Jamiyat
Namanganda atrofi ochiq holatda turgan transformator ustiga chiqqan bola tok urib vafot etdi
Voqea 5 may kuni Davlatobod tumanida sodir bo‘lgan. 13 yoshli bola yuqori kuchlanishli transformator ustiga gilos yeyman deb chiqqan. Oqibatda elektr toki ta’siriga tushgan hamda shifoxonada vafot etgan.
Davlatobod tumanida 5-sinf o‘quvchisi elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Millar” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 5 may kuni soat taxminan 19:37 larda sodir bo‘lgan. 2013 yilda tug‘ilgan bola gilos yeyish maqsadida yuqori kuchlanishli transformator ustiga chiqqanda uni tok urgan.
Marhum bola xolasining qaramog‘ida bo‘lgan, onasi chet elda ishlagan.
“Jiyanim maktabdan kelgan. O‘rtoqlari bilan futbol o‘ynayman deb ko‘chaga chiqqan. Oldimizda maydoncha yo‘qligi uchun ko‘chaning boshida o‘ynashgan. Transformatorga tegib ketganmi, nima bo‘lgan — ko‘rmaganmiz. Chaqnash bo‘lib, portlagan”, degan bolaning xolasi.
Ayolning aytishicha, bolani yaqindagi shifoxonaga olib borishgan, ammo u yerda tezkor yordam ko‘rsatilmagan.
“Go‘zal shifoxonasi uzoq bo‘lgani uchun G‘ishtli shifoxonasiga olib tushishgan. U yerda birinchi yordam ko‘rsatishmagan. Men bir soatdan ortiq bolani qidirib yurdim. Keyin 103 orqali qayerdaligini bilib, shifoxonaga bordik. Borganimizda bola allaqachon o‘lgan edi”, degan u.
Shuningdek, marhumning qarindoshlari transformator atrofida xavfsizlik to‘siqlari bo‘lmaganini aytmoqda.
“Transformator yonlari panjara bilan o‘ralganida elektr tarmog‘i bilan ishimiz bo‘lmasdi. Elektr tarmog‘i javobgar bu narsaga. Simlari osilib yotibdi, hozir ham qulflanmagan. Faqat sim-pimlarini yig‘ishtirib qo‘yishdi, lekin to‘siq o‘rnatishmadi”, degan marhumning xolasi.
Hodisa joyiga tuman prokurori va ichki ishlar bo‘limi tezkor-tergov guruhi chiqqan. Bolaning o‘limi sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, Davlatobod tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi ma’lum qilingan.
Avvalroq Namanganda 4 yoshli bola ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga kirib, ikki qo‘lidan ayrilgandi.
Jamiyat
Singlisining «siri»dan daromad ko‘zlagan shaxs ushlandi
Buxoro shahrida singlisining shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlardan g‘arazli maqsadda foydalangan ayolning jinoiy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2007-yilda tug‘ilgan fuqaro J.N. singlisi R.N. va uning tanishi D.D. o‘rtasidagi ishqiy munosabatlardan xabar topgan. Biroq, u bu holatni sir saqlash yoki muammoni tinch yo‘l bilan hal etish o‘rniga, vaziyatdan moddiy manfaat ko‘rishni maqsad qilgan.
Gumonlanuvchi ayol yigitni unga tegishli rasm va videolarni uning oila a’zolariga ko‘rsatish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish hamda huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, uni javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgan. Shu tariqa u jabrlanuvchidan 2000 AQSh dollari talab qilgan.
Buxoro shahrida Ichki ishlar boshqarmasi, Tezkor qidiruv xizmati hamda boshqa mas’ul idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi J.N. talab qilingan pul mablag‘ini D.D.dan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergov jarayonida u qilmishidan pushaymon ekanini bildirib: «Oilaviy sirdan foydalanib, pul ishlashga uringanim katta xato bo‘ldi. Bir lahzalik manfaat, deb o‘z kelajagimni xavf ostiga qo‘ydim. Qilgan ishimdan qattiq afsusdaman»,— degan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga muvofiq, aybdor shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin.
Jamiyat
«Soliq» ilovasidagi keshbek mablag‘larini daraxt ekishga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ldi
O‘zbekistonliklar «Soliq» ilovasida yig‘ilgan keshbek mablag‘larini ixtiyoriy ravishda daraxt va ko‘chatlar ekishga yo‘naltirishi mumkin. Ilovaning «Bank kartalari» bo‘limiga «Daraxt va ko‘chatlar ekish jamg‘armasi» xizmati qo‘shildi.
Foto: Sun’iy intellekt yaratgan surat
«Soliq» mobil ilovasi foydalanuvchilari xaridlar va xizmatlar uchun to‘plangan keshbek mablag‘larini ixtiyoriy ravishda daraxt va ko‘chatlar ekishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur imkoniyat prezidentning 2025 yil 18 noyabrdagi qarori asosida Soliq qo‘mitasi va Ekologiya qo‘mitasi hamkorligida joriy etilgan.
Yangi xizmat iyun oyidan boshlab «Soliq» mobil ilovasining yangilangan versiyasida ishga tushirildi. Foydalanuvchilar keshbek mablag‘larini ilovaning «Bank kartalari» bo‘limida joylashgan «Daraxt va ko‘chatlar ekish jamg‘armasi» xizmati orqali o‘tkazishi mumkin.
Mablag‘larni o‘tkazish ixtiyoriy.
Jamiyat
Qozog‘istonda YTHga uchragan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi
Qozog‘istonning Atirau oblastida YTHga uchrab og‘ir jarohat olgan 17 yoshli o‘zbekistonlik vatanga olib kelindi. Shuningdek, Latviyada insultni boshdan kechirgan va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan yana ikki fuqaro ham shifokorlar kuzatuvida O‘zbekistonga qaytarildi.
Migratsiya agentligi Qozog‘iston, Latviya va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosini vatanga qaytardi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
17 yoshli qiz Rossiyaga Qozog‘iston orqali avtotransportda yo‘l olgan vaqtda Atirau viloyatida baxtsiz hodisaga uchragan. Oqibatda u og‘ir jarohatlar olib, bir nechta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassisi ma’lum qilishicha, bemorda beshinchi bo‘yin umurtqasi singan va orqa miya faoliyati buzilishi kuzatilgan.
«17 yoshli bemorimiz Atirau shahrida yo‘l-transport hodisasi tufayli jarohat olib, beshinchi bo‘yin umurtqasi singan. U ikki marta operatsiya qilingan. O‘zbekistonga murojaat qilingach, bemorni to‘liq intensiv terapiya nazorati ostida vatanga olib keldik», – deydi shifokor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan, ahvoli qoniqarli.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, Latviyaga mustaqil ravishda ishlash uchun ketgan yana bir o‘zbekistonlik ham vatanga qaytarilgan. U kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlanmagan va kuchli ruhiy bosim oqibatida insultni boshdan kechirgan. Davolanishdan so‘ng unga shifokorlar nazorati ostida O‘zbekistonga qaytishga ruxsat berilgan.
Agentlik shu kabi holat Rossiyada ham kuzatilganini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, qiyin ahvolga tushib qolgan yana bir fuqaro ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ajratilgan shifokorlar kuzatuvida O‘zbekistonga olib kelingan.
Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijga ishlash uchun faqat xavfsiz, qonuniy va kafolatlangan yo‘llar orqali borishga chaqirib, xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilayotganini ta’kidlagan.
Jamiyat
“Kibergigiyenaga amal qilish kerak” – qamoqdagi kiberjinoyatchi kartasidan pul o‘g‘irlatayotganlar haqida
O‘zbekistonda fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlanishi holatlari to‘xtamayapti. Ayni paytda jazo muddatini o‘tayotgan 22 yoshli mahkum Kun.uz bilan suhbatda odamlarning shaxsiy ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini boshqalarga berishi hali ham jinoyatchilar uchun asosiy imkoniyat bo‘lib qolayotganini aytdi.
Bank kartalaridan pul o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar haqida deyarli har kuni xabarlar chiqadi. Ammo bu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning o‘zi bu muammoga qanday qaraydi? Mahkumning aytishicha, firibgarlar qo‘llayotgan usullardan ko‘ra, odamlarning o‘z shaxsiy ma’lumotlarini bemalol boshqalarga berib qo‘yayotgani kattaroq muammo.
“2020 yil meni Farg‘onaga vaqtincha saqlash muassasasiga olib ketishdi. U paytda 17 yoshdaman, hech narsani bilmayman, voyaga yetmaganman. Tushunmayman: qamoq nima? Tasavvurim yo‘q. Qorong‘i, zax xonaga kirdim. O‘yladimki, 5-10 yillab qolib ketaman shu yerda. Tushkunlikka tushib, o‘zimga o‘zim va’da berdim bu ishlarimni to‘xtatishga.
Bizda juda ko‘p epizodlar bo‘lgan. 6 oy, uzog‘i 1 yil davomida ishlagan bo‘lsak, kuniga 3-4 ta jabrlanuvchiga to‘g‘ri kelardi. Son-sanog‘i yo‘q edi ularning. Men to‘xtatganimdan keyin ham to‘xtamadi bu narsa. To‘rt yildan beri hali ham to‘xtamasdan kelyapti.
Bu narsani to‘xtatishning iloji yo‘q, chunki men to‘xtatganim bilan mendan boshqasi bor. U to‘xtatsa, undan boshqasi bor. Ishlayotganlar juda ko‘p. Buni to‘xtatishning yagona yo‘li – xalqning o‘zi ogoh bo‘lishi kerak. Xalq ishonmasligi kerak.
Agar odamlar o‘ziga kelayotgan kodlarni, shaxsiy ma’lumotlarini boshqa birovga bermasa, kartasidan hech qachon pul yechilmaydi. Masalan, Rossiyada do‘konda sotuvchiga karta kodlarini aytishmaydi. Bizda esa kartani berib, kodini ham aytishadi. Chunki buni bilishmaydi va hammasi shundan kelib chiqyapti.
Yagona aytadigan narsam: ma’lumotlarni hech kimga berishmasin. Davlat tashkilotlari hech qachon sizdan shaxsiy ma’lumotlaringizni, karta raqamlaringizni so‘ramaydi. Agar haqiqatan kerak bo‘lsa, chaqirib suhbat qiladi. Telefon orqali hal qilmaydi hech narsani.
Odamlar o‘zi ogoh bo‘lishi kerak. Hozirgi zamonda har qanday qo‘ng‘iroq yoki xabarga ishonib ketaverish mumkin emas. Kibergigiyenaga amal qilish kerak”, — deydi mahkum.
To‘liq ko‘rsatuvni Kun.uz’ning Youtube sahifasida ko‘ring.
Jamiyat
“Uy ichidan o‘t o‘sib chiqyapti” – Rishtondagi namunasiz uylarning ahvoli
Farg‘ona viloyati Rishton tumani Yangiyo‘l mahallasida 2019 yilda foydalanishga topshirilgan namunali uylarning devorlari yorilib, poydevorlari cho‘kib, kundan kunga xarobaga aylanib boryapti. Fuqarolar oyma-oy kredit to‘lashga majbur, quruvchi esa uylar sifatli qurilganini da’vo qilyapti.
Kun.uz’ga murojaat qilgan mulkdorlarning aytishicha, muammo tegishli idoralar tomonidan o‘rganilgan ham, lekin amaliy natija bo‘lmayapti.
“Yurak hovuchlab yashayapmiz”
Adhamjon Muhammadaliyev:
— Yashayotgan uyimizni 2018 yilda shartnoma asosida kreditga olgan edik. Uyni 2019 yilning iyun oyida bitkazib topshirishgan. Boshlang‘ich to‘lov 17 mln so‘m bo‘lgan. Shartnoma qilishdan avval loyihalarni ko‘rgan edik, ma’qul kelgandi.
Uyni qabul qilib oldik, lekin o‘shanda ham bitmagan, chala joylari bor edi. “Ha mayli, o‘zimiz qilib olamiz” deb olaverganmiz-da. Oradan bir yil o‘tib, bir qishni, yog‘ingarchilikni ko‘rganidan keyin devorlarda yorilishlar paydo bo‘ldi. Holat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga chiqqanimizda kelib o‘rganishib, “yashashga yaroqli” deya xulosa berib ketishdi.
Vaqt o‘tishi bilan uyning holati yomonlasha boshladi. Qayta ta’mirladik. Ta’mirdan keyin yana qayta yorilishlar kuzatildi. Yamoq joyini yamaymiz, yoriq joyini tuzatamiz, keyingi yilga yana o‘sha holiga qaytib qolaveradi. Pollar cho‘kib ketgan, uyning bir tarafi “tashlab yuborgan”, cho‘kib qiyshayib yotibdi. Hozir ham asosiy devorlar yoriq.
Shu mahallaning o‘zida 100 dan ortiq namunali uylar qurilgan. Ularning ko‘pi abgor holatga kelib bo‘ldi. Qisqa qilib aytganda, bizga va’da qilingan loyihadagi uyning 50 foizi ham amalga oshmagan.
Hech kimning boshiga solmasin, agar kuchliroq zilzila bo‘lsa uy bizni bosib qoladi. Seysmik bardoshlik deyarli yo‘q. Yurak hovuchlab yashayapmiz.
Pollar 5-10 santimetr cho‘kkan. Asosiy devor cho‘kkani uchun uyni ushlab turadigan boshqa bir devor ham yorilib ketgan. G‘ishtlari, plitalari ham yorilgan. Kechalari dirsillagan yoriq ovozlarini eshitamiz.
Adhamjon Muhammadaliyev
Muammoni hal qilaman deb, tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlarim bilan yarim sandiq javob xati yig‘dim, natija esa yo‘q.
Uyni buzib tashlab, qayta qurmasa bo‘lmaydigan ahvolda. Boshqa chorasini ko‘rmayapman. Quruvchi bilan gaplashsam, aybni o‘zimizga ag‘daryapti. “Avariya” holatiga kelib bo‘lgan uyni ta’mirlab beray demaydi.
“Uyimdan o‘t o‘sib chiqyapti…”
Murodil Akbarov:
— Eshitganlarga kulgili, erish tuyulishi aniq: men yashaydigan uyning ichidan o‘t o‘sib chiqyapti. Yulaveraman, yana o‘sib chiqaveradi. Pollar cho‘kib ketgan, shuvoqlari to‘kilib yotibdi. Devorlar yorilib ketgan. Bu ketishda bir-ikki yilda uy bizni bosib qoladi. Zo‘rg‘a yashayapmiz qo‘rqanimizdan.
Murodil Akbarov
Kottejga kelganimga besh yil bo‘ldi. Oyma-oy kredit to‘laymiz. Qani endi to‘lovimiz sifatli uyga amalga oshsa ekan, bajonidil og‘rinmasdan to‘lardik. Ahvolni qarang… Yashab bo‘lmayapti-ku. Tom bosib qoladimi deb qo‘rqaman, kechasi bemalol uxlay olmayman.
Arz qilaverganimizdan keyin quruvchilar bir-ikki marta kelib, aybni unisi-bunisiga ag‘darib qochib ketishdi. Kuchliroq yer qimirlasa, ahvolimiz voy bo‘ladi bu ketishda.
Quruvchi: “Uylarni sifatli qurganmiz”
Holat yuzasidan namunali uylarni qurgan “Madina” xususiy korxonasi rahbari Mirzaakbar Mansurov bilan telefonda orqali suhbatlashdik. U uylar yorilganini rad etdi. Imoratning cho‘kishiga esa uy egalarining o‘zi sababchi ekanini ta’kidladi.
“Uyning rasvo bo‘lganining sababi bor: uyni 1-2 yilda uyoq-buyog‘ini oqlab, kosmetik ta’mir qilib turish kerak. Devorlar, g‘ishtlar “cho‘tkiy”, mustahkam. Lekin uylar qarovsiz qolib ketgan-da, hech kim qaramagan”, – dedi u.
Firma rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kun.uz’ga murojaat qilgan namunali uyda yashovchilarning o‘zlari imorat tagiga ataylab suv bostirishi oqibatida cho‘kish hosil bo‘lgan.
-
Iqtisodiyot5 days agoYeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
-
Iqtisodiyot5 days agoTBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Jamiyat5 days agoTibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilgan tibbiyot xodimlari ushlandi
-
Siyosat5 days ago
Davlat arbobi Amin Tojiyev vafot etdi
-
Jamiyat5 days agoKoreyaga ishga va o‘qishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Gonkong rahbarini qabul qildi
