Sport

«MYu», «Liverpul» va «Chelsi» yutqazdi, «Siti»da yirik g‘alaba. Kun o‘yinlari

Published

on


Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: favoritlardan faqat «Siti»da g‘alaba

«Brentford» – «Manchester Yunayted» 1:3

Gollar: Tiago, 8 (1:0). Tiago, 20 (2:0). Sheshko, 26 (2:1). Yyensen, 90+5 (3:1)

Aniq ijro etilmagan penalti: Brunu Fernandesh, 76’

«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Hiki (Henri, 75), Kayode, Henderson (Oneka, 81), Yarmolyuk, Damsgor (Yanelt, 81), Shade, Uattara (Lyuis-Potter, 75), Tiago (Yyensen, 90)

«Manchester Yunayted»: Altay Bayindir, Maguayr (Yoro, 66), Shou (Maunt, 81), de Liht, Brunu Fernandesh, Ugarte (Maynu, 66), Dorgu (Zirkze, 85), Dalot, Kunya, Mbemo, Sheshko

Ogohlantirishlar: Kollinz, 72. Shade, 80 – Brunu Fernandesh, 55. Dorgu, 84

Turni shu kuni o‘ziga xos bo‘lmagan qora-sariq rangli formada maydonga tushgan «MYu» ochib berdi. Klub bu ranglarda 90-yillar boshlarida, o‘z tarixida ilk bor ketma-ket ikki chempionlikka erishgan davrida o‘ynagan. Ammo bu ham jamoaga yordam bermadi va o‘yin startidayoq tezkor gol o‘tkazib yuborildi. Hujumda to‘p yo‘qotilgach, Henderson o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida turib uzun pas uzatdi, Maguayr sun’iy ofsayd holati yuzaga keltirishga ulgurmadi va to‘pni boshda o‘ziga bo‘ysundirib olgan Igor Tiago kuchli zarba bilan yaqin «to‘qqizlik»ni nishonga oldi.

Keyinroq bir necha ajoyib seyvlar amalga oshirgan Bayindirda bu vaziyatda imkoniyat yo‘q edi. Ko‘p o‘tmay Tiago qaytgan to‘pni darvozaga kiritib yuborib, dublini rasmiylashtirganida ham.

20-daqiqaga kelib ikki gol farqi bilan ortda qola boshlagan mehmonlarda hech qanday imkoniyat qolmagandek ko‘ringandi. Ammo «qizil iblislar» tezda o‘ziga kelishdi va hisobni qisqartirishdi. Qarshi hujumda Patrik Dorgu to‘pni jarima maydoniga yetkazib berganida, tartibsizlik yuzaga keldi va «MYu»ning yozdagi xaridlaridan biri Benyamin Sheshko uchinchi urinishda to‘pni darvozaga yo‘llab, debyut golini nishonladi.

Ikkinchi bo‘lim boshida «Brentford» yana raqibdan yaxshiroq boshladi va ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Lekin gol ko‘proq mehmonlarga zarur edi va Ruben Amorim 66-daqiqada ikkitalik almashtirish amalga oshirdi. Leni Yoro shu kuni yuqori himoya chizig‘ida yaxshi harakatlana olmagan Maguayrning o‘rniga tushdi. Tayanch yarimhimoyachisi Manuel Ugarte esa hujum vakili Kobbi Maynuga o‘rnini bo‘shatib berdi.

Shu kuni mezbon muxlislar tomonidan hushtakbozlikka uchragan Brayan Mbemo 76-daqiqada «MYu» uchun penalti ishladi. VAR bu epizodni Neytan Kollinzni maydondan chetlatish ehtimoli bo‘yicha jiddiy ko‘rib chiqdi, ammo futbolchiga ko‘rsatilgan sariq kartochka yetarli deb topildi.

Nuqtaga «MYu» sardori Brunu Fernandesh yaqinlashdi, ammo u bu mavsumda ikkinchi bor 11 metrdan muvaffaqiyatsiz zarba berdi. Kelleher esa o‘z darvozasiga belgilangan so‘nggi beshta penaltidan uchtasini qaytarmoqda. Bu epizod amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Qolgan vaqt davomida «Yunayted» bosim qilishga urindi, ammo chinakamiga xavfli vaziyat yarata olmadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa «Brentford» qarshi hujumda uchinchi golni ham urdi. «Manchester Yunayted» 2024 yil may oyidan buyon APLda qatorasiga ikki g‘alabaga erisha olmayapti. Amorim o‘jarlik bilan o‘zining 3-4-3 sxemasidan voz kechmasdan, o‘z iste’fosini yaqinlashtirmoqda.

«Brentford» yozda «Tottenhem» boshqaruviga yo‘l olgan Tomas Franksiz ham, sobiq jamoadoshlariga qarshi o‘ynagan Mbemosiz ham, Isak o‘rniga «Nyukasl»ga o‘tib ketgan Vissasiz ham, jamoa sardorligidan «Arsenal»ning zaxira o‘rindig‘ini afzal ko‘rgan Norgarsiz ham APLda munosib ishtirok etmoqda.

«Kristal Pelas» – «Liverpul» 2:1

Gollar: Sarr, 9 (1:0). Kiyeza, 87 (1:1). Nketia, 90+7 (2:1)

«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Gehi, Richards, Kamada (Devenni, 90+1), Uorton (Hyuz, 62), Mitchell, Munyos, Sarr (Nketia, 75), Pino (Lerma, 74), Mateta

«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Frimpong, 74), Kerkez, Bredli (Gakpo, 46), Makallister (Jons, 65), Gravenberh, Soboslai, Virs (Kiyeza, 74), Saloh, Isak (Ngumoha, 84)

Ogohlantirishlar: Nketia, 78 – Konate, 26. van Deyk, 61. Kiyeza, 77

«Liverpul» bu mavsumda muxlislarini eng qiyin vaziyatlardan chiqib ketishiga o‘rgatib qo‘ygandi. Bu o‘yinda ham hisob 0:1 holatida ko‘pchilik barchasi o‘yin oxirida hal bo‘lishini kutayotgandi. O‘yin davomida Alisson juda ko‘p marta qutqardi va intrigani saqlab turdi. Londonliklar barcha jabhalarda peshqadamdan ustun edi: jami zarbalar (10:6), darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar (4:2), to‘pni olib qo‘yishlar (13:1) va hatto muvaffaqiyatli fintlar (4:2) bo‘yicha ham.

Lekin 87-daqiqada Kiyeza hisobni tenglashtirganida, «Kristal Pelas» ham so‘nggi daqiqalar qurboniga aylanadigandek ko‘rina boshladi. Ammo londonliklar nafaqat yutqazmaslikni, balki mavsum startidagi besh o‘yinda besh g‘alabaga erishgan chempionni ularning uslubida nokautga uchratishni uddaladi. O‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada mezbonlar aut ijrosidan keyin mehmonlar mudofaasini dog‘da qoldirishdi va Nketia yaqin masofadan turib to‘pni darvozaga yo‘lladi. Unga assistni yozgi transferlarning oxirgi kunida «Liverpul»ga o‘tishi amalga oshmay qolgan himoyachi Mark Gehi bergani dramani yanada kuchaytirdi. Mavsumdagi ilk mag‘lubiyatdan keyin ham mersisaydliklar turnir jadvalining birinchi o‘rnida qolishdi, «Pelas» esa hozircha ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Oliver Glasner jamoasi qatorasiga o‘n sakkiz o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan holda o‘tgan asrda o‘rnatilgan klub rekordini takrorladi. Agar faqat APL o‘yinlari hisobga olinsa, «burgutlar» o‘z tarixida ilk bor 12 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini davom etmoqda va bu mavsumda ham hali yutqazmagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.

«Manchester Siti» – «Byornli» 2:1

Gollar: Estev, 12 – avtogol (1:0). Entoni, 38 (1:1). Mateus Nunes, 61 (2:1). Estev, 65 – avtogol (3:1). Holand, 90 (4:1). Holand, 90+3 (5:1)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol (Ake, 70), O`Rayli (Lyuis, 83), Mateus Nunes, Gonsales, Reynders (Bernardu Silva, 83), Foden, Doku, Savio (Bobb, 62), Holand

«Byornli»: Dubravka, Estev, Ekdal, Loran, Hartman (Hamfris, 88), Uoker, Florentinu, Kallen (Ugochukvu, 79), Entoni (Mejbri, 88), Chauna (Brun Larsen, 62), Foster (Broyya, 80)

Ogohlantirishlar: Foden, 83 – Xartman, 27. Uoker, 30. Entoni, 63

«Manchester Siti» esa «Byornli»ni so‘nggi daqiqalardagi gollar evaziga yirik hisobda mag‘lub etdi. O‘yinning eng omadsiz futbolchisi mehmonlar himoyachisi Estev bo‘ldi — u ikki bor o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. APLning butun tarixida bunday holat faqat olti bor kuzatilgan. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi maqomini esa qo‘shimcha daqiqalarda dublni rasmiylashtirgan Holand ilib ketdi. Erling o‘yin taqdirini hal qilmadi, ammo turnir tarixidagi eng yaxshi norvegiyalik to‘purarga aylanib oldi. «Shaharliklar» forvardi «MYu»ning sobiq hujumchisi Ule-Gunnar Sulsherni quvib o‘tib, ligadagi gollari sonini 97 taga yetkazib olishi uchun 103 o‘yin yetarli bo‘ldi.

«Chelsi» – «Brayton» 1:3

Gollar: Fernandes, 24 (1:0). Uelbek, 77 (1:1). De Keyper, 90+2 (1:2). Uelbek, 90+10 (1:3)

«Chelsi»: Sanches, Xato (Badiashile, 79), Chaloba, Kukurelya, Jyeyms, Santos (Achimpong, 54), Kaysedo, Fernandes, Pedru

Netu (Lavia, 79), Estevan (Gyusto, 63), Joao Pedro

«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Veltman (Viffer, 55), Baleba (Gruda, 67), Ayyari, Gomes (De Keyper, 85), Mitoma (Uelbek, 67), Minte, Ryutter (Tsimas, 85)

Ogohlantirishlar: Kukurelya, 42. Jyeyms, 66. Badiashile, 89 – Veltman, 9. Viffer, 64. van Hekke, 89. Dank, 90. Uelbek, 90

Chetlatish: Chaloba, 53

Shu kuni «Chelsi» himoyachisi Chalobaning faoliyatidagi eng yomon o‘yinlardan biri bo‘ldi. U maydondan chetlatilgan 53-daqiqaga qadar ko‘klar jamoasi hisobda oldinda borayotgan va navbatdagi g‘alabani rasmiylashtirishiga ko‘pchilik shubha qilmayotgandi. Ammo «Stemford Brij» mezbonlari kamchilik bo‘lib qolgach, hisobdagi ustunligini saqlab qololmadi. Avvaliga zaxiradan tushgan Uelbek muvozanatni tikladi, u Mintening ajoyib uzatmasidan keyin darvozabon hududida turgan holda aniq zarba berishi yetarli edi. O‘yin oxirida esa londonliklar kuchli bosimga dosh bera olmadi. Qanotdan amalga oshirilgan yana bir hujum Viffer to‘pni qulay pozitsiyada turgan De Kayperga tashlab berishi va jarohatdan tuzalib safga qaytgan himoyachi g‘alaba golini urishi bilan yakunlandi. «Chelsi» sardori Jyeymsning penalti ishlashga urinishi besamar ketganida, «Brayton» pressing bilan to‘pni olib qo‘ydi va Uelbek ikkinchi golini urdi. Endi oxirgi uch o‘yinda atigi bir ochko ishlagan Enso Mareska shogirdlari turnir jadvalining sakkizinchi o‘rniga tushib ketdi.

«Tottenhem» – «Vulverhempton» 1:1

Gollar: S. Bueno, 54 (0:1). Palinya, 90+4 (1:1)

«Tottenhem»: Vikario, Romero, van de Ven, Udodji (Tel, 84), Spens (Porro, 63), Palinya, Bentankur (Jonson, 62), Bergvall (Sarr, 78), Simons (Odober, 78), Quddus, Risharlison

«Vulverhempton»: Jonston, S. Bueno, Kreychi, Doerti (Agbadu, 46), Andre, Gomes (Bellegard, 64), U. Bueno, Munetsi, Arias (Gomesh, 90+2), Hvang Xi Chhang (Chachua, 46), Larsen (Arokodare, 84)

Ogohlantirishlar: Simons, 32. Bergvall, 65. Palinya, 90 – Doerti, 35. Gomes, 39

Kuning oxirgi o‘yinida «Tottenhem» ham boshqa yetakchi jamoalarga qo‘shilib, turni omadsiz o‘tkazdi. Shporlar autsayder «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinning asosiy vaqtida hisobda ortda bordi. Londonga safariga qadar hisobida birorta ochko bo‘lmagan «bo‘rilar» Buenoning APLdagi ilk goli evaziga uch ochko bilan qaytishga yaqin edi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada Sarr va Joau Palinyaning sa’y-harakatlari evaziga mezbonlar sharmandalikdan qutulib qolishdi.

Ispaniya: «sariq submarinalar» kuchli uchlikda

«Vilyarreal» – «Atletik» 1:0

Gol: Moleyro, 77 (1:0)

«Vilyarreal»: Luis Junior, Marin, Veyga, Kardona, Mourinio, Partey (Parexo, 72), Geyye, Solomon (Moleyro, 72), Axomax (Byukenen, 46), Mikautadze (Oluvaseyi, 72), Pepe (Pedrasa, 90)

«Atletik»: Simon, Vivian, Lyaport, Berchiche, Lekue, Ruis de Galarreta (Vesga, 67, Rego, 74), Xauregisar, Sanset, Gomes (Navarro, 57), Inyaki Uilyams (Sannadi, 75), Guruseta (Areso, 68)

Ogohlantirishlar: Byukenen, 83. Parexo, 90

Shanba kungi Madrid derbisi Ispaniyada boshqa voqealarni soyada qoldirdi. Lekin shu kuni «Vilyarreal» YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdagi asosiy raqiblaridan biri «Atletik» bilan orani ochiq qildi. Minimal hisobdagi g‘alabadan keyin «sariq submarinalar» uchinchi o‘rinni mustahkamladi va eng yaqin ta’qibchisi «Atletiko»ni to‘rt ochkolik farq bilan ortda qoldira boshladi. Shu bilan birga, Marselino Toral jamoasi natijani oldinroq hal qilishi ham mumkin edi, ammo Pepe Byukenen tashlab bergan to‘pni bir necha metr masofadan turib darvoza to‘riga kirita olmadi. Moleyro esa to‘pga qanday moslashish bo‘yicha ivuarlik jamoadoshiga saboq berdi va to‘p noqulay kelganiga qaramay, uni ustun yonidan darvoza to‘riga kiritdi. «Vilyarreal» uchun navbatdagi sinov, YeChL ikkinchi tur o‘yinidan keyin «Real» maydoniga safar bo‘ladi.

Italiya: «Yuve»da yana durang

«Yuventus» – «Atalanta» 1:1

Gollar: Sulemana, 45+1 (0:1). Kabal, 78 (1:1)

«Yuventus»: Di Gregorio, Bremer (Kabal, 76), Kelli, Gatti (Joao Mariu, 64), Kopmeyners, Tyuram (Makkenni, 58), Kambiyaso, Kalyulyu, Kenan Yildiz, Adjich (Vlahovich, 58), Openda (Jyegrova, 64)

«Atalanta»: Karnesekki, Jimsiti, Axanor, Kossunu, Pashalich, de Ron, Dzappakosta, Bellanova, Sulemana (De Ketelare, 61), Samardjich (Musa, 76), Krstovich (Breshanini, 82)

Ogohlantirishlar: de Ron, 32. Dzappakosta, 87

Chetlatish: de Ron, 80 (ikkinchi sariq)

«Yuventus» «Inter» bilan o‘yindagi fenomenal g‘alabadan (4:3) keyin qatorasiga ikki bor durang o‘ynadi. «Verona» maydonidagi durangga aniq ochko yo‘qotish deb qaralsa, «Atalanta» bilan o‘yin natijasiga aniq baho berish qiyin. Bir tomondan, bergamoliklar hujumkor jamoa va Sulemananing ikki himoyachidan qochib ketib, burchakni aniq poylagani mehmonlarning yagona goli bo‘lib qolmasligi ham mumkin edi. Shu bilan birga, Kabal hisobni tenglashtirganidan keyin «Keksa sinioralar» g‘alabani ilib ketishga ham yaqin kelishdi. Turinliklar o‘yin oxirida to‘pga va hududlarga egalik qilishdi, 80-daqiqada De Ron ikkinchi sariq kartochkani olganidan keyin son jihatdan ham ustunlikka ega bo‘lishdi. Ammo yakuniy shturmda Makkenni yaqin pozitsiyada turib gol ura olmadi va hisob o‘zgarmay qoldi.

«Kalyari» – «Inter» 0:2

Gollar: L. Martines, 9 (0:1). F. Espozito, 82 (0:2)

«Kalyari»: Kaprile, Mina, Luperto, Ze Pedru (Gaetano, 58), Adopo, Deyola (Felichi, 58), Folorunsho (Idrissi, 77), Obert (Borrelli, 77), Pelestra, Belotti (Prati, 44), Seb. Espozito

«Inter»: X. Martines, de Vrey, Bastoni, Akandji, Xakan Chalxanoglu, Mxitaryan, Barella (Frattezi, 64), Karlos Augustu (Dimarko, 46), Luis Enrike (Dyumfris, 72), Tyuram (F. Espozito, 64), L. Martines (Bonni, 89)

Ogohlantirishlar: Karlos Augustu, 45. Barella, 59

Lautaro Martines qatorasiga uch turdan buyon gol urolmayotgandi. Ammo argentinalik hujumchi boshlang‘ich tarkibga qaytishi bilanoq Bastonining uzatmasidan foydalanib, hisobni ochdi. Bu Martines uchun A Seriyada «Inter» uchun urilgan 117-gol bo‘ldi va u neradzurrilar tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida Sandro Matssolani ortda qoldirgan holda beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Undan yuqorida faqat Juzeppe Meatssa (197), Benito Lorensi (138), Ishtvan Niyersh (133) hamda Alessandro Altobelli (128) joylashgan. O‘yin oxirida esa Kristin Kivu yoshlar jamoasidan jalb etgan Pio Espozito chempionatdagi ilk golini nishonladi. Klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan, o‘tgan mavsumni «Spetsiya»da ijara asosida o‘tkazgan yosh hujumchini murabbiy klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham sinab ko‘rgandi va u asta-sekin asosiy jamoa a’zosiga aylanib bormoqda. Tyuram o‘rniga tushirilgan 20 yoshli forvard Dimarkoning uzatmasini golga aylantirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version