol olishi natijasida vafot etdi. U baquvvat ayol edi. Kunlik ishda ishlardi. Turmush o‘rtog‘i Toshkentda ishlagani uchun ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zi bajarardi. Tetikligidan qopdagi unni ham ko‘tara olardi.
Eng achinarlisi, u kenja o‘g‘li yonida jon berdi. O‘g‘li onasining jon berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Oilaviy poliklinikamiz abgor holatda, hatto qon bosimini o‘lchagich ham yo‘q. Oddiy termometri ham yo‘q edi. Ovsinimning o‘lganini ko‘rib o‘zimning ham mazam qochib qoldi, oddiy glitsin ham topib berisha olmadi. O‘sha kuni poliklinikada to‘rt hamshiradan boshqa vrach ham bo‘lmagan. Muolajadan avval shifokor ko‘rigidan o‘tmagan. Sizlarning kelishlaringni bilishib yangi, toza o‘rindiq va yotoqlar tayyorlab qo‘yishibdi. Ovsinim o‘lgan kuni yotgan to‘shagini ham ko‘rib bo‘lmas darajada iflos edi”, – deydi ovsini Nargiza Tursunova.
Turmush o‘rtog‘i Botir Tursunov rafiqasi bilan vafotidan taxminan 20 daqiqa avval telefonda gaplashgan.
“Toshkentda ishlayman. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im ishga chiqmagan ekan. Telefon qilib bugun bo‘shman, poliklinikaga chiqib ukolimni olsam maylimi, 20 daqiqada uyga qaytaman dedi. Xo‘p, mayli dedim. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘shnim telefon qildi: “Ayolingizning mazasi qochib og‘irlashib qoldi, tez yetib kelmasangiz bo‘lmaydi”.
Turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilsam, telefon o‘g‘limning qo‘lida ekan. “Dada, ayam…” deganidan keyin telefonni bir ayol olib, xotinim o‘lganini aytdi. Ekspertizadan chiqishiga men ham qishloqqa yetib bordim.
Ikki o‘g‘lim bor. O‘sha kuni 1-sinfda o‘qiydigan kichik o‘g‘lim bilan poliklinikaga birga borishgan ekan…
Turmush o‘rtog‘im sog‘lom edi. Shu ishni qilganlar javobini bersin. Ikki farzandim yetim qoldi. Bugun bilinmayapti, ertaga bilinmas, indinga “onam qayerda?” desa nima deb javob beraman? Ayolim poliklinikaga sog‘lom kelgan. O‘limidan 20 daqiqa oldin ham gaplashgan edim”, – deydi u.
Holat bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport16 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat5 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport5 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
