Connect with us

Mahalliy

«Muvaffaqiyatga sig‘inish» kulti yoxud yutuqlarsiz hech kim emasmiz(mi?)

Published

on


«Ona qarang, menga faxriy yorliq berishdi»…

Onam birinchi marta faxriy yorliqni uyga ko‘tarib kelganimda juda xursand bo‘lgandi. Ilk bor o‘zimni keraklidek va yaxshi qizdek his qilganman. Yaxshi va kerakli bo‘lish uchun keyin yana qanchadan-qancha shunday faxriy yorliqlarni ko‘tarib kelmadim uyga… Hozir maqtov qog‘ozlariga umuman qiziqmayman. Chunki uni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan onam yo‘q.

Maqola qancha faxriy yorliq olganimda emas… yorliqlarsiz, muvaffaqiyatlarsiz yashash mumkinligi tajribasini ham his qilayotganimda.

Musobaqaga aylangan hayot

«Aytchi, Pavlik Kanar oroli qayerga tegishli?»

«Mis chavandoz» poemasi qaysi shoirniki?»

«Pavlik yoga bo‘yicha bir talantingni ko‘rsat»

«Benzol formulasini kim tuzgan?»

Bolaligimizda bir kino bo‘lardi, «Katta bo‘lishni xohlamayman» degan  — kattalar orzusining qurboni bo‘lgan bolalik haqida. Ya’ni olti yoshli Pavlikning ota-onasi o‘g‘lining tengdoshlari orasida birinchilardan bo‘lishini xohlaydi. Ular uni doimo o‘qishga va muvaffaqiyatga erishishga undaydilar. Pavlik oddiy bola emas, u super-kuchli Pavlik! U kuch, aql va chaqqonlikda tengdoshlarini ortda qoldiradi  — u yugura oladi, daraxtlarga chiqa oladi, suzadi va boshi bilan tura oladi. U juda aqlli, yoga amaliyotlarini yaxshi biladi, psixologiyani tushunadi va Shekspirdan iqtibos keltira oladi…

Kino bugungi tushunchalarim orqali aytganda odamni emas, natijani muqaddas qilishning oqibati haqida.

Biz u paytlari «Katta bo‘lishni xohlamayman» filmini shunchaki kino deb ko‘rganmiz, lekin bugun, ijtimoiy tarmoqlarda «erishish» va «muvaffaqiyat» haqidagi bosimni ko‘rib, o‘ylaysanki o‘sha paytlari ham bu aktual muammo bo‘lgan, o‘zimiz anglamagan eng katta kamchiliklarimizni, yashash qoidalarini qiyinlashtirganimizni aytmoqchi bo‘lgan… Hozir  ham jamiyatda shunday illyuziya bor: kimdir katta lavozimda ishlasa, dunyo kezsa yoki millioner bo‘lsa — demak, u «muvaffaqiyatli». Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarsiz kunimiz o‘tmay turgan bir davrda hammadan muvaffaqiyat kutamiz: kimdir sayohatga chiqqan, kimdir grant olgan, kimdir «storisda baxtli».

Bilgimiz kelgani va qiziqqanimiz: U qaysi lavozimda ishlaydi? Qancha diplomi bor, mashhurmi, nimaga erishdi? Hayot raqamlar va yutuqlar musobaqasiga aylangandek. Ammo u odamning ichki xotirjamligi, ma’naviy sog‘lomligi, insoniy munosabatlari qay darajada?   

Biz to‘xtasak, go‘yo orqada qolgandek bo‘lamiz

Hamma shoshadi. Sen ham yugurasan. Ammo qayerga?

Axir biz o‘zimizni isbotlash uchun yugurib, o‘zligimizni yo‘qotmayapmizmi? Ko‘pchiligimiz uchun hayotda yashashdan maqsad doim nimalargadir «erishish», «o‘zini isbotlash», «kimligini ko‘rsatish» bo‘lib qolgan. Biz kattalar bolaligimizda eng birinchi bo‘lish va besh baho ortidan yugurganimiz yetmaganidek farzandlarimizni ham shu musobaqaga qo‘shib yuborayapmiz: «Yut, ilgarila, boshqalardan orqada qolma!» Kamiga butun dunyo reklamalar bilan to‘lib-toshgan: «o‘zingni sev», «o‘zingga ishon», «barchasiga erish», «barchasi sening qo‘lingda». Ammo bu shiorlar ortida insonni kuchaytirish emas, uni to‘xtovsiz kurashishga chorlov turibdi. Ya’ni go‘yoki zamonaviy madaniyat inson qadrini faqat natijalar bilan o‘lchaydi: «o‘zingni yarat», «eng yaxshi versiyang bo‘l», «to‘xtama!». Reklama, ijtimoiy tarmoqlar va motivatsion murabbiylar bizga shunchaki «bor bo‘lish» yetarli emasligini uqtiradi. «Natijada, odamlar o‘z-o‘zini hurmat qilishni muvaffaqiyat bilan bog‘lab, ichki bo‘shliq va depressiyaga botishadi», — deydi  psixolog Semyon Krasilnikov. — «Freydning «Id va Ego» g‘oyasi bo‘yicha bu Idning bosh ko‘tarishi. Ya’ni inson ichki to‘lqinlariga (shon, e’tibor, boylik) to‘la bo‘yin egib, Ego va Superegosini qurbon qilgan. Muhimi muvaffaqiyatning o‘zi emas, uning obrazi. Freyd ta’limoti bo‘yicha Id xohishlar markazi, Ego  ularni reallikka moslashtiruvchi aql, Superego vijdon. Bugungi jamiyatda esa bu muvozanat izdan chiqqan. Id, ya’ni «istayman va hozir» degan tiyiqsiz kuch hukmronlikka o‘tgan. U odamni tinch qo‘ymaydi: ko‘proq yutuq talab qiladi. Ego uni oqlash bilan band, «men ko‘p ishlayman, chunki mehnatsevarman», deydi, ammo aslida tan olinishga chanqoq. Superego — vijdon va qadriyatlar esa chalkashtirilgan holda chetga surilgan. Shu tariqa inson ichki muvozanatini yo‘qotgan: u endi o‘zligini emas, faqat obrazini yaratib yashaydi.»

Erix Fromm bunga shunday izoh beradi: zamonaviy inson hatto o‘zini tovarga aylantirgan. «Men foydali bo‘lsam, arziyman», «men yaratuvchi bo‘lsam, demak borman».

Demak, biz maqtalganimizda tan olinamiz, bizning maqtalganimiz kerakli ekanimizni isbotlaydi: «sen faqat foydali bo‘lsang, qadrlisan».

Ammo shunchaki mavjud bo‘lish, shunchaki nafas olish, foydali bo‘lmaslik  haqida nima deyish mumkin?

Karl-Xayns Brish ta’kidlaydi: «Foydali bo‘lganingiz uchun muhabbatga loyiq ko‘rilishingiz hissiy shantajning bir turidir».

Ya’ni Vinnikot Donald Vuds yozganidek, «yetarlicha yaxshi ona» ideal ona emas, balki uning borligi, tirikligi muhim. U atrofimizdagi odamlarni, yaqinlarimizni tirikligi va borligi uchun xatolari bilan sevishimizni uqtiradi. Haqiqiy muvaffaqiyat esa seni baxtli qiladigan oddiy narsalarni yo‘qotmaslikda.

2020-yil tasvirga olingan «Qalb» (Soul) multfilmida bosh qahramonning shunday fikri bor: «Balki mening talantim — osmonni kuzatish va shunchaki sayr qilishdir. Masalan, men sayr qilishni san’at darajasiga ko‘targanman.» Bu so‘zlarda hayotning butun ma’nosi yashiringan.

Biz doimo nimadir ershishimiz kerak deb o‘ylaymiz, go‘yo xotirjam yashash, ko‘chada sayr qilish, osmonga qarash yoki shunchaki tirik bo‘lish kamdek.

Ammo ehtimol, haqiqiy talant mana shudir: har bir kuningni yutuqlarsiz ham chiroyli qilish, nafas olishni baxt deb bilish va erishishni emas,  his qilingan qiymatni qadrlash.

Axir hayot har bir odamdan katta sahna yaratishni talab qilmaydi.
Ba’zan uning eng go‘zal sahnasi — shunchaki oddiy sayr bo‘lishi mumkin.

Ehtimol, siz ham, men ham, anavi ketib borayotgan bola ham shunchaki sayrni san’at darajasiga chiqara oladigan  insonlarmiz. Shuning o‘zi yetarli emasmi?

Bolalikda sport yoki matematika to‘garagiga majburlangan bola katta bo‘lgach, «to‘xtash to‘garagi»ni ixtiyoriy tanlashi kerak.

Chunki to‘xtash — bu taslim bo‘lish emas, nafas olishdir.

Balki hayotda hamma narsa «buyuk ish» bo‘lishi shart emasdir? Balki haqiqiy talant oddiy yutuqlarsiz, muvaffaqiyatlarsiz yashash, har bir kunni his etish, toza havodan bahra olish, shamolni, odamlarni, musiqa va shovqinni tushunishdir?

Balki, omad va omadsizliklarga to‘lgan bu dunyoda eng katta jasorat —   to‘xtashdir.

Ha, shunchaki to‘xtash…

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi

Published

on


Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

​Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.

​Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.

​Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

​Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.

​Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

​Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

​”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.

​Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

​”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.

​Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.

​”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.

​Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.

​Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.

​Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.

​Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.

​Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.

​Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.

​Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.

​Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.

​Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

​Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi

Published

on


Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
 
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
 
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
 
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
 
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
 
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:


kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.

Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi  hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi

Published

on


O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.

Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.

10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.

Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.

2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.

2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.

Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.

Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.

1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.

2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.

Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.