Sport
Messining Hindistondagi ulkan haykali olib tashlandi
Futbolchi Lionel Messining Hindistondagi ulkan haykali olib tashlandi.
Asian News International nashrining X sahifasida xabar berilishicha, Hindistonning Kalkutta shahridagi sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi Lionel Messining haykali olib tashlandi.
Haykal 2025-yil dekabr oyida argentinalik futbolchining Hindistonga tashrifi paytida ochilgan. 21 metrli oltin haykalda Messi Jahon chempionati kubogini ushlab turgan holda tasvirlangan.
Mahalliy aholining xabar berishicha, haykal kuchli shamolda tebranayotganidan shikoyat qilishgan. 27-may kuni G‘arbiy Bengaliya Assambleyasi a’zosi Sharadvat Mukherji muhandislar haykalni xavfli deb hisoblaganini aytdi.
38 yoshli Lionel Messi tarixdagi eng ko‘p sovrin olgan futbolchilardan sanaladi. U 2022-yilda Jahon chempioni bo‘lgan. Shuningdek, u to‘rt karra Chempionlar Ligasi g‘olibi, o‘n karra La Liga chempioni va ikki karra Kopa Amerika g‘olibi. 2023 yildan beri Lionel Messi «Inter Mayami» jamoasida o‘ynab kelmoqda.
Sport
«Birinchi bo‘limda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim» – Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida «xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq» ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Kannavaro ob-havo, JCh guruhi va Husanov haqida fikrlarini bildirdi..
2 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi (2:0). O‘yindan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida o‘yin, raqib va JCh guruhi haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
U jamoasining birinchi bo‘limdagi o‘yini o‘ziga ma’qul bo‘lgani haqida gapirgan:
Har qanday uchrashuvlarda albatta xatolar bo‘ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq. Futbol shunday. Birinchi bo‘limda jamoamiz ixcham va agressiv o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa to‘p nazoratini ko‘proq qo‘lga olishni xohladik. Ammo intensivlikni yo‘qotdik va bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bunday o‘yinlarda xato qilsangiz, buning uchun jazolanasiz.
Futbolchilarimdan aynan birinchi bo‘limdagidek intensivlikni kutgandim. Men kelganimdan beri yuqori intensivlikda o‘ynash ustida ishlayapmiz. Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o‘rtasidagi farqni yaxshi bilaman. Bu oson emas, ammo birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim.
Italiyalik mutaxassis Kanada futboli so‘nggi yillarda ko‘tarilayotganini e’tirof etgan:
Men Kanada terma jamoasini anchadan beri kuzatib boraman. U yerda ko‘plab do‘stlarim bor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida jamoa sezilarli darajada o‘sdi. Futbol Kanadada juda ommalashdi. Ko‘plab do‘stlarim bilan suhbatlashdim. Bugun ham juda iqtidorli futbolchilarni ko‘rdim.
U shuningdek ob-havo omiliga e’tibor qaratgan:
Yuqori intensivlikda o‘ynaganda jarohatlar bo‘lib turadi. Hozircha jiddiy narsa yo‘q. Ertaga va indinga ko‘ramiz. Menimcha, bugun hamma uchun eng katta muammo sovuq ob-havo bo‘ldi. Shunga qaramay, ko‘plab muxlislar stadionga kelishdi. Bunday qo‘llab-quvvatlash ostida o‘ynash biz uchun juda yoqimli bo‘ldi.
Bunday stadionda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, bundan zavqlanishingiz va qadrlashingiz kerak. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarga rahmat aytishimiz kerak. Bugun bu sovuq havoda stadionga kelish oson bo‘lmadi.
Jahon chempionatidagi guruh haqida:
Portugaliya, Kolumbiya va Kongo juda kuchli jamoalar. Ulardan ikkitasi dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kiradi. Ular bilan o‘ynash juda qiyin bo‘lishini bilamiz. Ammo futbolchilarimga ham aytdim: bizda yo‘qotadigan hech narsa yo‘q. Bu mamlakatimiz tarixidagi ilk Jahon chempionati. Shuning uchun ularga faqat bitta narsani aytaman – bundan zavqlaning. Jahon chempionatida o‘ynash imkoniyati har doim ham nasib etavermaydi.
Husanov haqida:
Husanov – juda yaxshi futbolchi. U hali yanada rivojlanishi mumkin, chunki uning salohiyati juda katta. Ba’zan haddan tashqari agressiv bo‘lib ketadi, hozir esa vaziyatlarni yaxshiroq o‘qishni o‘rganishi kerak. Ammo himoyachi sifatida u juda ham yaxshi futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JChga tayyorgarlik doirasida 8 iyun kuni Nyu Yorkda Niderlandiyaga qarshi yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. 17 iyun kuni esa (Toshkent vaqti bilan 18 iyun kuni soat 8:00 da) JChdagi dastlabki uchrashuvini Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Guruhdagi navbatdagi raqiblar Portugaliya (23 iyun) va Kongo DR (28 iyun) jamoalari bo‘ladi.
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasining JCh uchun yakuniy tarkibi e’lon qilindi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoaning jahon chempionatida ishtirok etuvchi 26 nafar futbolchidan iborat tarkibini e’lon qildi. Jaloliddinov, Rahmonaliyev, Temirov va Jiyanov tarkibdan tushib qoldi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaning jahon chempionatida ishtirok etuvchi 26 nafar futbolchidan iborat tarkibini e’lon qildi.
Kannavaro yig‘inga olib ketgan tarkibga kiritilgan Umarali Rahmonaliyev, Jasur Jaloliddinov, Ruslan Jiyanov va Sherzod Temirov (barchasi oldingi chiziq vakillari) yakuniy ro‘yxatga kirmadi.
Yakuniy tarkibdan uch nafar darvozabon, o‘n nafar himoyachi, o‘n nafar yarimhimoyachi va uch nafar hujumchi joy oldi.
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov, Abduvohid Ne’matov, Botirali Ergashev.
Himoyachilar: Abduqodir Husanov, Hojiakbar Alijonov, Farruh Sayfiyev, Rustam Ashurmatov, Umar Eshmurodov, Sherzod Nasrullayev, Abdulla Abdullayev, Avazbek O‘lmasaliyev, Jahongir O‘rozov, Behruz Karimov.
Yarim himoyachilar: Akmal Mozgovoy, Otabek Shukurov, Jamshid Iskanderov, Odil Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Dostonbek Hamdamov, Aziz G‘aniyev, Abbosbek Fayzullayev, Sherzod Esanov.
Hujumchilar: Eldor Shomurodov, Igor Sergeyev, Azizbek Omonov.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro shogirdlari 1 iyun kuni Kanadada mezbonlarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 0:2 hisobida yutqazib, 6 o‘yindan buyon davom etayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi. Keyingi o‘rtoqlik uchrashuvi 8 iyun kuni Nyu York shahrida Niderlandiya milliy jamoasiga qarshi o‘tkaziladi.
Milliy jamoa JChdagi dastlabki uchrashuvini 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Keyingi raqiblar Portugaliya va Kongo DR jamoalari bo‘ladi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi Kanadaga mag‘lub bo‘ldi (foto)
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Edmonton shahridagi «Commonwealth» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 24-daqiqasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida majburiy o‘zgarish yuz berdi. Jarohat olgan Aziz G‘aniyev maydonni tark etdi va uning o‘rniga Abbosbek Fayzullayev tushirildi.
Birinchi bo‘limda tomonlar hisobni ochishga muvaffaq bo‘la olmadi va jamoalar tanaffusga golsiz chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda Kanada terma jamoasi ustunlikni qo‘lga oldi. 58-daqiqada Jonatan Osorio hisobni ochib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi.
69-daqiqada O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Abdulla Abdullayev, Otabek Shukurov va Oston O‘runov o‘rniga Jahongir O‘rozov, Akmal Mozgovoy hamda Azizbek Omonov maydonga tushdi. 85-daqiqada esa Farrux Sayfiyev va Odil Hamrobekov o‘rniga Igor Sergeyev hamda Sherzod Esonov o‘yinga qo‘shildi.
Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda Kanada ikkinchi golni urishga muvaffaq bo‘ldi. 90+1-daqiqada Jeydon Nelson hisobni oshirib, raqiblar ustunligini mustahkamladi.
Shu tariqa, Kanada va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Sport
Jahon chempionati oldidan: O‘zbekiston Kanadaga yutqazdi
Jahon chempionati oldidan o‘tkazilayotgan muhim nazorat uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanadaga qarshi maydonga tushdi. Edmonton shahrida bo‘lib o‘tgan bahsni 50 mingdan ortiq muxlis stadiondan kuzatdi va mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Kanadaning Edmonton shahrida joylashgan “Kommonvelt” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanadaga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu bahs har ikki jamoa uchun ham 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan muhim tayyorgarlik sinovi vazifasini o‘tadi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Jamoalar ehtiyotkor o‘yin namoyish etgan bo‘lsa-da, maydonda kurashlarga boy vaziyatlar kuzatildi. O‘zbekiston safida Abduqodir Husanov, Odiljon Hamrobekov va Oston O‘runov kabi futbolchilar harakat qildi.
Tanaffusdan keyin mezbonlar ustunlikni qo‘lga kiritdi. 58-daqiqada Jonatan Osorio hisobni ochgan bo‘lsa, qo‘shimcha vaqtda Jyeyden Nelson ikkinchi golni kiritib, Kanada g‘alabasini mustahkamladi.
Ma’lumot uchun, Kanada terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati mezbonlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston esa o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lib, turnir oldidan kuchli raqiblarga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazmoqda. Terma jamoamiz Kanadadan keyin Niderlandiyaga qarshi ham o‘rtoqlik bahsida ishtirok etadi.
Sport
Birinchi jiddiy sinov – milliy jamoa Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
«Oq bo‘rilar» jahon chempionati mezbonlaridan biriga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi doirasida musobaqa mezbonlaridan biri Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
O‘yin 1 iyun kuni Edmonton shahridagi Commonwealth stadionida mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da boshlanadi (Toshkent vaqti bilan 2 iyun soat 6:00).
Bu har ikkala jamoaning jahon chempionati oldidan birinchi nazorat o‘yinidir. Kanada — turnir mezbonlaridan biri bo‘lib, hozir yuksalish pallasida hisoblanadi.
O‘zbekiston tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqdi va hozir kuchli raqiblarga qarshi qimmatli tajriba to‘plamoqda. Ushbu jamoalarning avvalgi yagona o‘yini 2016 yilda o‘tkazilgan va Kanada 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionati o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Niderlandiya bilan ham o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. O‘yin 8 iyun kuni Nyu-Yorkdagi «Icahn Stadium»da bo‘lib o‘tadi.
AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanib, 19 iyulda yakunlanadi. Turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida Kolumbiya (18 iyun, Toshkent vaqti bilan 7:00), Portugaliya (23 iyun, 22:00) va Kongo DR (28 iyun, 4:30) bilan o‘ynaydi.
Qayd qilish joiz, milliy jamoa bosh murabbiy Fabio Kannavaro jahon chempionatida ishtirok etadigan 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatni hali e’lon qilmadi.
-
Iqtisodiyot5 days agoSaida Mirziyoyeva tadbirkorlarga berilgan yangi imtiyozlar haqida gapirdi
-
Dunyodan4 days ago
Vengriya parlamenti Viktor Orbanning “meros”idan voz kechdi.
-
Jamiyat2 days ago
Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi
-
Mahalliy4 days ago
Yangi O‘zbekistonda ijod ahlining qadri ulug‘landi!
-
Mahalliy4 days ago
Jamiyat voz kechgan bolalarni kaltaksiz “odam” qilgan o‘qituvchi
-
Dunyodan1 day agoEron va AQSh barcha muzokaralarni to’xtatdi
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentdagi ayrim ko‘chalarni qayta nomlash taklif etilmoqda
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston prezidenti Ostona shahrida kutib olindi
