Jamiyat
Moskvada o‘zbekistonlik erkak uchinchi qavatdan yiqilib, halok bo‘ldi
Jabrlanuvchi 30 yoshli migrant ekani ta’kidlanmoqda.
Rossiya poytaxti Moskva shahrida migrant mehmonxonadan qochishga urinib, derazadan yiqilib tushdi, deb xabar berdi MK.
Baxtsiz hodisa 25 iyulga o‘tar kechasi shahar janubidagi butik-mehmonxonada sodir bo‘lgan. Dastlab guvohlar uchinchi qavat derazasida ichki kiyimda turgan erkakni ko‘rgan. U kiyimlarini qo‘lida ushlagan holda avval konditsioner ustiga sakragan, so‘ngra ikkinchi qavat qiyaligiga tushishga qaror qilgan.
Biroq, urinish muvaffaqiyatsiz yakunlanib, erkak pastga qulagan va og‘ir jarohat tufayli halok bo‘lgan. Jabrlanuvchi 30 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi, uning ismi-sharifi xabarda keltirilmadi. Jabrlanuvchining akasi uni voqea joyida tanigan.
Guvohlarning ta’kidlashicha, erkak kimdandir qochmoqchi bo‘lgandek shoshilinch harakat qilgan. Holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.
Jamiyat
MITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
Asilbek o‘rta sinfdaligida poytaxtga keladi va o‘qishini Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda davom ettiradi. U tinimsiz mehnati orqali ketma-ket fan olimpiadalarida sovrindor bo‘ladi. Yutuqlari uchun Nexia 3 avtomobili hamda 620 mln so‘mdan ortiq mablag‘ bilan mukofotlanadi. 2026 yilning fevral oyida esa u dunyoning birinchi raqamli oliygohi Massachusets Institute of Technology’ga 100 foiz grant asosida qabul qilindi. Bu OTM unga o‘qish xarajatlarini qoplash uchun 385 ming dollar mablag‘ ajratishini anglatadi. Asilbek Kun.uz bilan suhbatda dunyoga mashhur ta’lim muassasiga to‘liq grant yutishni qanday uddalagani, tayyorgarlik jarayoni va boshqa jihatlar haqida gapirib berdi.
2007 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan Asilbek bolaligidan matematikaga qiziqqan. Uning fanga ishtiyoqi onasining maktabda o‘qituvchi bo‘lishi bilan bog‘liq. Kichikligidan kitoblar o‘qish bilan shug‘ullanib, mustaqil mashqlar qilgan.
“Oyim matematikadan kitoblar olib kelardilar, o‘zlari menga dars o‘tardi. Shu sabab fanga qiziqishim ortgan. Boshlang‘ich maktabni yaxshi baholar bilan tugatdim. To‘rtinchi sinfni bitirgach, oldimda muhim savol paydo bo‘ldi: qayerda o‘qishni davom ettiraman? Ikki tanlov bor edi: Gulistondagi xorijiy tillar maktabi yoki Toshkentdagi ixtisoslashgan maktablar. Ancha vaqt o‘yladim. Internetdan kunlab ta’lim muassasalarini izladim, telefon qilib ma’lumotlar so‘radim. Oxiri Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabni topdim. Bu yerda informatika va matematika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilardi. Mazkur maktabga hujjat topshirdim va imtihondon o‘tib, o‘qishga qabul qilindim.
Maktabga borgach, bir narsani tushundim: men o‘zim o‘ylaganchalik kuchli emas ekanman. Avvalgi maktabimda eng yaxshi o‘quvchilardan biri edim, lekin bu yerda hatto oson masalalarni ham ishlay olmay qolgan paytlarim bo‘lgan. Bu holat meni ancha o‘ylantirib qo‘ydi. Lekin aynan shu paytda ustozim Kamoliddin aka ko‘proq yordam berdi. Ular mening potensialimni ko‘rib, olimpiada masalalarini o‘rgata boshladi”, – deydi u.
Maktab yillarida Asilbek Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan respublika olimpiadasida g‘olib bo‘lib, Nexia 3 avtomobilini yutib oldi. 2025 yilda esa Boliviyaning Sukre shahrida o‘tgan 37-xalqaro informatika olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘ldi va 620 million so‘mdan ortiq pul bilan mukofotlandi.
“Olimpiada men uchun shunchaki musobaqa emas edi. Boshlanishida natijalar yaxshi bo‘lmagan. Ba’zilarida yutqazib qaytganman. Shunday paytlarda odam “balki bu yo‘l menga emasdir”, deb o‘ylab qoladi. 7-sinfdan fanga yanada ko‘proq vaqt ajrata boshladim. Shu paytda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan respublika olimpiadasida qatnashdim. Bu olimpiadada 5-7-sinflar orasida g‘olibga Nexia 3 avtomashinasi berilishi aytilgandi. Olimpiadada ikkinchi kun imtihon tugagach, bir payt do‘stlarim orqadan baqirib qoldi: “Asilbek, sen birinchi o‘rinni olibsan!” deyishdi. Dastlab ishonmadim. Natijalar ro‘yxatini ko‘rsatishgach, haqiqatan ham birinchi o‘rinda ekanimni bildim, o‘sha paytda ko‘zimdan yosh chiqib ketgandi. Avtomobil topshirilgan vaqtda dadam hayajondan mashinani ham qo‘zg‘atolmay qolgani esimda. Keyin tushundimki, olimpiadadagi natijalar yakun emas, balki keyingi imkoniyatlar uchun eshik ekan. Maktabni tugatib, universitetlar haqida jiddiy o‘rganishni boshladim. Internetdan turli oliygohlar dasturlarini ko‘rdim, talablarini o‘qidim, talabalarning tajribalarini o‘rganishga harakat qildim”, – deydi Asilbek.
U maktabni bitirgach, bir yil davomida nufuzli oliygohga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rdi. 11-sinfni tugatganidan so‘ng Asilbekning olimpiadalardan yutgan grantlari orqali mahalliy universitetga kirish imkoni bor edi. Ammo u o‘z yo‘nalishi bo‘yicha top oliygohda o‘qishni davom ettirishni tanladi.
“Bir yilga tanaffus qildim, bu vaqt ichida ingliz tili darajamni oshirib oldim, insho yozish qobiliyatlarimni rivojlantirdim. Avgustdan dekabrgacha kuniga 10 soatdan oshiq kuchli tayyorgarlik ko‘rdim. Birinchi SAT imtihonida 1250 ball olgan edim. Keyin haftada olti marta, kuniga besh soatdan dars olib, ikki yarim oy ichida ko‘rsatkichimni 1450 ballga ko‘tardim. Dekabrda esa qayta topshirib, 1540 ball oldim. IELTS imtihonida 7,5 ball to‘pladim. Bundan tashqari, turli loyihalarda qatnashib, portfoliomni boyitdim”, – deydi u.
Asilbek shu vaqtgacha 9 ta nufuzli oliygohga hujjat topshirgan. Shularning orasida fan va texnologiya bo‘yicha dunyoning birinchi raqamli oliygohi – MIT’dan 100 foiz grant asosida o‘qishga qabul qilinganlik xatini olgan. Universitet unga o‘qish xarajatlarini qoplash uchun $385 000 mablag‘ taqdim etishini ma’lum qilgan.
Suhbat davomida Asilbek imtihonda qanday savollar tushgani, portfoliosini aynan nimalar bilan boyitgani qabul jarayonida ustunlik bergani hamda maqsadlari haqida gapirib berdi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Qoraqalpog‘istonda axborot makonidagi yirik voqea
Dastur kontent yaratish, matnli va vizual formatlar hamda janrlarning qo‘llanishi, axborot xavfsizligi, strategik kommunikatsiya, media menejment, SMM hamda sun’iy intellektdan foydalanish kabi ko‘plab muhim mavzularni qamrab oladi.
30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida axborot makonida yilning eng yirik ta’limiy-amaliy voqeligi — “Media haftalik” boshlandi. Unda qatnashchilar zamonaviy media muhitidagi dolzarb masalalar yuzasidan ko‘nikmalarini oshiradi.
Dastur kontent yaratish, matnli va vizual formatlar hamda janrlarning qo‘llanishi, axborot xavfsizligi, strategik kommunikatsiya, media menejment, SMM hamda sun’iy intellektdan foydalanish kabi ko‘plab muhim mavzularni qamrab oladi.
Trening va mahorat darslari davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarni, balki real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tadbirda ilg‘or ekspertlar, amaliyotchi jurnalistlar, muharrirlar, prodyuserlar hamda mutaxassislar spiker sifatida qatnashmoqda. Ular o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Ta’kidlanishicha, “Media haftalik”ning muhim jihati — ishtirokchilarga alohida e’tibor qaratish. Tadbir davomida o‘nlab intervyular, ochiq muloqotlar va fikr almashinuvlar tashkil etilib, ishtirokchilarning o‘zlari media sohasidagi muammolar, kutilayotgan natijalar va erishilgan yutuqlar haqida fikr bildiradi.
Haftalik doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sessiyalar tashkil etilgan:
• bosma va internet nashrlari jurnalistlari;
• telejurnalistlar va operatorlar;
• davlat organlari matbuot kotiblari;
• blogerlar va kontent yaratuvchilar;
• mobilograflar va SMM mutaxassislari.
Haftalik yakunida Media forum tashkil etilib, unda tadbir natijalari sarhisob qilish rejalashtirilgan.
Jamiyat
Bolalar kontent qurboniga aylanyaptimi? Psixologlar ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan ogohlantirmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar ishtirokidagi videolar soni keskin oshmoqda. Mutaxassislar esa bu holatni oddiy kontent emas, balki bola psixikasiga ta’sir qiluvchi jiddiy omil sifatida baholab, uning ortida yashirin xavflar borligini ta’kidlamoqda.
Bugun urf bo‘lgan bolalar bilan bog‘liq kontentlarni tayyorlash va ommaga taqdim etish o‘ta nozik masala. Biroq mutaxassislar bu tendensiyaga jiddiyroq qarashga chaqirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bolalarni kontentga jalb qilish, ayniqsa ularning roziligi va manfaatlari hisobga olinmagan holda, kelajakda psixologik muammolar, bulling va shaxsiy chegaralarning buzilishiga olib kelishi mumkin.
«Bolalarning onlayn ishlashi ularni paxta terdirish yoki tilanchilikka chiqarishdan battarroq»
Rozaliya Gabdulhakova, bolalar psixologi:
«Har bir ota-ona farzandining shirin qiliqlarini yoki kulgili harakatlarini, ba’zida yig‘lab, isterika qilgan vaqtlarida videoga olib ommaga ko‘rsatishni, yaqinlariga ko‘rsatishni xohlaydi. Ba’zi bir paytlarda ana shu ota-onaning o‘zi ham bilmagan holatda bolaning kelajagida uning ustidan kuladigan, boshqa tengdoshlari tomonidan bullingga uchraydigan harakatlar qilib qo‘yadi. Lekin masalaning yana bitta tarafi ham bor. Hozir bolalar marketing uchun eng yaxshi qurol bo‘lib borishmoqda. Afsuski, bolalarning onlayn ishlashi ularni paxta terdirish yoki tilanchilikka chiqarishdan hech yaxshiroq emas. Onlayn ishlash deganda, kontent uchun bolalardan foydalanish nazarda tutiladi. Masalan, nimanidir reklama qilmoqchi bo‘lganingizda, mana Chocotella’ning reklamasi kichkina shirintoy bola bilan hammamizning esimizda. Agar uni katta odam “shirin” deganda, hech kim eslab qolmagan bo‘lardi. Qarang, mana bolaning shirintoyligidan marketing maqsadida qanday foydalanilyapti. Ana shu narsa endi ommaning ichida, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarni hech kim boshqarmaganligi uchun hamma o‘zining ilhomidan kelib chiqqan holatda foydalanyapti va, afsuski, bolaning emotsional holatiga yoki kelajakda ana shunaqa tengdoshlari tomonidan ulg‘aygach bulling bo‘lishi-bo‘lmasligiga qanday ta’sir qilishi haqida ko‘pchilik o‘ylamayapti».
Mutaxassislarga ko‘ra, turli ta’lim maskanlarida bolalar bilan bog‘liq kontentlar asosan SMM menejerlari tomonidan olinadi. Bu esa ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi.
«Bolaning psixikasi xohlagan odam tajribasini o‘tkazadigan maydon emas»
Sayyora Azlarova, bolalar psixologi:
«Aslida bizda ijtimoiy tarmoqlarga bolalarni olib chiqish nisbatan boshqa davlatlardan ko‘ra yangi urfga chiqayotgan odat. Chet davlatlarda bo‘lsa, deyarli yigirma yildan beri bu odat bor. Bolaning har xil qiliqlari, shirin odatlari va hokazo holatlarni beziyon, bezarar, hatto marketing uchun emas, shunchaki kundalik hayotini ko‘rsatish uchun ham blogerlar tomonidan olib chiqish bor va bu normaga kirgan. Lekin bolaning huquqlari, ayniqsa ijtimoiy tarmoqdagi huquqlari to‘g‘risida, ularda ijtimoiy tarmoq oldindan rivojlangani uchun sekin-sekin tartibga solib kelinyapti. Bolani ijtimoiy tarmoqda necha yoshgacha qo‘yish mumkin, necha yoshgacha qo‘ymaslik kerak, unga tegishli axborotlarning qanchasini berish mumkin, qanchasini bermaslik kerak. Va bola bilan ijtimoiy-psixologik eksperiment — hozir biz aytgan rolik ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi — qay tarzda o‘tkazilishi mumkin, qay tarzda o‘tkazilishi mumkin emas, ota-onaning roziligi kerak bo‘lgan va kerak bo‘lmagan holatlar haqida alohida qonun, hujjatlar bor. Lekin bizda hali bu tartibga solinmagan.
Bu ochiqchasiga ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi. Bu holatda aslida o‘sha xalqaro huquqlarga ko‘ra, bolaning ota-onasi ogohlantirilishi kerak, roziligi bildirilishi kerak va bu bolaga ziyon yetkazmasligi haqida kafolat berilishi kerak. Xohlagan odam xohlagan paytida ijtimoiy tarmoqda ko‘rgan eksperimentini bola bilan o‘tkazishi mumkin emas. Bolaning psixikasi xohlagan odam tajribasini o‘tkazadigan maydon emas».
Jamiyat
Jizzaxda simyog‘och qulashi oqibatida uch qoramol nobud bo‘ldi
Hududdagi simyog‘ochlar eskirib ketgani aytilmoqda.
Jizzax viloyatida eskirgan simyog‘ochlar qulashi oqibatida uch bosh qoramol nobud bo‘ldi. Jamoatchilik faoli Xayrulla Qilichevga ko‘ra, hodisa 15 mart kuni Forish tumani Garasha qishlog‘ida yuz bergan.
Hududdan yuqori kuchlanishli elektr liniyasi o‘tgani, qulagan simyog‘ochlar esa 1950-yillarda o‘rnatilgani va ular allaqachon eskirib chirib ketgani ta’kidlangan.
Qilichevning so‘zlariga ko‘ra, qoramollarning egasi zararni qoplab berishni so‘rab, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Forish tumani bo‘limiga murojaat qilgan. Biroq arizaga javob berilmagan.
Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan kuni hududga eski simyog‘ochlarni almashtirish uchun beton ustunlar keltirilgan. Biroq ular hamon o‘rnatilmagan.
«Hududiy elektrtarmoqlari» AJ matbuot xizmati holat yuzasidan Kun.uz’ga izoh berdi.
Dastlabki izohga ko‘ra, qoramol egasi hududni to‘siqlar bilan o‘rab olgani, amaldagi qonunchilikka ko‘ra esa elektr uzatish liniyalari muhofaza zonasida bunday qilish taqiqlangani ta’kidlangan.
Shuningdek, kompaniya holat hozirda o‘rganilayotgani, yaqin vaqt ichida hududda yangi beton ustunlar o‘rnatilishini bildirdi.
Bundan tashqari, qoramol egasi tegishli tartibda sudga murojaat qilishi mumkinligi va agar sud kompensatsiya belgilasa, kompaniya zararni qoplab berishga tayyorligi qayd etilgan.
Jamiyat
OKMKning Angrenliklarga ajoyib tuhfasi
Joriy yil 29 mart kuni Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida joylashgan, OKMK homiyligida zamonaviy qiyofaga keltirilgan “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport vazirliklari mas’ullari, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, OKMK boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, mahalla aholisi, nuroniylar, turli millat vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mas’ullar tomonidan ramziy lenta qirqilib, “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasi rasman o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur majmua OKMK homiyligida kombinat bunyodkorlari tomonidan to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
2025–2026 yillarda majmuada loyiha qiymati 31 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Majmua tarkibida 32×20 o‘lchamli sport zali, fitnes xonasi, sheyping zali kabi zamonaviy sport inshootlari joylashgan.
Binoning ikkinchi qavatida esa, tasviriy san’at, amaliy san’at, raqs, vokal, teatr, folklor va musiqa yo‘nalishlaridagi to‘garaklar faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan. E’tiborlisi, endilikda angrenlik yoshlar bu yerda sportning badiiy gimnastika, kurash, yengil atletika, voleybol, basketbol, fitnes, sheyping, mini futbol turlari bilan ham shug‘ullanishadi.
Binoning xonalari va yo‘laklari o‘ziga xos milliylik ruhida bezatilgan bo‘lib, har bir xonaga alohida e’tibor qaratilgan. Badiiy akademiya ijodkorlari tomonidan taniqli aktyorlar, yozuvchilarning portretlari tayyorlab berildi.
Kombinat quruvchilari tomonidan binoning tomi, kommunikatsiya tizimlari to‘liq yangilandi. Barcha zarur mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Hududda obodonlashtirish va ko‘klamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, 2 dona shiyponcha o‘rnatilib, yo‘laklarga dekorativ beton qoplamasi yotqizildi.
“Yangi Angren“ madaniyat va sport saroyining foydalanishga topshirilishi aholi, ayniqsa yoshlarning madaniyat va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi, milliy qadriyatlar va san’atni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbirda mamlakatimiz ijtimoiy sohasini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni hamda sport vazirining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Zinnat Hayitqulova, Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi fuqarosi: – Shunday ulug‘ ayyom kunlarida mahallamizda ajoyib madaniyat va sport majmuasi qad rostlagani barcha mahalla ahlini xursand qildi. Ushbu maskanda hudud yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Yaratilgan sharoitlar ko‘zni quvnatadi. Fursatdan foydalanib, mahalla ahli nomidan mana shunday ezgu amallarni boshidan tutgan davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.
OKMK tomonidan angrenliklarga tuhfa etilgan mazkur zamonaviy majmua hudud aholisi uchun ma’naviyat, madaniyat va sportni birlashtirgan muhim maskan sifatida xizmat qilishi shubhasiz.
Reklama huquqi asosida
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan3 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
