Siyosat
Prezidentning Toshkent shahri bo‘yicha yig‘ilishi boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilish avvalida bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Poytaxt tumanlarining har biri o‘z salohiyatidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.
Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida Toshkentga kirib kelayotgan yuklarni saralash, qadoqlash, taqsimlash va yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik logistika majmualarini tashkil etish uchun katta imkoniyat bor.
Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish orqali 2 milliard dollarlik kapital bozorini shakllantirish hamda 20-25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalarida kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, 15-20 mingta ish o‘rni yaratish salohiyati mavjud.
Yig‘ilishda Toshkent shahrida investorlar bilan ishlash tizimi samaradorligi ham ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani bo‘yicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Biroq ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun alohida ish tizimi joriy etilishi belgilandi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tezkor hal qiladi.
Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha shu kunning o‘zida asoslangan takliflar tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Mazkur tartib yil oxiriga qadar alohida nazoratda ishlaydi.
Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.