Sport
Merino turklarni yakson etdi, Qozog‘iston ham 6 ta javobsiz gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
Qozog‘iston bosh murabbiyi Ali Aliyev qatorasiga to‘rt mag‘lubiyatdan keyin iste’foga chiqmoqchi. JCh-2026 saralashi doirasida Yevropada yakshanba kuni o‘tkazilgan o‘yinlar va guruhlardagi vaziyat.
E guruhi
Turkiya – Ispaniya 0:6
Gollar: Pedri, 6 (0:1). Merino, 22 (0:2). Merino, 45+1 (0:3). Torres, 53 (0:4). Merino, 57 (0:5). Pedri, 62 (0:6)
Turkiya: Ugurjan Chakir, Merix Demiral, Abdulkarim Bardakchi, Eren Elmali (Zeki Chelik, 63), Mert Mo‘ldur (Ferdi Kadio‘g‘li, 63), Hoqon Chalxono‘g‘li (O‘rxun Ko‘kchi, 68), Ismail Yukshek (O‘zjan, 82), Arda Guler, Kenan Yildiz, Yunus Oqkun (O‘g‘uz Aydin, 46), Karim Oqturko‘g‘li
Ispaniya: Simon, Le Norman, Hausen, Kukurelya, Porro, Subimendi (Rodri, 73), Pedri (Fermin Lopes, 68), Merino, Uilyams (Torres, 44), Yamal (Morata, 73), Oyyarsabal (De Frutos, 68)
Ispaniya saralashdagi ikkinchi o‘yinini ham safarda o‘tkazdi, Luis de la Fuente esa uch kun oldin Bolgariyada o‘ynagan boshlang‘ich tarkibga birorta o‘zgartirish kiritmadi. Murabbiyning bu qarori Bilbaodagilarda norozilik uyg‘otishi tayin, Niko Uilyams birinchi bo‘lim oxirida jarohat tufayli almashtirildi. U maydondaligidayoq o‘yin taqdiri hal qilib bo‘lingandi, «Qizil furiya» darhol turklar darvozasini qamal qildi va tezkor gol bilan hisob ochildi. 6-daqiqadayoq Pedri Hoqon Chalxono‘g‘lini aldab o‘tib, to‘pni olis burchakka aniq yo‘naltirdi.
Bo‘lim o‘rtalarida urilgan ikkinchi golni esa maktab darsliklariga kiritish mumkin – chap qanot orqali rivojlantirilgan hujumda mehmon futbolchilar mashg‘ulotlardagidek erkin harakat qilib, jarima maydoni ichida ham aniq paslar bilan raqibni shoshirib qo‘yishdi va bu hujumni Merino aniq zarba bilan yakunladi. Mikelning bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan ikkinchi goli haqida ham shunday ta’rifni ishlatish mumkin, ikkinchi bo‘lim boshida jarima maydoni tashqarisidan chap oyog‘ida aylanma zarba bilan yana bir shedevr gol muallifiga aylandi. U 2025 yil boshidan buyon terma jamoa safida olti o‘yinda olti golga mualliflik qilgan. Ushbu yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda «Arsenal»da hujumchi qolmaganida Arteta tomonidan majburan hujumchi pozitsiyasida o‘ynatilgani terma jamoaga qo‘l kelmoqda.
Ispaniya uchun bu jahon chempionatlari saralash bosqichlarida safarda qozonilgan eng yirik g‘alabalardan biri bo‘ldi. 2005 yilda San-Marinoga qarshi o‘yinda ham xuddi shunday hisob qayd etilgan, rekord ko‘rsatkich esa 2017 yilda Lixtenshteyn darvozasiga javobsiz sakkizta gol urilishi bo‘lgandi. Ammo bu raqiblarni Turkiya bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Yanicharlar uchun bu 41 yildan buyon uydagi eng og‘riqli mag‘lubiyat bo‘ldi — o‘shanda Angliyaga 0:8 hisobida mag‘lub bo‘lingan.
Gurjiston – Bolgariya 3:0
Gollar: Kvaratsxeliya, 30 (1:0). Gagnidze, 44 (2:0). Mikautadze, 65 (3:0
Gurjiston: Mamardashvili, Goglichidze, Lochoshvili, Azarov, Kakabadze (Lobjanidze, 83), Mekvabishvili, Kochorashvili (Mamuchashvili, 77), Gagnidze, Kvaratsxeliya (Zivzivadze, 77), Davitashvili (Lominadze, 83), Mikautadze (Guliashvili, 77)
Bolgariya: Vutsov, Bojinov, Dimitrov, Nedyalkov, Minkov (Gruyev, 46), Krayev (Nyurnberger, 46), Tsenov, Milanov (Chochev, 67), Kirilov, Petkov (Shopov, 80), Nikolov (Kolev, 67)
Ogohlantirishlar: Mekvabishvili, 3. Lochoshvili, 9 – Tsenov, 18. Petkov, 39. Krayev, 45. Dimitrov, 53
Gurjistonning o‘tgan turda o‘z uyida Turkiyaga mag‘lubiyati o‘ta og‘riqli qabul qilindi. O‘sha o‘yinda Villi Sanyol shogirdlari hisobdagi uchta gol farqini yo‘qqa chiqarishi va saralashni ochko olish bilan boshlashi ham mumkin bo‘lgandi, ammo bunga vaqt yetmadi. Qatorasiga ikkinchi o‘yinda esa barchasi birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi. O‘tgan turda turklar darvozasiga ikkinchi golni urgan Xvicha Kvaratsxeliya Bolgariya darvozasini ham ishg‘ol etib, terma jamoa safidagi 20-golini nishonladi, bo‘lim oxirida esa mehmonlarning yana bir xatosidan Davitashvili unumli foydalandi va Gagnidzeni golli pas bilan ta’minladi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Jorj Mikautadze yakuniy hisobni o‘rnatdi. Katta ehtimol bilan, gurjilar turklar bilan ikkinchi o‘rin uchun kurash olib borishadi.
11 oktyabr. Bolgariya – Turkiya, Ispaniya – Gurjiston.
14 oktyabr. Turkiya – Gurjiston, Ispaniya – Bolgariya.
A guruhi
Virs hal qildi
Germaniya – Shimoliy Irlandiya 3:1
Gollar: Gnabri, 7 (1:0). Prays, 34 (1:1). Amiri, 69 (2:1). Virs, 72 (3:1)
Germaniya: Baumann, Ryudiger (Ta, 82), Kox, Raum, Anton, Gros (Goretska, 66), Kimmih, Virs, Leveling, Gnabri (Amiri, 61), Voltemade (Bayyer, 61)
Shimoliy Irlandiya: Pikok-Farrell, Makneyr, Toal (Makkonvill, 88), Hyum, Gelbreyt (Sevill, 76), Makkann (Marshall, 76), Sh. Charlz, Devenni, Bredli, Rid (D. Charlz, 70), Prays (Makdonnell, 88)
Ogohlantirishlar: Ryudiger, 26 – Gelbreyt, 53. Devenni, 62. Bredli, 63. Sevill, 90.
Ishonchsiz start va Slovakiyadagi mag‘lubiyatdan keyin nemislar qattiq tanqidga uchradi. Natijada Yulian Nagelsmann shogirdlari maydonga katta ishtiyoq bilan chiqib kelishdi va tezkor gol urishdi. 7-daqiqada Voltemade to‘p uchun kurashda ustun chiqqach, Gnabri yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi. Ammo mezbonlar muvaffaqiyatni rivojlantira olishmadi va Shimoliy Irlandiya burchak zarbasidan keyin hisobni tenglashtirdi. Bu vaziyatda Gnabri javob goli muallifi Praysni qo‘riqlay olmadi.
Lekin Germaniya ikkinchi bo‘lim boshidayoq o‘yindagi intrigaga barham berdi. Mehmonlar darvozaboni Pikok-Farrell avvaliga Virsning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi, ammo ko‘p o‘tmay yaqqol xatoga yo‘l qo‘ydi. Darvozabon va himoyachilar bor e’tiborini Raumning uzoq masofadan bergan pasiga yeta olmagan Bayyerga qaratishgandi, ildamroq harakat qilgan Amiri esa bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Keyin esa Florian Virs jarima zarbasini ajoyib ijro etdi va raqibni uzil-kesil taslim etdi.
Lyuksemburg – Slovakiya 0:1
Gol: Rigo, 90 (0:1)
Lyuksemburg: Mori, Maxmutovich, Karlson, Olesen (Duarte, 90+1), Bonert, Yans, Moreyra (Till, 83), Barreyru, Dardari, Sinani, Muratovich (Borjyes Sanshes, 70)
Slovakiya: Dubravka, Shatka (Obert, 46), Shkrinyar, Gansko, Dember, Lobotka, Duda (Benesh, 78), Bero, Sauer (Tupta, 89), Dyurish (Rigo, 46), Strelets (Bojyenik, 66)
Ogohlantirishlar: Yans, 28. Maxmutovich, 78. Sinani, 90 – Shatka, 27. Duda, 56. Shkrinyar, 69
Slovaklar esa barcha kuch va hissiyotlarini Germaniya bilan o‘yinda qoldirgani ma’lum bo‘ldi. Lyuksemburg jiddiy raqobat ko‘rsatdi va Franchesko Kalsona jamoasidagi muammolar ko‘rinib qoldi. Avvaliga Dubravkaning xatosidan keyin Muratovich jazolashi mumkin edi, keyin esa mehmonlar darvozasi oldida xavfli vaziyatlar tizimli tus oldi. Birgina Sinanining o‘zida ikki zarba ustunga bordi. Lyuksemburg butun o‘yin davomida yaxshi harakat qildi, ammo yakunda gol o‘tkazib yubordi. Jokerlar Slovakiyaga qatorasiga ikkinchi g‘alabani taqdim etishdi. 90-daqiqada Tuptaning zarbasidan keyin mezbonlar darvozaboni Antoni Moris xatoga yo‘l qo‘yib, o‘ziga kelgan to‘pni qarshisiga tashlab berdi, Rigo esa bu sovg‘adan foydalandi.
10 oktyabr. Shimoliy Irlandiya – Slovakiya, Germaniya – Lyuksemburg.
13 oktyabr. Shimoliy Irlandiya – Germaniya, Slovakiya – Lyuksemburg.
G guruhi
Depay – rekordchi
Litva – Niderlandiya 2:3
Gollar: Depay, 11 (0:1). K. Timber, 33 (0:2). Gineytis, 36 (1:2). Girdvaynis, 43 (2:2). Depay, 64 (2:3)
Litva: Gertmonas, Girdvaynis, Armalas, Lekiatas, Gineytis, Antanavichus (Vorobev, 46), Lasitskas, Upstas (Beneta, 50), Doljnikov (Magdushauskas, 76), Sirgedas (Golubikas, 67), Yansonas (Paulauskas, 46)
Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, de Vrey (van de Ven, 62), Ake (Yu. Timber, 62), Dyumfris, K. Timber, Shauten, Reynders (Steyn, 62), Gakpo, Malen (de Liht, 88), Depay (Veghorst, 83)
Ogohlantirishlar: Lasitskas, 28. Golubikas, 90
O‘tgan turda Polsha bilan uy o‘yinida g‘alabani qo‘ldan boy bergan niderlandiyaliklar bor alamini Litvadan olishi kutilgandi. Depayning tezkor goli ham bu fikrni tasdiqlayotgandi, bo‘lim davomida Kventin Timber mehmonlarning ustunligini mustahkamladi. Ammo Boltiqbo‘yi jamoasi safida voqealarning bunday rivojiga qati’yan qarshi bo‘lgan futbolchi topildi. «Torino» safida o‘ynayotgan Gineytis Malta bilan o‘yinda Litvaga durang keltirgandi, endi esa Niderlandiyaga qarshi o‘yinda burilish yasashiga sal qoldi.
U avvaliga yerlatib burchakka yo‘llagan zarbasi bilan hisobni qisqartirdi, bo‘lim oxirida esa jarima maydoni markazidagi Girdvanisni golli pas bilan ta’minladi va hisob qisqa muddat ichida 0:2 dan 2:2 ko‘rinishiga o‘zgardi. Favoritlar anchagacha vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olmadi va faqat 64-daqiqada yana shu Depay o‘zini ko‘rsatdi. U Dumfrisning qanotdan uzatmasini golga aylantirib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Shu bilan birga, Robin van Persini ortda qoldirgan holda Niderlandiya tarixidagi eng yaxshi to‘purarga (52 gol) aylanib oldi.
Polsha – Finlandiya 3:1
Gollar: Kesh, 27 (1:0). Levandovski, 45+2 (2:0). Kaminski, 55 (3:0). Kelman, 88 (3:1)
Polsha: Skorupski, Visnevski, Bednarek, Kiver, Kesh (Vsholek, 47), Slish (Kapustka, 67), Shimanski, Zelinski, Zalevski, Kaminski (Buksa, 80), Levandovski (Sviderski, 67)
Finlandiya: Yoronen, Koski, Uronen (Vyayanyanen, 80), Peltola (Stol, 64), Alxo, Marxiyev (Kamara, 64), Kayrinen, Tenxo (Ivanov, 35), Lod, Antman (Kelman, 64), Poxyanpalo
Ogohlantirishlar: Visnevski, 74 – Kelman, 80
Yozda polyaklar finnlarga yutqazgandi (1:2), ammo o‘shanda murabbiy ham boshqa edi, Robert Levandovski esa tarkibga jalb etilmayotgandi. Murabbiy almashgach, tarkibga qaytgan «Barselona» forvardi birinchi bo‘lim oxirida darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalanib, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. Ungacha Metti Kesh hisobni ochgandi — ushbu himoyachi qatorasiga ikkinchi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ymoqda.
Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlar raqibni uzil-kesil taslim etishdi. Endi polyaklar guruh jadvalida finnlarni quvib o‘tgan holda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.
9 oktyabr. Finlandiya – Litva, Malta – Niderlandiya.
12 oktyabr. Litva – Polsha, Niderlandiya – Finlandiya.
J guruhi
Ikki o‘yinda 11 gol
Belgiya – Qozog‘iston 6:0
Gollar: De Breyne, 42 (1:0). Doku, 44 (2:0). Raskin, 51 (3:0). Doku, 60 (4:0). De Breyne, 84 (5:0). Mene, 87 (6:0)
Belgiya: Kurtua, Debast, Teat, De Keyper (Mene, 71), Kastan, Raskin (Vanaken, 71), Tilemans, De Breyne (Vanxutte, 86), Doku (Salemakers, 63), Trossar (Fofana, 63), De Ketelare
Qozog‘iston: Seysen, Jaksibayev, Alip, Kasim, Mujikov (Xalmatov, 73), Orazov (Kasabulat, 58), Vorogovskiy, Astanov, Samorodov (Karaman, 81), Kenjyebek (Chesnokov, 46), Omirtayev (Satpayev, 46)
Ogohlantirishlar: Kasim, 20. Mujikov, 67
Beshinchi turgacha uch o‘yinda yutqazgan va guruhdan chiqish imkoniyatini pasaytirib yuborgan Qozog‘istondan kurashni davom ettirish uchun Belgiya maydonidan ochko bilan qaytish talab etilardi. Osiyoliklar deyarli bir bo‘lim davomida kurashishdi, ammo 42-daqiqada Kevin De Bryuyne jarima maydoni tashqarisidan olis to‘qqizlikni aniq nishonga olib, mehmonlar mudofaa devorini yorib o‘tdi. Ikki daqiqa o‘tib esa aynan u Jyeremi Dokuni golli pas bilan ta’minladi. «Manchester Siti» futbolchisi tanaffusdan keyin ham to‘xtash haqida o‘ylamadi va dublni rasmiylashtirib, bitta golli pasni ham o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. O‘yin oxirlarida De Bryuyne ham ikkinchi golini urdi, himoyachi Mene esa 87-daqiqada yakuniy hisobni o‘rnatdi – 6:0.
Saralash bosqichini kechroq boshlagan belgiyaliklar ikkinchi o‘rinda va Shimoliy Makedoniyani ta’qib qilishda davom etmoqda. Qozog‘iston esa yo‘llanmadan deyarli umid uzdi. Qatorasiga to‘rtinchi mag‘lubiyatdan keyin jamoa bosh murabbiyi Ali Aliyev natija uchun bor javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini va iste’foga chiqish uchun ariza yozishini ma’lum qildi.
Shimoliy Makedoniya – Lixtenshteyn 5:0
Gollar: Elmas, 15 (1:0). Bardi, 52 (2:0). Churlinov, 56 (3:0). Kamili, 82 (4:0). Stankovski, 90 (5:0)
Shimoliy Makedoniya: Dimitriyevski, Stoychevski, Zaykov, Alioski, Iliyevski, Bardi, Alimi (Ramadani, 71), Elmas (Stankovski, 83), Churlinov (Kamili, 59), Traykovski (Rastoder, 59), Miovski (Ristovski, 71)
Lixtenshteyn: Byuxel, Traber (Bek, 38), Xofer (Obervaditser, 46), Malin, Zele, Lyuxinger (A. Xasler, 61), N. Xasler, Geppel, Volfinger (Mayyer, 61), Lyuk-Notaro, Saglam (Netser, 75)
Ogohlantirishlar: Iliyevski, 21. Ramadani, 88 – Obervaditser, 56
Shimoliy Makedoniya terma jamoasi hamon guruh jadvalini boshqarmoqda. Bolqonliklar hali biror marta yutqazmagan — uch g‘alaba va ikki durang. Bu safar barchasi silliq kechdi, jamoa o‘z maydonida «karlik»larni tor-mor etdi, Enis Bardi «gol+pas» tizimida 2 (1+1) ochko ishladi. E’tiborli jihati, shimoliy makedoniyaliklar besh goldan to‘rttasini tanaffusdan keyin urishdi.
10 oktyabr. Qozog‘iston – Lixtenshteyn, Belgiya – Shimoliy Makedoniya.
13 oktyabr. Shimoliy Makedoniya – Qozog‘iston, Uels – Belgiya.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport21 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport11 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat10 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
