Jamiyat
Milliy nevrologiya tibbiyot markazi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu borada davlatimiz rahbari shu yil 7-mayda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq bergan edi. Shundan kelib chiqib, soha mutaxassislari, aholi va xususiy sektor vakillari ishtirokida qator takliflar tayyorlandi.
Bugun kasalliklarni davolashda katta yuklama respublika muassasalariga tushmoqda. Shu bois viloyat va tuman miqyosida xizmatlarni kengaytirib, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu maqsadda 1 ming 500 ta klinik protokol xalqaro talablarga moslashtiriladi va standart jarrohlik amaliyotlari ishlab chiqiladi. Eng keng tarqalgan kasalliklar bo‘yicha bemorlar marshrutlari ishlab chiqiladi va raqamlashtiriladi.
So‘nggi yillarda insult va infarktga olib keladigan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va qandli diabetning ko‘payishi kuzatilmoqda. Bunday holatlarning 85 foizi nogironlikka olib kelmoqda.
Shu bois birlamchi bo‘g‘inda sun’iy intellektni keng qo‘llagan holda ushbu kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha yangicha protokol va yondashuvlarni joriy qilish taklifi bildirildi. Jumladan, EKG-telemetriya, telemeditsina, trombolizis terapiya, stentlash va tromboekstratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Insult belgilarini erta aniqlash algoritmini ommalashtirish va aholiga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Nevrologik kasalliklar va insultni samarali davolash maqsadida Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz uchun Toshkent shahrida 250 o‘rinli zamonaviy bino quriladi, unda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi.
Markaz hamda Samarqand va Buxorodagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Yaponiyalik hamkorlar ko‘magida xalqaro standartlar bo‘yicha erta reabilitatsiya xizmati joriy etiladi. 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Loyiha uchun 150 million AQSh dollari yo‘naltiriladi. Ushbu chora-tadbirlar nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, amaldagi sog‘liqni saqlash tizimini xaritalash va raqamlashtirish, shu asosda tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklifi bildirildi. Bu ishlar doirasida yangi qurilish standartlari, poliklinika va kasalxonalarning namunaviy loyihalari shakllantiriladi, 210 ta sanitariya normasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Bugungi kunda aholining laboratoriya tahlillariga ishonchi birmuncha past. Laboratoriya xizmatining sustligi profilaktika va davolashni qiyinlashtirmoqda. Tuman darajasidagi 2800 ta poliklinikaga 1500 ta laboratoriya xizmat ko‘rsatayapti, uskunalarning aksariyati eskirgan, ayrim tahlillar qo‘lda bajariladi.
Shu bois 2030 yil yakuniga qadar 198 ta markazlashgan laboratoriya tashkil etish, ichki va tashqi sifat nazoratini yo‘lga qo‘yish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bepul tahlillar soni oshiriladi.
Professional va oliy tibbiy ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamshiralar akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Professional tibbiyot akademiyasiga aylantirish taklifi bildirildi. Xalqaro hamkorlar bilan birga yangi dasturlar joriy qilinadi, hamshiralarni NCLEX imtihoni asosida xalqaro sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi. Oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash yo‘nalishiga qabul kvotasi bosqichma-bosqich oshiriladi.
Bundan tashqari, barcha o‘quv dasturlari xalqaro tashkilotlar talablari asosida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, oilaviy tibbiyot bo‘yicha integratsiyalashgan ta’lim dasturi va bir yillik internatura joriy etiladi. “Bemor yonida” o‘qitish ulushini oshirish, bilimlarni baholashning ikki bosqichli tizimi hamda tibbiyot xodimlarini ro‘yxatga olish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Alohida yo‘nalish jamoat salomatligi bilan bog‘liq. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasiga, onalar va bolalar o‘limini kamaytirishga, jarohatlanishning oldini olishga yo‘naltirish taklif etilmoqda. Buning uchun yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqiladi.
Qon xizmatini takomillashtirish masalasi ham dolzarb. Bu borada 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan dastur qabul qilinib, tibbiyot muassasalarining qon bilan ta’minlanganligi 100 foizga yetkaziladi. Qon preparatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qon xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy usullari, jumladan, viruslarni inaktivatsiya qilish va nurlantirish joriy etiladi. Bu o‘lim holatlarini kamaytirish va qonga ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi.
Mamlakatimiz farmatsevtika bozori bugungi kunda 2 milliard dollardan oshgan. Islohotlar aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan.
Bu yo‘nalishda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mezonlarini inobatga olgan holda, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda tan olish tartibi joriy etiladi. Jeneriklarning bioekvivalent sinovlari o‘tkaziladi, tibbiy buyumlarni ularning xavfsizlik sinflari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning tabaqalashtirilgan tizimi qo‘llaniladi. Bu borada faoliyatni boshlash uchun xabardor qilish tartibi joriy etiladi.
Shartnoma asosida ishlab chiqarish va texnologiyalar transferi rivojlantiriladi, farmnazoratning zamonaviy mexanizmlari tatbiq qilinadi.
Prezidentimiz bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Belgilangan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda
Shu kunlarda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stlik hamda strategik sheriklik doirasida Anqarada diniy va madaniy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya vakillarining Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi rasmiylari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy va O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona munosabatlar hamda strategik sheriklik ikki mamlakat rahbarlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida, ayniqsa, vaqf tizimi va uni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, O‘zbekistonda xayriya faoliyati hamda turizm infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot almashildi. Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Ijtimoiy himoya agentligining faoliyatiga to‘xtalib, ushbu tashkilotlarning jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar ziyorat turizmini rivojlantirish, ushbu sohadagi islohotlar hamda kelgusidagi hamkorlik masalalarini har tomonlama muhokama qildilar. Ziyorat turizmi bilan vaqf mulklari o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilib, ushbu ikki yo‘nalishni birgalikda rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan bir qator hamkorlik takliflari ilgari surildi.
Jamiyat
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
Mart oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb 8,9 dollarni tashkil etgan. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 10,8 foizga yuqori.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, eng yuqori ijara narxlari asosan poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bir kvadrat metr ijara narxi o‘rtacha 11 dollar atrofida bo‘lgan.
Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng katta o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatilib, 18,9 foizni tashkil etgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida bu ko‘rsatkich 14,3 foiz, Yakkasaroy tumanida esa 12,5 foiz bo‘lgan.
Jamiyat
Dam olish kunlari harorat sezilarli ravishda ko‘tariladi
Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumoti taqdim etildi.
Bugun kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 24-27 daraja atrofida, respublika janubida va cho‘l hududlarida 29-32 darajagacha bo‘ladi.
Dam olish kunlari respublika hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat 25-aprel — shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida va Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda, shuningdek, 26-aprel — yakshanba kuni Toshkent viloyatida ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shanba kuni kunduzi havo 28-31 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 32-35 darajagacha isiydi.
Yakshanba kuni ko‘pchilik viloyatlar bo‘yicha havo harorati ushbu darajalar atrofida bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 20-23 darajagacha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 25-28 darajagacha pasayadi.
24-25-aprel kunlari shimolda va cho‘l hududlarida, 26 aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 25-27 daraja bo‘ladi.
Shanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayadi. Dam olish kunlari havo harorati 27-30 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 14-17 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda dala hovlilar ro‘yxatga, xizmat narxlari esa nazoratga olinadi
O‘zbekistonda turizm sohasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va xizmatlar bozorida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartib ishlab chiqilmoqda. Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, u amalga oshirilsa, ayniqsa dala hovlilar orqali ijara bozorida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, aholi tomonidan turistlarga vaqtincha ijaraga berilayotgan dala hovlilar rasman joylashtirish vositasi sifatida tan olinadi. Bu esa ularni yagona elektron bazaga kiritish va faoliyatini tizimli hisobga olish imkonini beradi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri — barcha joylashtirish vositalari, jumladan dala hovlilar ham o‘z xizmatlari narxini maxsus milliy turizm platformasiga kiritib borishi majburiy qilib belgilanmoqda. Bu talab 2027-yil 1-yanvardan joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur yondashuv orqali bozordagi yashirin narxlar siyosatiga barham berish, turistlar uchun ochiq va tushunarli narxlar muhitini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, bu raqobatni sog‘lomlashtirib, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratishi kutilmoqda.
Loyihaga muvofiq, turistik dala hovlilarda faoliyat yuritish uchun alohida litsenziya talab etilmaydi. Shuningdek, bunday hovlilarda joylashgan mijozlardan turistik yig‘im undirilmaydi. Bu esa sohani ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz tartibga solishga qaratilgan.
Davlat organlari esa sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratadi. Turizm qo‘mitasi dala hovlilarning elektron reyestrini shakllantirishi, Soliq qo‘mitasi esa ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ma’lumotlarni yagona tizimga kiritishni ta’minlashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi tizim doirasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Agar fuqarolar ro‘yxatdan o‘tmagan yoki noqonuniy faoliyat yuritayotgan ijara ob’yektlari haqida xabar bersa va bu holat tasdiqlansa, ularga undirilgan jarimaning bir qismi mukofot sifatida berilishi mumkin.
Jamiyat
240 ta avtobus, yangi yo‘nalishlar va «aqlli» svetoforlar
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash va uning o‘z vaqtida qatnovini ta’minlash maqsadida qator yangi chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining 23 apreldagi qarori qabul qilingan.
Ayni paytda poytaxtda 169 ta yo‘nalishda jami 1 927 ta avtobus harakatlanmoqda. Kunlik qatnovlar soni 23 mingtani tashkil etsa, yo‘lovchilar soni 1,4 million nafarga yetadi. Harakat intervali o‘rtacha 10–12 daqiqa, qatnovlarni bajarish darajasi esa 95 foizni tashkil qilmoqda.
Shu bilan birga, tizimdagi muammolarni bartaraf etish va xizmat sifatini oshirish maqsadida transport parkini kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, qo‘shimcha 240 ta avtobus xarid qilinishi, 16 ta yangi yo‘nalish ochilishi va kunlik qatnovlar soni yana 2 mingtaga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida alohida avtobus yo‘laklari kengaytiriladi. Rejaga ko‘ra, 16,2 km BRT yo‘laklari hamda 56 km yangi ajratilgan avtobus yo‘laklari tashkil etiladi. Bu yo‘laklarda tartibni ta’minlash uchun 600 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.
Shuningdek, bekat infratuzilmasini yangilash ishlari ham amalga oshiriladi. 1 116 ta bekat rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda 70 ta yangi bekat qurilishi rejalashtirilgan.
Transport harakatini samarali boshqarish maqsadida raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Jumladan, 545 ta «aqlli» svetofor o‘rnatilib, harakatni real vaqt rejimida boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Mutaxassislar tomonidan shahardagi xavfli uchastkalar o‘rganilib, yo‘l harakatini tashkil etish sxemalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, yangi turar-joy massivlari hisobga olingan holda bekatlarni qayta joylashtirish va modernizatsiya qilish ishlari ham olib boriladi.
Yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish uchun transport oqimlari doimiy monitoring qilinadi va tezkor choralar ko‘riladi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida jamoat transportidan foydalanish afzalliklarini targ‘ib qilish ishlari ham kuchaytiriladi.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
