Jamiyat
Mobiuz Qoraqalpog‘iston va Xorazmda mobil internet tezligi bo‘yicha yetakchi deb topildi
Mobiuz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida mobil internet tezligi bo‘yicha yetakchi deb tan olindi. Bu haqda «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK mustaqil radiomonitoring natijalariga ko‘ra xabar berdi.
O‘lchash ishlari qanday olib borildi?
O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 5-24 avgust kunlari mamlakatning ikkita g‘arbiy mintaqasining shahar va tumanlarida radiomonitoring o‘tkazildi. Maxsus avtomobil yordamida mobil aloqa qamrovi va barcha mobil aloqa operatorlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati ko‘rsatkichlari baholandi. 4000 km dan ortiq masofani qamrab olgan yo‘nalish tekshirildi.
Radiomonitoring natijalariga ko‘ra, Mobiuz ma’lumotlar uzatish tezligi va tarmoq barqarorligi bo‘yicha eng yuqori baholarni qo‘lga kiritdi. Mobil internetning o‘rtacha tezligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 59,99 Mbit/s;
Xorazm viloyatida 36,79 Mbit/s ni tashkil etdi.
Natijalar nimadan dalolat bermoqda?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida mobil internet tezligi va tarmoq barqarorligi bo‘yicha yetakchilik SWAP (uskunalar va texnik ob’yektlarni modernizatsiya qilish) loyihasi samaradorligining bevosita isbotidir. Ushbu loyiha Mobiuz hamda ZTE korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
O‘tkazilgan ishlar davomida tayanch stansiyalardagi uskunalar to‘liq almashtirildi va o‘tkazuvchanlik qobiliyati hamda ishonchliligi yuqori bo‘lgan zamonaviy uskunalar o‘rnatildi.
Faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasida 636 ta yangi tayanch stansiyalari ishga tushirildi, 376 ta radiorele oraliqlari almashtirildi. Xorazm viloyatida esa 593 ta yangi tayanch stansiya ishga tushirilib, 314 ta radiorele oralig‘i almashtirildi. Natijada tarmoqlarning qamrov zonalari kengaydi, ulanish vaqti qisqardi, ma’lumotlarni uzatish tezligi oshdi va tarmoqlardagi kechikishlar kamaydi.
Bundan keyingi rejalar qanday?
Joriy yilda Mobiuz butun O‘zbekiston bo‘ylab tarmoqlarni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirmoqda. Farg‘ona vodiysi shaharlarida 5G tarmog‘i muvaffaqiyatli ishga tushirildi. O‘zbekistonning ikkita g‘arbiy hududida SWAP loyihasi amalga oshirildi. Bir qator hududlarda tarmoqlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, barcha hududlarda tayanch stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Mobiuz o‘z oldiga «Insonlarni birlashtirib, innovatsiyalar bilan kelajak sari intilishni» maqsad qo‘ygan. Loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali kompaniya o‘z yetakchiligini tasdiqlamoqda, investitsiyalarni oqlab, rivojlanishning strategik yo‘nalishlarini saqlab qolmoqda.
Ma’lumot uchun: Raqamli texnologiyalar vazirligining «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi telekommunikatsiya tarmoqlari va resurslarini boshqarish bo‘yicha ishchi organ etib belgilangan va unga operatorlar telekommunikatsiya tarmoqlarining holati va sifatini Vazirlik tomonidan belgilangan xizmatlar sifati standartlariga muvofiqligi ustidan tizimli monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan.
Jamiyat
O‘zbekistonda AI–chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishga tushadi
Hukumatning 202-son qarori bilan 2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.
Dastur doirasida «Onlayn-mahalla» platformasi va «mahalla yettiligi» orqali aholi muammolari tahlil qilinib, ularga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar tayyorlanadi. Bu materiallar annotatsiya, video, infografika va bukletlar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yil yakunida fuqarolar murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya» to‘plami shakllantiriladi. Shuningdek, yangi qonunlar mutaxassislar ishtirokida intervyu va podkastlar orqali tushuntirilib, «Adliya TV»da joylashtiriladi.
Dasturda zamonaviy texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qurilish sohasida qonunchilikni tushuntiruvchi AI-chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi yaratiladi.
Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar interaktiv o‘yinlar, testlar va videolar yordamida bilim olishi mumkin. Shu bilan birga, noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish imkoniyati ham yaratiladi.
Bundan tashqari, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalari takomillashtiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda «sovrinli viktorinalar» o‘tkazish orqali aholining huquqiy bilimlari oshiriladi.
Dastur doirasida bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga ham katta e’tibor berilgan. Huquqiy videoroliklar ishlab chiqilib, keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, «Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!» shiori ostida ijtimoiy chellenjlar va roliklar tanlovi tashkil etiladi. Ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi» o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun tegishli davlat organlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi hamda har chorakda Adliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
Jamiyat
Piskentda «suvta’minot» rahbari sheriklari bilan qariyb 4 mlrd so‘mlik quvurlarni «tuya qilgan»
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJning Piskent tumani filiali rahbari B.K., «A.» AJ mansabdor shaxslari va boshqalar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda, umumiy qiymati 3 mlrd 931,2 mln so‘mlik suv quvurlarining 3 mlrd 78,4 mln so‘mlik qismi, ya’ni jami 14 800 metrini qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlandi.
Mazkur holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi hamda «O‘zsuvta’minot» AJ komplayens xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan.
Ayni paytda qayd etilgan holatlar yuzasidan «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJning Piskent tumani filiali rahbari B.K., «A.» AJning mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Samarqandda 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshadi
Avtobus, elektrobus va tramvayda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4 ming so‘mni tashkil etadi. Transport va bank kartasi orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmaydi – 2 ming so‘mligicha qoladi.
Foto: Samarqand viloyati transport boshqarmasi
Samarqand shahrida 1 maydan jamoat transportida yo‘lkira narxi oshiriladi. Bu haqdagi qaror Xalq deputatlari viloyat Kengashining 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida qabul qilindi. Unda jamoat transportida elektron to‘lovlarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi tariflar tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, 1 maydan avtobus, elektrobus va tramvayda yo‘l haqi naqd pul (QR kodli chipta) orqali to‘langanda 4 ming so‘mni tashkil etadi. Bu amaldagi tarifga nisbatan 1 ming so‘mga oshirilgan. Shu bilan birga, transport va bank kartasi orqali to‘lov qilinganda narx o‘zgarmaydi – 2 ming so‘mligicha qoladi.
Shuningdek, mutasaddilarga jamoat transporti harakatini barcha yo‘nalishlarda soat 22:00 gacha uzaytirish, turistik yo‘nalishlarda esa 24 soat davomida ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Shu bilan birga, Samarqand viloyati transport boshqarmasi ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda jamoat transportida yo‘l haqini naqd pul orqali to‘lash mutlaqo bekor qilinadi. Aholidan naqd pulsiz to‘lov usullariga o‘tish so‘ralgan. Yo‘lovchilar transport va bank kartalari, shuningdek mobil ilovalar orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Yo‘l chiptalarini infokiosklar orqali xarid qilish imkoniyati ham mavjud.
Jamiyat
Mashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
Sudlanuvchilar O‘zbekistonning turli hududlarida 20 dan ortiq MChJ ochib, past foizda mashina olib berishni va’da qilgan holda, yuzlab odamlarni chuv tushirgan. 14 nafar sudlanuvchiga qariyb mingta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangandi. Ular sudda 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topildi.
Oson shartlarda mashina olib berishni va’da qilib, odamlarni chuv tushirgan “Umid avto”chilar jinoiy jazoga tortildi. 14 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yunusobod tuman sudida sudya Shamsiddin Tojiyev raisligida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.
Sud majlisida qatnashgan Kun.uz jurnalistining xabar berishicha, sudlanuvchilarga 987 ta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilinib, jami 88,5 mlrd so‘m zarar hisoblangan. Sudda ular 130 ta epizod bo‘yicha aybsiz deb topilib, oqlandi. Ayrim jabrlanuvchilar esa da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shu tariqa sudlanuvchilardan 834 ta epizod bo‘yicha jabrlanuvchilarga 60 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar undirish belgilandi. Bunda har bir sudlanuvchi o‘zi aybli deb topilgan epizodlar bo‘yicha zararni qoplashi nazarda tutilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarga quyidagicha jazo tayinlandi:
Qodirov Dilshod Muhammadjonovich – Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Abdurahmonov Abdumannop Abduhakim o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Abduhakimov Ibroxim Anvar o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Nig‘monjonov Muhammadmuso Ruslan o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish hamda BHMning 410 baravari miqdorida jarima;
Saidov Ixtiyor Baxtiyor o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Raximov Mirqodir Raxmat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Toirjonov Akrom Baxtiyor o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Muhammadjonov Shukurullo Risxivoy o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Tal’atov Sarvar Tohir o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Ismoilov Iskandar G‘ayrat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Toshtemirov Og‘abek Zokir o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Xudoyberdiyeva Umidabonu Raxim qizi – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Nematov Shuxratjon Nusrat o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, boshqa jinoyat ishi doirasida muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish;
Mahmudov Mirjalol Muqumjon o‘g‘li – Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish.
Ma’lumot uchun, “Umid avto” rahbari Abdumannop Abdurahmonov 2025 yil yanvar oyi boshida qamoqqa olingandi. 2025 yil iyun oyi oxiriga kelib esa mashina olib berish bahonasida 840 dan ortiq odamni chuv tushirgan guruh ushlangandi.
Abdumannop Abdurahmonov va boshqalar past foizda avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib borgan. Ular Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto” kabi 20 dan ortiq MChJ tashkil etib, fuqarolarning mablag‘larni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgani aytilgandi.
Abdumannop Abdurahmonov Kun.uz’ga bergan izohida mashinalar o‘z vaqtida topshirilmaganini 2022-2023 yillarda bir necha o‘nlab lizing kompaniyalar yoppasiga yopilib ketgani bilan izohlagandi.
Jamiyat
Centrum Air yangi yo‘nalish ochilishi munosabati bilan Antaliyaga maxsus reysni amalga oshirdi
Centrum Air aviakompaniyasi yangi Toshkent – Antaliya yo‘nalishi ochilishiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadbirni o‘tkazish uchun Antaliyaga maxsus reys tashkil etdi. Mazkur reys bilan Turkiyaga taklif etilgan mehmonlar, jumladan, turizm sohasi vakillari, hamkorlar, blogerlar va OAV xodimlari yetkazildi.
27-aprel kuni Gloria Verde Resort mehmonxonasida bo‘lib o‘tadigan gala-kecha mavsumning asosiy turistik voqealaridan biriga aylanadi. Marosimda 200 dan ziyod mehmonlar, jumladan, Centrum Holidays’ning yetakchi turistik agentlari ishtirok etadi.
Toshkent – Antaliya yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni 2026-yil 15-maydan boshlab yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda parvozlar haftasiga 2-marta, 29-maydan esa har kuni amalga oshiriladi.
Parvozlar 347 nafargacha yo‘lovchini tashiy oladigan, yuqori darajadagi qulaylikka ega hamda uzoq masofali parvozlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Barcha turlar Centrum Holidays’dan parvoz va yashash xarajatlarini o‘z ichiga olgan tayyor turpaketlar shaklida taqdim etiladi. Yo‘lovchilar kompaniyaning onlayn platformasi orqali mos mehmonxona va dam olish formatini tanlashlari mumkin.
Turpaketning minimal narxi bir kishi uchun 11,4 mln so‘mdan boshlanadi.
Dastur doirasida parvoz uchun jozibador shartlar ko‘zda tutilgan:
bagaj me’yori – 60 kg gacha (weight concept): umumiy vaznga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdordagi yuk o‘rinlari;
qo‘l yuki – 8 kg gacha;
2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun parvoz bepul (alohida o‘rindiqsiz);
2 yoshdan 11 yoshgacha (shu jumladan) bo‘lgan bolalar uchun tarifdan 1,2 mln so‘m chegirma beriladi.
Takliflar, mehmonxonalar va parvoz sanalari haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni Centrum Holidays platformasidan olishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun kontaktlar:
Telefonlar: +998772820880, +998772810880, +998702000880
Sayt | Instagram | Telegram
-
Dunyodan5 days ago
267 nafar farzandni tarbiyalagan “Super dada” (foto)
-
Jamiyat3 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Iqtisodiyot4 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan4 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-raundini maʼqulladi (batafsil maʼlumot)
-
Jamiyat5 days agoToshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev: dunyo oldingidek «sokin» bo‘lmaydi
