Jamiyat
Mutaxassis gadjetlar ko‘z saratoniga olib kelishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Otabek Ikromov mobil telefonlar va boshqa gadjetlar inson ko‘rish a’zosi nurlanishi va onkologik kasalliklarga olib kelmasligi isbotlanganini bildirgan. Shu bilan birga, gadjetlardan uzluksiz foydalanish alaloqibat turli xastaliklarga, jumladan, ko‘z o‘smasiga olib kelishi mumkinligi ham istisno etilmaydi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda bolalar orasida ko‘z saratoni bilan kasallanish holatlari oshgani va bunga ular ko‘p vaqtini sarflaydigan gadjetlar sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Otabek Ikromovdan bu qanchalik to‘g‘ri ekani haqida so‘radi.
— Asosiy masalaga to‘xtalishdan oldin onkologik kasalliklar hozirgi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylanib borayotganini aytish joiz, — deydi mutaxassis. — Buni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumoti ham tasdiqlaydi. Ya’ni onkologiya tashxisi qo‘yilgandan keyingi bir yil davomida har uchinchi bemor olamdan o‘tar ekan. Ko‘rinib turibdiki, masala chindan ham jiddiy.
So‘nggi 10 yillikda o‘sma kasalliklari sezilarli darajada ko‘paydi, shu jumladan, ko‘rish a’zosining onkologik xastaliklari ham. U umumiy o‘sma kasalliklarining bir foizini tashkil etishi bizni xotirjam qilmasligi kerak. Negaki, bugun dunyoda har 100 ming kishiga salkam 4 ta shu turdagi kasallik to‘g‘ri keladi.
Endi asosiy masalaga o‘tamiz. Ko‘z o‘sma kasalliklarining ortishida doimiy hamrohimizga aylanib borayotgan gadjetlarning ulushi kattami? Germaniyaning Essen universiteti mutaxassislari bu savolga yo‘q, deb javob bergan.
Gap shundaki, ular 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan o‘tkazgan ilmiy tadqiqot davomida mobil telefonlar va boshqa gadjetlar inson ko‘rish a’zosi nurlanishi va onkologik kasalliklarga olib kelmasligi isbotlandi.
Ko‘z saratoniga olib keladigan asosiy omillar quyidagilardan iborat:
irsiy xastaliklar
ekologiyaning zararli ta’siri
ayrim virusli kasalliklar
Ammo, bolalar, ayniqsa, ularning ota-onalari gadjetlar ko‘z saratoni kasalligiga umuman sabab bo‘lmas ekan, deya xotirjamlikka berilmasliklari kerak.
Gadjetlardan uzluksiz foydalanish alal-oqibat turli xastaliklarga, jumladan, ko‘z o‘smasiga olib kelishi mumkinligini tushunish uchun soha mutaxassisi bo‘lish shart emas.
Keyingi paytda «quruq ko‘z» sindromi sezilarli darajada ko‘payib borayotgani ham barchamizni hushyor torttirishi zarur.
Shulardan kelib chiqib, oftalmologlarning ko‘rsatmasiga amal qilish, bolalar kuniga 2 soatdan ortiq gadjetlar bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ish jarayoni kompyuter bilan bog‘liq bo‘lgan insonlarga esa ko‘z ustki qismini namlantiruvchi maxsus preparatlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Umuman olganda, hozirgi axborot texnologiyalari davrida gadjetlardan foydalanmaslikning iloji yo‘q. Ammo me’yorni bilish va shunga amal qilish o‘zimiz va salomatligimiz uchun zarur.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
Jamiyat
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan izoh berdi.
Uning qayd etishicha, ikki vazirlikni birlashtirishdan asosiy maqsad — ta’limning barcha bosqichlarini yagona tizimda boshqarish va sifatni alohida nazorat qilishdan iborat.
Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligi bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, ularning operatsion jarayonlari, ta’lim talablari, litsenziyalash va akkreditatsiya uchun mas’ul bo‘ladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etish va natijalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Bu jarayon «O‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti» asosida yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning 28 sentyabrdagi taqdimotida ham yangi maktab bitiruvchisi modelida zamonaviy ko‘nikmalar, mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish qobiliyatiga urg‘u berilgan edi.
Prezident Administratsiyasi va uning huzuridagi maxsus ishchi guruh yangi vazirlik tuzilmasi, ish jarayonlari hamda islohotning umumiy strategiyasini ishlab chiqadi.
Oliy ta’limda esa davlat aralashuvini kamaytirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish, nodavlat sektor uchun imkoniyatlarni oshirish va sifatni raqobat hamda bozor talabi orqali shakllantirish ko‘zda tutilgan.
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
-
Jamiyat2 days ago
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
-
Jamiyat1 day ago
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
-
Jamiyat3 days ago
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
-
Jamiyat3 days ago
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
-
Iqtisodiyot5 hours ago
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
