Sport
«MYu», «Arsenal» va «Bavariya» ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
Luis Dias yil golini urdi, «Arsenal» sentabrdan buyon ilk bor gol o‘tkazib yubordi, «Barselona»ning ikkinchi o‘rni xavf ostida qolmoqda. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Sanderlend» ajablantirishda davom etmoqda
«Tottenhem» – «Manchester Yunayted» 2:2
Gollar: Mbemo, 32 (0:1). Tel, 84 (1:1). Risharlison, 90+1 (2:1). de Ligt, 90+6 (2:2)
«Tottenhem»: Vikario, Romero (Danso, 88), van de Ven, Spens, Porro (Udoji, 67), Palinya (Bentankur, 79), Sarr, Simons (Tel, 79), Risharlison, Jonson, Kolo Muani (Odober, 46)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr (Yoro, 72), Shou, de Liht, Brunu Fernandesh, Kazemiro (Maunt, 72), Dorgu (Dalot, 80), Mazraviy (Sheshko, 58), Kunya (Ugarte, 72), Diallo, Mbemo
Ogohlantirishlar: Jonson, 29. Romero, 34. Palinya, 75. Risharlison, 90. Danso, 90 – Dorgu, 79
«MYu» mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan, «Tottenhem» esa Tomas Frank boshchiligida, aksincha, ancha ishonchli o‘ynayotgandi. Lekin keyin barchasi o‘zgarib ketdi. Oxirgi turlarda «Yunayted» yaxshi natijalar qayd eta boshladi, avvaliga iste’fo yoqasiga kelib qolgan Amorim oktyabr oyining eng yaxshi murabbiyi sifatida taqdirlandi. «Tottenhem» esa o‘z maydonidagi o‘yinlarda juda yomon natijalar qayd etib, turnir jadvalida pastlab ketdi.
Londonliklar bu safar ham o‘z uyida ishonchsiz harakat qildi va birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda himoyadan chiqishda to‘p yo‘qotilishi qimmatga tushdi, so‘nggi o‘yinlarda yuqori sport formasiga chiqqan Mbemo Amadning uzatmasini golga aylantirdi. U so‘nggi besh o‘yinda besh gol urib, bir assist muallifi bo‘lgan.
Lekin ikkinchi bo‘limda manchesterliklar o‘yinni tashlab yubordi va o‘z darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘yib berishdi. Amorim darhol futbolchilarni almashtirishga kirishdi, ammo bu muqarrar gollardan qutqara olmadi. Avvaliga «Tottenhem»ning goli ofsayd tufayli inobatga olinmadi, ammo bir necha daqiqa o‘tib baribir Tel qarshi hujumda hisobni tenglashtirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Odoberning uzatmasidan keyin Risharlison ikkinchi golni urdi. «Shporlar» bu golni g‘alaba golidek nishonlashdi, braziliyalik hujumchi quvonchdan futbolkasini yechib tashladi va golni nishonlash uzoq davom etdi.
Ammo bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, barcha hissiyotlarini golni nishonlashga sarflab yuborgan mezbonlar diqqatni yo‘qotishdi va so‘nggi daqiqada De Liht burchakdan uzatilgan to‘pni boshda darvozaga yo‘llab, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. «MYu» Amorim boshqaruvida ilk bor qatorasiga besh o‘yinda yutqazmayapti.
«Sanderlend» – «Arsenal» 2:2
Gollar: Ballard, 36 (1:0). Saka, 54 (1:1). Trossar, 74 (1:2). Brobbi, 90+4 (2:2)
«Sanderlend»: Rufs, Ballard, Gertreyda (Mayyenda, 87), Mukele, Mandava, Hyum, Sodiqiy, Jaka, Le Fe (Talbi, 64), Traore (Adingra, 64), Izidor (Brobbi, 63)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Timber, Subimendi, Rays, Eze (Moskera, 88), Trossar, Saka, Merino
Ogohlantirishlar: Jaka, 45. Mandava, 72 – Subimendi, 36
«Arsenal» oktyabr oyi davomida hamda noyabrdagi birinchi o‘yinda gol o‘tkazmadi. Bu seriya barcha turnirlar doirasidagi sakkiz o‘yinda davom etdi, ammo «kanonirlar»ning 812 daqiqalik quruq seriyasi mavsum kashfiyoti bo‘lgan jamoa maydonida to‘xtadi. «Sanderlend» klassik britancha hujumda hisobni ochdi: maydon markazida jarima zarbasidan keyin to‘p jarima maydoniga oshirib berildi, u yerda Mukiyele Ballardni qulay vaziyatga chiqardi. Yosh futbolchi to‘p uchun kurashda Raysdan ustun keldi va qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. E’tiborli jihati, gol muallifi bo‘lgan ushbu himoyachi — «Arsenal» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Londonliklar esa bo‘lim oxirida o‘ta qulay vaziyatdan foydalana olmadi, Salibaning 11 metrlik nuqta atrofidan yo‘llagan zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Ammo Mikel Arteta tanaffusda o‘yinga o‘zgartirishlar kiritdi va jamoa ikkinchi bo‘limda o‘yinga tezlik qo‘shib, mezbonlarni jarima maydoniga qamab tashladi. Merinoning pasidan keyin Saka yaqin burchakni aniq nishonga olib, hisobni tenglashtirdi. Shundan keyin ham mehmonlar ketma-ket vaziyatlar yaratishda davom etishdi va bunday vaziyatlardan birida Trossar jarima maydoni tashqarisidan turib, turning eng chiroyli gollaridan birini urdi.
Shundan keyin mezbonlar ham to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi, londonliklar hisobni saqlash uchun himoyalandi. Rayya ikki bor yaqin masofadan yo‘llangan zarbani qaytardi. Agar g‘alabali hisob saqlab qolinganida, u oqshom qahramoniga aylangan bo‘lardi. Ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda «Sanderlend» Brobbining chalqancha holatda bergan zarbasi bilan mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Bu epizodda «Arsenal»ning ishongan futbolchilari uyaltirdi: avvaliga Saliba Ballard bilan to‘p uchun kurashni boy berdi, keyin Gabriel Magalyayns pozitsiya tanlashda xatoga yo‘l qo‘ydi, Rayya esa o‘rinsiz vaziyatda to‘pga chiqib keldi va ulgurmadi.
Qolgan daqiqalarda mehmonlar baribir g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo Kalafiorining yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini «Sanderlend» posboni qaytarib qoldi, qaytgan to‘pga Merino tomonidan yo‘llangan zarbadan keyin esa yana o‘sha Ballard to‘pni to‘sib chiqdi.
Ochko yo‘qotganiga qaramay, «Arsenal» xalqaro tanaffusga turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilayotgan holda yo‘l oldi, ammo tanaffusdan keyin jamoa uchun taqvim qiyin ko‘rinishda: «Tottenhem», «Chelsi» va «Brentford»ga qarshi derbilar kutmoqda, shuningdek, YeChL doirasida «Bavariya»ga qarshi o‘yin bor.
«Chelsi» – «Vulverhempton» 3:0
Gollar: Gyusto, 51 (1:0). Joao Pedro, 65 (2:0). Pedru Netu, 73 (3:0)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto (Jyeyms, 77), Fernandes (Santos, 83), Kaysedo, Joao Pedro (Gittens, 83), Garnacho, Pedru Netu (Giu, 77), Delap (Estevan, 64)
«Vulverhempton»: Donston, S. Bueno, Gomesh, Kreychi, U. Bueno, Chachua, Andre, Gomes, Bellegard (Munetsi, 70), Larsen, Xvan Xi Chxan (Mane, 70)
Ogohlantirishlar: Kaysedo, 60 – Andre, 49. Munetsi, 79
«Chelsi» autsayderga qarshi o‘yinda kutilmaganda muammolarga duch keldi, ammo baribir ikkinchi bo‘limda londonliklar «bo‘rilar»ni taslim eta olishdi. Garnachoning ajoyib uzatmasi Gyustoning darvozabon hududidan aniq zarba yo‘llashi bilan yakunlandi. Bu fransuz himoyachisi uchun professional faoliyatidagi ilk gol edi. Shundan keyin barchasi silliq kechdi va o‘yin kutilganidek yirik hisob bilan yakunlandi. Ko‘klar jamoasi endi kamida «Manchester Siti» va «Liverpul» o‘yini yakunigacha ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.
Ispaniya: «Barsa» bosim ostida
«Atletiko» – «Levante» 3:1
Gollar: de la Fuente, 12 – avtogol (1:0). Sanches, 21 (1:1). Grizmann, 61 (2:1). Grizmann, 80 (3:1)
«Atletiko»: Oblak, Ximenes, Gansko, Rudjyeri (Molina, 79), Liorente, Koke, Barrios (Almada, 61), Baena (Gallaher, 79), Simeone (Gonsales, 73), Serlot (Grizmann, 61), X. Alvares
«Levante»: Rayan, Moreno, de la Fuente, Sanches (Matturro, 86), Tolyan (Garsiya, 86), Elxesabal (Rey, 85), Arriaga, Olasagasti (Morales, 74), K. Alvares, Bruge (Koyyalipu, 74), Etta Eyong
Ogohlantirishlar: Molina, 84. Liorente, 87. Ximenes, 90 – Olasagasti, 40
«Atletiko» uchun barchasi oson va oddiy boshlandi. Barrios qanotdan to‘p oshirdi, «Levante» darvozaboni qaytargan to‘p esa himoyachiga tekkan holda darvoza to‘ridan joy oldi. Ammo «matraschilar» mehmonlar burchak zarbasi ijro etganida o‘ziga o‘xshamadi va Manu Sanchesga hisobni tenglashtirishga yo‘l qo‘yib berishdi. Shuning uchun, mezbonlar g‘alaba uchun qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi bo‘limda barchasini Grizmann o‘yinga qo‘shilishi hal qildi. Ushbu tajribali hujumchi maydonga tushganiga 28 soniya bo‘lganida Liorentening uzatmasini to‘pga bir teginishda golga aylantirdi. Endi u la ligada bir murabbiy qo‘li ostida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord bor (140). Keyinroq u Alvaresning yordami bilan dublni rasmiylashtirdi va hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. Mehmonlar o‘yin oxirida urgan ikkinchi gol esa VAR aralashuvi bilan bekor qilindi.
«Espanyol» – «Vilyarreal» 0:2
Gollar: Moreno, 43 (0:1). Moleyro, 57 (0:2)
«Espanyol»: Dmitrovich, Kalero, Kabrera, Salinas, Al Hiloliy (Rubio, 82), Gonsales de Sarate (Sanches, 82), Pol Losano (Kike Garsiya, 60), Pere Milya (Karreras, 71), Dolan, Eksposito (Pikel, 71), Fernandes
«Vilyarreal»: Luis Junior, Marin, Veyga, Pedrasa, Navarro, Komesanya (Geyye, 74), Parti, Moleyro (Kardona, 83), Byukenen (Axomax, 83), Moreno (Pepe, 71), Oluvaseyi (Peres, 74)
Ogohlantirishlar: Byukenen, 61. Navarro, 81
«Atletiko» ochkolar soni bo‘yicha «Barselona»ga yetib olgan bo‘lsa, «Vilyarreal» kataloniyaliklardan ikkinchi o‘rinni olib qo‘ydi. «Sariq submarinalar» uchun klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar Jyerar Moreno jarohatidan tuzalib safdan qaytishi muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ushbu tajribali hujumchi qatorasiga uch turda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shuningdek Moleyro ham juda yaxshi formada. Ushbu yarimhimoyachining navbatdagi goli bilan o‘yin masalasi hal bo‘ldi va endi jamoa kamida «Barselona»ning 10 noyabr kuni «Selta»ga qarshi o‘yini yakuniga qadar ikkinchi o‘rinda qoladi.
Italiya: «Milan» hozircha birinchi o‘rinda
«Parma» – «Milan» 2:2
Gollar: Salemakers, 12 (0:1). Leau, 25 – penalti (0:2). Bernabe, 45+1 (1:2). Del Prato, 62 (2:2)
«Parma»: Sudzuki, Ndiay (Troilo, 46), Valenti, Del Prato, Bernabe (Ernani, 81), Keyta, Serensen, Brichgi, Levik (Valeri, 68), Pelegrino, Kutrone (Kremaski, 90+1)
«Milan»: Menyan, Gabbia, Pavlovich, de Vinter (Atekame, 87), Richchi (Bartesagi, 70), Modrich, Fofana, Estupinyan (Pulishich, 70), Salemakers, Leau, Nkunku (Loftus-Chik, 60)
Ogohlantirishlar: Serensen, 86 – Modrich, 70
«Milan» kamida yakshanba kungi o‘yinlar yakunigacha A Seriyada yaqqol peshqadam bo‘lib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi (ochkolar soni bo‘yicha «Napoli» bilan bir xil natija). O‘tgan mavsumda rossonerilarga «Parma» maydonidagi o‘yinda bitta gol yetishmagandi (1:2), bu safar esa birinchi bo‘limda ikki gol farqi bilan oldinga chiqib olish ham g‘alabani kafolatlay olmadi. O‘yin boshida Salemakers uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochgandi, bo‘lim o‘rtalarida Rafael Leau penaltini aniq ijro etib, ustunlikni mustahkamlagandi.
Ammo birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Bernabe aylanma zarbasi bilan «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olib, barchasini o‘zgartirib yubordi. Tanaffusdan keyin esa Del Prato muvozanatni tikladi. Qolgan daqiqalarda mehmonlar vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olmadi. Milanliklar o‘yinni boy berishi ham mumkin edi, ammo Pellegrinoning «ikkinchi qavat»dan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi. Yana bir vaziyatda Menyanning o‘zi qahramonlik ko‘rsatdi. Salemakers esa raqib darvozabonini aldab o‘tib ham bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etolmadi. O‘yin yakunidagi eng yorqin vaziyat Modrichning olis masofadan yo‘llagan zarbasi bo‘ldi, bu vaziyatda darvozabon Sudzuki faqat ikkinchi urinishda to‘pni egallab oldi.
Germaniya: Diasdan shedevr
«Union» B – «Bavariya» 2:2
Gollar: Duki, 27 (1:0). Dias, 38 (1:1). Duki, 83 (2:1). Keyn, 90+3 (2:2)
«Union» Berlin: Rennov, Kverfeld, Diogu Leyte, Duki, Xedira, Rote (Ken, 79), Xaberer (Yuranovich, 70), Kemlyayn (Kral, 70), Shefer, Berk (Chon U Yen, 78), Ansa (Skarke, 78)
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Stanishich (Jyekson, 88), Laymer (Bishof, 80), Kimmih, Goretska (Pavlovich, 80), Gnabri (Karl, 59), Dias, Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Xaberer, 36. Duki, 88 – Laymer, 15. Stanishich, 63. Olise, 82. Kimmix, 90
«Union» «Bavariya»ning barcha turnirlar doirasida 16 o‘yinga cho‘zilgan g‘alabali seriyasiga barham berdi. Germaniya chempionati 10-turi doirasidagi o‘yinda myunxenliklar joriy mavsumda ilk bor hisobda ortdan quvuvchi jamoa holatiga tushib qoldi. Shteffen Baumgart shogirdlari niderlandiyalik himoyachi Danilo Dukining kornerdan urgan goli evaziga hisobni ochdi. «Bavariya» birinchi bo‘limning dastlabki 25 daqiqasi davomida biror marta zarba bera olmadi.
O‘yinning eng e’tiborli vaziyati esa birinchi bo‘lim oxirlarida, Luis Diasning javob goli urilganida kuzatildi. Kolumbiyalik hujumchi raqib jarima maydonida podkat ishlatib, maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘pga yetib bordi, shu lahzaning o‘zida o‘rnidan ko‘tarilib, deyarli nol burchakdan zarba yo‘llab, to‘pni darvozabonning boshi ustidan o‘tkazdi.
Bu bilan u mavsum golini urdi, lekin bu shedevr o‘yinda burilish yasay olmadi. Mezbonlar yana standart vaziyatdan keyin hisobda oldinga chiqib olishdi. Yana Duki o‘zini ko‘rsatdi. Myunxenliklar faqat qo‘shimcha daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi — Harri Keyn 90+3-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, Kompani shogirdlarining g‘alabali seriyasi to‘xtatildi, ammo ochko yo‘qotilganiga qaramay, jamoa ta’qibchilar bilan oradagi farqni oshirib oldi.
«Hoffenhaym» – «RB Leypsig» 3:1
Gollar: Diomande, 9 (0:1). Xaydari, 20 (1:1). Lemperle, 38 (2:1). Premel, 79 (3:1)
«Hoffenhaym»: Baumann, Granach, Xaydari, Bernardu (Ozan Kabak, 87), Tsoufal, Avdullaxu, Byurger, Premel (Damar, 88), Kramarich (Asllani, 67), Lemperle (Bebu, 76), Ture (Prass, 75)
«RB Leypsig»: Gulachi, Orban, Bitshiabu, Raum, Baku (Klostermann, 88), Zayvald (Xarder, 75), Baumgartner, Uedraogo (Banzuzi, 67), Nusa (Gomis, 88), Diomande (Bakayoko, 67), Romulo
Ogohlantirishlar: Bernardu, 6. Avdullahu, 41. Lemperle, 72 – Raum, 12. Bakayoko, 90
Turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan «Leypsig» so‘nggi turlarda o‘z muxlislarini g‘alabalarga o‘rgatib qo‘ygan, bu safar ham Diomande hisobni ochganida (u qatorasiga uchinchi turda gol urdi), muxlislar navbatdagi g‘alabaga shubha qilmayotgandi. Ammo «Hoffenhaym» tezda javob golini urdi, keyin esa tezkor qarshi hujum Tsoufal to‘pni Lemperlening boshiga yetkazib berishi va mehmonlar o‘zi uchun noodatiy holatga tushib qolishi bilan yakunlandi. Ushbu jamoa mavsum startidan buyon yutqazmayotgandi (birinchi turda «Bavariya»dan uchralgan 0:6 hisobidan buyon). Ikkinchi bo‘lim davomida mehmonlarning hisobni tenglashtirish uchun urinishlari besamar ketdi: Raumning zarbasi ustunga tegdi, qolgan vaziyatlarda darvozabon Baumann ishonchli harakat qildi. O‘yin oxirida esa Premel intrigaga barham berdi. Natijada Ole Verner jamoasi peshqadam «Bavariya» bilan oradagi farqni 6 ochkoga yiriklashtirib yubordi.
«Hamburg» – «Borussiya» D 1:1
Gollar: Chukvuemeka, 64 (0:1). Kenigsderffer, 90+7 (1:1)
«Hamburg»: Oyyer Fernandesh, Vushkovich, Torunariga (Ramush, 89), Kapaldo (Balde, 89), Lokonga, Remberg, Muxaym, Gocholeishvili (Mikelbrensis, 74), Dompe, Filipp (Glatsel, 74), Poulsen (Kenigsderffer, 62)
«Borussiya» D: Kobel, Shlotterbek, Emre Jan, Anton, Bellinghem, Gros (Anselmino, 90+3), Svensson, Ryuerson, Bayyer (Adeyyemi, 66), Chukvuemeka (Nmecha, 82), Girassi (Zabitser, 90+3)
Ogohlantirishlar: Poulsen, 12 – Adeyyemi, 90
«Borussiya» esa Hamburgdagi o‘yinda minimal hisobdagi ustunlikni saqlab qola olmadi. Niko Kovach jamoasi so‘nggi vaqtlarda bir gol urib, hisobni ushlashni g‘alaba formulasiga aylantirgandi. Bu oldingi ikki turda — «Kyoln» va «Augsburg»ga qarshi ish bergandi. Barchasi dortmundliklar qatorasiga uchinchi o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishiga qarab ketayotgandi. Ammo «asalarilar» shu kuni gol urilgan hujumdan boshqa yaqqol vaziyatga ega bo‘la olishmadi, o‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada esa Kenigsdorffer hisobni tenglashtirdi. «Borussiya» hozircha uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, yakshanba kuni «Shtutgart» ochkolar soni bo‘yicha quvib yetishi mumkin.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
