Jamiyat
Muzaffar Kamilov Prezident maslahatchisi etib tayinlandi
Prezidentning farmoni bilan Muzaffar Murotovich Kamilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.
Kamilov ilgari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari va boshqa lavozimlarda ishlagan.
Jamiyat
Zangiotada soliqchi, Buvaydada muhandis pora bilan ushlandi
Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida pora olish bilan bog‘liq ikki korrupsiyaviy holat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda soliq inspektori va elektr ta’minoti korxonasi muhandisi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Zangiota tumanida xalq orasida Chinni bozor nomi bilan tanilgan «Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi»da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning do‘konida soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali shaxsiy bank kartasiga qabul qilib, ularni tadbirkorlik hisob raqamiga kirim qilmagani aniqlangan. Shu holatdan foydalangan Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori tadbirkorga 160 million so‘m jarima qo‘llanishini aytib, uni bartaraf etish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliqchining topshirig‘iga ko‘ra tadbirkordan pulni olgan vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida ham qayd etildi. DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman Elektr ta’minoti korxonasi muhandisi tadbirkordan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, muhandis quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga o‘z hududidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni mijoz sifatida yo‘naltirish, panellarni o‘rnatish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va texnik shart olib berish evaziga jami 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Soxta xizmat guvohnomasi va qalbaki ma’lumotnoma sud qarori bilan yo‘q qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi hukmi asosida qalbaki xizmat guvohnomasi va soxta ma’lumotnoma belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Majburiy ijro byurosi ma’lum qilishicha, sudning ijro varaqasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan fuqaro I.N.ga nisbatan qabul qilingan hukmning ashyoviy dalillarga oid qismi ijroga qaratilgan.
Tergov davomida mazkur shaxs o‘zini mas’ul vazirlikning viloyat boshqarmasi xodimi sifatida ko‘rsatish maqsadida qalbaki xizmat guvohnomasi va soxta ma’lumotnoma tayyorlagani aniqlangan. Ushbu hujjatlar jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida tan olingan.
Ijro hujjati 2026-yil 22-iyun kuni Majburiy ijro byurosining Yunusobod tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, 27-iyun kuni xolislar ishtirokida bir dona qalbaki xizmat guvohnomasi hamda bir dona soxta ma’lumotnoma qonunchilikda belgilangan tartibda yaroqsiz holatga keltirilib, yo‘q qilindi.
Majburiy ijro byurosi, o‘z navbatida, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, soxtalashtirish yoki ulardan foydalanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatmoqda.
Jamiyat
Ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslarida o‘qitish tartibi belgilandi
Adliya vazirligi Ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni o‘quv kurslarida o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi tartibga muvofiq, ovchilik guvohnomasini olish uchun nomzodlar majburiy o‘quv kurslarini o‘tashlari lozim.
Nizomga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamenti» davlat muassasasi yoki u bilan shartnoma tuzgan ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etiladi.
Talabgorlar 10 soatlik o‘quv dasturini auditoriyada yoki masofaviy ta’lim shaklida o‘zlashtirishi mumkin.
Talabgorlar yil davomida elektron yoki yozma shaklda ariza topshirish huquqiga ega. O‘quv jarayoni 20–30 nafardan oshmaydigan akademik guruhlarda tashkil etiladi.
Mashg‘ulotlar ma’ruza va seminar ko‘rinishida o‘tkaziladi. Har bir darsning davomiyligi 80 daqiqani tashkil etadi.
O‘quv kurslari yakunida komissiya tomonidan test sinovi o‘tkaziladi. Imtihon 100 ballik tizim asosida baholanadi va kamida 70 foiz natija qayd etgan tinglovchilarga sertifikat beriladi.
Yangi tartib 2026-yil 3-avgustdan kuchga kiradi.
Jamiyat
Prezidentning madaniyat bo‘yicha yangi vakili tayinlandi
Prezidentning tegishli farmoni bilan Hasan Salixov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar u Kreativ industriya parki direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, G‘iyosiddin Rejabov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi.
Jamiyat
Madaniyat vazirligi rahbariyatida qator tayinlovlar amalga oshirildi
Prezidentning tegishli qarorlari bilan Madaniyat vazirligi rahbariyatida qator tayinlovlar amalga oshirildi.
Unga ko‘ra:
Nodirbek Sayfullayev – madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari;Jahongir Axmedov – madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari hamda Kinematografiya agentligi direktori;Odiljon Abduqahorov – madaniyat vazirining o‘rinbosari;Sanjar Bobojonov – madaniyat vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Shu munosabat bilan u Prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili bo‘linmasi bosh inspektori lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Baxodir Axmedov, Avazxon Tojixanov, Murodjon Majidov va Yusufjon Usmonov Madaniyat vazirligidagi rahbarlik lavozimlaridan ozod etildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Jamiyat4 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Dunyodan5 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport2 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days agoBYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
