Jamiyat
Myanmada odam savdosi qurboniga aylangan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘z vataniga qaytarildi
Ular internetda yuqori maoshli ish taklifi bilan Tailandga borgan. Biroq aldov yo‘li bilan noqonuniy ravishda Myanma hududiga olib o‘tilgan va u yerda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar qo‘liga tushib qolgan.
O‘zbek, qozoq va qirg‘iz fuqarolari diplomatik vakolatxonalar ko‘magida Myanmadan vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga bir guruh fuqarolar Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgani va vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular Tailandga internetda yuqori maoshli ish taklifi bilan kelishgan. Ularga O‘zbekistondan bepul aviachipta taqdim etilgan. Biroq Tailandga yetib kelganidan so‘ng aldov yo‘li bilan Myanma hududiga noqonuniy ravishda olib o‘tilgan va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar qo‘liga tushib qolgan. U yerda esa ularni firibgarlik koll-markazlarida ishlashga majburlashgan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolar jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlarga duchor bo‘lgan.
Shuningdek, Myanmada xuddi shunday vaziyatda Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham odam savdosi qurboniga aylangani aniqlangan. Qirg‘izistonning Tailandda diplomatik vakolatxonasi yo‘qligini inobatga olib, qo‘shni davlat iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari ushbu fuqarolarni ham vatanga qaytarishni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatgan.
Myanma va Tailandning vakolatli organlari bilan olib borilgan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ozod qilinib, Maesot (Tailand) chegara punktida O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlariga topshirilgan. Ozodlikka chiqarilgan shaxslarga vaqtinchalik turar joy va oziq-ovqat berilgan.
2025 yil 9 dekabr kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida fuqarolar o‘z vatanlariga qaytarilgan.
Avvalroq Olmaotada og‘ir ahvolga tushib qolgan bir guruh fuqarolar O‘zbekistonga qaytarilgandi.
Jamiyat
Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat sababli oila mamlakatni tark eta olmagan. Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun ular jarimaga tortilgan.
BAAda og‘ir vaziyatga tushib qolgan oila O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Qayd etilishicha, P.G. va uning farzandi A.Z. 2025 yilda mavsumiy ishlash maqsadida BAAning Dubay shahriga borgan.
Biroq moliyaviy qiyinchiliklar sababli 2026 yil yanvarida O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar xarid qilgan. Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat tufayli ular mamlakatni tark eta olmagan.
Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun oila vakillari jarimaga tortilgan.
O‘zbekistonning BAAdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Dubay immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ularning mamlakatni jarimasiz tark etishiga ruxsat olindi.
Ushbu oila a’zolari uchun 26 iyun kuni “Dubay–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi hamda ularning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Jamiyat
Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent davlat agrar universitetida yong‘in sodir bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, soat 15:17 da «112» tizimidan Toshkent viloyati FVBBga Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismi yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:59 da qurshab olingan hamda soat 16:15 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Jamiyat
Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.
27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.
Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.
Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi
Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi
Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.
Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.
Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.
Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.
Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.
Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.
Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi.
Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.
Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.
Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.
Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.
Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?
Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.
Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.
Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.
Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham.
Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.
Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…
Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.
Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
