Connect with us

Siyosat

Mirziyoyev O‘zbekistonning YeOII bilan ko‘ptomonlama hamkorligi qanday rivojlanayotgani haqida to‘xtaldi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-iyun kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

O‘zbekiston yetakchisi nutq avvalida samimiy qabul Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, jahon iqtisodiyotida vujudga kelayotgan murakkab vaziyatga baho berib, proteksionizm va sanksiyalar siyosatining kuchayishi, savdo-logistika zanjirlarining buzilishi va xorijiy sheriklarning investitsiyaviy faolligi qisqarib borishi oqibatlarining salbiy ta’siri O‘zbekistonda ham his qilinayotganini ta’kidladi.

«Bizning tabiiy va an’anaviy sheriklarimiz bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish tashqi iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumini qo‘llab-quvvatlagani va ularning ishida delegatsiyalaringiz faol ishtirok etgani uchun barcha hamkasblarimga minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishildi, kooperatsiya bo‘yicha yangi yo‘nalishlar va istiqbolli loyihalar belgilandi. Biz mamlakatlarimizning yanada ko‘proq yetakchi kompaniyalari va moliyaviy guruhlarini jalb etgan holda, ushbu hamkorlik maydonchalarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz», – dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi yig‘ilganlarga mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ko‘ptomonlama hamkorligi qanday rivojlanayotgani haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.

«Kuzatuvchi davlat maqomidagi to‘rt yillik hamkorlik davrida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga o‘sdi va o‘tgan yil yakuni bo‘yicha 18 milliard dollarni tashkil etdi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, savdo operatsiyalari nomenklaturasi, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berish hisobidan kengaymoqda. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni uch barobar o‘sdi.

Joriy yilning mart oyida Qo‘shma ishchi guruhining to‘rtinchi majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning yakunida texnik to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ishbilarmonlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Biz 40 ta aniq chora-tadbirni qamrab olgan, uch yilga mo‘ljallangan yangi rejani amalga oshirishga kirishdik.

O‘zbekiston, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining muhim tashabbuslarida, jumladan, «Yevroosiyo agro ekspress», elektron savdoni rivojlantirish, yuklarni tashishni raqamlashtirish va iqlim masalalari kabi loyiha va dasturlarda faol ishtirok etmoqda.

Aprel oyida barcha tartib-taomillarni yakuniga yetkazdik va Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi bitimga qo‘shildik. Bank bilan hamkorlikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo sohalari va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, YeOII bilan sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

Unga kщra, o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston mamlakatlar o‘rtasidagi erkin savdo hududi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq hajmda bajarmoqda.

Savdo operatsiyalari tartib-taomillarini soddalashtirish va texnik tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan O‘zbekiston tomonining qator takliflari ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqilishini tezlashtirish zarur.

«Biz, shuningdek, savdoni qo‘llab-quvvatlashda texnik tartibga solishning raqamli tizimlari va Ittifoqning raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabi vosita va mexanizmlarga qo‘shilishdan manfaatdormiz. Bu bizning biznesimiz uchun sharoitni sezilarli darajada yengillashtiradi, mamlakatlarimizning tovar bozorlariga o‘zaro kirishida qulay imkoniyatlarni ta’minlaydi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt jadal rivojlanib borayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasida ko‘ptomonlama hamkorlik qilish istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.

Elektron savdo, mahsulotlarning raqamli markirovkasi, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, aniq tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilishni taklif etamiz.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integrallashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniga ega ekanini ham ta’kidlamoqchiman. Bu, eng avvalo, chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha jarayonlar shaffofligini ta’minlash imkonini beradi.

Texnik jihatdan biz bunday loyihalarda faol ishtirok etishga tayyormiz.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishga tushirilgan dasturlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Ishbilarmonlik kengashi bilan qo‘shma chora-tadbirlar doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif etamiz.

Sanoat sohasidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasi imkoniyalaridan foydalanishdan manfaatdormiz.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z, avvalo, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusimizni amalga oshirish haqida bormoqda. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari harakatlanishi tartiblarini soddalashtirish, «yashil» yo‘laklarning samarali faoliyati va ularni kengaytirishni nazarda tutadi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat resurslari tartib-taomillarini soddalashtirish va safarbar etilishini oshirish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab katta bo‘lgan sohalarda professional standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari bo‘yicha ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazishni taklif etamiz.

Agar hamkasblarimiz qo‘llab-quvvatlashsa, biz Tashkilot doirasida joriy etilgan «Chegara bilmaydigan ish» integratsiyalashgan platformasiga ham qo‘shilamiz», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zini yakunlar ekan, mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ko‘ptomonlama dastur va loyihalarda ishtirok etishi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini va bugungi sharoitda mamlakatlarning barqaror rivojlanishiga imkon berishini ta’kidlab o‘tdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Siyosat

Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlik haqida gapirdi

Published

on


O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.

Foto: Saida Mirziyoeva/Telegram

Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, muzokaralarda asosan ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

“O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanishda davom etmoqda”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram’dagi kanalida va ayni paytda biznes, infratuzilma va madaniyat kabi muhim sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Muzokaralar ikki tomonlama oliy darajadagi bir qancha tadbirlar oldidan o’tkazilmoqda. Hukumatlararo qoʻshma qoʻmita va mintaqaviy kengashlarning navbatdagi yigʻilishlari yaqin kunlarda oʻtkazilishi kutilmoqda.

Mirziyoyeva xonim ushbu boʻlajak tadbirlar ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlariga yanada turtki berishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

O‘zbekiston va Albaniya yetakchilari o‘zaro muzokara o‘tkazdilar

Published

on


Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Ikki davlat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.

Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.

Ushbu marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston – Albaniya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi

Published

on


Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi («DFC») bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida amerikalik mehmonlar davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Muzokaralarda AQShning yetakchi moliyaviy institutlari ishtirokida infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish sohalaridagi strategik loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda «Eksimbank» bilan energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport kreditlari mexanizmlarini yanada kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

«DFC» korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, energetika tizimi va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha takliflari ham qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun investitsiya va texnologiyalarga asoslangan loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlar barpo etish loyihalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi

Published

on


​Albaniya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begayning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

​Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari O‘zbekiston va Albaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

​Madaniy dastur davomida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, qadimiy so‘zana kashtachiligi texnikasi hamda an’anaviy kulolchilik buyumlari bilan tanishdi.

​Dasturning yorqin lahzalaridan biri an’anaviy o‘zbek liboslari namoyishi, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan «Kelin salom» marosimi taqdimoti bo‘ldi. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga samimiy qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, go‘zalligi va betakrorligini alohida ta’kidladi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qildi.

Uchrashuvda Ozarbayjonning “PASHA Holding”, “Neqsol Holding”, “AzerGold” kompaniyalari hamda Ozarbayjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etdilar.

Suhbat avvalida Ali Asadov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mamlakatimiz yetakchisi, o‘z navbatida, Ozarbayjon xalqini kuni kecha bo‘lib o‘tgan bayram – Milliy najot kuni munosabati bilan tabrikladi.

O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat hukumatlari bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlashi muhimligi ta’kidlandi.

Bunda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.

Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.