Connect with us

Sport

Mundialda 4-kun. Kyurasaoning tarixiy goli, Umar Artanga kompensatsiya va Angliyaning sarguzashtlari

Published

on


Germaniya 7 ta, Shvetsiya 5 ta gol urdi; yaponlar so‘nggi daqiqalarda iroda ko‘rsatib, Niderlandiyadan ochko tortib oldi. Osiyo jamoalarining turnirdagi mag‘lubiyatsiz yurishi davom etmoqda.

Jahon chempionatida 15 iyunga o‘tar kechasi yana ikkita guruhda 4 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Germaniya kamtarona Kyurasaoni yirik hisobda tor-mor etdi, niderlandlar yaponlar bilan o‘yinda ochko yo‘qotdi, Kot-d’Ivuar turnirni Ekvadorga qarshi o‘yindagi minimal hisobdagi g‘alaba bilan boshladi, Tunis esa shvedlarga ortiqcha muammo tug‘dira olmadi. Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar sodir bo‘ldi.

Germaniya – Kyurasao 7:1

Gollar: Nmecha, 6 (1:0). Komenensiya, 21 (1:1). Shlotterbek, 38 (2:1). Havers, 45+5 – penalti (3:1). Musiala, 47 (4:1). Braun, 68 (5:1). Deniz Undav, 78 (6:1). Havers, 88 (7:1)

Germaniya: Noyyer, Ta (Ryudiger, 73), Shlotterbek, Braun (Raum, 73), Kimmih (Anton, 83), Pavlovich, Nmecha (Goretska, 73), Musiala (Deniz Undav, 64), Virs, Sane, Havers

Kyurasao: Rom, Obispo, Bazur, Fonvill, Floranus, L. Bakuna, J. Bakuna, Komenensiya, Chong (Kastaner, 83), Lokadia (Margarita, 65), Hansen (Antonisse, 46)

Turnirga ilk marta tashrif buyurgan kyurasaoliklar kutilganidek tezkor gol o‘tkazib yuborishdi, ammo 21-daqiqada kutilmaganda hisob tenglashtirildi. 22 yoshli himoyachi Livano Komenensiyaga jamoaning mundialdagi ilk golini urish nasib etdi.

Lekin orolliklar jamoasi quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. O‘yinning qolgan 70 daqiqasida nemislar yana oltita gol urishdi va turnirning hozircha eng yirik natijasini qayd etishdi – 7:1.

«Biz Germaniyaga qarshi o‘yinda bunday holat bo‘lishi mumkinligini bilardik. Bundan qochib bo‘lmaydi. Jamoadagilarning barchasi uchun katta saboq bo‘ldi. Va biz bundan mutlaqo uyalmaymiz», – dedi o‘yindan keyin Kyurasao bosh murabbiyi Dik Advokat.

Ushbu niderlandiyalik JCh tarixidagi eng keksa yoshli (78) murabbiyga aylandi. Shu kuni raqib jamoasini maydonga boshlab kelgan 39 yoshli Yulian Nagelsmann esa Dik professional faoliyatini boshlaganida hali tug‘ilmagandi. Ushbu murabbiylar orasidagi yosh farqi ham turnir tarixidan rekord ko‘rsatkich sifatida o‘rin oldi – 39 yil-u 229 kun.

Niderlandiya – Yaponiya 2:2

Gollar: van Deyk, 51 (1:0). Nakamura, 57 (1:1). Sammervill, 64 (2:1). Kamada, 88 (2:2)

Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, van Xekke, van de Ven, Dumfris, de Yong, Reynders (Kopmeyners, 70), Gravenberh (Ake, 81), Gakpo (Brobbi, 85), Sammervill (Timber, 70), Malen (Depay, 70)

Yaponiya: Sudzuki, Taniguti, X. Ito, Vatanabe (Sugavara, 75), Kamada, Sano, Nakamura, Doan (Tomiyasu, 75), Kubo (Ogava, 75), Maeda (D. Ito, 66), Ueda (Siogai, 84)

Ogohlantirishlar: Sammervill, 61. Depay, 83. van de Ven, 90

Niderlandlar va yaponlar Germaniya va Kyurasao kabi ochiq futbol namoyish etishmadi, ammo bu o‘yinda ham o‘ziga xos drama bor edi. Lekin birinchi bo‘lim ochiqchasiga zerikarli kechdi: bo‘limdagi eng qiziq kadr tribunada uxlayotgan chaqaloq kadri bo‘ldi.

Jamoalar birinchi bo‘lim uchun kompensatsiya sifatida ikkinchi bo‘limni o‘ta hujumkor o‘tkazishdi. 51-daqiqada niderlandlar sardori Virjiyl van Deyk bosh bilan gol urib hisobni ochdi, 6 daqiqa o‘tib Keyto Nakamura muvozanatni tikladi. 67-daqiqada esa yevropaliklar Krisensio Sammervillning sa’y-harakatlari evaziga yana hisobda oldinga chiqib olishdi.

Shundan keyin o‘yinda biroz sokinlik kuzatildi va Ronald Kuman shogirdlari hisobni ushlab qolish uchun o‘ynay boshladi. Ammo Yaponiyada oxirgi shturm uchun kuch topildi: 89-daqiqada Daiti Kamada hisobni tenglashtiruvchi golni urdi – 2:2. Samuraylar mundiallarda yevropaliklarga yutqazmaslikni yana bir bor uddalashdi – bu seriya 2018 yildan buyon davom etib kelmoqda.

Kot-d’Ivuar – Ekvador 1:0

Gol: Diallo, 90 (1:0)

Kot-d’Ivuar: Ya. Fofana, Singo, Agbadu, Konan, Due (Kossunu, 89), S. Fofana (Oulai, 77), Kesse, Ture (Bonni, 56), Diomande, Vai (Diallo, 56), Pepe (Sangare, 77)

Ekvador: Galindes, Ordones, Pacho, Inkapiye, Franko (Presiado, 62), Vite, Kaysedo, Minda (Angulo, 56), Yyeboa (Poroso, 62), Valensiya (Rodriges, 77), Plata

Ogohlantirishlar: S. Fofana, 28. Kesse, 38. Due, 40 – Poroso, 73

Bu o‘yinda gollar shousi bo‘lmasligi oldindan ma’lum edi. Ikki jamoa ham jahon chempionatiga kuchli himoya chizig‘i bilan yetib kelgan, afrikaliklar saralash bosqichida birorta gol o‘tkazmagan (25:0), ekvadorliklar ham o‘z mintaqasida eng kam gol o‘tkazgan (5) jamoa bo‘lgandi. Ammo bu jamoalarning o‘yinini himoyaviy va zerikarli o‘tdi deb bo‘lmaydi.

Birinchi bo‘limda janubiy amerikaliklar tashabbusga egalik qilishdi – o‘yin debyutidayoq hisob ochilishi mumkin edi, ammo jamoa hujumchisi Enner Valensiyaning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Keyin esa ekvadorliklarning ikki zarbasidan keyin to‘p darvoza ustuniga va to‘singa bordi: avvaliga Jon Yyeboa o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi, biroz o‘tib Alan Minda qulay pozitsiyada turib tepgan to‘p to‘sinni titratdi. Kot-d’Ivuar o‘z qarshi hujumlari bilan javob qaytardi, ammo bu hujumlar golli vaziyatlarga aylanmadi.

Tanaffusdan keyin esa tashabbus afrikaliklar qo‘liga o‘tdi. Va endi darvoza ustunini poylash navbati ularga keldi – ivuarliklar forvardi Ele Vaiga aniqlik yetishmadi. Kot-d’Ivuar bosimni kuchaytirishda davom etdi va ketma-ket hujumlar oxiri gol bilan yakunlandi – o‘yindagi yagona gol 90-daqiqada qanotdan amalga oshirilgan tezkor hujum orqali urildi: Vilfrid Singo to‘pni jarima maydoni yaqiniga yetkazib berdi, to‘pga yetib kelgan Amad Diallo burchak tomon aniq zarba yo‘lladi – 1:0.

Shvetsiya – Tunis 5:1

Gollar: Ayyari, 7 (1:0). Isak, 30 (2:0). Rekik, 43 (2:1). Yokeresh, 59 (3:1). Svanberg, 84 (4:1). Ayyari, 90+6 (5:1)

Shvetsiya: Nordfeldt, Hin, Lindelyof, Lagerbilke, Chelstrem (Svanberg, 84), Nyugren (Bergvall, 64), Ayyari, Gudmundsson (Stroud, 64), Bernhardsson (Svensson, 90), Isak (Elanga, 90), Yokeresh

Tunis: Shamah, Talbi, Rekik, Ben Amida, Abdi, Valeri (Mahmud, 72), Shiri (Ashuri, 72), Mejbri, Hedira (Garbi, 84), Saad (Tunekti, 72), Slimane (Shauat, 84)

Ogohlantirish: Xedira, 54

Shvedlar jahon chempionatiga saralash bosqichini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazib, o‘z guruhida so‘nggi o‘rinda qolgandi va faqat qo‘shimcha imkoniyat orqali turnirga yo‘llanma olgandi. Jamoa Millatlar ligasidagi reytingi evaziga o‘tish bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritib, pley-off yarimfinalida Ukrainani (3:1), finalda Polshani (3:2) mag‘lub etdi. Grem Potter shogirdlari buning uchun qattiq tanqidga uchragandi va shu tufayli turnir final bosqichini kuchli boshlash talab etilardi.

Va skandinavlarda barchasi o‘xshadi. O‘yinda hisob 7-daqiqadayoq ochildi – Yosin Ayyari qaytgan to‘pni darvoza to‘riga kiritib yubordi. U o‘z otasi tug‘ilgan mamlakat darvozasiga urgan golini nishonlamaslikni ma’qul ko‘rdi. 30-daqiqada esa shvedlar hisobdagi ustunlikni oshirishdi – «Arsenal» forvardi Viktor Yokeresh «Liverpul» forvardi Aleksandr Isakni golli uzatma bilan ta’minladi. Ammo bo‘lim oxirida Shimoliy Afrika vakillari Umar Rekikning goli evaziga hisobni qisqartirishdi. Ammo bu gol tunisliklar uchun o‘yinda yagona gol bo‘lib qoldi.

Tanaffusdan keyin ular yana uch gol o‘tkazib yuborishdi: avvaliga Isak qulay vaziyatda turgan sherigini to‘p bilan ta’minlab, Yokereshga qarzini qaytardi, keyinn yarimhimoyachi Mattias Svanberg hisobni yiriklashtirdi, Ayyari esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda dublni rasmiylashtirdi – 5:1. Bu g‘alaba skandinavlarni F guruhida birinchi o‘ringa olib chiqdi.

Umar Artanning ko‘nglini olishmoqda

Navbatdagi kun va Umar Artanga kompensatsiya haqida navbatdagi xabar. Afrikaning 2025 yildagi eng yaxshi referisi, FIFA tomonidan 2026 yilgi jahon chempionati uchun chaqirilgan ushbu somalilik hakam hech qanday izohsiz Qo‘shma Shtatlarga kiritilmagandi. Uning vizasi borligi va barcha hujjatlari joyida ekani ham naf bermagandi – keyinroq amerikalik rasmiylar uni terrorchilar bilan aloqalarda gumon qilishgani ma’lum bo‘ldi.

Shundan keyin Umarni vatanida qahramonlardek qarshilashdi: uni katta stadionga chaqirib olqishlashdi va qo‘llarida ko‘tarishdi. Keyinroq UYeFA somalilik hakam uchun istisno qilib, «PSJ» va «Aston Villa» o‘rtasida 12 avgust kuni o‘tkaziladigan Superkubok bahsini boshqarish uchun uni tayinlashdi.

Endi esa BBC Artanga JChdagi ishi uchun belgilangan ish haqi to‘liq to‘lab berilishini xabar qildi. Bu mablag‘ miqdori aniq emas, ammo hisob-kitoblarga ko‘ra, asosiy gonorar 100 ming dollargacha yetadi. Aftidan, Umar turnirni o‘tkazib yuborayotganidan unchalik qattiq xafa bo‘lmaydi.

Inglizlarni omadsizlik ta’qib etmoqda

Angliya milliy jamoasining okeanortidagi sarguzashtlari davom etmoqda. Turnir boshlanishidan oldin «Uch sherlar» jamoasining Kanzas-Sitidagi bazasi yaqinida otishma ro‘y berib, to‘qqiz kishi jabrlandi, shundan keyin Floridada futbolchilar 6,1 magnitudali zilzilani boshdan kechirishdi (bu hududda 150 yildan buyon bu qadar kuchli silkinish bo‘lmagandi), keyin esa Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi noqulay ob-havo sharoiti tufayli keyinga qoldirildi. Keyin Tomas Tuxel jamoasi bazasiga o‘g‘ri tushib, mashg‘ulotlarda ishlatiladigan buyumlarni, bir necha futbolkani va boshqa suvenirlarni o‘g‘irlab ketishdi.

Endi esa navbatdagi balo: tabiiy ofat. The Athletic xabariga ko‘ra, 14 iyun kuni inglizlar jamoasi futbolchilariga tornado yaqinlashayotgani va oynasi yo‘q binoda qolish tavsiya etilishi haqida sms yuborilgan. Yakunda Kanzas-Sitida vayrongarchiliklar qayd etilgan, ammo jamoa yashayotgan baza shikastlanmagan.

Murabbiylar o‘yindagi pauzalarni tanqid qilmoqda

2026 yilgi jahon chempionatida kiritilgan yangiliklardan biri – o‘yin davomida futbolchilar suv ichib olishi uchun ikki marta tanaffus berilishi bilan bog‘liq. Amerikadagi sport turlarida azaldan mavjud bo‘lgan ushbu qoida yevropalik murabbiylarga ma’qul kelmayapti. Xususan, Shvetsiya ustozi Grem Potter bunday tanaffuslar o‘yinga xalal berishini qayd etdi.

«Hozirdan aytish mumkinki, ular dinamikani o‘zgartiradi, chunki ikki bo‘lim o‘rniga o‘yin choraklarga bo‘linadi. Agar jamoa ustunlikka ega bo‘lib turgan bo‘lsa, tanaffusdan keyin uni boy berishi mumkin. Men shikoyat qilmayman. Biz bunga moslashishimiz kerak», – degan Potter.

AQSh milliy jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettinoga ham bu yangilik yoqmagan. «Bu menga yoqmayapti. Men bunday tanaffuslarni faqat chinakamiga ekstremal sharoitlarda o‘ynalganida qo‘llab-quvvatlayman. Ammo ob-havo yaxshi bo‘lsa, ularga hojat yo‘q», – deb hisoblaydi «Tottenhem»ning sobiq ustozi.

Shu bilan birga, ayrim manbalarga ko‘ra, futbolchilar suv ichib olishi uchun qilinayotgan tanaffuslardan maqsad – reklama. Jurnalist Romen Molinaning yozishicha, Meksika va JAR o‘rtasidagi o‘yinda (2:0) arbitr TVdagi reklama tugamagunicha o‘yinni boshlamay turgan.

Portugallar Jotani xotirlaydi

Portugaliya milliy jamoasi ta’sirli aksiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda – futbolchilar butun turnir davomida o‘yinlarga jamoaning o‘tgan yil yozida vafot etgan hujumchisi Diogu Jotani eslatib turuvchi bilaguzuklar bilan chiqishadi. Bu haqda matbuot anjumanida Vitinya aytib berdi.

«Ularni bizga bosh vazir Luis Montenegro sovg‘a qildi. Ularda bizning ismlarimiz, shuningdek, Diogu ismi ham bor. Bosh vazir bizga bilaguzuk taqishga ruxsat berilgani, lekin buni qilish shart emasligini ta’kidladi. Biz sovg‘ani katta ishtiyoq bilan qabul qildik va butun turnir davomida ushbu bilaguzuklarda chiqish qilmoqchimiz», – degan Vitinya.

Eslatib o‘tamiz, Jota va uning ukasi Andre Teysheyra da Silva 2025 yil 3 iyulda Ispaniya shimoli-g‘arbida avtohalokat oqibatida halok bo‘lishgandi. U oldingi jahon chempionatida yakuniy tarkibga kira olmagandi.

15-16 iyun kungi o‘yinlar taqvimi

21:00. Ispaniya – Kabo-Verde

00:00. Belgiya – Misr

03:00. Saudiya Arabistoni – Urugvay

06:00. Eron – Yangi Zelandiya



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi

Published

on


Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.

«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.

Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi

Published

on


Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.

Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.