Jamiyat
Mobiuz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tarmoqlarini keng ko‘lamli modernizatsiya qilishni boshladi
Mobiuz mobil aloqa operatori O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarida o‘zining texnik infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.
Loyiha tarmoq qamrovini kengaytirish, ulanishni o‘rnatish vaqtini qisqartirish, ma’lumotlarni uzatish tezligini oshirish, tarmoqlarda kechikishlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Asosiy maqsad – Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi shaharlar, tuman markazlari va qishloqlarda yangi texnologik yechimlarni joriy etish va u yerda yuqori tezlikdagi mobil internetni ta’minlash.
Mobiuz mutaxassislari yuqori o‘tkazuvchanlik va ishonchlilik bilan ajralib turadigan zamonaviy uskunalarni o‘rnatishni boshladilar.
Loyiha 2025 yilning mart oyidan sentyabr oyigacha davom etadi. Ishlar, shu jumladan, mavjud tayanch stansiyalarida, abonentlarga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi tarmoqda olib boriladi. Shu munosabat bilan uskunalarni almashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi hamda vaqt, muddat va bosqichlar bo‘yicha qat’iy tartibga solinadi.
Shunga qaramay, ba’zi davrlarda ma’lum hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar aloqa sifatiga qisqa muddatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mobiuz yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni kamaytirish va jarayonning shaffofligini ta’minlash maqsadida SMS-xabarnomalar orqali abonentlarni o‘z hududida ish olib borilayotgani haqida o‘z vaqtida xabardor qilib boradi. Shuningdek, ishlar haqidagi barcha ma’lumotlar kompaniya veb-saytining “Profilaktika ishlari” bo‘limida (https://company.mobi.uz/uz/maintenance/) joylashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tarmoqni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish davrida Mobiuz maxsus manzilli sodiqlik dasturini ishga tushirdi.
Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasini saqlab qolishga intilib, Mobiuz kompaniyaning barcha tashabbuslari asosida yotgan qadriyatlarga amal qilishda davom etmoqda.
Mobiuz uchun nafaqat aloqani ta’minlash, balki qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir abonent uchun imkoniyatlar yaratish ham muhimdir. Kompaniya raqamli infratuzilmani rivojlantirishga bor kuch va tajribasini sarflamoqda. Zero sifatli aloqa – bu yangi g‘oyalar, muvaffaqiyatli ta’lim va zamonaviy dunyoda to‘laqonli hayot demakdir. Mobiuz uyali aloqasi insonlarni birlashtiradi va birgalikda oldinga intilishga yordam beradi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida tarmoqni keng ko‘lamda modernizatsiya qilinishi millionlab fuqarolar uchun aloqani yaxshilaydi, raqamli xizmatlar va innovatsion yechimlarni yanada rivojlantirish uchun ishonchli asos yaratadi.
Jamiyat
Jizzaxdagi xususiy bog‘chada basseynga cho‘kib o‘lgan bola ishi bo‘yicha hukm o‘qildi
Bog‘cha rahbari va tarbiyachisiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tumani sudi «Mehrli yulduz» xususiy bog‘chasida yuz bergan fojia – basseynga cho‘kib o‘lgan bola hodisasi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. 17 mart kuni chiqarilgan va Kun.uz tanishib chiqqan hukmga ko‘ra, bog‘cha rahbari Mavluda Yaqubova va tarbiyachisi Zilola Abilqosimovaga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Hodisa 2025 yil 24 oktyabr kuni sodir bo‘lgan edi. Tushlik payti bolalarni ovqatlantirishga olib chiqishda 1,5 yoshli qizni yo‘qotib qo‘ygan tarbiyachi biroz o‘tib uni basseynga cho‘kkan holatda topgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Mirzacho‘l tumani sudi «Mehrli yulduz» xususiy bog‘chasi rahbari, 66 yoshli Mavluda Yaqubovaga 5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi va 20,6 mln so‘m jarimaga tortdi. Shuningdek, bog‘cha tarbiyachisi, 38 yoshli Zilola Abilqosimovaga 3 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmadi, tomonlar shikoyat qilishga, prokuror protest keltirishga haqli.
Jamiyat
Qashqadaryoda qidiruvdagi yigit ayol qiyofasida yashirinib yurganida qo‘lga tushdi
Ta’kidlanishicha, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazaridan chetda qolish maqsadida ayollarga xos kiyinib, o‘zini tanitmaslikka uringan.
Qarshi shahrida ichki ishlar xodimlari qidiruvda bo‘lgan yigitni ayol qiyofasida yurgan payti hibsga oldi. Bu haqda 14 mart kuni Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgan paytda jamoat xavfsizligini saqlash xodimlari Jinoyat kodeksining 228- va 168-moddalari bo‘yicha ayblanayotgan va qidiruvda bo‘lgan 25 yoshli yigitni ushlagan. Ta’kidlanishicha, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazaridan chetda qolish maqsadida ayollarga xos kiyinib, o‘zini tanitmaslikka uringan. Hozir u vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Jinoyat kodeksining 228-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanganlik uchun jazo nazarda tutilgan. 168-modda bilan esa firibgarlikka qo‘l urganlar jazolanadi.
Jamiyat
Toshkentda avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamaganlar javobgarlikka tortilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanishda yo‘l haqini to‘lamaslik holatlariga qarshi nazorat choralari kuchaytirilgan. Bu haqda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi ma’lum qildi.
Foto: Toshshaxartransxizmat
Qayd etilishicha, avtobuslarda chiptasiz harakatlanayotgan yo‘lovchilarni aniqlash maqsadida reyd tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. Nazoratchilar tomonidan yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasi 5-qismiga asosan ma’muriy choralar qo‘llanmoqda.
2026 yil 16 mart holatiga ko‘ra, avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan 4 781 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Yil boshidan bu ko‘rsatkich 26 564 tani tashkil etgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, har bir to‘langan yo‘l haqi jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish, xizmat sifatini oshirish va infratuzilmani yaxshilashga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan yo‘lovchilardan belgilangan tartiblarga amal qilish va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash so‘ralmoqda.
Jamiyat
Rossiyada qo‘lga olingan voyaga yetmagan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
Rossiyada mehnat qilayotgan vatandosh murojaati asosida qo‘lga olingan voyaga yetmagan o‘zbekistonlik elchixona ko‘magida vatanga qaytarildi. Ma’lum qilinishicha, bola Moskvadagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markazlaridan biriga joylashtirilgan.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi mazkur holat bo‘yicha zudlik bilan ishga kirishib, tegishli tashkilotlar va vakolatli idoralar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Diplomatlar bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda uni oilasiga qaytarish choralarini ko‘rdi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida voyaga yetmagan fuqaro oilaning ishonchli vakiliga topshirilib, sog‘-salomat O‘zbekistonga olib kelindi.
Elchixona Rossiya hududidagi vatandoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning xavfsizligi va huquqlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratishda davom etmoqda.
Shu munosabat bilan fuqarolarga farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik, murakkab vaziyatlarda esa o‘z vaqtida diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilish tavsiya etildi.
Jamiyat
Poytaxtda narkotik savdosi bilan shug‘ullangan onlayn tarmoq fosh etildi
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli tadbirlari doirasida Telegram orqali narkotik va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan onlayn tarmoq faoliyati fosh etildi. Ushbu narkodo‘kon maxsus bot orqali ishlagan bo‘lib, unga 1500 dan ortiq foydalanuvchi ulangan.
Operativ tadbir davomida tarmoq tashkilotchisi — 2003 yilda tug‘ilgan Ruslan ismli fuqaro qo‘lga olindi. Uning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, izolentaga o‘ralgan bir necha o‘ramlar, zip-paketlardagi oq kukunsimon moddalar, “gashish” hamda boshqa turdagi narkotik vositalar, shuningdek, magnitlar va qoplash vositalari topilib, ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Tekshiruv davomida ushbu tarmoq orqali narkotiklarni tarqatish bilan shug‘ullangan Yelena va Valeriy ismli shaxslar ham aniqlanib, qo‘lga olindi. Jami yettita manzil tekshirilib, 15 gramm mefedron, 50 gramm gashish va kannabis moyi asosida tayyorlangan moddalar, shuningdek, bir nechta mobil telefon va noutbuk musodara qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat4 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Dunyodan5 days agoEron rasmiylari tinch aholi qurbonlari sonini e’lon qildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Dunyodan5 days ago
Ispaniya Isroilga qarshi dadil diplomatik choralar ko’rdi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
-
Jamiyat4 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
