Jamiyat
Namangan viloyati hokimiga o‘rinbosar tayinlandi
Namangan viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Bugun Namangan viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yangi o‘rinbosari — Bozorov Otabek Xasanboyevich jamoatchilikka tanishtirildi.
Otabek Bozorov mazkur tayinlovga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yangi o‘rinbosarga mas’uliyatli vazifasida muvaffaqiyatlar tilab, undan yoshlar bilan samarali ishlash, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish borasida yuqori natijalar kutilayotganini ta’kidladi
Jamiyat
Nurafshonda bankomatni ochishga urinish to‘xtatildi, gumonlanuvchi ushlandi
Nurafshon shahrida tungi soat 03:10 da bankomatdan kelib tushgan tashvish signali asosida tezkor guruh 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, bankomatni buzib ochishga uringan gumonlanuvchini ushladi.
Toshkent viloyati Nurafshon shahri hududida joylashgan bankomat qurilmasidan tashvish signali kelib tushdi.
Toshkent viloyati IIBB Qo‘riqlash boshqarmasiga Nurafshon shahar “Oppoq” MFY, Toshkent yo‘li ko‘chasida joylashgan bankomatdan tashvish xabari kelib tushgan. Xabar navbatchilik qismi orqali tungi xizmatga biriktirilgan tezkor guruhga zudlik bilan yetkazilgan va xodimlar 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan.
Aniqlanishicha, bankomat ichida bo‘lgan noma’lum shaxs ushlangan. Tekshiruv davomida uning yonidan bolg‘a, otvertka va boshqa xo‘jalik anjomlari borligi ma’lum bo‘lgan. U bankomat eshigini buzib ochib, ichidagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga uringan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro (Y.A.) voqea joyida issiq izidan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan hududiy IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Surxondaryoda nohaq ayblanganini aytgan yolg‘iz onaning ishi kassatsiyada o‘zgartirildi
Qabriston nazoratchisining xatti-harakati uchun aybdorga chiqarilgan obodonlashtirish bo‘limi mutaxassisining ishi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘zgartirildi. Ikki bolani yolg‘iz voyaga yetkazayotgan, oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan ayol o‘ziga nisbatan adolatsiz hukm chiqarilganini aytib, tergov va suddan norozi bo‘lgandi.
Uzun tumani obodonlashtirish boshqarmasi kadrlar bo‘limi mutaxassisi Iroda Sharipovaga nisbatan chiqarilgan sud hukmi kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan o‘zgartirildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud ajrimiga ko‘ra, Iroda Sharipovaga tayinlangan 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolib, 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi bekor qilindi. Kassatsiya sudi Iroda Sharipovaning qilmishi ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan, deb hisoblab, uni jazodan ozod qildi.
Shu bilan birga, sud hukmining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi, oqlov hukmi chiqarishni so‘rab qilingan kassatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmadi.
Nima bo‘lgandi?
Uzun tumani qabriston nazoratchisi vazifasida ishlab kelgan Abubakr Hotamov ismli xodim 2022 yil sentabrdan 2025 yil apreligacha o‘z xizmat faoliyatida ishlab turgan holda qo‘shimcha ravishda Termiz shahridagi Imom Termiziy nomli o‘rta maxsus kasb-hunar diniy maktabida ta’lim olib kelgan, bundan rahbariyatni xabardor qilmagan.
Iroda Sharipova Abubakr Hotamov ish joyida bo‘lmagani holatida tabellarga soxta ma’lumotlar kiritib, unga ish haqi sifatida to‘langan 44,7 mln so‘m budjet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ayblangan.
Abubakr Hotamovning faoliyatini nazorat qilish Iroda Sharipovaning vakolatiga kirmagan. Qolaversa, aynan Hotamov ishlagan hudud Irodadan 35-40 km uzoqda, uni har kuni nazorat qilishga imkon yo‘q va u bo‘lim boshliqlari bergan hisobotga ko‘ra ish haqi yozgan. Ishga guvoh sifatida jalb etilgan Abubakr Hotamov ham Sharipovaning aybi yo‘qligini aytgan.
JIB Qiziriq tuman sudining 2025 yil 25 oktyabrdagi hukmi bilan Iroda Sharipova o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatlarida aybli deb topilgan. Unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 9 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Ikki farzandni ulg‘aytirayotgan yolg‘iz ayol sud tayinlagan jazodan so‘ng og‘ir ahvolga tushib qolgan. U kassatsiya tartibida shikoyat bergach, ish kassatsiya sudida ko‘rib chiqilishi belgilangandi.
Jamiyat
FVV xodimiga 30 ming dollar pora taklif qilgan tadbirkor qo‘lga olindi
Tadbirkor bir qator kamchiliklar bilan qurilgan 12 qavatli “dom”ni pora berish orqali foydalanishga qabul qilishga erishmoqchi bo‘lgan. U shu maqsadda Toshkent shahar FVB xodimiga 30 ming dollar bergan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Toshkentda FVV xodimiga pora bergan tadbirkor qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirkor o‘zi rahbarlik qiladigan MChJ tomonidan Yakkasaroy tumanida qurilgan ko‘p qavatli uyni pora berish orqali foydalanishga qabul qildirishga uringan. U “Nazorat.MS.UZ” elektron portali orqali yuboradigan arizasini ijobiy hal qilib berishi evaziga Toshkent shahar FVB xodimiga 30 ming AQSh dollari miqdorida pora taklif qilgan.
Aslida 12 qavatdan iborat mazkur “dom”ning bir qator kamchiliklari bartaraf etilmagan bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda MChJ rahbari 30 ming dollarni FVB xodimiga bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan tadbirkorga Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
819 mln so‘mlik oltinni chegaradan yashirincha olib o‘tishga uringanlar ushlandi
“Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali Qirg‘izistonga 819 mln so‘mlik oltin quymalarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lgan ayol va uning qizi to‘xtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari xodimlari hamkorligida tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqilishining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Baliqchi tumanida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan ayol hamda uning 2006 yilda tug‘ilgan qizi nostandart shakldagi 7 dona, jami 473 gramm oltin quymalarni kiyimlari ostiga yashirgan holda Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali olib o‘tishga uringan vaqtida ushlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelinsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
O‘zbekiston elchixonasi Isroildagi fuqarolarni ogohlantirdi
Isroil Davlatida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi.
Isroildagi elchixona, jumladan, «mamlakatdagi hozirgi vaziyatni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Isroil Davlatidagi Elchixonasi barcha fuqarolarni shaxsiy xavfsizlik choralariga jiddiy e’tibor qaratishga» chaqirmoqda.
Elchixona bayonotida mintaqada xavfsizlik holati tez o‘zgarishi mumkinligi sababli, quyidagilar tavsiya etildi:
Isroil rasmiy idoralari va mahalliy hokimiyat organlarining xabar va ko‘rsatmalariga amal qilish.
Ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan joylarga borishdan va odamlar gavjum hududlarda uzoq vaqt qolishdan saqlanish.
Sayohat va harakatlanishni rejalashtirishda ehtiyotkorlikka rioya qilish, ayrim hududlarga safarni vaqtincha kechiktirishni ko‘rib chiqish.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o‘zi bilan olib yurish hamda yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lish.
Elchixona bilan bog‘lanish uchun:
03-672-2466
03-672-2371
03-758-5075
03-758-5076
Favqulodda va shoshilinch xabarlar uchun:
Elektron pochta: il.uzembassy@mfa.uz
«Iltimos, vaziyatga jiddiy yondashing va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qiling», – deyiladi bayonotda.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat3 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Siyosat5 days ago
Londonda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashadi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp oʻzining eski “hiylasini” takrorladi
-
Dunyodan5 days ago
Saudiya Arabistoni AQSh elchisining “Isroilning qo’shni hududlarga bo’lgan huquqlari” haqidagi izohlariga izoh berishni talab qildi.
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat3 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
-
Jamiyat3 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
