Jamiyat
Militsiya bilan qo‘rqitish… tarbiyadagi xato
Tushlikka shirinlik pishirdim. Tepa qavatdagi qo‘shnimga ham ilindim. Ochiq chehra bilan qarshilagan kelinchak, salom-aliq qilib, «Ovora bo‘libsiz-da, opa, rahmat, uyga kiring», – deya qo‘limdan likopchani oldi. Kelinchak ichkariga kirib ketdi. Shunda uyning yo‘lak devoriga suyanib, qo‘rquv aralash ko‘zlarini katta-katta ochganicha, menga tikilib turgan ikki bolakayga ko‘zim tushdi. Ularning kattasi 4-5 yoshlarda chamamda, men tomonga ikki qadam tashladi-da: «Bizni urushgani, baqirgani kelmadingizmi? Militsiyaga berib yubormaysiz-a, u meni qamab qo‘ymaydi-ya, meni jazolamaydi-ya?», – deya savol berdi. Kutilmagan bu so‘roqqa qanday javob qilishimni bilmadim. Keyin: «Bolam, nega seni militsiyaga bervoraman. Ular bolalarni olib ketmaydi, balki yomonlardan asraydi, aybi yo‘qni jazolamaydi», – deb tursam, ortga qaytgan onasi: «Opa, bunga e’tibor bermang», – deya biroz xijolat tortgan bo‘ldi. Shunda «Bolalarni militsiya bilan qo‘rqitasizlarmi?» – deya so‘radim. «Yo‘g‘-a, opa, o‘sha kuni uyimizga ovsinimning bolalari mehmonga kelgandi. Hovlida katta bo‘lishgan, bizda domchilik, keyin bola bolaga qo‘shilsa to‘polon qiladi-da. Ularning to‘polonini eshitib, yon qo‘shnimiz chiqib: «To‘polon qilsalaring, militsiyaga bervoraman, jazolaydi», – deb bolalarni qo‘rqitgandi. Shundan beri kattam eshik tiq etsa, militsiya keldimikin, deb qotib qoladi», – dedi… (Ijtimoiy tarmoqdan oqqa ko‘chirildi.)
Bilasizmi, yuqoridagi holat bolaligimizda sho‘xligimiz haddan oshganda, kattalarning bizni «Huv, ana, militsiya, kelyapti», – deya tartibga chaqirib, qo‘rqitishni eslatib yubordi. O‘shanda «militsiya»dan rosa qo‘rqardik. Aslida ichki ishlar organlari xodimlari shunchalar qo‘rqinchli odammi? Yoshimiz ulg‘ayib, ularning ham xuddi o‘zimiz singari inson ekanligini, ular davlat xizmatchisi sifatida bizga faqat yaxshilik uchun xizmat qilishni tushunib yetdik. Biroq, afsuski, bolalarni «militsiya» bilan qo‘rqitish hamon «urf»da.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy, salbiy tomonlari haqida ko‘p va xo‘p so‘z yuritiladi. Biroq ularda tarkatilayotgan yangiliklar, kundalik turmushdagi ayrim holatlar odamlarni mulohazaga, mushohadaga undayotgani ham rost. Kimlargadir ko‘zgu tutib, jamiyatimizdagi ayrim illatlarni yo‘qotishga xizmat qilayotganini ham tan olishimiz kerak. Yuqoridagi holat ham aslida shu ma’noda yozilgan. Chunki murg‘ak bolajonning sho‘xligi bir olam. Uni qanchalar to‘g‘ri jilovlash esa ota-onasining, yaqinlarining gardanida. Shunday ekan, bunga «militsiya»ning nima dahli bor. Xalqimizda «Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona» degan maqol bor. Ushbu maqol ham bolalarning to‘polonidan bezgan qo‘shnining «militsiyaga bervoraman», degan qo‘rqitishini yoqlamaydi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Bolalarning sho‘xligini nimanidir, kimnidir sabab qilib bostirish, aniqroq qilib aytganda, qo‘rqitib tarbiyalash noto‘g‘ri hisoblanmaydimi? Undan ko‘ra bolaning ichki olami, qiziqishlariga ahamiyat qaratib, uni o‘zi yoqtirgan mashg‘ulotlarga, sport turlariga berish orqali ichki g‘ayratini to‘g‘ri yo‘naltirish, hayotga qarashlari shakllantirish ma’qul emasmi? Ularni nega darrov «militsiyaga berib yuboramiz», – deya to‘xtatish kerak?
Bolalar tabiatan qo‘rqoq va ishonuvchan bo‘ladi. Ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan noto‘g‘ri qarash bilan ulg‘aygan bolalar keyinchalik ularga qanday munosabatda bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Keyin ular bolalarning tasavvurida jazolovchi bo‘lib gavdalanmaydi, deya olasizmi? Zero, bolalikda olingan bilim, tarbiya bamisoli toshga o‘yilgan naqsh. Bu yosh avlodning huquq-tartibot, huquqiy me’yorlar, qonunlar borasidagi tushunchalarini yemirmaydimi? Mavzuning o‘ylantiradigan jihati shunda.
Bugun zamon o‘zgardi. Ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos yangi usullari o‘sib kelayotgan avlodning jahonning intellektul salohiyatli yoshlari qatoriga qo‘shilishiga xizmat qilmoqda. Shunday ekan, bolalarni «Militsiyaga bervoraman», deya qo‘rqitib tarbiya qilish «usuli» ham har jihatdan eskirdi. Bu tarbiyada noto‘g‘ri yechim. Siz bolalaringizning bo‘yidan baland sho‘xligini kulol loydan ko‘za yasaganidek mohirona sayqallangki, ularning fikrati toza bo‘lib ulg‘aysin. Ichki ishlar organlari xodimlarini jazolovchi emas, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni, qonun ustuvorligini ta’minlovchi davlat xizmatchisi sifatida tanisin. Shunda ularning orasidan shaxti-shijoati baland ichki ishlar organlari xodimlari ham yetishib chiqadi.
Gulnoza Turg‘unboyeva
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat5 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat1 day ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
