Jamiyat
Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi
Kecha, 13 yanvar kuni soat 23:59 da Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Niyoziy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar qilingan.
Xabar qabul qilinishi bilan hodisa joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yo‘naltirilgan. Yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 00:04 da voqea joyiga yetib borib, yong‘inni o‘chirish ishlarini boshlagan. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 00:37 da to‘liq bartaraf etilgan.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari hamda moddiy zarar miqdoriga aniqlik kiritish maqsadida tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Fuqarolarga xonadonlarda elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, gaz uskunalari va isitish vositalarini nazoratsiz qoldirmaslik, shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish tavsiya etiladi.
Jamiyat
«Oltin qalam» XX Milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi
Ayni daqiqalarda Toshkent shahridagi Xalqaro anjumanlar saroyida «Oltin qalam» XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Taqdirlash marosimida dastlab rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar g‘oliblari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra:
«Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish islohotlari yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun» — «Mahalla» gazetasi jamoasi. Mukofotni bosh muharrir Baxtiyor Abdusattorov qabul qilib oldi.
«Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi materiallar uchun» — «Yangi O‘zbekiston» gazetasi vakili Boboravshan G‘oziddinov.
«Davlat tilini rivojlantirish va nufuzini yanada oshirishga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallar uchun» — faxriy jurnalist Zuhriddin Isomiddinov.
«Ayollarning jamiyatdagi o‘rni va islohotlardagi ishtiroki yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun» — «Saodat» jurnali muharriri Feruza Oripova.
«Jamiyatdagi dolzarb mavzularga bag‘ishlangan eng yaxshi tanqidiy-tahliliy materiallar uchun» — «21 asr» gazetasining Qoraqalpog‘iston va Xorazm bo‘yicha muxbiri Ro‘zimboy Xasanov.
«Sport sohasidagi islohotlarning natijalari yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun» — «Sport» telekanali katta muharriri Shafoat Tolibjonova.
«Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan eng yaxshi milliy kontent uchun» — «Qisqasi» loyihasi muallifi Jaloliddin Mirzayev.
«Yoshlarga oid davlat siyosati yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun» — «Milliy tiklanish» gazetasi jurnalisti Zulfiya Yunusova.
«Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun» — Eshqobil Shukur.
«Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallar uchun» — «Navbahor» gazetasi bosh muharriri Jamoliddin Mirzayev.
«Eng yaxshi fotoreportaj uchun» — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) fotomuxbiri Almurat Mamadaminov.
Ma’lumot uchun, rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar g‘oliblariga 41 million 200 ming so‘m miqdorida mukofot tayinlanadi.
Jamiyat
Oliy sud Plenumining majlisi birinchi marta jonli efirga uzatiladi
2026 yil 3 iyul kuni soat 10:00 da Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqiladigan tadbir Oliy sudning Interaktiv xizmatlari portali orqali jonli efirga uzatiladi.
2026 yil 3 iyul kuni soat 10:00 da Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, majlisda Oliy sud Plenumining
“Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida”,
“Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”,
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalari ko‘rib chiqiladi.
Birinchi marotaba Plenum majlisi Oliy sudning Interaktiv xizmatlari portali orqali jonli efirga uzatiladi.
Jamiyat
Mundial uchun O‘FAga berilgan imtiyozli chiptalar karrasiga qimmat narxda pullanganmi?
O‘zbekiston milliy jamoasi mundialdagi ishtirokini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Uchala o‘yindagi mag‘lubiyat atrofidagi qizg‘in muhokamalar to‘xtayotgan bir paytda, tarmoqlarda yangi mojaro bo‘y ko‘rsatdi. Amerikada yashayotgan vatandoshlar iddaosicha, FIFA tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ajratilgan imtiyozli chiptalar muxlislarga asl narxidan bir necha barobar qimmatga pullangan.
Tanqidga qolayotgan blogerlar Abdurahmon Fozilov va Otabek Jo‘rayev fan-klubga ajratilgan chiptalarning sotilishiga aloqasi yo‘qligini aytib chiqishdi. O‘FA esa holatga hozircha munosabat bildirmadi.
Instagram’ning Ikromjon Abdullayev ismli foydalanuvchisiga ko‘ra, O‘FAga imtiyozli ravishda taqdim etilgan chiptani unga 450 dollardan, ikkitasini 900 dollarga sotishgan.
Shuningdek, Ikromjon Abdullayev iwash brendi bilan tanilgan Otabek Jo‘rayevning o‘ziga tegishli chiptani sotib, “fan-klub bilan qo‘shilib kiraman” degan gaplaridan ham jig‘ibiyron bo‘lgan.
Instagram’dagi evilwox yuzerneymi egasi Shoxruh Azizovning aytishicha, 200, 300, 400 dollarlik chiptalar 900 dollardan 1500 dollargacha narxlarda sotilgan. Narxlar qimmatligi sabab yuzlab muxlislar stadionga kira olmay, tashqarida qolib ketgan.
AQShda yashovchi yana bir hamyurtimiz Nizomiddin Ahmadjonov ham holat yuzasidan keskin fikr bildirib, arzon chiptalar berilganda ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘yinlarga borishi mumkin bo‘lganiga urg‘u berdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar fonida Abdurahmon Fozilov ham videomurojaat bilan chiqdi va na liboslar, na chipta bilan bog‘liq vaziyatga aralashmaganini bildirdi.
“Futbolka, bilet, mehmonxona, umuman Amerikadagi tashkiliy ishlarning birortasiga men aralashganim yo‘q. Barchasiga javobgar mutasaddi vakillar bor. Men bilaman, “Asr market” original futbolkalarni sotdi va iltimos qilishganiga reklama qilib berdim. Biletga kelsak, fan-klubning 700 ta chiptasini Abdurahmon Fozilov 1000-1500 dollardan sotibdi, emish. Azizlar, 700 ta bilet 1000 dollardan bo‘lsa, 700 ming dollar bo‘ladi. Birorta ham fan-klubning biletiga men aralashganim yo‘q. Chiptalarni vakolatli shaxslar fan-klubga berdi, qolganini kimga tarqatdi, mening ishim emas”, dedi Fozilov.
Otabek Jo‘rayev esa unga homiylari tomonidan bir nechta chipta sovg‘a qilingani, o‘z ehtiyojlaridan oshiqchasini sotganini aytdi. Ammo u “fan-klub tarkibiga kirib olaman”, degan gapiga izoh bermagan.
“Amerikada yashaydigan vatandoshlarimiz bilet mojarasiga duch kelib, qiyin ahvolga tushib qolishibdi. Ya’ni biletni vaqtida olishmagan, vaqtliroq harakat qilishmagan, ko‘chaga chiqib olaman desa, narxlar oshib ketgan. Saytda ham chipta qolmagan, kassaga borib ololmaydi, chunki masofalar juda uzoq. Lichkamga rosa yozishadi, aka, bilet topib bering, deb. Homiylar tomonidan 2-3 ta kompaniya menga ikkitadan bilet sovg‘a qilgan. Menda bilet bor, kerakmas dedim. Bittasi Xitoydan keldi, bittasini Amerikadagi akamiz sovg‘a qildi. Endi biletni tekinga bervorish yoki sovg‘a qilish mening qo‘limda. U narsa noto‘g‘ri hisoblanmaydi. Harom ham bo‘lib qolmaydi. Yonimda o‘g‘lim bor edi, unga berdim. Yaqinlarim so‘radi, ularga berdim. Qolganini sotdim. Qanaqa sotdim, bozor qanaqa narx talab qilsa, shunaqa narxda sotdim. Buni har qanday biznesmen tushunadi”, deydi Otabek Jo‘rayev.
Imtiyozli chiptalar
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida milliy futbol federatsiyalari va ularning rasmiy fan-klublariga tekin chiptalar bermagan, lekin avvalgi mundiallarda bo‘lgani kabi, aynan sodiq muxlislar uchun mo‘ljallangan maxsus arzonlashtirilgan chiptalar kvotasi mavjud. Bu toifadagi chiptalar narxi barcha o‘yinlar uchun qat’iy – 60 dollar etib belgilangan.
Qoidalarga ko‘ra, har bir ishtirokchi federatsiyaga o‘z o‘yinlari uchun stadion sig‘imining 8 foiz qismi kafolatlangan holda ajratiladi. Ushbu 8 foiz kvotaning 10 foiz qismi aynan 60 dollarlik arzon chiptalardan iborat bo‘ladi. Bunday chiptalar ochiq savdolarda sotilmaydi, ularni kimga va qanday taqsimlashni federatsiyalarning o‘zi hal qiladi.
O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, Kolumbiya qarshi “Atsteka” stadionidagi o‘yin uchun O‘FAga 6640 ta chipta taqdim etilgan, shundan 664 tasi imtiyozli 60 dollarlik chiptalar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Hyustondagi Portugaliyaga qarshi o‘yinda mos ravishda 5465 taga 546 tani, Atlantadagi Kongo DRga qarshi uchrashuvda esa 5459 taga 546 tani tashkil etgan.
Reglament bo‘yicha, guruh bosqichidagi uchta o‘yin uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga bevosita fan klub a’zolariga tarqatish uchun jami 1750 dan ortiq kafolatlangan arzonlashtirilgan chiptalar taqdim etilgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, O‘FA ixtiyorida 17,5 mingta standart toifadagi chiptalar ham bo‘lgan va ular FIFA tomonidan belgilangan narxlarda o‘zbekistonlik muxlislarga sotilishi nazarda tutilgan.
Jamiyat
Zo‘ravonlik qurbonlariga qo‘shimcha huquqiy kafolatlar berildi
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimi yanada kuchaytirildi. Yangi qonun bilan jabrlanuvchilarning huquqlarini sudda himoya qilish, ularga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator o‘zgartishlar kiritildi.
2026 yil 1 iyulda qabul qilingan O‘RQ–1156-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga muvofiq, milliy qonunchilikka «bolaning eng ustun manfaatlari» tushunchasi hamda uni ta’minlash kafolatlari kiritildi. Ushbu tushuncha bolaning oila muhitida tarbiyalanishi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, ta’lim olishi, har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati, shuningdek, uning fikrini inobatga olgan holda belgilanadigan boshqa manfaatlarni qamrab oladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar, jumladan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamasdan sudlarga da’vo arizalari kiritish hamda sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish vakolati berildi.
Qonun bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi. Endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, bu holat unga bir oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Jamiyat
Davlat arxiv hujjatlari elektron shaklda saqlanadi
O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash va yuritish tartibi belgilandi. Tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hukumatning 2026 yil 30 iyundagi 352-son qarori bilan «Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa davlat tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda shakllantirish, yuritish va saqlash, shuningdek, Yagona milliy arxiv axborot tizimidan foydalanish tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, arxiv axborot tizimidan davlat organlari va tashkilotlari hamda operator o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida foydalaniladi.
Tizimga ulanish uchun davlat organlari va tashkilotlari maxsus elektron oyna orqali operatorga ariza yuboradi. Operator ariza kelib tushgan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi.
Agar ariza nizom talablariga muvofiq deb topilsa, operator davlat organi yoki tashkilotga elektron shaklda shartnoma yuboradi.
Shartnoma imzolanib, unda nazarda tutilgan to‘lovlar amalga oshirilganidan keyin operator foydalanuvchini ikki ish kuni ichida Yagona milliy arxiv axborot tizimiga ulash choralarini ko‘radi.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Sport4 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Dunyodan1 day ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Iqtisodiyot2 days agoO‘zbekistonda benzin narxi rekord darajada qimmatlashdi. Sabab nima?
-
Jamiyat5 days agoOlimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
-
Mahalliy4 days ago
Birov bildi, birov bilmadi…
